×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
06:50:56 (GMT +5), juma, 3 - aprel 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


6 - avgust 2016

Samarqand viloyati: Buyuk tarix, munavvar istiqlol, samimiy insonlar manzili

“Islohot — islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning manfaatlari uchun!” Yurtboshimizning ushbu ta’kidi bugun hayotimiz mazmuniga aylanib, har bir ezgu ishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Binobarin, “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?!” degan hayotiy mulohaza 25 yillik tarixiy davrning o‘ziga xos bahosi, desak, ayni haqiqat. Inchunin, har bir yurtdoshimizning turmush tarzi, ongu tafakkuridagi o‘zgarishlar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlarni kuzatib, bosib o‘tgan yo‘limiz, chindan ham, havas va hayratga arziydi, deb ishonch bilan ayta olamiz.

Ayniqsa, jahonda taraqqiyotning “o‘zbek modeli” deb nom qozongan o‘zimizga xos hamda mos yo‘lning naqadar to‘g‘ri va hayotiy ekanligi amalda o‘z isbotini topayotir.

Endi bir savolni o‘zimizga beraylik: bugungi zamonaviy bunyodkorlik ishlari, islohotu o‘zgarishlar qanday ro‘yobga chiqdi yoki biror tasodif sabab bo‘ldimi? Yo‘q, aslo! Buning zamirida mashaqqatli mehnat, yurt va xalq taqdiri, kelajagi o‘ylovida o‘tkazilgan halovatsiz kechalar, tinimsiz izlanishlar, davlatimiz rahbarining puxta hamda oqilona siyosati mujassam. Shu bois kim bilan suhbatlashmaylik, bugungi tinch va osuda hayot uchun shukronalik, farovon hamda obod turmushdan mamnunlik va rozilikni anglaymiz.

Jumladan, Samarqand viloyatiga safar chog‘ida keksayu yosh, turli soha vakillaridan bunday e’tiroflarni ko‘plab eshitdik. Mezbon va chet ellik mehmonlarning qalbidan otilib chiqqan samimiy so‘zlaridan ta’sirlanib, qalbimiz g‘ururga to‘ldi, hayotga tatbiq qilinayotgan islohotlar samaralaridan ikki hissa faxr tuydik.

Bunyodkorlik — taraqqiyot mezoni

Dunyo sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri, zamin sayqali, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Sharq gavhari bo‘lgan Samarqand Vatanimizning durdona shaharlaridan. Qariyb uch ming yillik tarixga ega bu kent o‘tmishda ko‘p voqealarga guvoh bo‘lgan. Ilm-fan, savdo hamda hunarmandchilik markazi sifatida dunyo ahlini o‘ziga maftun etib kelgan.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bu qadimiy shaharning boy tarixi, madaniyatini o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish, tarixiy obidalar, muqaddas ziyoratgohlarni asrab-avaylash va obodonlashtirish borasida ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Registon majmuasi, Amir Temur, Bibixonim maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Hazrati Xizr, Bibixonim masjidlarida ta’mirlash hamda rekonstruksiya ishlari bajarildi. Ular atrofi obod etilib, yangi bog‘u xiyobonlar tashkil qilindi. YuNYeSKOning 2001 yili Finlyandiyada o‘tkazilgan 25-sessiyasida Samarqanddagi mazkur me’moriy-tarixiy yodgorliklar va boshqa obidalar Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Mamlakatimiz olimlarining fransiyalik arxeologlar bilan hamkorlikda Afrosiyob tepaliklarida olib borgan tadqiqotlari natijasida Samarqandning 2750 yildan ziyod tarixga egaligi ilmiy jihatdan isbotlandi. Ana shu xulosa asosida 2007 yili Samarqand shahrining 2750 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi.

Bugungi kunda Samarqand yurtimizning zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasiga ega markazlaridan biridir. Bu yerda 1069 ta sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 134 tasi xorijlik hamkorlar bilan tashkil qilingan. Masalan, “JV MAN Auto-Uzbekistan”, “SamAuto”, “Sino”, “Daka tex” kabi yirik sanoat korxonalarini dunyoning qator davlatlarida yaxshi bilishadi. Ularning barpo etilishi tufayli minglab yangi ish o‘rinlari ochildi.

1999 yilda faoliyat boshlagan hamda 2006 yilda “Samarqand avtomobil zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati nomi ostida qayta ta’sis qilingan mazkur korxonada Yaponiyaning “Isuzu Motors Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda korxona mahsulotlari modellari qatoriga M3 turkumining I va II toifali avtobuslari, umuman, 30 dan ortiq kuzovlarni o‘z ichiga olgan F seriyali avtomobillar kiradi.

