×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
13:57:38 (GMT +5), dushanba, 25 Маy 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


9 - fevral 2016

Alisher Navoiy: Idrok va ifoda

Og‘zim achitqon dam-badam ul la’li shakkarxand erur,

Vah-vah, tuz ermish ulki, men qildim gumonkim, qand erur.

O‘tsang g‘amim sahrosidin, qonlig‘ ko‘ngul ajzosidin,

Har lola bargin anglakim, bir dog‘lig‘ parkand erur.

Ko‘yungda munglug‘ jong‘a tan, yuz zaxm iladur xirqaye

Marham bila qo‘yg‘an mamuq har yon anga payvand erur.

Majnun ko‘ngul qilmas havo har yon o‘qungdin go‘yiyo,

Kim bu temur birla yig‘ach habsig‘a oning band erur.

Boqqach quyosh ruxsorig‘a andin qilurmen ko‘z yoshi,

Kim ul musofir oyima husn ichra bas monand erur.

G‘am barqiyu mehnat tuni zoyanda bo‘lsa ishqdin

Tong yo‘qki, o‘tqa gah sharar, gohi tutun farzand erur.

Dunyo arusi zulfini tutqan ne ogah faqrdin,

Ganj istamas ulkim, yilon tutmoq bila xursand erur.

Ming nola tortib ko‘rmay ul gul vaslin oxir o‘lganim,

Bu bog‘ning bulbullari gar bilsalar, xush pand erur.

Ko‘z uchi birla boqtingu qiyding Navoiy ko‘nglini,

Bilding anikim, bir qiyo boqmoqqa hojatmand erur.

Alisher Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidan olingan “Haqiqat asrorini majoz yo‘sinida ko‘rguzmoq” tavrida yozilgan ushbu g‘azalning matla’idan talab yo‘lidagi oshiqning ruhiy ahvoli tasvirlanadi. Oshiqning og‘zi achchiq bo‘lib qolishi — o‘lim talvasasiga tushganining badiiy ifodasi. Uning bunday ahvoliga tushganiga sabab — Yorning shakarxandasi, tabassumi. Ammo bu shirin tabassum qandday jonga halovat beruvchi emas, balki tuzli, totli. Tuz og‘izni achitgani kabi jononning tuzli — malohatli tabassumi ham oshiq jonini ming iztirobga soladi. Lolaqizg‘aldoqlarning bahor yellaridan yer uzra sochilib yotishi g‘ussalar sahrosidagi Majnunvash oshiqning pora-pora bo‘lgan ko‘nglidan nishonadir. Oshiqning jismu joni ishq lashkari hujumidan majruh — mubtalo ko‘ngilga qalqon bo‘lgan jismi marhamli momiqlarning ko‘pligidan darveshlar xirqasiga, ishq o‘qining mo‘ljaliga aylangan ko‘ngli esa qafas ichra tutqun qushga o‘xshab qolibdi.

Beshinchi baytda muhabbatning qamrovi yanada kengayib, osmon qadar yuksaladi. Yerdagi holatni o‘z jismu joniga qiyoslagan solik Quyoshga nazar solib, uning harorati va ziyosida Quyoshlar Quyoshiga o‘xshash holatni ko‘rib, ko‘z yoshi to‘kadi. Odatda, quyoshga nazar solgan har qanday kishining ko‘zi yoshlanadi, ammo shoir shunda ham shoirona tashbeh, oshiqona holatni payqab, ajoyib lutf bilan tasavvurni yangi ufqlar sari yo‘naltiradi.

Ma’nolar miqyosi baytdan baytga tadrijiy tarzda kengayib, teranlashib, o‘quvchini yanada daqiqlik bilan fikrlashga undaydi. Jumladan, oltinchi baytdagi “g‘am barqi” va “mehnat tuni”, “tutun” va “sharar” so‘zlarida shoirona taxayyul orifona tafakkur bilan omuxtalashib, sharhi yuzlab falsafiy kitoblarga sig‘maydigan ma’nolar ko‘ngil fikrati orqali ruh ozig‘iga aylanish imkonini beradi. Barq — irfoniy manbalarda hidoyat topgan bandaning Yaratgan qurbatidan nishona beruvchi chaqin, solik yo‘lini bir lahza munavvar etuvchi hidoyat nuri, deya ta’riflangan. “Mirsod ul-ibod”da yozilishicha, “dastlabki hollarda nurlar barq, yashin, chaqin shaklida paydo bo‘lur. Ko‘ngil qancha sayqallansa, nurlar ham kuchayib, ko‘payaveradi”. G‘azzoliy aytganidek, “kishi o‘zi ma’rifat qilgan narsanigina yaxshi ko‘ra oladi, bilmagan narsa doim xavotir va qo‘rquvga soladi”. Olovdan gohida uchqun, gohida tutun chiqqani kabi, Ishq tufayli ko‘ngilda gohida hidoyat nurlari chaqindek yorishishi, gohida mashaqqat va mehnat kechasidek zulmatiston bo‘lishi tabiiy, deydi Navoiy. Shoir yettinchi baytda dunyotalablarni ilon qo‘riqlab turgan xazinani ko‘rmasdan, ilon ovi bilan vaqtichog‘ bo‘lgan kimsaga o‘xshatadi. Bu o‘xshatish Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviy masnaviy”sidagi bir hikoyatni esga soladi. Aytilishicha, bir ilon ovchisi qish payti sovuqda mudrab, qattiq uyquga ketgan bir ajdarhoni tog‘dan tutib, Bag‘dodga olib keladi. Odamlar arqondagi bahaybat ajdarhoni ko‘rib, ovchining jasoratiga ofarinlar aytishadi. Bu ajdarho tomoshasiga turli tomonlardan odamlar kela boshlaydi. Tush yaqinlashib, quyosh taftidan ajdarho uyg‘onadi va ovchini ham, tomoshatalab odamlarni ham yutib yuboradi... Qo‘lga kiritilgan mol-dunyo ham o‘z mohiyatiga ko‘ra, Rumiy tavsiflagan ajdarhoga o‘xshaydi. Bir kunmas-bir kun bu ajdarho, albatta, junbushga kelib, ovchini ham, bunga rag‘bat bildirgan odamlarni ham o‘z komiga tortishi muqarrar... Shu sababli, faqr yo‘lini ixtiyor etgan odamlargina ruhiy poklanish orqali aslida ajdarhodek bo‘lgan dunyoni ko‘zlariga yasangan kelinchakdek jilvalantiradigan nafsi ammora ofatidan omon qolishadi.

Keyingi baytda Navoiy mumtoz adabiyotdagi an’anaviy timsollar — gul va bulbul tazodiga murojaat qiladi. Bulbulning gulga maftunligi adabiyotda ko‘proq nafsoniy muhabbatdan ustun bo‘lgan ruhiyat oshiqligining ifodasi sifatida xizmat qiladi. “Ajoyib ul-maxluqot” kitobida keltirilishicha, bulbul g‘unchaning ochilishiga mushtoq bo‘lib, tonggacha sayrab, tongga yaqin — gulning ochilish paytida uxlab qolarkan. Ko‘z ochganida ochilgan gulni ko‘rib, bu sirning mohiyatiga yetmagan bulbulning iztirobi yanada osharkan. Umuman, shoir ruhiyatidagi evrilishini gulga oshiq bo‘lgan bulbulga o‘xshatadi va shu tariqa, eng murakkab ruhiy kechinmani shoirona ta’bir bilan ifoda etishga erishadi.



Muallif: “Xalq so‘zi” gazetasi
Marta o`qilgan: 8889