×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
01:30:43 (GMT +5), payshanba, 19 - sentabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


8 - fevral 2017

Alisher Navoiy: “... El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas”

Millatimiz sha’ni boy ma’naviy merosimiz, o‘tmishda yorqin iz qoldirgan buyuklar nomi va xotirasi, ajdodlardan qolgan meros benazir ilmiy-ijodiy asarlar tufayli yuksaklikka shoyondir. Xususan, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning boqiy asarlari, bebaho xazinaga teng she’riy durdonalari bugunimiz va kelajagimizga daxldor ekanligi bilan qimmatli.

Birinchi Prezidentimiz xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida muhim o‘rin tutgan bu ulug‘ insonni “avliyolarning avliyosi, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoirlarning sultoni” deb bejizga ta’riflamaganlar. Jahon tarixida o‘z o‘rniga ega Alisher Navoiy butun insoniyat tafakkuriga katta ta’sir ko‘rsatgan va axloqiy ma’rifat rivojida munosib o‘rin egallagan. Uning g‘oya va qarashlari umuminsoniy ahamiyatga ega.

Shoirning muborak nomini abadiylashtirish, uning ijodidan yoshlarimizni ko‘proq bahramand etish, ularning ma’naviyatini yuksaltirish borasida amaliy sa’y-harakatlar qilinmoqda. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak edi. Binobarin, butun jahon ahli Sharq falsafasini, uning o‘ziga xos qarashlarini o‘rganish, tadqiq etishga kirishgan bir paytda bizning yosh tadqiqotchilarimiz ham o‘z tarixi, milliy qadriyatlari, ulug‘ ajdodlari qoldirgan boy ilmiy-adabiy merosni teran tahlil etishga qodir bo‘lmog‘i zarurdir.

Shu bois bugun yurtimizda oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning mumtoz adabiyot namunalarini tadqiq qilish borasidagi izlanishlariga keng yo‘l ochilib, barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinayotir. Natijada esa mumtoz adabiyotga qiziquvchi, ko‘hna turkiy, arab va fors tilini, lug‘atini mukammal o‘rganayotgan yoshlarimiz safi ancha kengaydi.

Bundan bir necha yil muqaddam Toshkent davlat Sharqshunoslik institutida mumtoz filologiya bo‘limi ochilgan edi. Bu, albatta, mumtoz adabiyot namoyandalarining ijodini chuqur o‘rganishga qunt bilan yondashuvchi, ular yaratgan durdona asarlarning qo‘lyozmalarni o‘qib, o‘rganuvchi bilimdon mutaxassislarni tayyorlash, eng muhimi, o‘z tarixi, buyuk ajdodlari yodi bilan faxrlana oladigan va ulardan ibrat olishga intiladigan avlodni kamol toptirishdek ezgu maqsad yo‘lidagi qadamlardan biridir.

Hozirda institutda izlanuvchan, ilmga muhabbati baland yoshlar navoiyshunoslik, o‘zbek adabiyoti tarixi, mumtoz adabiyotda tazkiralar, mumtoz she’riyatda badiiy san’atlar, Navoiy asarlarining nashrlari – matnshunosligi kabi fanlardan saboq olib, ilmiy tadqiqot olib borishyapti. Quvonarlisi, shogirdlar orasida o‘zbek adabiy tilining naqadar boy va jozibador ekanligini dalillovchi dilbar namunalar aynan Navoiy ijodiga taalluqli ekanligini teran anglaydigan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

– Yurtimizda amalga oshirilgan eng quvonchli voqealardan yana biri Birinchi Prezidentimizning 2016 yil 13 maydagi Farmoniga ko‘ra Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi O’zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilganidir. Ona tilimiz hamda adabiyotimizni bir o‘quv dargohida yetuk mutaxassislar ko‘magida har tamonlama o‘rganishga qaratilgan bunday universitetning faoliyat yuritayotgani qalbimizda faxr va umid tuyg‘ularini uyg‘otadi. Ta’lim muassasasida joriy etilgan fakultetlar, til va adabiyotni mukammal o‘rganishga, tadqiq etishga, hattoki axborot bazalari bilan uzluksiz ta’minlashga yo‘naltirilgani tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarjima nazariyasiga oid izlanishlar olib borishga zaruriy sharoitlar yaratadi. Mazkur dargohda adabiyotni jondan sevadigan, mumtoz she’riyatni qadrlaydigan va nozik fahmlaydigan, badiiy zavqqa ega bo‘lgan haqiqiy adabiyotshunoslar yetishib chiqishiga ishonchim komil.