Buning samarasida yuzaga kelgan imkoniyatlardan foydalangan holda, aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida 418 ta yo‘lovchi transport (avtobus) yo‘nalishlari tashkil etildi.

“JV MAN Auto-Uzbekistan” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasi esa 2009 yildan ish boshlagan. Bir yilda 3000 ta turli rusumdagi yuk avtomobili ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur korxonada 300 nafardan ziyod kishi ish bilan band.

Bulung‘ur tumanidagi “Maroqand sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Hamdo‘stlik davlatlari miqyosida birinchilardan bo‘lib, yangi turdagi mahsulot — sport maydonlari, bolalar o‘yingohlariga to‘shash va xususiy uylardagi maydonchalarga mo‘ljallangan sintetik chim ishlab chiqarishga kirishildi. Bu yerda tayyorlanayotgan o‘n xildagi mahsulotlar 7 yildan 9 yilgacha xizmat qilishi bilan sport, shu jumladan, bolalar sporti ehtiyoji uchun muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, korxonada kalava hamda tikuv iplari, rezinali kovrolan va sintetik chim mahsulotlari tayyorlanmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ 25 yillik bayrami arafasida ochilishi mo‘ljallangan “Samarqand Yevroaziya tekstil” MChJ viloyatda ishlab chiqarish korxonalari soni hamda sifati qay tarzda kengayib borayotganini ko‘rsatib turibdi. Mazkur korxonada 600 dan ortiq kishi doimiy ish bilan ta’minlanishi barobarida, tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari ichki hamda tashqi bozorlarga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Jomboy tumanidagi “Amin invest” korxonasida esa o‘tgan besh yilda 10 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb etilib, modernizatsiyalash tadbirlari amalga oshirildi va 800 dan ortiq yangi ish joylari yaratildi. Korxonada paxta tolasidan kalava ip, tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarilmoqda hamda mahsulotlar 100 foiz eksport qilinayapti.

Betakror loyihalar asosida

Istiqlolning ilk kunlaridan qizg‘in kechayotgan qurilish-bunyodkorlik jarayonida Samarqand shahrining me’moriy qiyofasi va tarixiy jozibasini saqlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, biri-birini takrorlamaydigan me’moriy loyihalar shaharning go‘zal qiyofasini shakllantirdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy, Bo‘stonsaroy, Spitamen shoh, Dahbed ko‘chalaridagi arxitektura talablariga javob bermaydigan 13800 ta turar hamda noturarjoy binolari qaytadan qurildi yoki rekonstruksiyalashtirildi. Bugungi kunda Rudakiy ko‘chasi atrofidagi binolardan 76 tasi ta’mirlanib, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 5 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi davom etmoqda.

Shu bilan birga, chekka qishloq hamda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, hudud qiyofasini yanada yaxshilash borasidagi keng ko‘lamli ishlar diqqatga sazovor. Jumladan, Urgut tumanining “Mirzabog‘lon-Chep” mahallasida yangi mahalla markazi, dehqon bozori, 28 ta savdo do‘koni, 4 ta oshxona, 4 ta maishiy xizmat shoxobchasi, bitta dorixona, 2 ta ishlab chiqarish korxonasi, zamonaviy minifutbol stadioni qurilib, foydalanishga topshirildi, 84 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 600 kishiga mo‘ljallangan amfiteatr bunyod qilindi.

— Har bir raqam ortida inson taqdiri borligini inobatga olsak, turmush tarzimiz kundan-kunga yaxshilanib borayotgani aks etadi, — deydi Samarqand davlat tibbiyot instituti dotsenti, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Yaxshinor Allayorov. — Yaqinda shunday ma’lumotni o‘qidim: 2016 yil 1 yanvarga kelib, aholining maishiy texnika bilan ta’minlanganlik darajasi 92,3 foizga, kompyuter bilan ta’minlanganlik darajasi esa 71,2 foizga yetibdi. Viloyatimiz aholisining 88 foizi raqamli televideniyedan foydalanayotgan ekan. Mana sizga turmushimiz sifat jihatidan yuksalayotganiga yana bir misol. Shunday paytlarda beixtiyor bolalik, yoshlik davrimiz esga tushadi. U vaqtlarda, hatto, butun boshliq qishlog‘imizda bitta televizor yo‘q edi. Shaharga borish uchun uch soatlab avtobus kutardik. Kuniga bir marta qatnaydigan avtoulovda markazga chiqib kelish o‘ta mushkul ish edi. Hozir esa istalgan paytda xohlagan joyga borishimiz mumkin. Har bir xonadonda mashina bor. Ularning barchasi Vatanimizda ishlab chiqarilgan. Ilgari qishlog‘imizga birov kelsa, qayerga olib borishni bilmay, boshimiz qotardi. Endi-chi? Qishloq bilan shaharning farqi deyarli qolmadi. Markazda qanday sharoit bo‘lsa, eng chekka hududda ham shular muhayyo. Qisqacha ifodalaganda, bugungidek dorilamon hayotning yaxshiliklari behisob.

