×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
11:53:46 (GMT +5), dushanba, 25 Маy 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


18 - fevral 2016

Berlinda Alisher Navoiy ijodiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Germaniyadagi yirik ilmiy-madaniy markazlardan biri — Berlin davlat kutubxonasida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlab, “Alisher Navoiy va uning jahon adabiyoti hamda madaniyatiga qo‘shgan hissasi” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Ushbu tadbir mamlakatimizning Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi tomonidan Gumboldt nomidagi Berlin universiteti, Berlin erkin universiteti va Berlin davlat kutubxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Germaniyaning yuzdan ziyod rasmiy, ijtimoiy-madaniy, ilmiy-akademik, ekspertlar va madaniy doiralari vakillari, jurnalistlar hamda O‘zbekiston, AQSh, Fransiya, Vengriya, XXR singari davlatlardan sharqshunos olimlar, navoiyshunoslar qatnashdi.

Anjumanda Alisher Navoiy ijodini hamda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati va san’atini o‘rganuvchi amerikalik, yevropalik va o‘zbekistonlik taniqli olimlarning ilmiy ma’ruzalari tinglandi. Uch yo‘nalishdagi chiqishlarga oid yig‘ilishlar doirasidagi ilmiy ma’ruzalar chog‘ida buyuk bobokalonimiz ijodining turli qirralari hamda O‘rta asr Movarounnahrida ilmiy fikr va madaniyat rivojlanishining o‘ziga xos jihatlari ochib berildi.

Konferensiyada so‘z olgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, navoiyshunos olimlar Shuhrat Sirojiddinov va Aftondil Erkinov, Berlin davlat kutubxonasi bosh direktori Barbara Shnayder-Kempf, Gumboldt nomidagi Berlin universiteti professori Ingeborg Baldauf, Berlin erkin universiteti professorlari Elizabeta Ragagnin va Barbara Kellner-Xaynkele, Kaliforniya universiteti professori Mark Tuton, Budapesht universiteti professori Benedek Peri va boshqalar ulug‘ bobokalonimiz jahon adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shganini ta’kidladilar. Ular hazrat Navoiyning nomi Homer va Dante, Shekspir hamda Gyote, Balzak va Pushkin, Nizomiy hamda Jomiy kabi buyuk mutafakkirlarning nomlari bilan bir qatorda turishini qayd etishdi.

Ma’ruzachilar Navoiy ijodi o‘zbek hamda turkiy xalqlar adabiyoti taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatganini e’tirof etishdi. Shoirning ijodiy merosi qariyb 30 ta she’riy to‘plamda, yirik dostonlar, nasriy va ilmiy asarlarda o‘z ifodasini topgan. Ilk marotaba turkiy tilda bitilgan “Xamsa” (Besh doston) asari Movarounnahr adabiy an’analarida yangi davrni boshlab berdi.

Shuningdek, so‘zga chiqqan olimlar Alisher Navoiy nafaqat buyuk shoir va mutafakkir, balki Temuriylar davrining yirik davlat arbobi bo‘lganini ham tilga oldilar. Buyuk shoir Xuroson ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etgan.

Alisher Navoiy ma’naviy xazinasi o‘zbek xalqining ulkan ilmiy-madaniy boyligi ekanligi O‘zbekiston vakillarining chiqishlarida ta’kidlandi. Shu o‘rinda, Navoiy hamda o‘zbek zaminida yashab ijod qilgan boshqa buyuk alloma va mutafakkirlar merosini asrab-avaylashga hamda o‘rganishga Prezident Islom Karimov tomonidan katta e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1991-yil yurtimizda “Alisher Navoiy yili”, deb e’lon qilingandi. Mustaqil rivojlanish yillari davomida mamlakatimizda shoirning yigirma jilddan iborat to‘la asarlari to‘plami nashr qilindi, respublikada hamda xorijiy davlatlarda buyuk shoirga ehtirom ramzi sifatida ulug‘vor haykallar qad rostladi.

