×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
22:08:12 (GMT +5), shanba, 15 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Standart versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


29 - avgust 2016

Tinchligimizning mustahkam kafolati

Mustaqillikni anglab yashash ulkan saodat ekanligini yaxshi bilamiz. Bugun “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O’zbekistonim!” shiori ostida 25 yilligi keng nishonlanayotgan Istiqlol ayyomi arafasida davlatimiz rahbari Islom Karimovning quyidagi so‘zlarini keltirish g‘oyat o‘rinlidir: “Mustaqillik deganda, uning ma’no-mazmunini biz, avvalo, huquq deb qabul qilamiz. Mustaqillikka erishish — bu o‘z taqdirimizni qo‘limizga olib, yurtimizning yer osti va yer usti boyliklariga ega bo‘lish, biz qanday ulug‘ tarix, madaniyat va ma’naviyatga ega ekanimizni, o‘zligimizni chuqur anglab, beqiyos salohiyatimizni ishga solish, qadriyatlarimizni, dinu diyonatimizni tiklash kabi buyuk va muqaddas burchimizni amalga oshirishdir”.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlariga asos solinishi bilan bog‘liq tarixiy jarayon xayoldan o‘tganda, davlatimiz rahbari ta’kidlagan huquqni — mustaqillikni, demakki, o‘z yo‘limizni o‘zimiz tanlash, hech kimdan kam bo‘lmaslik huquqini asrash, har qanday xavf-xatarni bartaraf etishga tayyor turish, yovuz niyat bilan ko‘z olaytiradiganlarga zarba berish uchun qudratli milliy armiyaga ega bo‘lish zaruratini 25 yil muqaddam hayotning o‘zi oldimizga qo‘yganini anglaymiz. Shu ma’noda olib qaraganda, milliy armiyamizni barpo qilish masalasiga davlat qurilishining g‘oyat muhim, uzviy bir qismi sifatida qaraldi.

Qurolli Kuchlarimizni shakllantirish jarayonida eng jiddiy muammolardan biri — bu kadrlar masalasi edi. E’tibor bering, 1990 yilda mahalliy ofitserlar yurtimizdagi harbiy kadrlarning atigi 0,6 foizini tashkil etardi. Mazkur muammoni hal qilish maqsadida harbiy ta’lim sohasini tubdan isloh etishga kirishildi. Bir qator oliy harbiy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda harbiy xizmatga salohiyati yetarli, ahdi qat’iy, shijoatli, mard va jasur Vatan himoyachilarini tayyorlashga kirishildi.

Hozirgi kunda Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtlari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Maxsus fakulteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakultetida 28 yo‘nalish hamda mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlanmoqda.

1995 yilda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi tashkil etildi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu dargoh zimmasiga malakali ofitserlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, qolaversa, harbiy sohadagi ilmiy-amaliy tadqiqot hamda ishlanmalarni muvofiqlashtirish, mamlakatimizda harbiy ta’limni rivojlantirish vazifasi yuklatildi. Bugungi kunda Qurolli Kuchlar akademiyasida 7 ta yo‘nalish bo‘yicha oliy qo‘mondonlik tarkibidagi ofitserlar tayyorlanmoqda. Bu Istiqlol bergan ulkan imkoniyatdir.