Aytish joizki, bunyodkorlik ishlari samarasi aholining turarjoyga bo‘lgan talabini qondirishda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda Samarqand shahrida 47 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilib, 11180 kishining turmush sharoiti yaxshilandi. Shu jumladan, yosh oilalar uchun 13 ta ko‘p qavatli turarjoy barpo qilinib, xonadon kalitlari topshirildi. Bugungi kunda 1060 xonadonga mo‘ljallangan 32 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi yakuniga yetkazilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2009 yil 3 avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, viloyatda 2009 — 2014 yillarda 100 ta qishloq massivida 4482 ta namunaviy uy-joy qad rostlab, shuncha oilaga quvonch ulashildi. Joriy yilda 37 ta qishloq massivida namunaviy loyiha asosidagi 1327 ta uy qurilmoqda. Ushbu hududlarda 15 ta bozor infratuzilma ob’ekti foydalanishga topshirilishi ham ko‘zda tutilgan.

Toshkent ko‘chasidagi barcha inshootlar milliylik kasb etdi. Sharqona an’analar asosida ta’mirlangan Chorsu tarixiy binosida endilikda mo‘yqalam sohiblarining ijod namunalari targ‘ib qilinmoqda. Ko‘cha boshida qad rostlagan hunarmandlar markazida hunarmandchilikning 12 turi bo‘yicha 16 ta zamonaviy ustaxona faoliyat ko‘rsatib kelayapti.

Shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirishda landshaft arxitekturasi o‘ziga xos maktab sifatida shakllandi. Ko‘kalamzorlashtirishda asosiy tamoyil — qayerga qanday daraxt, buta, gul yoki maysa turini qancha miqdorda, qanday usulda, ya’ni manzarali landshaft kompozitsiyasi asosida ekish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi. Bu yumushlarda hudud ekologiyasi, xususan, havoning tozaligini ta’minlash ham nazardan chetda qolmagan.

— Birgina Registon ko‘chasida qurilgan, musiqa ohanglariga uyg‘un ravishda jilolanuvchi mo‘‘jaz favvorani olaylik, — deydi mehnat faxriysi Barot Nodirov. — Bir paytlar bu hududda aroq zavodi joylashgan edi. O’shanda spirt tozalashdan hosil bo‘ladigan moyning badbo‘y hidi ancha olisdan ham dimoqqa urilardi. Bugun-chi? Bu yerda sayr qilib yurgan keksayu yoshning yuzida tabassum, qalbida xushkayfiyat. Favvoralardan taralayotgan musaffo havo — jonning rohati. Yana bir muhim tomoni, shahar tun qo‘ynida zamonaviy yoritqichlar og‘ushida ajabtovur qiyofa kasb etib, ertaklardagi maskanni eslatadi. Bunda sharqona go‘zallik, ko‘rkamlik latofat va sehr bilan uyg‘unlashadi. Shahar ana shunday baxt-iqbolga Vatanimiz istiqloli, ozod hamda obodligi, davlatimiz rahbarining beqiyos ehtiromi tufayli erishdi.

Mustaqilligimizning dastlabki yillarida Samarqandda atigi 4-5 ta mehmonxona va 3-4 ta sayyohlik firmasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda sohada 184 ta tashkilot, jumladan, 102 ta mehmonxona hamda 82 ta turistik firma ish olib bormoqda. Xususan, 2012 — 2015 yillar davomida 27 ta mehmonxona, 22 ta sayyohlik tashkiloti yangidan tashkil qilindi. Joriy yilda ham viloyatda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida 7 ta mehmonxona qurish va 94 ta yangi ish o‘rni yaratish -rejalashtirilgan.

