×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
13:12:26 (GMT +5), dushanba, 25 Маy 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


6 - fevral 2016

Alisher Navoiy: Ma’no va hayrat

She’riyat – muattar iforni his etish, undan zavqlanish, shavq o‘tida parvonadek kuyish, shamdek erish, go‘zallikning zuhurlanishini qalb ko‘zi bilan idrok etishdir.

Shu ma’noda Navoiy ijodi o‘z zamonasidan hozirgi kungacha olimu fozillar, nuktadonlar tomonidan tahlil etib kelinmoqda.

Shoir asarlari tadqiqi bilan shug‘ullangan navoiyshunoslarning ilmiy izlanishlari, risolalari, darsliklari, badiiy asarlari behisob. Ularning maqsad-vazifasi esa Navoiy tafakkuri hosilasi bo‘lmish tilsimotni kashf etishdir.

Alisher Navoiyning har bir asari ul zotning tafakkur xazinasi naqadar ulkan va serma’no ekanligi, ijodiy serqirraligini ko‘z-ko‘z etib turadi. Masalan, ul zotning “Hayrat ul-abror” dostoni – hayrat ichra yo‘g‘rilgan ummon, uning har bir bayti – bir asar. Dostonning hukmi – bepoyon, javohirlar maskani. Jumladan, dostonning XIV-bobida: “So‘z ta’rifidakim, bashar vujudi sipehrining kavkabi jahontobi va inson zoti ma’danining javhari serobi durur...” deb, bob debochasida nazm uslubiga tortilgan mavzuning maqsad va matlabiga e’tibor qaratilgan. Mazkur bobda so‘z qiymati, darajasi tengsiz, insonga berilgan ne’matlar ichida eng noyobi va sharaflisi, deb ta’riflanadi. Darhaqiqat, so‘z – lisoni g‘ayb. Shuning uchun Alisher Navoiy barcha nazmiy, nasriy asarlarida so‘z ta’rifi va uning ilohiy mo‘jiza ekanligini bot-bot qalamga olgan. Xususan, shoirning quyidagi baytidan ham buni anglash mumkin:

So‘z guharig‘a erur oncha sharaf,

Kim bo‘la olmas anga gavhar sadaf.

To‘rt sadaf gavharining durji ul,

Yetti falak axtarining burji ul.

Bog‘chai dahrki yuz toza gul –

Topti qayonkim nazar etti ko‘ngul.

Katmi adam gulshani ichra nuhuft,

G‘unchalar erdi borisi noshukuft.

Chun bu nasm esti azal tog‘idin,

Muncha gul ochildi jahon bog‘idin.

Qaysi nasim ulki gulfishon,

Bargi gulu nastaran andin nishon.

Bu ikki yafrog‘ni qachon zufunun,

Bir-biriga qo‘ysa, bo‘lur «kofu nun».

Dahr muqayyad bila ozodasi,

Barcha erur «kof» ila «nun» zodasi.

Ushbu she’riy parchani shartli tarzda quyidagicha talqin qilish mumkin. So‘z gavhariga sharaf bo‘lsinkim, uning ta’rifida sadaf, gavhar ham kamlik qiladi. Chunki so‘z – to‘rt sadaf (unsur): tuproq, suv, o‘t (olov), havoning zarqutisi, sandig‘i; yetti falak yulduzi: Quyosh, Oy, Atorud, Zuhra, Mirrix, Mushtariy, Zuhal sayyoralarining burji (ya’ni yulduzlar qancha ulkan va yorqin bo‘lmasin, ular faqat so‘z bilan nomlanadi, ta’riflanadi). Bog‘chai dahr – jahon bog‘ining yuz toza guli bor, unga qachon nazar solsang, ko‘ngling shuncha zavqqa to‘ladi. Lekin u (so‘z) mavjudligida bu toza gullar (borliq) katmi adam – yo‘qlik olamida edi. Shunda azal tog‘i (Odam va Momo Havo uchrashgan toqqa ishora)dan ajib bir nasim – shamol esdiki, jahon bog‘ida shunchalik ko‘p gul ochildi va olam gulistonga aylandi, bezaldi. Bu qanday nasimki, uning qudrati bunchalik ulug‘ bo‘lmasa (bu o‘rinda gul so‘zining bosh harfi «kof», nastaran so‘zining bosh harfi «nun»ga ishora qilingan). Hunar – ilm sohibi, ya’ni Yaratgan «kof» va «nun» (arabcha «Kun!») – «Bo‘l!» deyishi bilan borliq vujudga keldi.

Navoiy she’riyati poetik qurilishi jihatidan butun bir qolipga bo‘ysundirilgan so‘zlar silsilasidan tashkil topgan va badiiy stilistik jihatdan nutqiy mutanosibligi, ohangdorligi, jozibadorligi, nozikligi, fikriy uyg‘unligi, ma’noviy butunligi, shuningdek, sir-jumboqligi bilan o‘quvchini hayratlar olamiga boshlaydi. Bu kashfu karomat, hayrat shoir ma’naviy olamining nechog‘li yuksak ekanligidan dalolat beradi.

Subhi azal qildi chu dehqoni sun’, Odami xokiyni gulistoni sun’.

(«Hayrat ul-abror», XVII-bob).

Baytda qo‘llangan so‘zlarning poetik ma’no xususiyati bir-biriga mukammal uzviy bog‘langan, yaxlit umumiy ma’no qobig‘iga ega. Subh so‘zi tong, har bir voqelikning boshlanishi, ibtidosini bildirsa, subhi azal azaliy tong, azal tongi, azaliy ibtido kabi ma’nolarni anglatadi. Dehqon – ekin ekib o‘stiruvchi, parvarish etuvchi; ijodkor; ko‘chma ma’noda Yaratuvchiga ishora. Sun’ – ijod qilish, yaratish, yaratqi. Odami xokiy – tuproqdan paydo bo‘lgan, yaratilgan; insonning yaratilish mabda’i (manbai)ga ishora. Gulistoni sun’ – inson yashaydigan manzil, joy, makon, Yer sayyorasiga ishora.

Demak, yuqoridagi baytdan Alloh azal tongidan, azal subhidan o‘z nafasi orqali odami xokiy – Yer mulkini yaratdi hamda odamga ruh ato qilib, Yerni inson bilan gulistonga aylantirdi, degan ma’no anglashiladi.

Har bir o‘quvchi shoir ma’naviy dunyosini tafakkuri doirasi va tushunish darajasiga muvofiq o‘ziga berilgan quvvai hofiza miqdoricha tushunadi, his etadi hamda tahlil qiladi. Shu bois Alisher Navoiy she’riyatining daqiq nuqtalari asrlar osha qalbimizni zavqqa, ruhimizni shuurga, tafakkurimizni nurga to‘ldirib kelmoqda.



Muallif: “Xalq so‘zi” gazetasi
Marta o`qilgan: 9478