Milliy armiyamizni professional asosga o‘tkazish jarayonida ofitserlar va askarlar tarkibi o‘rtasida nafaqat bog‘lovchi bo‘g‘in, balki tom ma’noda armiyamizning tayanch ustuni, ofitserlarning ishonchli yordamchilari, har qanday vaziyatda ham tashabbuskor hamda samarali qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan serjantlarning yangi avlodini tayyorlash va tarbiyalash maqsadida ularning tayyorgarlik darajasini yanada oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda zamonaviy jihozlangan, modellashtirish hamda simulyatsiya vositalari, kompyuter texnikasi bilan ta’minlangan serjantlar tayyorlash maktablarida 26 yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olayotgan mutaxassislar askarlar tarkibi uchun nafaqat eng yaqin kichik komandirlar sifatida, balki har biriga bamisoli akadek g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, harbiy jamoalarda sog‘lom axloqiy-ruhiy hamda ma’naviy muhitni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tash tizimini takomillashtirish yo‘nalishida uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan oqilona siyosat natijasida jamiyatimizda harbiy xizmatga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi. Shu ma’noda, 1990 yilning 4 sentyabrida Prezidentimizning “Jumhuriyat yoshlarini armiyaga chaqirishni va ularning harbiy xizmatni o‘tashini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi Farmoni sobiq sovet ittifoqining O’zbekiston xalqiga, yoshlariga nisbatan bepisandlik bilan qarashiga, yo‘l qo‘yilayotgan adolatsizliklarga chek qo‘yishga qaratilgan jasoratli qadam edi. Mazkur muhim tarixiy hujjatga asosan, 1990 yilning kuzgi chaqiruvidan boshlab mamlakatimiz yoshlarini O’zbekistondan tashqarida joylashgan qurilish batalonlariga jo‘natish to‘xtatilgan. Bundan keyin O’zbekiston yoshlari o‘z yurtida xizmat qiladi, degani edi bu.

Milliy armiyamiz tashkil etilgan ilk yillarda Qurolli Kuchlar safini butlash tizimida ham jiddiy muammolar mavjud edi. Ya’ni sobiq tuzum armiyasidan qolgan harbiy xizmatni o‘tash tartiblariga rioya qilmaslik, boshboshdoqlik, og‘ir jinoyatlarni sodir etishga moyillik, ayniqsa, xalqimizning armiyaga ishonchsizligi, yoshlarning harbiy xizmatdan bo‘yin tovlashi kabi muammolar o‘z yechimini kutardi.

Islohotlar jarayonida O’zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga chaqirish tizimini isloh qilish bo‘yicha miqyosi hamda teranligi jihatidan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ishlar amalga oshirilib, chaqiruvning eskicha, sovet tizimidan qolgan amaliyoti tubdan yangilandi.

Fuqarolarning muddatli harbiy xizmatni o‘tash tizimini takomillashtirish borasida ko‘rilgan bu kabi chora-tadbirlar Qurolli Kuchlarni chaqiriluvchilar bilan to‘ldirishni sifat jihatidan yaxshilash imkonini berdi, ularning jismoniy va intellektual rivojlanish darajasi oshdi, qolaversa, keng jamoatchilik o‘rtasida harbiy xizmatning obro‘-e’tibori tubdan yuksaldi. Shu o‘rinda bu borada amalga oshirilgan muhim ishlarga qisqacha nazar tashlaylik.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkinchi chaqiriq to‘qqizinchi sessiyasida (2002 yil, avgust) davlatimiz rahbari “Qanday qilsak, armiyada xizmat qilish tom ma’nodagi nufuzli ishga aylanadi? Qanday qilsak, yoshlarimiz o‘rtasida armiya xizmatidan bo‘yin tovlash emas, aksincha, uning safidan joy olishga intilish kuchayadi? Qanday qilsak, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yosh avlodning eng munosib vakillari armiyaga tanlab olinadigan bo‘ladi?” degan savollarni o‘rtaga tashladilar. Va fuqarolarimizning Qurolli Kuchlarda xizmatni o‘tash muddatini 18 oydan 12 oyga, ya’ni bir yilgacha qisqartirishni taklif etdilar. Buning ahamiyati, o‘ziga xos jihatlarini hayotiy dalillar asosida batafsil tushuntirib berdilar. Shundan so‘ng qabul qilingan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, harbiy xizmat muddati 12 oygacha qisqartirildi. Bu kabi islohotlar amalda o‘z samarasini ko‘rsatdi. Harbiy qism hamda muassasalarda sog‘lom muhit yaratildi.

Bugungi kunda muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan yoshlar avvalgi yillardagidan mutlaqo farq qiladi. Hozirgi vaqtda mustaqillik yillarida tug‘ilib voyaga yetgan, mamlakatimizdagi litsey hamda kollejlarda eng zamonaviy ta’lim-tarbiya olgan yigitlar armiya saflariga kirib kelmoqda. Ular axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, xorijiy tillarni puxta biladi. Eng asosiysi, hayot haqida o‘zining mustaqil fikri va qarashiga, axloqiy-ma’naviy qadriyatlariga ega. Bunday salohiyatli yoshlar xalqimizning ishonchi va tayanchidir.