Bog‘laridan bol tomar

— Oldin yaratilgan bog‘lardan mo‘ljaldagi hosilni olish uchun yillar kerak bo‘lardi, — deydi Oqdaryo tumanidagi “Tojmahal Zarafshon” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Shokir Mamaraimov. — Oqibatda yuzlab gektar yerning umri behuda o‘tardi. Bog‘lar hosil berdi ham deylik. Biroq to‘rt-besh yil o‘tmasdanoq ular “qarib”, olib tashlashga to‘g‘ri kelardi. Hozirgi intensiv bog‘lar esa ikkinchi yildanoq hosilga kiradi va gektaridan 100 tonnagacha a’lo sifatli meva olish mumkin.

2010/2013 yillar davomida intensiv mevali ko‘chatlar to‘liq chetdan keltirilgan bo‘lsa, 2014 yilda Samarqand tumanida “Sam Prom Xolod” hamda “Maroqand intensiv Grenad” agrofirmasi tashkil etilib, nafaqat intensiv bog‘lar uchun mevali ko‘chatlar yetishtirish yo‘lga qo‘yildi, balki endilikda eksport ham qilinmoqda. Shuningdek, sabzavotchilik, kartoshkachilik, polizchilik, mevachilik va uzumchilikda hosildorlik 2008 yildagiga nisbatan gektariga o‘rtacha 55 sentnerdan oshdi.

Yana bir muhim masala, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oxirgi yetti yil mobaynida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash darajasi ikki barobar ko‘paydi. Bugungi kunda aholi jon boshiga qariyb 300 kilogramm sabzavot, 75 kilogramm kartoshka hamda 44 kilogramm uzum to‘g‘ri kelmoqda. Bu maqbul deb hisoblanadigan iste’mol me’yoridan uch barobar ortiq. Yana bir quvonarli raqam: 1997 yilda bunday mahsulotlar, bor-yo‘g‘i, 4 ta davlatga eksportga chiqarilgan bo‘lsa, 2014 yilga kelib ular soni 27 taga yetdi. Mahsulotlarimiz xaridorlari orasida birgina qo‘shni mamlakatlar emas, balki Germaniya, Polsha, Gollandiya, Gretsiya, Angliya, Avstriya, Braziliya, Meksika, Yaponiya, Janubiy Koreya, Kanada singari olis o‘lkalarning borligi ham e’tiborga molikdir.

Jahon mumtoz musiqa san’atining sayqali

Samarqand — nafaqat tarixiy-madaniy shahar, balki yirik xalqaro anjumanlar o‘tkaziladigan, davlatlar hamda madaniyatlararo muloqot markaziga aylanib bormoqda. 2014 yilning may oyida Samarqand shahrida Prezidentimiz tashabbusi bilan “O’rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojlanishidagi o‘rni va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilishi beqiyos ahamiyat kasb etdi. Nufuzli anjumanda dunyoning AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur, Malayziya, Kuvayt, Hindiston, Pokiston, BAA, Rossiya kabi ellikka yaqin davlatidan vazirliklar hamda ta’lim tizimi rahbarlari, olimlar, mutaxassislar, jurnalistlar qatnashdi.

Har ikki yilda tashkil qilinadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali esa turli millatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va ishonchni mustahkamlashda, tinchlikni tarannum etishda butun dunyo xalqlari uchun ibrat bo‘layotgani nafaqat shu yurt fuqarolari, balki ezgulikni qadrlovchi har bir insonni g‘ururlantirishi, tabiiy. Davlatimiz rahbari “Sharq taronalari” o‘ninchi xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta’kidlaganidek, “Biz uchun ko‘hna tarixning o‘chmas sahifalarini ochib beradigan, Rim kabi “abadiy shahar” degan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan ana shu shaharda sizlar bilan uchrashar ekanmiz, bugungi kunda turli muammo va ziddiyatlarga to‘la zamon qanday tez o‘zgarib, qanday shiddat bilan o‘tib borayotganini chuqur his etamiz. Shu bilan birga, umrimizga ma’no-mazmun baxsh etadigan madaniyat va san’at olami bilan yaqindan oshno bo‘lish, jahonda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, bu go‘zal hayotni qadrlash, xalqlarimizning madaniy boyliklaridan bir-birimizni ko‘proq bahramand etish zaruratini yanada teran anglaymiz. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Yer yuzining sayqali” deb shuhrat qozongan ko‘hna Samarqand mana shunday shukuhli ayyomda, ta’bir joiz bo‘lsa, jahon musiqa san’atining sayqaliga, o‘ziga xos betakror markaziga aylanib borayotgani barchamizni xursand qiladi”.

