×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
14:04:54 (GMT +5), yakshanba, 29 - mart 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


7 - avgust 2016

Kim edigu kim bo‘ldik: Sharafli yo‘l mohiyati

Mustaqillik hayotimizning ma’no-mazmunini tubdan o‘zgartirib, xalqimizni qaramlikdan butkul ozod etdi. U toptalgan qadriyatlarimiz, dinu diyonatimizni tiklash, o‘zligimizni anglash, farovon hayot va yorug‘ kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan qurish yo‘lida beqiyos imkoniyatlar ochib berdi.

O’tgan chorak asr mobaynida yutuqlarga yutuq qo‘shildi, bu borada qilingan ishlar izchil davom ettirildi. Mamlakatimiz suverenitetining iqtisodiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan eng muhim strategik dasturlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etildi. Jumladan, O‘zbekistonning g‘alla, yoqilg‘i-energetika, transport-kommunikatsiya sohalaridagi mustaqilligini ta’minlash, iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, zamonaviy korxonalar barpo etish va ularni ilg‘or texnika va texnologiyalar bilan jihozlash borasidagi ulkan ishlar amalga oshirildi.

Bular O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yilning 2-iyunida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida ham alohida qayd etildi.

Bugun shu haqda o‘ylar ekanmiz, xayol o‘z-o‘zidan o‘tgan yillarimiz sari yetaklaydi. Istiqlol esa – uzoq tarixga ega. Amalda milliy ozodlikka erishish uchun kurash chor armiyasi yurtimizga bostirib kelgan dastlabki kundan boshlangan. 1989-yilning 23-iyunidan, ya’ni muhtaram Islom Karimov O‘zbekistonimizga rahbar bo‘lib kelgan kundan e’tiboran bu kurash o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirdi. Shu kundan istiqlol tobora yaqinlasha bordi.

Istiqlolning yigirma besh yillik bayrami oldidan O‘zbekistonimizning mustaqillikka erishish arafasidagi tarixini ham yaxshi bilishimiz kerak. Buning uchun Yurtboshimizning 2011-yili O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan chop etilgan “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida aks etgan jarayonlarni tahlil etib, uni chuqur anglash lozim. Chunki bu o‘ziga xos kitobdan davlatimiz rahbarining 1989-yil 24-iyunidan to 1992-yil 4-yanvarigacha bo‘lgan ikki yarim yillik, ya’ni ikki yilu ikki oyi mustaqillikkacha, to‘rt oyi mustaqillikka erishganimizdan keyingi davr faoliyati bilan bog‘liq tarixiy materiallar o‘rin olgan.

Ana shu nashrda mustaqillikka erishish uchun nima qilishimiz va mustaqillikka erishganimizdan keyin nimalarni amalga oshirishimiz kerakligi yorqin ifodalangan. To‘plamdagi jami 35 material ana shu jihati bilan bugun juda qadrli. Ular orasida, nazarimizda, mamlakatimiz hayotida tub burilish yasagan uchta chiqish bor.

Birinchisi – albatta, Islom Karimovning 1989-yil 24-iyunida, ya’ni O‘zbekistonga rahbar bo‘lganining ertasi kuni O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining Farg‘ona vodiysidagi oblastlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengashida so‘zlagan nutqi. U kitobda “Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi” degan sarlavha ostida berilgan. Hali sho‘ro davlati mustahkam turgan bir davrda yarim mustamlaka holatidagi respublika rahbarining masalani shu tarzda dadil qilib qo‘yishining o‘zi, ochig‘ini aytganda, katta jasorat edi.

Ikkinchisi – 1991-yil 31-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e’lon qilingan o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida so‘zlangan tarixiy nutq. U “Mustaqil O‘zbekistonning davlat siyosati insoniylik va ezgulik qonunlariga asoslanadi” deb nomlangan.

Uchinchisi – Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti etib saylanganidan keyin, ya’ni 1992-yilning 4-yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari to‘qqizinchi sessiyasida qilingan “O‘zbekiston dunyo xaritasida o‘ziga munosib joy oldi” mavzusidagi ma’ruza.

Aslida, kitob ana shu sanaganimiz uch chiqishning birinchisi bilan boshlanib, uchinchisi bilan yakunlanadi.

