×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
14:15:42 (GMT +5), yakshanba, 29 - mart 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


28 - avgust 2016

Energetika mustaqilligi: O‘zbekiston iqtisodiyotini jadal taraqqiy toptirish va aholi turmush farovonligini oshirish garovidir

Elektr energetikasi iqtisodiyotimizning yetakchi sohalaridan biri hisoblanadi. Zero, barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanishi, mehnat unumdorligi oshishi, aholi turmush farovonligi va hayot darajasi yuksalishi ko‘p jihatdan mazkur tarmoq istiqboli bilan uzviy bog‘liqdir. O‘zbekistonning boy energetika salohiyati hamda samarali davlat boshqaruvi mavjud suv-energetika resurslari va uglevodorod xom ashyosidan oqilona foydalanish, elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘liq ta’minlash imkonini beradi.

Ammo mustaqillikka erishgunimizga qadar elektr quvvatlari yetishmasligi tufayli respublikamizga 1500 MVt.gacha elektr energiyasini chetdan qabul qilishga to‘g‘ri kelgan. Oqibatda butun energetika tizimi qo‘shni davlatlar GES kaskadlari ish rejimiga bog‘lanib qolgan edi. Istiqlol yillarida energetika mustaqilligiga erishishga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim omili sifatida jiddiy e’tibor qaratila boshlandi. Soha xodimlari oldiga ishlab chiqarishga yuqori samarali hamda zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish orqali elektr energiyasini hosil qilish, uzatish va taqsimlash xarajatlarini kamaytirish, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘plab vazifalar qo‘yildi. Shundan kelib chiqib, tarmoqda keng ko‘lamli modernizatsiyalash, texnik hamda texnologik yangilash, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan istiqbolli loyiha va dasturlar amalga oshirila boshlandi. Buning samarasi esa uzoq kuttirmadi. Yangi obyektlarning bunyod etilishi, mavjudlari modernizatsiya qilinishi nafaqat mustahkam milliy energetika tizimini shakllantirish, balki uning ravnaqida yuqori bosqichni boshlab berdi.

Darhaqiqat, iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholining elektr energiyasiga ortib borayotgan ehtiyoji uzluksiz ravishda ta’minlanmoqda. Bunda sohaning asosini tashkil etadigan issiqlik elektr stansiyalari bosqichma-bosqich ravishda bug‘-gaz va gaz-turbina qurilmalari bilan jihozlanayotgani muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Misol uchun, Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasida umumiy quvvati 600 MVt.ga teng ikkita, Tollimarjon IESda quvvati 800 MVt.lik energoblok foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Navoiy IESda quvvati 478 MVt.ga teng bo‘lgan bug‘-gaz uskunasi o‘rnatildi. Shuningdek, Toshkent issiqlik elektr markazida quvvati 27 MVt.li kogeneratsion gaz-turbina qurilmasi ishga tushirildi. Bu kabi texnologik yangilanishlar Tollimarjon IESda elektr energiyasi uzatilishidagi yo‘qotishlarni kamaytirish imkonini bergan bo‘lsa, Navoiy IESda yoqilg‘i sarfini deyarli 1,4 barobar qisqartirish hamda xarajatlarni keskin tejashga mustahkam poydevor hozirladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan sanoatda foydalanish elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gaz sarfini sezilarli darajada pasaytirish, atrof-muhitga zararli chiqindilar chiqarishni kamaytirishga xizmat qiladi. Shuning uchun keyingi yillarda muqobil energiya manbalarini yoqilg‘i-energetika balansiga jalb qilish borasida izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt.li quyosh fotoelektr stansiyasi qurilayotgani, kelgusida Namangan hamda Surxondaryo viloyatlarida ham shu kabi quyosh stansiyalari barpo etilishi ko‘zda tutilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Aslida, “kelajak energiyasi” deya ta’riflanadigan muqobil energiya manbalaridan allaqachon respublikamizning tog‘li va cho‘l hududlari, Mehribonlik hamda Saxovat uylari, ta’lim muassasalarida unumli foydalanilmoqda.

Magistral va hududiy elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish masalasi ham e’tibordan chetda qolmayapti. Chunki taqsimlash tarmoqlarining optimallashtirilishi energetika tizimidan foydalanish ishonchliligini oshirish, elektr quvvatining uzatish uzluksizligini ta’minlash, isrofgarchiliklarni kamaytirishda qo‘l keladi. Shu bois yangi elektr tarmoqlari obyektlari bilan birga, elektr energiyasini yuklanish markazlariga uzatishga qaratilgan loyihalar ham hayotga tatbiq etilayapti. Bunga misol tariqasida mustaqillik yillarida qurilgan, uzunligi 123,2 kilometrlik “Yangi Angren IES — Sirdaryo IES” 500 kV kuchlanishli havo liniyasi hamda 500 kV kuchlanishli zamonaviy “O‘zbekiston” podstansiyasini keltirish mumkin. Buning evaziga elektr stansiyalarda ishlab chiqarilgan quvvatlarni Farg‘ona vodiysiga uzatishdagi mavjud texnik cheklashlar bartaraf qilinib, elektr ta’minoti yanada yaxshilandi.

