×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
20:11:48 (GMT +5), payshanba, 5 - dekabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi Xorijdagi saylovchilarning elektron ro'yxati O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


21 - noyabr 2015

Ezgu saboqlar bejiz ketmagay

Xalqimizda “Tongda tursang, rizqing butun bo‘ladi” degan naql bor. Bu naqlni asosan yoshi ulug‘larimiz ko‘p ishlatadi. Zero, keksasi bor xonadonda hamisha yurtga tinchlik-omonlik, farzandlarga baxt tilab duo qilinadi. Buning zamirida olam-olam mazmun mujassam.

Mamlakatimizda qadriyatlarni ulug‘lash, keksalarga hurmat-e’tibor ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yurtdoshlarimizda shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlamoqda. Bu ne’matlarning barchasi yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, farovonlik samarasidir.

Dunyoning ko‘plab davlatlarida yoshlar va keksa avlod o‘rtasida bir-birini tushunmaslik avj olayotgan bugungi kunda xalqimizning yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash, ularning pandu nasihatlariga amal qilishdek qadriyatlarida nechog‘li hikmat ko‘pligini teran anglamoqdamiz.

Mamlakatimiz aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadi. Bu qatlam shakllanish jarayonida bo‘lgani bois katta yoshlilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘linadi. Shu bilan birga, ta’lim-tarbiyaga qaratilayotgan alohida e’tiborning ahamiyati beqiyos.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan “O‘zbekiston yoshlari: hayotdagi o‘rni, odob-axloqi, ijtimoiy yo‘nalganligi” mavzusida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, aksariyat yoshlar “Xalqning kuchi – millatning birligi va uyushganligida”, deb hisoblaydi.

Yurtimizda keksalarning boy hayotiy tajribasi asosida oila, mahalla, ta’lim maskanlarida ta’lim-tarbiya ishlari olib borilayotir. Bu avlodlarning o‘zaro hurmati va bir-birini anglashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Alisher Navoiy tarbiya usuli sifatida namuna ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratib, yoshlarga ota-ona va yoshi ulug‘lar o‘rnak ekani, ibrat olishi uchun toza fe’l-atvorli bo‘lish zarurligini yozadi:

Farzand ato qullug‘in chu odat qilg‘ay,
Ul odat ila kasbi saodat qilg‘ay,
Har kimki atog‘a ko‘p rivoyat qilg‘ay,
O‘g‘lidan anga bu ish siroyat qilg‘ay.

Ota-ona oldidagi mas’uliyatning naqadar muhimligi shundaki, ular bolaning har bir harakatini kuzatib boradi. Bolalar har qanday janjalni, noo‘rin so‘zni uzoq vaqt eslab yuradi, o‘rni kelganda amalda qo‘llashga harakat qiladi. Shu bois ota-onalar “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan naqlga alohida e’tibor qaratadi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish kabi azaliy udumlarimiz yangicha mazmun kasb etdi. Vatan va yurt ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan, bugun keksalik gashtini surayotgan otaxon va onaxonlarimiz uchun ko‘plab imtiyozlar yaratildi. Keksalarni e’zozlash yilida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi.

“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa vazirliklari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda ko‘plab uchrashuvlar, davra suhbatlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xayriya aksiyalari o‘tkazildi.

Bu jarayonda davlatimiz rahbarining 2007-yil 19-martdagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 2011-yil 30-maydagi “2011-2015-yillarda yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va boshqa qator hujjatlarda belgilangan aholini ijtimoiy himoya qilishga oid chora-tadbirlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Faxriylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostidagi xayriya aksiyalari yoshi ulug‘larga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yaqqol namunasi bo‘ldi. Ushbu loyiha doirasida “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va bir qator tashkilotlar, homiylar bilan hamkorlikda keksalarga dori-darmonlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, tibbiy va maishiy texnikalar yetkazib berildi.

1941-1945-yillardagi urush qatnashchilarini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan televizorlar, mobil telefonlar bilan bepul ta’minlash ishlari davom ettirilmoqda.

– Joriy yilning o‘tgan davrida ikki mingdan ziyod urush va mehnat fronti faxriysi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, yolg‘iz keksaning uy-joylari ta’mirlanib, turmush sharoitlari yaxshilandi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi bosh mutaxassisi Hulkar Fayzullayeva. – To‘rt mingdan ziyod ko‘ngilochar tadbir, ikki mingga yaqin film va spektakllar namoyishi, konsert dasturlari tashkil etilgani keksalar umriga umr qo‘shmoqda. Farg‘ona viloyati va Bo‘stonliq tumanidagi keksalar va jismoniy imkoniyati cheklanganlar, urush va mehnat faxriylarining “Oltiariq”, “Tovoqsoy” sanatoriyalari, Andijon shahri va Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanidagi “Saxovat” internat uylariga dori-darmonlar, nogironlar aravachalari taqdim etildi. Bu ularning sog‘lom hayot kechirishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimizning 2014-yil 13-oktabrdagi “1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lami kengayishida dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur farmonga muvofiq Farg‘ona viloyatidagi “Temiryo‘lchi”, “Chimyon”, “Nurafshon”, “Zilol” sihatgohlarida ham keksalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Jizzax viloyatidagi “Marjon suv” va “Jizzax” sanatoriyalarida faxriylar mazmunli dam oldi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari hamkorligida olti mingdan ziyod o‘quvchi-yoshdan tashkil topgan “Madad”, “G‘amxo‘rlik” va “Ko‘mak” patronaj guruhlari yakka-yolg‘iz keksalarning uy-ro‘zg‘or yumushlariga ko‘maklashib kelmoqda. Shu bilan birga, navqiron avlod yoshi ulug‘larning hayotiy saboqlari, pandu nasihatlari, o‘gitlaridan bahramand bo‘layotir.

Keksalarning mazmunli dam olishini ta’minlash maqsadida ularning qadimiy shaharlarimizga sayohatlari muntazam tashkil etilayotir. Bu kabi tadbirlar davomida faxriylarimiz bugungi dorilomon kunlarga, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga shukrona bildirmoqdalar.

«Nuroniy» jamg‘armasi markaziy kengashi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “Keksalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik – ijtimoiy qo‘llab-quvatlashning asosiy jihati” loyihasida ishtirok etib, 200 million so‘m mablag‘ga ega bo‘ldi. Shu asosda “Keksalari bor xonadon – fayzli xonadon”, “Keksalar duosini olaylik” aksiyalarini o‘tkazish, faxriy keksalarning ibratli hayoti jamlangan kitoblar chop etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Taxiatosh” va Jizzax viloyatidagi “Marjon suv” sanatoriyalariga tibbiy jihozlar hamda Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridagi “Saxovat” uylariga mebel va tibbiy anjomlar olib berish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar otaxonu onaxonlar uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning e’tibor va g‘amxo‘rlik og‘ushida umrguzaronlik qilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

...Poytaxtimizdagi madaniyat va istirohat bog‘ida yuzida mamnunlik aks etgan, xotirjam hordiq chiqarayotgan nuroniyga 5-6 yoshli bolakay qo‘lidagi shirinligini ilindi va “Duo qiling”, dedi.

– Tarbiya bergan ota-onangga ming rahmat! Elu yurt koriga yaraydigan mard va jasur o‘g‘lon bo‘lgin, – dedi ko‘zlarida sevinch yoshlari qalqigan otaxon.



Muallif: O`zA
Marta o`qilgan: 13508