Xalq mustamlaka zulmidan charchagan edi. Mustabid tuzum davrining oxirgi yillariga kelib hayot juda murakkablashgan, turmush kechirish mushkul holga tushib qolgan, iqtisodiy vaziyat nihoyatda og‘irlashgan edi. Do‘konlarning peshtaxtalari – bo‘m-bo‘sh, odamlarning hayotga, kelajakka ishonchi yo‘qolgan bir davr edi. Buning ustiga, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” deb nomlangan qama-qamalar ko‘plarning yostig‘ini quritayotgan edi.

Mustaqillik bularning barini bartaraf etish uchun ulkan imkon berdi. Buni xalqimiz mustaqillikka erishgan dastlabki bir necha oydayoq to‘la his qilib ulgurdi. Yuqorida ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari 1992-yilning 4-yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari to‘qqizinchi sessiyasida “O‘zbekiston dunyo xaritasida o‘ziga munosib joy oldi” degan mavzuda ma’ruza qildi. Bu tarixiy ma’ruzani, shartli ravishda, ikki qism deb hisoblash mumkin. Birinchi qismda istiqlolning ana shu dastlabki to‘rt oyi mobaynida erishilgan yutuqlar besh bandda sanab o‘tilgan. Ikkinchi qismda esa o‘rtaga: “Xo‘sh, biz qaysi yo‘ldan boramiz? Uning yo‘nalishlari nimalardan iborat” – degan masala qo‘yilib, o‘n bandda bu yo‘nalishlar aniq-tiniq belgilab berilgan.

Oradan qariyb chorak asr o‘tganidan keyin bu mavzuga qaytish, o‘shanda aytilgan so‘zlarni o‘tgan davrga, xususan, bugungi hayotga qiyoslab mulohaza yuritish – har taraflama g‘ururli. Mana, dastlabki qadamlardayoq erishgan yutuqlarimiz:

Birinchidan, ma’naviy hayotimizda uyg‘onish yuz berdi. Tarixni tikladik. Ona tilimizni angladik. Ulug‘ bobolarimiz ruhini shod etdik. Udumlarimiz, qadriyatlarimizga qaytdik. Dinga munosabatimiz tubdan o‘zgardi. O‘zligimizni angladik.

Ikkinchidan, siyosiy mustaqillikka erishdik. O‘z taqdirimiz, farzandlarimizning kelajagini o‘zimiz hal etish imkoniga ega bo‘ldik. Jahonga chiqdik. O‘zbekiston tenglar aro teng bo‘ldi.

Uchinchidan, iqtisodiy sohada burilish yuz berib, bozor iqtisodiyotiga o‘ta boshladik. Xususiy mulk paydo bo‘ldi. O‘zbekiston o‘zining oltin xazinasiga ega bo‘ldi.

To‘rtinchidan, ijtimoiy adolat o‘rnatila boshladi. Odamlar yer oldi. Sobiq markaz o‘zbek xalqiga tamg‘a bosgan, unga malomat toshlari yog‘dirgan edi. Bu harakatlarga zarba berildi: “paxta ishi” bilan qamalganlarning barchasi avf etildi.

Beshinchidan, xalq odamlarni dini, e’tiqodi, millatiga qarab ajratish falokat va ofat ekanini tushundi.

Endi ana shu tarixiy ma’ruzada belgilab berilgan yo‘nalishlarga bir diqqat qilaylik. Ularni qisqa-lo‘nda qilib ifodalaganda ham, manzara ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘ladi:

– iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash; O‘zbekiston bozor iqtisodiga o‘tishda o‘z yo‘lini tanlab olgani va bu yo‘ldan qaytmasligi; bir toifa odamlarning cheksiz boy bo‘lib, yana bir toifadagilarning g‘arib, gado, qashshoq bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslik;

– tinchlik, totuvlik, osoyishtalikni saqlash; odam o‘ldirish, talon-tarojlik, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, chayqovchilikning har qanday ko‘rinishiga barham berish choralarini ko‘rish; adolat o‘rnatish;

– fuqarolar va millatlararo tinchlikni saqlash;

