×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
20:43:35 (GMT +5), chorshanba, 8 - iyul 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


2 - avgust 2016

Qulay ishbilarmonlik muhiti O’zbekistonning barqaror iqtisodiy yuksalishida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda

Chorak asrlik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz tajribasi shuni ko‘rsatayaptiki, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sohasi mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishning muhim omili hisoblanadi. O’zbekistonimizda qulay ishbilarmonlik muhiti hamda ishonchli huquqiy kafolatlar yaratilib, o‘rta mulkdorlar sinfini shakllantirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganining boisi ham shunda.

Zero, Prezidentimiz alohida ta’kidlaganidek, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashning ishonchli tayanchi bo‘lgan mulkdorlar sinfini, ya’ni o‘rta sinfni shakllantirishdagi ulkan ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi”.

Darhaqiqat, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sub’ektlari o‘tgan qisqa davr ichida milliy iqtisodiyotimizning ajralmas tarkibiy qismi sifatida iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal qilish, sanoat hamda xizmat ko‘rsatish jabhalarini taraqqiy ettirish, qisqasi, aholi turmush farovonligini ta’minlashda yetakchi kuchga aylandi.

2015 yil yakunlariga ko‘ra, mazkur sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2000 yildagi 31 foizdan 56,5 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmidagi hissasi 12,9 foizdan 38,9 foizga, eksportdagi ulushi 10,2 foizdan 26,9 foizga, aholini ish bilan ta’minlashdagi hissasi esa 49,7 foizdan 77,9 foizga yetgani buning yaqqol dalilidir.

Yurtimizda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani, ayniqsa, bu jarayondagi tartib-taomillar tubdan soddalashtirilayotgani tufayli kichik biznes sub’ektlarining soni tobora ko‘payib, iqtisodiyotning barcha tarmog‘ida samarali ish olib bormoqda. Natijada hozirgi kunda respublikamiz aholisining har 1000 nafariga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’ektlari soni o‘rtacha 11,1 tani tashkil etayapti. Bu MDH mamlakatlaridagi ko‘rsatkichdan ancha yuqoridir. Boshqacha aytganda, 2000 — 2015 yillar davomida yuridik shaxs maqomiga ega ishbilarmonlik sub’ektlari soni qariyb 2,2 barobar oshdi.

Aytish o‘rinliki, tadbirkorlik harakatining rivojlanish holati, ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarning yanada to‘liq yoritilishi statistik kuzatuvlar natijalarining sifatliligi hamda ishonchliligi orqali ta’minlanmoqda. Binobarin, statistik kuzatuvlar shakllarini va ularni taqdim etish tartibini muntazam takomillashtirib borish davlat statistika organlarining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Buning samarasi o‘laroq, so‘nggi yillarda statistik hisobotlar tizimi sezilarli darajada soddalashtirilib, ularni taqdim etish muddatlari maqbullashtirilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “O’zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari bu borada muhim omil bo‘layotir. Pirovardida statistik hisobotlarni bosqichma-bosqich qisqartirish hisobiga tadbirkorlik sub’ektlari uchun hisobot yuklamasi sezilarli darajada pasaytirildi. Ya’ni hozirgi kunga kelib, statistik hisobotlar soni statistik axborotlarning to‘liqligi hamda sifatiga ta’sir ko‘rsatmagan holda, 2000 yildagiga nisbatan deyarli 3 marta qisqartirildi.

Shu bilan birga, idoralararo integratsiyani rivojlantirish hisobiga statistik kuzatuvlar tizimi yanada takomillashtirilayapti. Xususan, 2015 yildan e’tiboran, davlat statistika organlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan moliyaviy hisobotlar topshirilishini talab etmagan holda, davlat soliq idoralari bilan tashkilotlar moliyaviy hisobotlarining ayrim ko‘rsatkichlari to‘g‘risida ma’lumotlar almashinuvi tashkil etildi.

Davlat statistika tizimida tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida gap ketganda, biznes faoliyatini endi boshlamoqchi bo‘lganlarga taqdim etilayotgan yengilliklarni alohida ta’kidlash joiz.

Gap shundaki, avvalgi tartib bo‘yicha firma nomini zaxiraga qo‘ymoqchi bo‘lganlar joylardagi statistika organlariga borib, qog‘oz shaklida ariza bilan murojaat qilgach, yana ikki ish kuni davomida kutishlari lozim edi. 2012 yilning

1 avgustidan boshlab, bunga hojat qolmadi. Arizalarni internet tarmog‘i orqali kechayu kunduz jo‘natish, atigi 4 ish soati davomida firma nomining zaxiraga qo‘yilganligi to‘g‘risida ma’lumot olish mumkin. Natijada ushbu tizim joriy etilgan davrdan to 2016 yilning 1 iyul holatiga qadar 354 mingdan ortiq firmalar nomi zaxiraga olindi.

Bundan tashqari, 2015 yildan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay bo‘lgan ma’lumotlar yig‘ish tizimi amaliyotga tatbiq qilindi. Unga ko‘ra, kichik tadbirkorlik sub’ektlari davlat statistika hisobotlarini yilda bir marotaba taqdim etishmoqda. Yirik tadbirkorlik sub’ektlari uchun esa ilgari amal qilgan 5 ta oylik hisobot shakllari birlashtirilib, yagona takomillashtirilgan davlat statistika hisoboti joriy etildi.

