×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
07:06:33 (GMT +5), payshanba, 1 - oktabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


4 - oktabr 2016

Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi chorlaydi

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2016-yil 8-iyundagi “XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra joriy yilning 12-13-oktabr kunlari Toshkent shahrida XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

Mazkur xalqaro tadbirni tashkil etishda mamlakatimiz bilan Xalqaro paxta assotsiatsiyasi, Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita, “Cotton Outlook” xalqaro agentligi va Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi singari xalqaro tashkilotlar doimiy hamkorlik qilib kelayotir.

Bu yilgi yarmarka “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tovar-xomashyo birjasi, “Sifat” markazi va boshqa tuzilmalar tomonidan o‘tkaziladi.

Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan 2005-yilda ilk marta tashkil etilgan yarmarka dunyo paxta va to‘qimachilik sanoati mutaxassislari, olimlar, yengil sanoatning yirik korxonalari va savdo kompaniyalari vakillari kutadigan nufuzli forumlardan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining birinchi yarmarka ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida shunday deyilgan edi: “Ishonchim komilki, mazkur yarmarka o‘zbek paxtasini eksport qilish borasida O‘zbekistonning va hamkorlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladigan yangi, samarali vositalarni rivojlantirishga, istiqbolda yanada ishonchli, barqaror iqtisodiy munosabatlar o‘rnatish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qiladi”.

Shu paytgacha bo‘lib o‘tgan yarmarkalar tarixiga nazar tashlasak, bu rejalarning barchasiga erishilgani ayon bo‘ladi. Yarmarka jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarni jalb qilmoqda. Paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlarini sotish bo‘yicha bozor mexanizmlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari hamda ularning xorijlik hamkorlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasining asosiy tadbirlari “O‘zekspomarkaz”ning ko‘rgazmalar zalida o‘tkaziladi. Yarmarka doirasidagi konferensiyalar hamda muloqotlarda jahon paxta va to‘qimachilik bozorining yetakchi vakillari tomonidan O‘zbekiston va dunyoda paxta tolasi ishlab chiqarish, savdo va investitsion hamkorlikni kengaytirish kabi ko‘plab masalalar muhokama qilinishi va o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Birinchi yarmarkaga jahonning 30 davlatidan 170 kompaniya va firma vakillari tashrif buyurgan bo‘lsa, bu yil 45 dan ortiq mamlakatning ikki mingga yaqin vakili kelishi kutilmoqda.

O‘zbekiston xalqaro bozorda nafaqat yuqori sifatli sanoatbop paxta tolasi yetishtiruvchi mamlakat, balki uni kafolatli yetkazib beruvchi ishonchli hamkor sifatida ham tanilgan. “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, tizimdagi paxta tozalash korxonalari izchil modernizatsiya qilinmoqda, ishlab chiqarishga innovatsion ishlanmalar keng tatbiq etilmoqda. Bunda paxta xomashyosini qabul qilishdan boshlab, uni qayta ishlash, saqlash va sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida elektron hisobot va nazorat tizimini yaratish va joriy qilishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bir qator paxta tozalash zavodlarida modernizatsiyalash loyihalari muvaffaqiyatli bajarildi, bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarish quvvatlarini keskin oshirish, tola sifatini yanada yaxshilash imkonini berdi.

Zaminimizda yetishtirilgan xomashyoni chuqur qayta ishlash, qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish tizimda olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda sohaga chet el investitsiyalari jalb etilib, har yili ko‘plab zamonaviy korxonalar barpo qilinmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston yetishtirilgan paxtaning 44 foizini qayta ishlash quvvatlariga ega.

Hozir ko‘plab yengil sanoat korxonalari “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida birlashgan. Ularda ishlab chiqarilayotgan turfa xildagi tayyor kiyim-kechaklar “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bilan dunyoning 45 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda. Bu jarayonda Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi muhim bozor vazifasini o‘tayotir. Sohani yanada rivojlantirish maqsadida 2015-2020-yillarda modernizatsiya ishlarini bajarish uchun 1 milliard dollar mablag‘ ajratilmoqda.

Jahonning to‘qimachilik va yengil sanoati taraqqiy etgan davlatlari vakillari 12-13-oktabr kunlari Toshkentda yana jam bo‘ladi. Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi paxta tolasini eksport qilishning bozor mexanizmlarini rivojlantirish, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari va xorijlik hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.



Muallif: O'zA
Marta o`qilgan: 8681