– xalqqa, birinchi galda, tadbirkorlikka, korxonalar va xo‘jaliklarga erkinlik berish va erkinlikni muhofaza qilish; mulkchilikning barcha shakllariga teng sharoit va imkon yaratish; xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatish; xalqimizni oziq-ovqat bilan ta’minlash; xalq xo‘jaligini tanglikdan chiqarish;

– oshkoralikni ta’minlash; matbuot, radio, televideniye vositasida odamlarning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga erishish; madaniyat, san’at, adabiyotni iqtisodiy zarbadan asrab qolish; tarixga, merosimizga munosabatni amaliy izga ko‘chirish;

– tarbiyadan hech narsani ayamaslik; urush qatnashchilari qadrini joyiga qo‘yish; sog‘liqni saqlashni davlat qaramog‘ida olib qolish;

– inson huquqlari, demokratiya va sarmoyaning davlat tarafidan kafolatlanishiga erishish;

– ko‘ppartiyaviy tizimga o‘rganish; har qanday rahbar, har qanday mustaqil kishi xalq oldida, yurt oldida hisobdor, javobgar ekanini qoidaga aylantirish;

– qonunni hurmat qilish, unga bo‘ysunish, rioya qilish yo‘lidan borish;

– xalqdan uzoqlashmaslik, uning dardi, tashvishi bilan yashash.

Mana, oradan qariyb chorak asr o‘tdi. O‘zingiz ayting, O‘zbekistonda o‘shandayoq belgilab olingan shu qat’iyatlarga amal qilib kelinyaptimi? Ha, amal qilganda ham izchil, og‘ishmay, qat’iylik bilan amal qilindi. Shu haqda o‘ylar ekanmiz, bugun har birimiz avval-boshdan mustaqil davlat qurish yo‘lining naqadar to‘g‘riligiga yana bir karra amin bo‘lamiz.

Xalqimiz orasida: “Haqiqat qiyosda ochiladi”, – degan hikmatli gap bor. Qiyos uchun qo‘limizda ikki muhim manba mavjud. Birinchisi – yuqorida zikr etilgan “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” to‘plami. Ikkinchisi esa – Yurtboshimizning o‘tgan yili bosilgan “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobi.

Aynan ikkinchi kitob oradan yillar o‘tib, tuzilgan ana shu rejalar, ilgari surilgan shu maqsad-muddaolarga qay darajada erishilganini oqilona tahlillar, aniq, manzilli, asosli fakt va dalillar bilan ko‘rsatib bergan to‘plam hisoblanadi.

2015-yilning dastlabki oylari davomida davlatimiz rahbari yigirmadan ziyod yig‘ilishda qatnashib, so‘zga chiqdi.

Bu chiqishlarni umumlashtirib turadigan bir xususiyat shundan iboratki, ularda Yurtboshimiz, yalpi holda ifodalaganda: “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik? Ertaga kim bo‘lishimiz, qanday yangi marralarni egallashimiz kerak?” – degan savolni bosh masala qilib o‘rtaga qo‘ydi.

Shu tariqa kitobda O‘zbekistonimiz mustaqillik yillarida erishgan yutuqlar sanab o‘tilgan. Eng muhimi, ular manzilli tarzda, ya’ni qaysi mintaqada qanday ishlar bajarilgani aniq qilib ifodalangan. Mustaqillik yillarida qaysi mintaqada qanday ulkan ishlar qilinganini bilmoqchi bo‘lgan kishi uchun bundan mukammalroq va yangiroq boshqa manba yo‘q. Qolaversa, to‘plamdagi materiallarda kelajak istiqbollarimiz ham aniq-tiniq ko‘rsatib berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida tilga olingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida, jumladan, biz bundan 25 yil oldin o‘z mustaqilligimizni qo‘lga kiritib, avvalo, milliy davlatchiligimizni tiklaganimiz, jahondagi mustaqil va suveren davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallaganimiz, o‘zini oqlamagan eski, mustabid tuzumdan butunlay voz kechib, chuqur o‘ylangan, milliy manfaatlarimizga to‘la javob beradigan islohotlarga asoslangan, butun dunyoda “o‘zbek modeli” degan nom bilan tan olingan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirganimiz bugungi kunda biz tanlagan, o‘zimizga xos va o‘zimizga mos rivojlanish yo‘lining naqadar to‘g‘ri va hayotiy ekanini tasdiqlab bermoqda.

