×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
12:51:45 (GMT +5), yakshanba, 29 - mart 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


21 - avgust 2016

Kim edigu kim bo‘ldik: Taraqqiyotimizning muhim bo‘g‘ini

Haqiqat qiyosda ochiladi. Gap istiqlol tarixi haqida ketar ekan, bu purma’no hikmatni qayta-qayta takrorlashdan erinmasligimiz kerak. Chunki taqqoslash asnosida biz kecha kim edigu bugun kim bo‘lganimizni yanada teranroq anglaymiz. Qiyoslash uchun esa asos – yetarli. Chunki bugungi yoshi ulug‘ fuqarolarimiz eski tuzumni ko‘rganlar va istiqlolning sharofatiga ham guvoh bo‘lib kelishyapti.

Tarixni eslaydigan bo‘lsak, yurtimiz ilgari iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli darajada avj olgan agrar o‘lka edi. Yurtboshimizning 1989-yilning 19-avgustidagi nut­qidagi mana bu so‘zlarga e’tibor qilaylik: “... Respublika xalq xo‘jaligi biryoqlama, aytish mumkinki, haddan tashqari nomaqbul ixtisoslashtirilgan. Natijada shunday ahvol vujudga keldiki, qishloq xo‘jaligi bilan bir qatorda sanoatda ham xomashyoni birlamchi qayta ishlash tarmoqlari ustunlik qilmoqda, tayyor mahsulot, birinchi navbatda, xalq iste’moli mollari ishlab chiqaruvchi tarmoqlar esa arzimas salmoqqa ega”.

Mustaqillik sharofati bilan mamlakatimiz bugungi kunda izchil taraqqiy etib borayotgan zamonaviy industrial mamlakatga aylandi. Bu borada iqtisodiyotda sanoatning ulushi 34 foizga yetdi. Holbuki, o‘tgan asrning 90-yillarida yurtimizda sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi bor-yo‘g‘i 14,1 foizni tashkil etar edi. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi hozirgi paytda 70 foizdan oshgani juda ko‘p narsadan dalolat berib turibdi.

Industrial davlatga aylanish har qanday mamlakat uchun ham o‘z-o‘zidan bo‘lib ketaveradigan masala emas.

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ko‘plab yirik korxonalar va inshootlar barpo etildi. Ular qatorida dastlab qurilgan uch buyuk korxonani alohida qayd etish lozim.

1996-yili Asakada avtomobil ishlab chiqaradigan zavod ishga tushirildi. Bu bilan yurtimiz jahondagi avtomobilsozlik yo‘lga qo‘yilgan 28 mamlakatning biriga aylandi. Hozir mamlakatimiz yo‘llarida yurgan har to‘rt avtomobilning uchtasi o‘zimizda ishlab chiqarilgan. Chunki “Jeneral motors – O‘zbekiston” avtomobil zavodi, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “O‘zbekiston sanoatining nainki lokomotivlaridan biri, ayni vaqtda faxri, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi”. Bu yerda yiliga 250 ming avtomobil ishlab chiqarilyapti.

Endi shuncha mashinaga yetadigan yonilg‘i ishlab chiqarish, mamlakatning neft mustaqilligiga erishish kerak edi. 1997-yili Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishga tushirilishi bilan mamlakatimizning neft mustaqilligi qo‘lga kiritildi.

Mustabid tuzum davrida esa respublika ehtiyojini ta’minlash uchun har yili 6-7 million tonna neft va neft mahsulotlarini chetdan keltirishga majbur bo‘lganmiz.

2006-yili ishga tushirilgan Qo‘ng‘irot soda zavodi bu gigant sanoat markazlarining uchinchisi bo‘ldi. Orolning qurishi oqibatida juda katta maydonlarni tuz qopladi. Olimlar o‘rgansa, bu tuzlarda oyna, ya’ni shisha ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan soda uchun zarur tarkib bor, uning zaxirasi esa 100 yilga yetar ekan. Quvasoydagi oyna zavodi soda xomash­yosini chetdan olib kelar edi. Endi esa bunday noyob soda ham o‘zimizga yetyapti, ham uni chetga eksport qilyapmiz.