Tarixiy manbalardan ma’lumki, Navoiy yashab ijod etgan zamonda forsiy tilda ijod qiluvchi shoirlar turkiy tilning imkoniyatlari cheklanganligi va bu tilda nozik his-tuyg‘ularni ifodalashning iloji yo‘qligi xususida tinimsiz bong urishar edi. Alisher Navoiy esa “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida aynan turkiy tilni forsiyga qiyos qilib, bu tilning so‘z boyligini, badiiy-ilmiy ijod uchun yaroqli til ekanligini isbot qilib beradi. Yoshlarimiz ibrat olsa arzigulik jihat shundaki, hazrat Alisher Navoiy turkiy tilning imkoniyatlari haqida aytilgan qarashlarning nechog‘li mantiqsiz ekanligini o‘z ijodi, iste’dodi va bilimi bilan isbot etdi, ya’ni ul zot sof turkiy tilda “Xazoyin ul-maoniy” asarini bitib, tahsinlarga sazovor bo‘ldi. Abdurahmon Jomiyning “...bu qalamga falakdan ofarinlar yog‘ilgay!” deya Navoiyni alqagani ham ana shunday mashaqqatli mehnatning uddasidan chiqqan shoirga chin dildan tasannolar aytilganining tasdig‘idir. Yana bir e’tirofga sazovor jihat, alloma Sharq she’riyatining 16 janr va turida ijod qildi, o‘z ijodi orqali turkiy tilning so‘z boyligi, nazokatini yuksak badiiy mahorat bilan isbotlab berdi. Fors adabiyotidagi mashhur asarlardan o‘z xalqini bahramand qilish uchun bu asarlarni tarjimalar qildi va boshqa ijodkorlarni shunga chorladi. Aytish joizki, buyuk millatparvar shoirning millat osudaligi, milliy madaniyati rivoji, milliy adabiyot ravnaqi yo‘lidagi intilishlari, fidoyiligini har qancha e’tirof etsak arziydi. Chunki Alisher Navoiy qoldirgan buyuk meros, u qilgan ezgu ishlar bugun yosh avlodning ulug‘ allomalarimiz yaratgan ma’naviy qadriyatlarimizni to‘g‘ri anglashlarida, milliy ong, milliy g‘urur kabi yuksak fazilatlarni kamol toptirishda bemisl o‘rni bor.

Navoiy ijodining bugungi yoshlar tarbiyasi uchun ahamiyatli jihatlaridan yana biri shundaki, shoir devonlarida, dostonlarida yoshlarga pandu nasihatlar qo‘llagan. Xususan, “Xamsa” dostonlari, “Mahbub ul-qulub”, “Xazoyin ul-maoniy” kabi asarlarda hikmatga boy falsafiy mushohadalar ilgari surilganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, “Lison ut-tayr” asarida mana bunday dono o‘gitga duch kelamiz:

O’z vujudingga tafakkur aylagil,

Har ne istarsen – o‘zingdin istagil.

Mohiyatan bugungi kunimizga daxldor ushbu misralar hayotga dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan yoshlarimiz uchun, ayniqsa beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlash joiz. Zero, shoir bu bilan vujuding, ruhing, iymonu vijdoning, ongu tafakkuring imkoniyatlariga nazar solgin, inson atalmish oliy jonzot Yaratgan ato etgan kuch-qudratdan unumli foydalana bilishi, hamisha o‘z kuchiga tayanishi kerak, deydi. Darhaqiqat, ulug‘ mutafakkir aytganidek, o‘z kuch-qudratingga inonmoq – g‘ururingni, o‘zligingni, o‘z shaxsiy qarashlaringni himoya qilmoqdir, halol mehnat, yorug‘ yuz bilan umr kechirmoq deganidir.

...Ki har kim ayon etsa yaxshi qiliq,

Yetar yaxshilikdin anga yaxshiliq.

Bu o‘tli misralar “Farhod va Shirin” dostonidan. Asarda bosh qahramon – Farhodning kemasi nogahonda halokatga uchraydi. Baxtiga uni boshqa bir kemadagi savdogarlar qutqarib qoladi va kuni kelib mard yigit ham olijanob savdogarlarga yaxshilik bilan javob qaytaradi. Farhod ularning kemasiga hujum qilgan qaroqchilar bilan olishib, ziyrakligi, topqirligi, jasurligi bois ularni yengadi va oqko‘ngil savdogarlarning moliyu jonini asrab qoladi. Yuqoridagi misralar mazkur voqelikka ishora bo‘lib, bunda ezgulik hargiz beiz ketmasligi ta’kidlanayapti.

Oltin-kumush etma kasb davlat kunidin

Kim tortar adab ulusni mehnat tunidin,

Gar yo‘qtur adab, ne sud oltun unidin,

Elning adabi xushroq erur oltunidin.

Ushbu ruboiy “Nazm ul-javohir” asaridan olingan bo‘lib, kishining odobi har qanday oltinu kumushdan, molu davlatdan ortiq ekanligi haqida. Hazrat Navoiy mazkur so‘zlari bilan faqat mol-dunyo ketidan quvib, insoniylikni unutayotgan, nafsiga qul bo‘lgan kishilarga tanbeh beradi. Kishiga boyligiga qarab baho berilmaydi, haqiqiy boy kishi axloq-odobini go‘zal xulqlar bilan boyitgan kishidir.

Alisher Navoiy o‘zining 4 devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy” va “Devoni Foniy”da, 5 dostondan tarkib topgan “Xamsa”sida, “Nazm ul-javohir”, “Mahbub ul-qulub” kabi didaktik xarakterdagi asarlarida olamshumul g‘oyalarni hayratomuz badiiy san’atkorlik bilan g‘oyat go‘zal timsollarda ifoda qilgan.

Navoiyning qarashlari, olg‘a surgan falsafiy-axloqiy fikrlari bir xalq, bir mamlakatga emas, butun bashariyatga tegishlidir. Xuddi shu ma’noda, Hazrat Navoiy ijodi zamonlar osha badiiy tafakkur olamida davr bilan bog‘liq holda yangicha ma’no, yangicha ohangda jaranglayveradi. Navoiy asarlari bizni yangi qarashlar, komillik va umuminsoniylikka da’vat etaveradi. Shoir asarlarining barhayotligi ularning zamonlar o‘tsada, eskirmaydigan umumbashariy g‘oyalarning ulug‘langanligi, odamiylik sifatlari ta’riflangani, maqtalgan va targ‘ib qilinganligidir. Shuning uchun ham Alisher Navoiy hamisha barhayot siymoga aylandi.



Marta o`qilgan: 13921