Modomiki, istiqlolimizning 25 yil mobaynida bosib o‘tgan shonli yo‘lini teran mushohada qilayotgan, uning tub mohiyatini anglab yetishga intilayotgan ekanmiz, bu besh tamoyilning islohotlar jarayonidagi o‘rnini aniqlash uchun ularni alohida-alohida izohlab o‘tishga zarurat borligi ayonlashadi.

Birinchi tamoyil – iqtisodiyotning siyosatdan ustuvorligi, ishlab chiqarishni mafkuradan xoli qilish. Bu tamoyil iqtisodiyotning erkin ravnaqiga keng yo‘l ochadi.

Ikkinchi tamoyil davlatning bosh islohotchi ekani bilan izohlanadi. Shunday yo‘l tutilmasa, bo‘lmaydi. Chunki sotsializmda deyarli barcha mulk davlat qo‘lida bo‘lgan. Uni jamiyatga, xalqqa o‘tkazishni davlatning o‘zi amalga oshirishi lozim. Shuning uchun davlat o‘zi bosh islohotchi sifatida “islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi, yangilanish va o‘zgarishlar siyo­satini ishlab chiqishi va uni izchillik bilan amalga oshirishi lozim”.

Uchinchi tamoyil – jamiyat hayotining barcha sohalarida qonun ustuvorligiga erishish. Aks holda, mamlakatda boshboshdoqlik yuz beradi, adolatsizlik kelib chiqadi, biron-bir ezgu maqsadni oxirigacha amalga oshirish mumkin bo‘lmay qoladi. Qonun ustuvorligi degani – Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish hamma uchun qat’iy qoida qilib olinishi kerak degani.

To‘rtinchi tamoyil – aholining murakkab demografik tarkibini hisobga olgan holda kuchli ijtimoiy siyosat yuritish.

Jamiyat – bir butun tana. Uning ayrim shoxlari gullab-yashnab ketsa-yu, boshqalari qurib-qaqshab qolsa, adolatdan bo‘ladimi? Yo‘q: “Jamiyat haddan tashqari boylarga va haddan tashqari kambag‘allarga ajralib ketishiga yo‘l qo‘yishga bizning haqqimiz yo‘q”, – degan edi Yurtboshimiz.

Beshinchi tamoyil – bozor iqtisodiyotiga ob’ektiv iqtisodiy qonunlarning talablarini hisobga olgan holda, puxta o‘ylab, tadrijiy asosda, ya’ni bosqichma-bosqich o‘tish.

O’tish jarayonini sun’iy ravishda tezlashtirish, shub­hasiz, shoshma-shosharlik, pala-partishlikka, ishni chalakam-chatti amalga oshirishga olib kelgan bo‘lar edi.

Besh tamoyilni bir-bir sanaganimizning boisi bor. Aynan “taraqqiyotning o‘zbek modeli” jahonda kechayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida o‘zini tamoman oqladi. Chunki O‘zbekistonimizda davlat va xalq aynan ana shu tamoyillar asosida islohotlarni izchil ravishda amalga oshirib kelyapti. Ana shu oqilona ishlab chiqilgan va qat’iy amal qilib kelinayotgan besh tamoyil 2008-yili boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozidan O‘zbekistonimizning kam ziyon ko‘rgan juda oz sonli mamlakatlardan biri sifatida bo‘y ko‘rsatishini ta’minladi. Shu tariqa Vatanimiz o‘z istiqlol yo‘lini o‘zi belgilagani, bu yo‘ldan og‘ishmay ilgarilab borayotgani bilan alohida va o‘ziga xos obro‘-e’tibor qozondi.

“Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobining bir bobi aynan “O‘zbek modeli” – amalda o‘zini oqlagan, yorug‘ istiqbolimizni belgilab bergan taraqqiyot yo‘li” deb nomlanadi. Bu bobda mamlakatimiz istiqlol yillarida erishgan eng muhim yutuqlar tahlil etiladi.