Xuddi shuningdek, energetika tizimining Shimoli-g‘arbiy qismida ikkita yuqori kuchlanish liniyasidan tashqari, 220 kVli “Qoraqalpog‘iston” va 110 kVli “Texnologik” podstansiyalari ishga tushirildi. Bu esa Qo‘ng‘irot soda zavodi, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, qolaversa, boshqa iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash imkonini bergani g‘oyatda ahamiyatlidir.

Bundan tashqari, Sirdaryo IESdan “So‘g‘diyona” podstansiyasigacha, o‘z navbatida, “So‘g‘diyona” podstansiyasidan “G‘uzor” podstansiyasigacha o‘ta yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari hamda 500 kVli “So‘g‘diyona” podstansiyasining ishga tushirilishi Samarqand — Buxoro qismidagi elektr stansiyalarining ishonchli ishlashini ta’minladi. Eng asosiysi, hududning qo‘shni energetika tizimlari ta’minotiga bog‘liqligini bartaraf etdi.

Elektr energiyasiga talab muntazam o‘sib borishini hisobga olgan holda, jahon moliya institutlari ishtirokida mazkur tizim obyektlarida modernizatsiyalash ishlari izchil olib borilmoqda. Ya’ni past hamda yuqori kuchlanishli podstansiyalarning asosiy uskunalari — transformatorlar, o‘chirgichlar, releli himoya va avtomatika jihozlarini zamonaviylariga almashtirish, ularning nominal quvvatini oshirish, elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini ko‘paytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rilayapti.

Mamlakatimiz energetika tizimiga hisobga olish hamda nazorat qilish avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilayotgani shu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu ilg‘or texnologiyalar iste’mol qilingan va uzatilgan elektr energiyasining aniq o‘lchovini amalga oshirishga, tizimda ish samaradorligini ta’minlashga, qisqacha aytganda, texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilashga xizmat qilayotir.

Keling, shu o‘rinda 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya hamda diversifikatsiyalash, tuzilmaga o‘zgartirishlar kiritishni ta’minlash chora-tadbirlariga doir dastur ijrosi haqida qisqacha to‘xtalsak. Mazkur dasturga binoan, issiqlik energetikasida 15 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, pirovardida elektr stansiyalari quvvati 1,5 barobar ortadi. Shu bois ayni paytda chet el sarmoyalari jalb etilgan holda, Tollimarjon, Navoiy va Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalarida quvvati 250 MVt.dan 450 MVt.gacha bo‘lgan bug‘-gaz uskunalarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Namangan viloyatida 450 MVt. quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmali yangi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini bunyod qilish loyihasi ijrosiga kirishildi. Bu esa hududda 500 kV magistral elektr tarmoqlarini rivojlantiradi, qolaversa, Farg‘ona vodiysi iste’molchilarining energiya ta’minotini sezilarli darajada oshiradi.

Yana bir investitsiyaviy loyiha Toshkent shahrining 4-sonli issiqlik markazida ro‘yobga chiqariladi. Uning doirasida mazkur obyekt 27 MVt. quvvatga ega 4 ta gaz-turbina qurilmasi bilan qayta jihozlangach, elektr hamda issiqlik energiyasi birgalikda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yana bir muhim jihati, tabiiy gazdan foydalanish samaradorligi ikki barobar oshiriladi.

Keyingi yillarda yoqilg‘i-energetika tizimida qattiq yoqilg‘i ulushini oshirishga alohida ahamiyat berilayapti. Buning samarasi o‘laroq, hozirgi paytda Angren IESda 130 — 150 MVt. quvvatli energoblokni qurish ishlari yakunlanib, ishga tushirish tadbirlari ko‘rilmoqda. Obyekt Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa sifatida 1 sentyabrga qadar foydalanishga topshiriladi va energiya tizimiga 160 MVt. quvvat beriladi. U kullik darajasi yuqori bo‘lgan ko‘mirni yoqishga mo‘ljallangani bilan ahamiyatlidir.

Energetika tizimida 2020-yilgacha bo‘lgan davrda shu kabi yana ko‘plab zamonaviy texnologiyalar joriy qilinishi mo‘ljallangan. Bu haqda so‘z yuritilganda, gidroelektr stansiyalardagi o‘zgarishlarga alohida to‘xtalish joiz. Gap shundaki, kelgusi besh yilda 11 GES quvvati oshirilishi barobarida, Andijon, Qashqadaryo hamda Toshkent viloyatlarida 5 ta kichik GES qurilishi mo‘ljallangan.

Chorak asrlik taraqqiyotimiz davrida mamlakatimiz energetika mustaqilligiga erishib, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi energetika salohiyati yuksak davlatga aylandi. Bu jarayonda barcha elektr stansiyasining parallel va sinxron ishlashini ta’minlaydigan, joylashgan hududidan qat’i nazar, iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish va eksport qilish imkoniyatiga ega Yagona energetika tizimi ham vujudga keldi. Shubhasiz, qo‘lga kiritilgan ushbu yutuqlar zamirida Prezidentimizning tashabbusi bilan soha tubdan yangilanib, yirik zamonaviy obyektlar qurilgani, mavjudlari esa -dunyoning yetakchi kompaniyalarining texnologik qurilmalari bilan qayta jihozlangani, ushbu yo‘nalishdagi tadbirlar izchil davom ettirilayotgani mujassamdir.

Bularning barchasi pirovardida iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirishning garovi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Dadajon Isaqulov,

«O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati

boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari



Muallif: “Xalq so‘zi” gazetasi
Marta o`qilgan: 17541