Biz bu yerda mamlakatimizda bunyod etilgan dastlabki uch buyuk zavodgagina alohida to‘xtaldik, xolos. Ulardan keyin yana ko‘plab ulkan sanoat kompleks­lari qurilib, sanoatlashish jarayonini yanada tezlashtirdi. Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, “Sho‘rtangazkimyo” kompleksi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Samarqanddagi “Samavto” korxonasi, Toshkent viloyatidagi avtomobil motorlari ishlab chiqaradigan zamonaviy zavod, Xorazmning Pitnak shahrida barpo etilgan zamonaviy yengil avtomobillar chiqaradigan korxona, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi va boshqalar shunday ulkan industrial qurilishlar hisoblanadi. Yoki “Navoiy”, “Angren”, “Jizzax” maxsus industrial zonalarining tashkil etilgani iqtisodiyotimiz ravnaqi, xususan, sanoatlashish jarayonini yanada tezlashtirishda ulkan qadam bo‘ldi.

Sobiq ittifoq davrida respublika aholisining iste’mol tovarlariga bo‘lgan ehtiyoji, asosan, tayyor mahsulotlarni chetdan sotib olish yo‘li bilangina qondirilar edi. Iqtisodiyotning qat’iy qonuni shundayki, import hisobiga yashagan hech bir xalq boyi­maydi. Rivojlanishni istagan har qanday davlat importni kamaytirib, eksportni ko‘paytirish yo‘lidan yurishi kerak. Buning uchun esa mamlakatning o‘zida tovar ishlab chiqarishni kuchaytirish zarur. Sanoatni rivojlantirmay turib tovar ishlab chiqarishni ko‘paytirib bo‘lmaydi.

Oddiygina bir misolni mushohada qilib ko‘raylik. Bir gektar yerga eng qimmatbaho ekin ekib ham, hatto, uni issiqxona qilib ham bir gektar maydonni egallagan zavod yoki fabrika keltiradigan iqtisodiy foydani olib bo‘lmaydi. Chunki qishloq xo‘jaligida yiliga bir, nari borsa, ikki bor hosil olinadi. Zavod yoki fabrikani esa uch smenada kechayu kunduz ishlatish mumkin.

Mamlakatni industrlashtirishning zarurati va ahamiyatini shu sodda qiyosdan ham bilib olsa bo‘ladi. Shuning uchun bizda mustaqillikning boshidan sanoatni rivojlantirish yo‘li mahkam tutildi. Bugungi kunda iqtisodiyotimizda yetakchi o‘rinni egallab kelayotgan neft va gaz kimyosi, neft-gaz mashinasozligi, avtomobilsozlik, zamonaviy qurilish materiallari sanoati, temir yo‘l mashinasozligi, maishiy elektronika, farmatsevtika, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati kabi soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ­Islom ­Karimov 2015-yil boshida saylovchilar bilan uchrashuvlardan birida muhim masalaga aniqlik kiritib o‘tdi:

“Bir paytlar ba’zi viloyat va tuman rahbarlarimiz, biz – agrar respublika, deb maqtanib yurardi. Ular nimani o‘ylagan – men bilmadim. Umrbod SSSR tarkibida bo‘lamiz, deb o‘ylaganmi?

Bu odamlar ozgina fikrlab ko‘rsa bo‘lardiki, suv, yer yetishmasa, xalqimiz ko‘payib borayotgan bo‘lsa, faqat g‘alla, paxta, sabzavot yetishtirish bilan mamlakatimizning taraqqiyotini ta’minlash mumkinmidi?”

Bu mulohazalardan ochiq-oydin anglashilib turibdiki, mamlakat taraqqiyotiga erishish uchun birinchi navbatda sanoatni ravnaq toptirish kerak. Sanoatning qishloq xo‘jaligiga nisbatan bir necha karra samaradorligi – butun dunyoda isbotlangan haqiqat. O‘zbekistonning bu boradagi avval-boshdan belgilab olgan yo‘li aniq, puxta-pishiq edi. Haqiqatdan ham iqtisodiyotda biryoqlama siyosat olib borish, deylik, faqat qishloq xo‘jaligiga bog‘lanib qolish – xavfli holatligi ma’lum. Sanoatni izchil rivojlantirish esa ana shuning oldini oladi, albatta.