Konferensiya doirasidagi munozaralar va o‘zaro muloqotlar chog‘ida Alisher Navoiy ijodi o‘zbek tilining butun go‘zalligini, uning boyligi hamda nazokatini dunyoga ochib bergani va u qoldirgan meros jahonda hamon katta qiziqish uyg‘otayotgani yuzasidan tadbir ishtirokchilari yakdil fikr bildirdilar.

Shunisi ham diqqatga sazovorki, hozirgi paytda Berlin davlat kutubxonasida allomaning 30 ga yaqin turli asarlari qo‘lyozmalari saqlanmoqda. Navoiy ijodidagi chuqur falsafa, poetik obrazlar turfa xilligi adabiyot muxlislarini o‘ziga jalb etayotir. Muxtasar aytganda, Navoiy fenomeni O‘rta asrlar Sharqidagi o‘zbek xalqi hamda boshqa xalqlar madaniyati va ma’naviy hayotining ravnaqi hamda gullab-yashnashining tajassumidir.

Berlin davlat kutubxonasidagi mazkur anjuman doirasida Alisher Navoiy ijodi hamda Temuriylar davri madaniyati va san’ati, shuningdek, O‘zbekistonning zamonaviy ma’naviy-madaniy hayotining turli qirralarini ochib beradigan kitoblar va O‘rta asr qadimgi qo‘lyozmalarining katta ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi nomidan Berlin davlat kutubxonasi fondiga Navoiy asarlarining to‘la to‘plami hamda boshqa o‘zbek ijodkorlarining asarlari taqdim qilindi.

Tadbirdan olgan taassurotlarini o‘rtoqlashar ekan, Berlin erkin universiteti professori Klaus-Piter Xaaze Navoiyning ijodiy merosiga bag‘ishlangan mazkur xalqaro konferensiya Germaniya poytaxtining ilmiy va madaniy hayotida muhim voqea bo‘lganini ta’kidladi. Nemis olimi dunyodagi yirik madaniy markazlardan biri sifatida O‘zbekiston o‘zining buyuk ajdodlari — shoirlari, olimlari, rassomlari va davlat arboblarini behad e’zozlashini yuqori baholadi.

— Shuni qayd etish joizki, Alisher Navoiyning jahon adabiyoti ravnaqiga qo‘shgan hissasi madaniyatlararo hamkorlikning yorqin misoli hisoblanadi, — dedi olim. — Axir uning ijodida Sharqning barcha mavzu va adabiy an’analari o‘z ifodasini topgan. Ishonchim komilki, bugungi xalqaro anjuman buyuk o‘zbek shoirining ijodiy merosi jahonda yanada ommalashuviga xizmat qiladi.

Berlin erkin universiteti professori Elizabeta Ragagnin ham ushbu tadbir so‘nggi 15 yil davomida Yevropada Navoiy ijodiga bag‘ishlangan eng nufuzli ilmiy anjuman bo‘lganini bildirdi. Ekspertning aytishicha, mazkur forum buyuk shoir va mutafakkir faoliyati yuzasidan fikr almashish va ularni baholash imkoniyatini yaratgani bilan birga, Navoiyning ulkan ma’naviy-madaniy merosini o‘rganish sohasidagi xalqaro ilmiy almashuvlarga yangi turtki ham berdi.

— Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan bugungi konferensiyadan katta ma’naviy ozuqa oldim, — dedi Gumboldt nomidagi Berlin universiteti professori Ingeborg Baldauf. — Anjuman qatnashchilari shoir ijodi haqidagi o‘z fikrlarini bayon etganlari barobarida, o‘zbek madaniyatining rang-barangligidan ham bahramand bo‘ldilar.

Bunday forumlarning o‘tkazilishi o‘zaro hamkorlikda jahondagi ilmiy va madaniy merosning avlodlardan avlodlarga o‘tishiga hissa qo‘shishga, O‘zbekiston, Yevropa, Osiyo va Amerika olimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashadi.

O‘zbek kasbdoshlarimiz bilan hamkorligimiz davom etishiga va yanada rivojlanishiga umid qilamiz.

Fransiyada Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi raisi Frederik Bressan buyuk shoir va mutafakkirning Temuriylar davri ma’naviy hayotida tutgan o‘rni juda katta ekanligiga e’tibor qaratdi. Dono siyosiy arbob va olim sifatida u dunyo adabiyoti, ilm-fani va san’ati taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shdi.