“Biz o‘zimizga xos, o‘zimizga mos bo‘lgan, “o‘zbek modeli” degan nom bilan dunyoda e’tirof etilgan rivojlanish yo‘limizni tanlab olganimiz, haqiqatan ham, tarixiy bir qadam bo‘ldi, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi”, – deydi Yurtboshimiz. Shu tariqa: “Biz xalqimizni qiynaydigan, turli ijtimoiy qatlamlarni hayotning tabiiy to‘lqiniga tashlab, bozor o‘zini o‘zi boshqaradi, degan, “shok terapiyasi” kabi bema’ni usullardan voz kechdik”. Natija esa – oydek ayon: “Mana, ko‘rib turibsiz, biz tanlagan yo‘l keskin ijtimoiy portlashlarsiz, aholi o‘rtasida tabaqalanishlarsiz xalqimizga farovon va obod turmush olib kelmoqda. Kechagina bizga aql o‘rgatayotganlar endi bizdan o‘rganmoqda”.

Shu bobda tilga olingan yutuqlarimizning ayrimlarinigina sanaganimizda ham, davlatimiz va xal­qimiz tarixan qisqa davrda bosib o‘tgan ulkan dovon ko‘z oldimizda bor salobati bilan namoyon bo‘ladi.

Yoqilg‘i-energetika va g‘alla mustaqilligiga erishdik. Mulkchilikning tuzilishida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi, ko‘pukladli iqtisodiyot amalda shakllanib, uning tarkibida xususiy mulk ustuvor rivojlandi. Keyingi o‘n yilga yaqin vaqt mobaynida, dunyoda turli-turli inqirozlar davom etayotganiga qaramay, mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 8 foizdan past bo‘layotgani yo‘q. Mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab bizga mablag‘ berishga tayyor bo‘lgan mamlakatlar ko‘p topildi. Lekin, bizga faqat mablag‘ emas, zamonaviy texnologiyalar kerak, degan qat’iy prinsip asosida siyosat olib bordik. Aholimizning televizorlar bilan ta’minlanishi 1,6 barobar, yengil avtomobillar bilan ta’minlanishi 3,5 marta oshdi.

Mustaqillik yillarida biz agrar mamlakatdan sanoati taraqqiy etgan mamlakatga aylandik.

Qoraqalpog‘istonning Surg‘il koni negizida Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qiymati 4 milliard 200 million dollarga teng bo‘lgan zamonaviy Ustyurt gaz-kimyo majmuasini barpo etish loyihasi 2012-yili jahonda chet ellik sheriklar bilan hamkorlikda neft-gaz sohasida amalga oshirilayotgan eng yaxshi loyiha deb tan olindi. “Bundan 25 yil oldin O‘zbekistonda ana shunday o‘ta zamonaviy sanoat korxonasi quriladi, desa, o‘zingiz ayting, kim ishonardi?” – deydi Prezidentimiz.

Kitobda Andijon viloyatidagi “Jeneral motors – O‘zbekiston”, “Andijon kabel”, “O‘z avto austem”, “Qo‘rg‘on teks” kabi yirik korxonalar mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch ustunlari sifatida baholanar ekan, davomidan: “Ayniqsa, “Jeneral motors – O‘zbekiston” avtomobil zavodi O‘zbekiston sanoatining nainki lokomotivlaridan biri, ayni vaqtda faxri, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi”, – degan so‘zlarni o‘qiymiz. Bu yerda yiliga 250 mingdan oshiq avtomobil ishlab chiqaril­yapti. Shuning sharofati bilan hozirgi kunda har ikki oilaning bittasi yengil mashinaga ega. Ularning aksariyati aynan ana shu zavodda ishlab chiqarilgan.