Shuning uchun ham o‘z mustaqilligiga erishganidan keyin O‘zbekistonimiz oldida ana shu agrar mamlakatni industrial davlatga aylantirish masalasi ko‘ndalang bo‘lib turar edi. Bu iqtisodiy islohotlarning tub yo‘nalishini belgilab berar edi. Chunki sanoati rivojlanmagan mamlakatlar bozorini import mahsulotlari egallab oladi. Import tovarlar esa hamisha qimmatga tushadi.

Mamlakatda sanoatni rivojlantirish uchun korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish, ya’ni ularni xususiylashtirish, shu tariqa ishlab chiqarishda manfaatdorlikni oshirish, texnologiyalarni yangilash, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga erishish, yangi-yangi korxonalar tashkil etish, buning uchun xorijiy investitsiyalarni shunga yo‘naltirish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda katta ishlar qilish zarur edi.

Mahalliylashtirish va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish dasturini amalga oshirish – hozirgi bosqichda eng ustuvor vazifalarimiz qatorida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu strategiyani yanada rivojlantirish maqsadida 2015 – 2019-yillarga mo‘ljallangan yangi Mahalliylashtirish dasturi ishlab chiqildi. Mazkur dasturda umumiy qiymati 5 milliard dollardan ziyod 600 dan ortiq loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bularning bari – amalda xalq farovonligi uchun. Raqamlar tili bilan ifodalaganda, har qanday masalaning ko‘lami kishi ko‘z oldida yanada teranroq va yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Binobarin, ana shu yo‘nalish izchil amalga oshirilgani tufayli ham mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar 12 barobardan ziyod oshdi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz barqaror sur’atlar bilan ko‘payib boryapti.

Sanoatni respublikada mavjud zavod va fabrikalarni unumli ishlatishning o‘zi bilangina rivojlantirib bo‘lmasligi – ayon. Avvalo, sanoatning yangi-yangi sohalarini joriy etish, qolaversa, eski texnologiyalardan tamoman voz kechib, zamon talablari darajasidagi sanoatni yo‘lga qo‘yish lozim edi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Biz... eng og‘ir, eng qiyin, lekin kelajagi bor yo‘lni tanladik. Investitsiyalarni, avvalambor, iqtisodiyotimizni tubdan o‘zgartirishga, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi zamonaviy sanoat korxonalarini barpo etishga yo‘naltirdik. Va bugun ana shunday uzoqni ko‘zlagan ishlarimiz qanday yuksak samara berayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz”.

Yana bir narsaga aniqlik kiritib o‘tishimiz zarur. Mamlakatda sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga e’tiborni kamaytirish, degan ma’noni anglatmaydi, albatta. Bizda istiqlol yillarida qishloq xo‘jaligi sohasida mutlaqo yangi iqtisodiy munosabatlar joriy etilib, fermerlik harakati rivoji uchun keng yo‘l ochib berildi. Bugungi kunda fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 90–92 foizini ishlab chiqarayotganidan tashqari, qishloq taraqqiyoti uchun mas’uliyatni ham o‘z zimmasiga olgan tuzilmaga aylanib boryapti.

1990-yili mamlakatimiz aholisining oziq-ovqat tovarlari, avvalo, don, kartoshka, go‘sht, sut va qandolat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji import hisobidan qoplangan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ularning 96 foizi o‘zimizda ishlab chiqarilyapti, mustaqillik yillarida aholi jon boshiga go‘sht iste’moli 1,3 barobar, sut va sut mahsulotlari – 1,6 karra, kartoshka – 1,7 marta, sabzavot – 2 barobardan ortiq, meva – qariyb 4 karra ko‘paydi va shu tariqa bu boradagi islohotlarning amaliy tasdig‘i sifatida el-yurtimiz farovonligi tobora ortib boryapti.