Darvoqe, 2015 yilda bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” musiqa festivali kunlarida ro‘y bergan bir voqea mezbon hamda dunyoning 66 ta mamlakatidan kelgan mehmonlarni juda ta’sirlantirdi. O’shanda Samarqanddagi tarixiy obidalar, Registon mahobatidan hayajonlangan filippinlik sozanda, “Kuntaw Mindanao” guruhi a’zosi Nil Servantes tadbirning yopilish marosimi tugab, maydonda hech kim qolmasa ham o‘tiraverdi. Keyinchalik uning sheriklari, mezbonlar, boshqa yurt san’atkorlari buning sababini so‘rashganda, Nil shunday javob berdi:

— Men Samarqandga maftun bo‘ldim. Bu yerning mehribon hamda dilkash odamlariga o‘rganib qoldim. Agar noqulay bo‘lmaganda, afsonaviy Registonda tong ottirib, ulug‘ zotlarga beshik bo‘lgan shaharni, bu yerdagi qadamjolarni oyoqyalang ziyorat qilardim. Axir men bunday muazzam diyor, ko‘zlari kulib turuvchi, qo‘li ko‘ksida, samimiy odamlar yashaydigan yurtga kelib, o‘zimni xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek his qildim...

Bu — mo‘‘tabar zaminga nisbatan Yer yuzining mutlaqo boshqa nuqtasida yashaydigan mehmonning o‘ziga xos ehtiromi ifodasi edi. Zero, buyuk tarixga ega, istiqlolning munavvar quyoshidan beqiyos chiroy ochgan, g‘ayrat-shijoatli, samimiy insonlar manzili — Samarqandga bir marta tashrif buyurgan kishi qayta-qayta mehmon bo‘lgisi kelaveradi. Binobarin, AQShning xalqaro doiralarda tan olingan va katta nufuzga ega bo‘lgan internet nashrlaridan biri Samarqandni “Dunyoning albatta borib ko‘rish kerak bo‘lgan ellikta shahri” ro‘yxatiga kiritgani ham bejiz emas.

Aslida, chorak asr mobaynida yurtimizda barcha sohada amalga oshirilgan izchil islohotlar nafaqat hayotimizni, turmush tarzimizni, balki odamlar ongu tafakkurini o‘zgartirib yuborganligi bilan yanada ahamiyatlidir. Shu bois bugun har bir soha vakili kecha kim edigu, bugun kim bo‘ldik, ertaga qanday marralarni egallashimiz kerak, degan ahd bilan yashab, hayotini shu asosda qurmoqda, desak, aslo mubolag‘a emas.

* * *

E’TIROF

Firuz Aleksandr Sefre Zand, “Arxitektura tadqiqotlari Sefri guruhi” kompaniyasi rahbari (Buyuk Britaniya):

— Samarqand dunyodagi qadimiy obidalarga boy shaharlardan biri. Ushbu go‘zal va hamisha navqiron kentga uchinchi marta kelishim. Olamga mashhur tarixiy obidalar qayta rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirilibdi. Ravon hamda keng ko‘chalar, o‘arb va Sharq arxitekturasi uyg‘unlashgan binoyu inshootlar, ayniqsa, kishi diqqatini tortadi. Ko‘cha hamda xiyobonlardagi yashil maydonlar, betakror gulzorlaru osmonga bo‘y cho‘zgan favvoralarga qarab kishining ko‘zi to‘ymaydi.

Qadimiy binolar bilan zamonaviy inshootlarning uyg‘unligi hayratimni oshirdi. Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar, ilm-fan ahliga, yosh avlodga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarning bugungi ifodasi O’zbekiston kelajagini yanada yorqin qilishiga ishonaman.

Xubert Gizen, YuNYeSKO bosh direktori o‘rinbosari:

— Bu ko‘hna shahar dunyo ahamiyatiga ega bo‘lgani uchun YuNYeSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan va unda “Samarqand — madaniyatlar uchrashadigan makon” degan so‘zlar yozib qo‘yilgan.

2750 yillik tarixga ega bo‘lgan Samarqand shahri Markaziy Osiyodan, jumladan, afsonaviy Buyuk Ipak yo‘lidan o‘tgan dunyo madaniyatlari hamda yirik savdo yo‘llarining chorrahasida joylashgan. Markaziy Osiyodagi Sharq Renessansi ham buyuk ajdodingiz Amir Temur tomonidan yaratilgan qudratli va gullab-yashnagan davlatning poytaxti — Samarqand bilan chambarchas bog‘liqdir.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Marta o`qilgan: 15337