Prezidentimizning 2008 yil 20 noyabrdagi “Fuqarolarning O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan 2009 yildan e’tiboran O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish tadbirlari yiliga bir marta — fevral-mart oylarida amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Milliy armiyamizda o‘z burchini o‘tab qaytgan fuqarolarning keyingi faoliyati ham davlatimizning doimiy e’tiborida. Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda ularga alohida imtiyozlar belgilangani, ishga joylashishda amaliy yordam ko‘rsatilayotgani ana shular jumlasidandir. Xususan, Prezidentimizning 2012 yil

31 maydagi “O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasini olgan fuqarolarga respublika oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ball berish joriy etildi.

Chaqiruv komissiyalarining ishida oshkoralik va samarali jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida ular tarkibiga mahalliy davlat hokimiyati organlari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O’zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondining vakillari kiritilgani ham bizdagi o‘ziga xoslikni ko‘rsatadi. Bu xalqning o‘zi farzandlarini saralab, armiyaga kuzatayapti, demakdir. Aynan shu omilning o‘zi ham eski tuzumga solishtirilganda ulkan farq borligini ko‘rsatadi.

Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 5 avgustdagi chaqiruv va yig‘in punktlarini rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha

2010 — 2012 yillarga mo‘ljallangan Dasturi asosida 14 ta yig‘in hamda 173 ta chaqiruv punktida rekonstruksiya ishlari olib borildi. Unda tibbiy komissiyalar uchun zarur sharoitlar yaratildi, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Xalqimiz bunyodkorligining samarasi bo‘lgan bu maskanlarga kelganlar obodlik, farovonlikdan qalblari ravshanlashadi.

Sobiq ittifoq davrida bunday chaqiruv punktlarini hatto tasavvur qilishning ham iloji bo‘lmagan. Chaqiriluvchilar eskirgan, zarur sharoitlar yetarli bo‘lmagan yig‘in va chaqiruv punktlarida ko‘r-ko‘rona tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Binolarning sovuqligidan, hattoki kiyim-boshlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tish holatlari ro‘y bergan.

Amalga oshirilgan bunday ishlar milliy armiyamiz mudofaa salohiyati yuksalishida, xalqimizning tinch hamda osoyishta hayotini ta’minlashda, ona-yurtga sadoqat bilan xizmat qiladigan avlod shakllanishida muhim ahamiyat kasb etayapti.

Bugun O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, tinch hamda osuda hayotimizni himoya qilishning mustahkam tayanchi degan e’tirofga munosib bo‘lmoqda.

Jahon miqyosida vaziyat tez o‘zgarib, dunyoning ayrim mintaqalarida ahvol tobora keskin tus olayotgani, turli qarama-qarshiliklar, mojaro hamda qon to‘kishlar kuchayib, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi ortib borayotgani bizda chuqur tashvish hamda xavotir tuyg‘usini uyg‘otmasdan qolmaydi, albatta. Yuzaga kelayotgan ana shunday murakkab va oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat barchamizdan yuqori darajadagi ogohlikni saqlash hamda doimiy tayyorgarlik holatida bo‘lishni, qisqacha aytganda, Qurolli Kuchlarimizning salohiyati va jangovar qobiliyatini har tomonlama mustahkamlashni talab etadi.

Ana shunday bir paytda harbiy okruglar tuzildi, davlat chegaralarini himoya qilish va qo‘riqlashning zamonaviy talablarga javob beradigan tizimi shakllantirildi, harbiy operatsiyalar amalga oshiriladigan eng muhim yo‘nalishlarda harakatchan, yaxshi ta’minlangan bo‘linmalar tashkil etilib, yetarli samara bermaydigan tuzilmalar tugatildi.