Jahon iqtisodiy forumi tomonidan e’lon qilingan reytingda iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlar orasida mamlakatimiz 5-o‘rinni egalladi. BMT ko‘magida AQShning Kolumbiya universiteti tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy tadqiqotlar asosida e’lon qilingan “Butunjahon baxt indeksi”da Vatanimiz 158 ta mamlakat o‘rtasida 44-pog‘onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida 1-o‘rinni oldi. Bularning bari yurtimizda barqaror taraqqiyot sur’atlari ta’minlanayotganini ko‘rsatadi.

Sanoatni faqat bir-ikki yerdagina rivojlantirish bilan asl maqsadga erishib bo‘lmaydi. Bizda sanoat amalda mamlakatimizning barcha mintaqalarida ravnaq topib boryapti (Bu haqda gazetamizning 2 avgust sonidagi “Sharafli yo‘l mohiyati” sarlavhali maqolamizda batafsilroq ma’lumot berilgan).

Sanoatni rivojlantirish ishlarni kompleks tarz­da tashkil qilishni taqozo etadi. Biz shu yo‘lni qat’iy tutdik. Bir misol keltiramiz. O’tgan asrda Qashqadaryo viloyatidagi tog‘lar bag‘rida silvinit minerallari zaxirasi borligi aniqlangan. Biroq hech kim uni qazib olishni yo‘lga qo‘yishga qo‘l urmagan edi. Mustaqillik bunga imkon berdi. Chunki bu yoqlarda shunday zavod qurish uchun avval temir yo‘l kerak edi. 2007-yili 223 kilometrlik Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘li qurilib, foydalanishga topshirildi. Temir yo‘l bitishi bilan Tepaqo‘ton kaliy tuz koni asosida Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi qurilishi loyihasini tayyorlash va unga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha ishlar boshlanib ketdi. 2010-yil yozida esa shu zavod ishga tushirildi. Kaliyli silvinit minerallari dunyoda juda kam uchraydi. U bor-yo‘g‘i 14 ta davlatdagina mavjud. Biz shu safga qo‘shildik. Tepaqo‘tonda 215 million tonnadan oshadigan silvinit zaxirasi bor. Zaxira jihatidan jahonda 10-o‘rinda turamiz.

Yurtimizda yoqilg‘i-energetika va g‘alla mustaqilligiga erishildi. Boy mineral xomashyo va qishloq xo‘jaligi resurslarini tubdan qayta ishlashga asoslangan zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda korxonalarni modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik yangilashning keng ko‘lamli dasturlarini izchil amalga oshirish ta’minlanmoqda. Energetika, neft va gaz kimyosi, rangli metallurgiya, kimyo va to‘qimachilik sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, farmatsevtika va mikrobiologiya, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatli va chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi iqtisodiyotimiz taraqqiyotining lokomotivi hisoblangan, yuksak texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlari jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.

Biz investitsiya siyosatida murakkab, lekin to‘g‘ri yo‘l tanladik. Ba’zi davlatlarga o‘xshab, ichki bozorni turli-tuman mollar bilan to‘ldirishga zo‘r berib, olingan kreditlarni, valyuta mablag‘larini qisqa muddatda sarflab tamomlaganimiz yo‘q. Investitsiyalar, avvalambor, iqtisodiyotimizni tubdan o‘zgartirishga, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi zamonaviy sanoat korxonalarini barpo etishga yo‘naltirildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonimiz – yer osti va yer usti boyliklarining ulkan zaxiralariga ega. Bu esa mamlakatda sanoatni rivojlantirish uchun eng muhim omil hisoblanadi. Sanoatni rivojlantirishda mamlakatimizda: “Investitsiya – bu taraqqiyot garovi”, degan oqilona shiorga izchil amal qilib kelinyapti.

Yaqin kelajakda O‘zbekistonimiz dunyoning eng rivojlangan industrial davlatlaridan biriga aylanishiga ishonchimiz komil. Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar mavjud.



Muallif: “Toshkent oqshomi” gazetasi
Marta o`qilgan: 13063