Buxoroda gaz uzatish kompressor stansiyasi, “KNAUF gips – Buxoro” qo‘shma korxonasi, G’ijduvon temir-beton va Gazli neft qazib chiqarish korxonalari barpo etildi. Xususan, 1997-yili ishga tushirilgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yiliga 2 million 500 ming tonna xomashyo qayta ishlanib, katta hajmdagi yoqilg‘i-moylash mahsulotlari tayyorlanmoqda. 2015-yildayoq Qandim va Shimoliy Shodi konlarida yiliga 2 milliard 200 million kub metr hajmida gaz qazib olish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Bu yerda yangi zamonaviy kompleks, ya’ni Qandim gazni qayta ishlash majmuasini bunyod etishga ham kirishildi. 2018-yilga borib Qumli konida kompressor stansiyasi qurish, Uchqir konida gazdan propan-metan olish, gazni tozalash asosida oltingugurt ishlab chiqarish bo‘yicha ham loyihalar yakuniga yetkaziladi. 2019 – 2020-yillarda katta hajmdagi investitsiya hisobidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tubdan rekonstruksiya va modernizatsiya qilinadi.

“Jizzax” maxsus industrial zonasining tashkil etilgani iqtisodiyotimizdagi ulkan qadam bo‘ldi.

Hozirgi paytda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan rangli metallarning asosiy qismi, sementning 45 foizi, mineral o‘g‘itlarning 30 foizi, elektr energiyasining 16 foizi Navoiy viloyatining hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Xorijdagi hamkorlar bilan birgalikda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi va xalqaro transport logistika markazining tashkil etilgani viloyatning ulkan iqtisodiy va tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanish imkonini beryapti.

Namangan viloyatida keyingi yillarda xususiy yoki korporativ mulk shakliga o‘tkazilgan 70 ta korxonada rentabellik oshgan. Yaqin to‘rt-besh yilda yana 190 ta korxonada davlat ulushini kamaytirib, xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga berish mo‘ljallangan.

Germaniyaning “MAN avto” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatining Jomboy tumanida qurilgan yirik zavodda yiliga 4 ming 600 ga yaqin yuk avtomobili va 1 ming 350 dan ortiq tirkama, Samarqand shahridagi “Samavto” korxonasida esa 5 xil rusumdagi avtobus, 8 turdagi yuk avtomobili, 35 xil kuzov ishlab chiqarilyapti.

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr quvvatining qariyb uchdan birini yetkazib beryapti. “Jizzax” maxsus industrial zonasining hududiy filiali esa viloyat iqtisodiyoti ravnaqida katta o‘rin tutmoqda.

Surxondaryoda xalqaro standartlarga javob beradigan 336 kilometrlik avtomobil yo‘llarini barpo etish, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan “Qarshi – Termiz” avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Yanagi yilga borib “Qarshi – Termiz” temir yo‘l tarmog‘ini elektrlashtirish nihoyasiga yetkaziladi.

Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizi, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 45 foizi, po‘lat va metall prokatning 100 foizi, rangli metallarning asosiy qismi Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. “Angren” maxsus industrial zonasining tashkil etilgani sharqiy mintaqalarimiz ravnaqida muhim o‘rin tutmoqda. Viloyatda yengil avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun shinalar va konveyer lenta ishlab chiqarishga mo‘ljallangan qiymati qariyb 184 million dollarga teng yirik korxona qurilmoqda.

Farg‘ona viloyati “Oltin vodiy” deb nomlangan makonning yuragi hisoblanadi. Keyingi yillarda bu yerda barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanib, turli sohalarda salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Xorazm viloyatida so‘nggi yillarda yalpi hududiy mahsulotning 1,8 barobar, sanoat mahsulotlari hajmining 2,3 marta o‘sishiga erishildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining yalpi hududiy mahsulot yetishtirishdagi hissasi 74 foizni tashkil etmoqda.

Bugungi kunda Toshkent shahri jahondagi megapolislardan biriga aylandi. Mustaqillik yillarida uning qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi, zamonaviylashdi, go‘zallashdi, eng muhimi, bu yerda odamlar hayot kechirishi uchun qulay imkoniyatlar yaratildi. 2008 – 2015-yillar mobaynida poytaxtda 60 milliard 500 million so‘m miqdorida investitsiya jalb qilindi. Ko‘z mikroxirurgiyasi, Urologiya, Kardiologiya va Xirurgiya kabi ixtisoslashgan tibbiy markazlar faqat shahar aholisi emas, mamlakatimiz xalqi salomatligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shyapti.

Toshkent – Samarqand, Toshkent – Qarshi yo‘nalishlarida yuqori tezlikda harakatlanadigan “Talgo” poyezdi qatnovi Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib yo‘lga qo‘yildi. Bu yil Toshkent – Buxoro yo‘nalishi ishga tushiriladi.