Zamonaviy talablarni, yuz berishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlar teatrining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, Qurolli Kuchlarning tashkiliy-shtat tuzilishi prinsipial jihatdan o‘zgartirildi, tezkor-strategik boshqaruv, operativ tayyorgarlik hamda qo‘shinlarni jangovar qo‘llashning haqiqiy markaziga aylangan samarali boshqarish tizimi yaratildi.

Bugungi kunda qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini takomillashtirish maqsadida sohada tub yangilanishlar, o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, qo‘shinlarning shtat tarkibiy tuzilmalari tubdan o‘zgartirildi. Mobil, tezkor va har qanday nostandart vaziyatlarni nazorat qila oladigan bo‘linmalar shakllantirildi. Qo‘shinlarning jangovar tayyorgarlik dasturlari qayta ko‘rib chiqilishi natijasida jiddiy o‘zgarishlar kiritildi. Yangi dastur asosida mashg‘ulotlarni zamonaviy, interaktiv uslubiy yondashuv asosida olib borish yo‘lga qo‘yildi. Shaxsiy tarkibning o‘z ustida ishlashi hamda tinimsiz izlanishini tashkillashtirish maqsadida, harbiy xizmatchilarning o‘zlashtirish saviyasini takomillashtirish borasida reyting tizimiga asos solindi. Shu bilan bir qatorda, taktik o‘quv mashg‘ulotlarining jangovar harakatlarga yaqin tarzda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Har bir taktik o‘quvlari va amaliy mashg‘ulotlarning o‘tkazilish tartibi bo‘yicha turli mavzularga oid o‘quv-uslubiy filmlar tayyorlanib, qo‘shinlarga yuborilmoqda.

O’z navbatida, amaliy mashg‘ulotlarga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bunda, tog‘ o‘quv markazlarida mutaxassis harbiy xizmatchilar ishtirokida tog‘ tayyorgarligi o‘quv yig‘inlari o‘tkazilayapti, havo-desant tayyorgarligidan, turli usullarda desantlashuv ko‘nikmalari oshirilmoqda. Ayniqsa, taktik maxsus o‘quvlarni tashkillashtirish va o‘tkazishda barcha turdagi qo‘shinlar tarkibidagi bo‘linmalarning jalb etilishi, o‘zaro hamkorlikni tashkillashtirish borasida amaliy ko‘nikmalarni hosil qilmoqda.

2004 yilning fevralida Prezidentimizning Farmoyishiga ko‘ra, Qurolli Kuchlar bo‘yicha “Eng ilg‘or mutaxassis” tanlovi tashkil etildi. Mazkur tanlovni o‘tkazish zamirida qo‘shinlarda yuksak ma’naviy-jangovar ruh, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi maqsadlar mujassamdir.

Vatanni himoya qilish uchun bugun baland-baland qo‘rg‘onlar qurish shart emas. Yurtning ma’naviyati yuksak, intellektual salohiyatli asl o‘g‘lonlari uning qo‘rg‘onlaridir, bugun. Vatanni nafaqat qo‘liga qurol ushlaganlar, balki uni himoya qilish g‘oyasi ongida qurolga aylanganlar mardona himoya qila oladilar. Mustaqillik yillarida ana shunday avlod kamolga yetayotgani kishini g‘ururlantiradi.

Yuksak ma’naviyatli posbonni kamolga yetkazish uchun so‘nggi yillarda amalga oshirilgan sa’y-harakatlarning ayrimlarini misol keltirib o‘tsak. 2010 yil 12 yanvar kuni poytaxtimizda “Vatanga qasamyod” haykali barpo etildi. Mazkur majmuada xalqimizning mard hamda jasur o‘g‘loni muqaddas bayrog‘imizni ko‘ziga to‘tiyo qilib, Vatan himoyasi uchun, bobolarimiz yotgan aziz tuproqni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga tayyor ekanligiga qasamyod qilgan va ta’zim qilgan holda tasvirlangan.