F.Bressanning fikricha, Navoiyning hayoti va ijodi yoshlar tarbiyasida, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, tinchlik, muhabbat va tolerantlik g‘oyalarini ilgari surish uchun ma’naviy manba bo‘lib xizmat qiladi. Chunki u o‘z asarlarida ana shunday ezguliklarni tarannum etgan. — Shuning uchun ham Navoiyning ijodiy merosi butun insoniyatning boyligi bo‘lib qoldi, — dedi u. — Asrlar o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, uning ijodi ko‘pgina xalqlarning xotirasidan joy olgan va bugungi kungacha barchamizga ilhom baxsh etib keladi.

O‘z navbatida, F.Bressan o‘zbek xalqining noyob tarixiy-madaniy merosini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib etishga O‘zbekiston rahbariyati tomonidan yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi.

Taniqli nemis olimi Barbara Kellner-Xaynkele mazkur xalqaro tadbir navoiyshunos olimlar ishtirokida yuqori darajada tashkil etilganini aytdi. Uning fikr bildirishicha, taqdim qilingan ma’ruzalar, jumladan, o‘zbekistonlik olimlarning chiqishlari axborotlarga boy va juda mazmunli bo‘ldi. Taqdimotlar chog‘ida Navoiy ijodining turli qirralari yuzasidan qator yangi fikr-mulohazalar, baholar va qarashlar bildirildi.

Kaliforniya universiteti (AQSh) professori Mark Tuton bir necha yillardan buyon Alisher Navoiyning ijodiy merosini o‘rganish bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qildi. U o‘zining 2014-yili yoqlagan doktorlik dissertatsiyasida Alisher Navoiyning “Xamsa”sini o‘rta asrlardagi boshqa mualliflarning turdosh asarlari bilan qiyosiy tahlil qilganini aytdi. “Shoir ijodini o‘rganishni boshlaboq, uning naqadar buyuk daho ekanligini angladim”, deya ta’kidladi amerikalik olim.

Shunisi ham diqqatga sazovorki, konferensiya chog‘ida M.Tuton o‘zbek tilini qay darajada yaxshi bilishini ham namoyon qildi. U ilmiy-tadqiqot ishlari bilan O‘zbekistonda o‘tkazgan yillarini iliq so‘zlar bilan yodga oldi.

O‘zbekiston Milliy universiteti professori Aftondil Erkinov bildirganidek, Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaning Germaniya poytaxtida o‘tkazilishi jahon adabiyoti va madaniyati ravnaqiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk bobokalonimiz ijodiga nisbatan G‘arbda katta e’tibor mavjudligidan dalolat beradi.

— Berlindagi ushbu konferensiya chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov rahbarligida o‘zbek xalqining bebaho ma’naviy va madaniy merosini qayta tiklash hamda asrab-avaylash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan AQSh, Yevropa va Osiyodan kelgan hamkasblarimizdan ko‘p ijobiy fikrlarni eshitdik, — dedi o‘zbek olimi.

Xalqaro anjuman buyuk shoir g‘azallari kuylangan “Maqom kechasi” madaniy dasturi bilan yakunlandi. O‘zbekiston elchixonasi binosida o‘tkazilgan mazkur tadbirda ikki yuz nafardan ziyod adabiyot va san’at ixlosmandlari qatnashdi.

Nemis san’atshunos olimi, doktor Angelika Yung kecha ishtirokchilarini ko‘p asrlik o‘zbek mumtoz maqomchilik san’ati an’analari bilan tanishtirdi. O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva ijrosidagi mumtoz ashulalar esa kechaga alohida shukuh va mazmun bag‘ishladi.

Bo‘lib o‘tgan xalqaro forum nemis ommaviy axborot vositalarining ham e’tiborini o‘ziga tortdi — bu haqdagi xabar va maqolalar o‘ndan ziyod elektron nashrlarning sahifalarida atroflicha yoritildi.



Muallif: “Jahon” AA
Marta o`qilgan: 15524