Yuqorida ta’kidlanganlar hayotga tatbiq etilib, shu yilning 22-iyun kuni O‘zbekiston va Xitoy hamkorligining yirik va istiqbolli loyihasi ijrosi – “Angren – Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘li hamda Qamchiq tunnelining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ­Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirok etdi hamda nutq so‘zladi. Bu ulkan inshoot eng yuksak xalqaro me’yorlarga javob beradi va jahon amaliyotidagi noyob loyihalardan biri hisoblanadi. Mazkur temir yo‘lning ishga tushirilishi yuk tashish bo‘yicha vaqt va mablag‘ tejash imkonini yaratadi, shuningdek, tranzit, ishlab chiqarish va infratuzilma salohiyatini keskin oshiradi, shu tariqa O‘zbekistonimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Uzunligi 123,1 kilometr bo‘lgan bu temir yo‘lning 19,2 kilometri dengiz sathidan 1 ming 465 metr balandlikda joylashgan murakkab tog‘ tizmalarini kesib o‘tadigan tunneldan iborat. Bu Markaziy Osiyoda ham, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida ham eng uzun zamonaviy tunnel hisoblanadi, jahon miqyosida esa 13-o‘rinda turadi.

Mazkur strategik temir yo‘lning ishga tushirilishi Toshkentdan Farg‘ona vodiysi viloyatlariga yuk tashish vaqtini ikki barobar qisqartirdi, xarajatlar esa qariyb to‘rt marta kamaydi, eng muhimi, 1,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, bu temir yo‘l Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa yangi xalqaro temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.

“Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobining har bir bobida xuddi shunday mamlakatimiz hududlarida amalga oshirilgan katta bunyodkorlik ishlari tahlil etib berilgan. Masalan, “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” bobida, jumladan, Qashqadaryo viloyatining markazi bo‘lmish Qarshi shahri obodonchiligi uchun 2015-yilning o‘zida 100 milliard 100 million so‘mlik kapital mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgani aytiladi. Shahar atrofida halqa yo‘l barpo etish loyihasi ishlab chiqildi.

Xullas, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligi arafasida Prezident Islom ­Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” hamda “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitoblari bilan tanishish so‘z va amal, reja va ijro, sharafli yo‘l mohiyati mamlakat va uning xalqini taraqqiyot yo‘liga olib chiqish uchun nechog‘li ahamiyatli ekanini teran anglash imkonini beradi.

Xalqimiz bu ko‘hna tarix jarayonlarida ko‘p-ko‘p va turli-tuman o‘zgarishlarni o‘z boshidan kechirdi. Lekin istiqlol – mamlakat hayotidagi o‘ta muhim tub burilish yasagani nihoyatda ulkan voqea. U dunyoqarashimizni butunlay o‘zgartirib, hayotga, davlatga, xalqqa, shaxsga munosabatdagi mustabid davridagi yetmish to‘rt yil mobaynida zo‘r berib shakllantirilgan sun’iy devorlarni buzib yuborishga qodir qudratli kuch hisoblanadi.

O‘zini anglagan har bir fuqaro bugun istiqlolimiz tarixini yaxshi bilishi, buning uchun, eng avvalo, ana shu ikki kitob mazmun-mohiyatidan atroflicha boxabar bo‘lishi lozim. Bu nashrlar – jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ishlab chiqarish, ma’naviy-ma’rifiy hayotini teran anglash uchun katta ahamiyatga ega.

Bugunga kelib butun dunyo anglab yetdiki, mustaqil O‘zbekistonning o‘z yo‘li, o‘z maqsadi, o‘z qat’iyatlari, o‘z siyosati va shularga mos ravishda o‘ziga xos obro‘-e’tibori, mavqe-maqomi bor. ­Istiqlolning o‘tgan chorak asri mamlakatning keyin­gi yuksak taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi va nurli manzillarga chor­laydi.

SHU RAVON YOLING YANADA NURAFSHON BOLSIN, JONAJON VATANIM — OZBEKISTONIM!



Muallif: "Toshkent oqshomi" gazetasi
Marta o`qilgan: 25055