Davlatimiz rahbarining 2012 yil 24 oktyabrda qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashini tuzish to‘g‘risida”gi qarori fuqarolik jamiyati institutlarining davlat hamda hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi roli ortishiga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining “Milliy armiyamiz — mustaqilligimizning, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir” kitobida armiyamizning ilk shakllanuv jarayonlari haqida so‘z yuritar ekan, “90-yillardagi murakkab iqtisodiy vaziyatga qaramasdan, biz harbiy qurilish sohasida oldimizda turgan dolzarb va ulkan vazifalarni hal etish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish uchun zarur bo‘lgan moddiy va moliyaviy manbalarni izlab topish maqsadida qattiq ish olib bordik”, deydi.

Vatan himoyachilarining ijtimoiy himoyasini ta’minlashdek dolzarb masalaga davlatimiz rahbariyati tomonidan doimo ulkan e’tibor qaratilib, muhim qarorlar qabul qilingani hamda tizimli ishlar olib borilgani natijasida harbiy xizmatchilar uchun yangi turarjoylar qurish, mavjud turarjoy fondini ta’mirlash, zamonaviy harbiy shaharchalarni qurish va rekonstruksiya qilish kabi chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2007 — 2015 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturiga muvofiq, 6 mingga yaqin harbiy xizmatchi uy-joy bilan ta’minlandi.

2016 — 2025 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturining ijrosi harbiy xizmatchilarni yuz foiz turarjoy bilan ta’minlash imkonini beradi. Bu esa sharafli kasb egalariga bo‘lgan ulkan e’tiborning, harbiy xizmatchilar ijtimoiy himoyasi mustahkamlanayotganining, milliy armiyamiz mudofaa salohiyati tobora yuksalayotganining yorqin namunasidir.

O’z navbatida, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati ham yuqori darajaga ko‘tarilmoqda. Harbiy qism tibbiyot punktlari, harbiy gospitallar zamonaviy asbob-uskunalar, tibbiyot jihozlari va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlangan. Harbiy tibbiyot muassasalari binolari ta’mirlanib, yangicha qiyofa kasb etmoqda. Mudofaa vazirligi tizimida kurort-sanatoriy xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Markaziy harbiy sanatoriy faoliyat yuritayapti. Ayni chog‘da Markaziy harbiy sanatoriyning infratuzilmasi takomillashtirilib, harbiy xizmatchilar hamda ular oila a’zolarining ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun zarur barcha shart-sharoit yetarli.

Qo‘shinlarni tibbiy asbob-anjomlar bilan ta’minlash borasidagi ishlar harbiy-tibbiy muassasalarni zamonaviy tibbiy uskuna va texnika bilan bosqichma-bosqich qayta jihozlash hamda shu asosda tashxis qo‘yish va davolashning yangi usullarini o‘zlashtirish hamda qo‘llashda muhim omil bo‘lmoqda.

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2015 — 2018 yillarga mo‘ljallangan tadbirlar amalga oshirilayapti. Unga muvofiq, belgilangan muddat mobaynida harbiy gospital butunlay yangi qiyofa kasb etadi, eski binolar o‘rniga yangilari quriladi, davolash-diagnostika bo‘limlari jahon standartlariga javob beradigan tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlanadi. Bunday ishlarning barchasi davlatimiz rahbariyati tomonidan Vatan himoyachilarining salomatligini mustahkamlashga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rliklar namunasidir.

Muxtasar aytganda, o‘tgan davr mobaynida hayotga tatbiq etilgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli mamlakatimiz xavfsizligi hamda barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga, aholining tinch va osuda hayotiga qarshi qaratilgan har qanday tajovuz va g‘arazli urinishlarning oldini olishga qodir bo‘lgan, ixcham, har tomonlama yaxshi ta’minlangan, jangovar qobiliyat hamda tayyorgarlikka ega milliy armiyamiz shakllantirildi. Qurolli Kuchlarimizni tashkil etish va boshqarishning mutlaqo yangi tizimi vujudga keldi. Armiya saflarida Vatan uchun xizmat qilish har bir yigitning qalb amriga, g‘ururu iftixoriga aylandi.

Muzaffar SALIYEV,

O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari,

polkovnik.



Muallif: “Xalq so‘zi” gazetasi
Marta o`qilgan: 21343