Bugungi kunda kichik biznes sub’ektlari faoliyati to‘g‘risidagi zarur va tezkor ma’lumotlar olinishida tanlanma kuzatuvlar tizimi kengaytirilgani ayni muddao bo‘layotir. Unga binoan, kichik korxonalar hamda mikrofirmalar faoliyati har chorakda tegishli faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rganib borilayapti. Fermer xo‘jaliklari faoliyati yuzasidan amalga oshirilayotgan statistik kuzatuvlarda esa nafaqat ularning asosiy faoliyati natijalari, balki xo‘jalikning ishchi-xodimlar bilan ta’minlanganlik darajasi, moliyaviy-iqtisodiy holati, ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ham o‘rganilayotgani diqqatga sazovor. Chunki olingan mazkur ma’lumotlar kelgusida fermer xo‘jaliklari faoliyatini yanada yaxshilashda mahalliy va davlat boshqaruvi organlari tomonidan muhim qarorlar qabul qilinishida asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi.

Davlat statistika tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlariga statistik hisobotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada yengillashtirayapti. Bu borada statistik hisobotlarni internet orqali elektron taqdim qilish tizimi (eStat 2.0)ning qo‘llanila boshlanganini alohida qayd etish lozim. Negaki, ushbu tizim orqali barcha turdagi davlat statistika hisobotlarini elektron shaklda kechayu kunduz taqdim etish imkoniyati mavjud. Uning yana bir afzalligi shundaki, tadbirkorlik sub’ektlari statistik hisobotlarni o‘z ofislarida elektron shaklda tayyorlashlari hamda taqdim etishlari hisobiga, qimmatli vaqtlari va ortiqcha xarajatlari tejaladi.

Umuman olganda, so‘nggi 5 yil davomida davlat statistika organlari tomonidan 10 turdagi interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi axborot tizimlari joriy etildi. Buning evaziga, Davlat statistika qo‘mitasi tizimi organlarining rasmiy saytlari orqali 6 turdagi asosiy hamda 4 turdagi qo‘shimcha interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Interaktiv davlat xizmatlari turlarining kengaytirilishi tadbirkorlarning axborot bilan ta’minlanish darajasini oshirish, eng asosiysi, ularga o‘z biznes faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega, albatta.

Davlat statistika qo‘mitasi va hududiy statistika boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ham muayyan chora-tadbirlar ko‘rilayapti. Jumladan, “Ishonch telefonlari” tashkil qilingan bo‘lib, u orqali kelib tushayotgan murojaatlarning tezkor, to‘laqonli hamda xolisona ko‘rib chiqilishi ta’minlanmoqda. Shuningdek, yuridik shaxslarning yozma va og‘zaki murojaatlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bo‘layotgan murojaatlar ham tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi prinsipiga amal qilingan holda ko‘rib chiqilayapti.

Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy saytida “Tadbirkorlar uchun” maxsus rukni tashkil etilgani ishbilarmonlar manfaati yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi, deyish mumkin. Sababi, unda statistika sohasiga oid qonun hujjatlari, ularga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, tadbirkorlarning qonuniy haq-huquqlari, shuningdek, taqdim etiladigan davlat statistika hisobotlari shakli, to‘ldirish qoidalari kabi muhim masalalar bo‘yicha batafsil axborotlar berib borilmoqda. Qolaversa, qonunchilikda bo‘layotgan o‘zgarishlar, ular uchun yaratilgan qulay sharoitlarni tadbirkorlik sub’ektlari keng ommasiga yetkazish maqsadida seminarlar, davra suhbatlari, “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etish an’ana tusini olgan. Birgina 2015 yil davomida 2858 ta seminar va davra suhbati, 4852 marta “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilib, ularda 170 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari qatnashdi.

Har yili yillik statistik hisobotlarni qabul qilish davrida Davlat statistika qo‘mitasida “Call center” tashkil etilayotgani ham tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda. U orqali hisobotlarni to‘ldirish hamda taqdim etish chog‘ida yuzaga kelayotgan savollarga malakali mutaxassislar tomonidan tezkor ravishda batafsil tushuntirishlar berib borilishi ta’minlanayapti.

2016 yildan boshlab, tadbirkorlik sub’ektlari uchun yana bir yangi elektron xizmat turi yaratildi. Endilikda soha vakillari qaysi turdagi statistik hisobot shakllarini taqdim etishlari lozimligini Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy saytida tashkil etilgan mazkur xizmat turi orqali onlayn usulda bilib olishlari mumkin.

Davlat statistika tizimida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi bu kabi chora-tadbirlar, nafaqat statistik hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun ulardan zarur axborotlarni yig‘ish, balki islohotlar natijalarini yoritib beruvchi ko‘rsatkichlarning barqaror o‘sib borishini ta’minlash uchun tadbirkorlarimizga bevosita qulay shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan. Bu esa kichik biznes vakillari va davlat statistika organlari o‘rtasida o‘zaro xolis hamda ishonchli aloqalarni yanada mustahkamlash, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish asosida amalga oshirilayotgani quvonarlidir.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar bundan keyin ham izchil davom ettirilaveradi. Davlatimiz rahbari mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, “... xususiy mulk, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirish va bu soha vakillari manfaatlarini himoya qilish, makroiqtisodiy mutanosiblikni ta’minlash 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishiga aylanishi zarur”. Zero, bunday ustuvor vazifalar zamirida, eng avvalo, inson manfaatlarini ta’minlash, odamlardagi ishbilarmonlik qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularning daromadini oshirish, turmush farovonligi hamda hayot darajasini yuksaltirish kabi ezgu maqsad-muddaolar mujassamdir.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Marta o`qilgan: 11313