×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
13:14:36 (GMT +5), dushanba, 25 Маy 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


4 - fevral 2016

Alisher Navoiy: «Muncha g‘aroyibki, misol aylading...»

Alisher Navoiy ijodidagi muhim va asosiy g‘oyalardan biri — insonni ulug‘lashdir. Shoir o‘z ijodida insonni koinot gultoji, olamning maqsudi, qalbida ma’rifatni jo etgan kamolot sohibi sifatida tasvirlaydi.

“Hayrat ul-abror” dostonining muqaddimasida u shunday deydi:

Muncha g‘aroyibki, misol aylading,

Borchani mir’oti jamol aylading.

Ganjing aro naqd farovon edi,

Lek boridin g‘araz inson edi.

Ya’ni, barcha g‘aroyibotlarni yaratding, ularni jamolingga ko‘zgu qilding, xazinangda boyliklar ko‘p edi, lekin bulardan maqsad bir — inson edi.

Yana shu dostonda Navoiy “biz odam zotini sharafli qilib yaratdik”, mazmunidagi qudsiy hadisga murojaat qilib, iqtibos san’atidan foydalangan holda insonni barchadan ulug‘ va sharafli, deya ulug‘laydi:

Koniyu hayvoni, agar xud nabot,

Har biri bir gavhari oliy sifot.

Borchasini garchi latif aylading,

Borchadin insonni sharif aylading.

Kondagi ma’danlar yoki o‘simliklar hammasi ham oliy sifatli gavharlardir. Barchasini, garchi, latofatli qilib yaratding, lekin ulardan ham ko‘ra insonni aziz qilding.

Navoiy olamning yaralishidan maqsad inson bo‘lsa, insonni yaratishdan maqsad uning kamoloti, ya’ni qalbida ma’rifatni asragan komil insondir, deb hisoblaydi. Bunda ulug‘ shoir olamni chamanga, insonni undagi gulga qiyoslab, tashbeh va tanosub san’atlariga murojaat qiladi hamda go‘zal she’riy durdonalar yaratadi:

Bu chaman o‘lmog‘ida mavjud anga,

Bor edi inson guli maqsud anga.

Bu chaman (olam)ning mavjud bo‘lmog‘idan maqsad inson guli edi.

Zumrai inson aro ham komile,

Keldi mashaqqat yukining homili.

Inson zoti orasida ham komil insonga mashaqqat yukini ortish (mas’uliyati) yuklatildi.

Bu yuk, bu mas’uliyat ayni paytda ham sharaf, ham og‘irlikdir. Bunga hazratning bunyodkorlikka asoslangan yo‘li misol bo‘la oladi.

Navoiy komil inson, ya’ni koinot gulshanining gultoji bo‘lish uchun har bir kishida imkoniyat bor, deb baholab, buning sharti axloqni poklab, kamolotga tomon qadam tashlashdir, deb hisoblaydi:

Ulki bu axloq ila aylab xirom,

Yetsa jafo aylamagay intiqom.

Balki kuduratni safo aylagay,

Necha jafo yetsa, vafo aylagay.

Oni bashar xaylining insoni bil,

Odamiylar odamiysi oni bil.

Qaysi odam (o‘z hayot yo‘lida) axloq bilan qadam tashlab, o‘ziga boshqalardan jafo yetsa ham, qasos olishni o‘ylamasa, balki qancha jafoga shuncha vafo bilan javob qaytarsa, bashariyat ahli orasida uni inson, deb ata, (nafaqat inson, balki) odamiylarning ham odamiysi, deb bilgin.

Navoiy o‘z asarlarida barcha o‘quvchilarni, xalqini mana shunday go‘zal axloq bilan bezanib, kamolot yo‘lida olg‘a qadam tashlashini xohlaydi. Bu istakning targ‘iboti Navoiyning barcha asarlari va, birinchi navbatda, “Xamsa”ning ilk dostoni, barcha yaxshi xulqlarning yig‘indisi — “Hayrat ul-abror”da mujassamdir.



Muallif: “Xalq so‘zi” gazetasi
Marta o`qilgan: 9667