×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
02:15:25 (GMT +5), seshanba, 17 - sentabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


7 - yanvar 2015

Taraqqiyotning dadil odimlari

O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgan dastlabki kunlardan boshlab inson va uning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ezgu islohotlar hayotga izchil tatbiq etib kelinmoqda.

Aholi turmush darajasi va farovonligini oshirishda har yilga olijanob maqsadga yo‘naltirilgan nom berilib, Davlat dasturlari qabul qilinayotgani va amalga oshirilayotgani, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2015-yil mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili deb e’lon qilingani ana shu xayrli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

“Har qanday jamiyatning yoshi ulug‘ odamlarga bo‘lgan e’tibori va g‘amxo‘rligi uning madaniy darajasini belgilaydi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz, — deya ta’kidladi davlatimiz rahbari Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 22 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida. — Soddagina, o‘zbekona qilib aytganda, keksalarga hurmat-ehtirom, mehr-oqibat ko‘rsatish ma’naviy hayotimizning tom ma’noda ajralmas qismiga aylangan”.

Piru badavlat keksalarimizni qadrlash, ularni e’zozlash xalqimizga xos fazilatdir. Oila muhitida shakllanadigan ota-onaga hurmat, ularning oldida bir umr qarzdorlik burchi odamiylikning yorqin ifodasidir. Shunday ekan, ko‘pni ko‘rgan, Vatanimiz ravnaqi, shahar va qishloqlarimiz obodligi yo‘lida beqiyos hissa qo‘shgan mo‘’tabar otaxon va onaxonlarimizga har tomonlama ehtirom ko‘rsatsak, ular oldidagi farzandlik burchimizni sadoqat bilan ado etib, boshimizga ko‘tarsak arziydi. Ushbu yo‘nalishda yurtimizda ko‘p va xo‘p savobli ishlar qilinmoqda.

Hozirgi davrda aholining turmush darajasi, ayniqsa, hayot sifati odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi bilan ham ifodalanadi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Insonni rivojlantirish konsepsiyasida qayd etilgan eng muhim mezonlardan biridir. Mustaqillik yillarida xalqimizning o‘rtacha umr ko‘rishi 1990-yildagi 67 yoshdan 73,5 yoshga, ayollar o‘rtasida esa 75,8 yoshga yetdi. Bugungi kunda respublikamizda 60 yoshdan oshgan qariyb 2,9 million kishi istiqomat qiladi. Ular orasida 3 ming 109 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 69 ming 994 nafar front ortida mehnat qilgan insonlar borligini alohida ta’kidlash lozim.

O‘zbekiston uzoq umr ko‘ruvchilar mamlakatiga aylanayotganligini mamnuniyat bilan qayd etsa bo‘ladi. Buni yurtimizda yashayotgan tabarruk otaxon va onaxonlarimizning 225 ming nafari 80 yoshdan, 44 ming nafari 90 yoshdan, 8700 nafari esa 100 yoshdan oshganligi ham isbotlab turibdi.

Respublikamizda fahriylarning “Nuroniy” jamg‘armasi tashkil etilgan. Ushbu jamoat tashkiloti tomonidan keksa avlod vakillariga keyingi ikki yil davomida 1 milliard 163 million so‘m, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan esa 2013-yilda 3 milliard 211 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Bevosita katta yoshdagilarga mo‘ljallangan sanatoriylar, dam olish uylari ham faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti shakllantirilib, rivojlantirib borilayapti. Jahon miqyosida global moliyaviy inqiroz davom etayotgan bir sharoitda ham mamlakatimizda davlat budjeti xarajatlarining 60 foizi ijtimoiy sohaga ajratilayotganligi butun dunyoda tan olingan “o‘zbek modeli” asosiy xususiyatining amaliy ifodasidir.

Aslida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan xarajatlar — kelajakka sarmoya hisoblanadi. O‘zbekistonda ta’lim sohasiga ko‘pgina rivojlangan davlatlardagidan ham ancha ko‘p — yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizi sarflanmoqda. Kadrlar tayyorlash milliy dasturining izchil amalga oshirilishi, 12 yillik majburiy ta’limning joriy etilishi, oliy o‘quv yurtlarida, shu jumladan, jahonning eng nufuzli universitetlari filiallarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoni takomillashtirib borilishi yurtimizda ijobiy ma’nodagi “portlash effekti”ni bermoqda. Buni mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb 5 barobar ortgani isbotlab turibdi. Mana shunday ijobiy holatni, shuningdek, milliy iqtisodimizning barqaror yuqori sur’atlarda — keyingi o‘n yil davomida muttasil 8 foizdan ziyodga o‘sishi ta’minlanishi bilan bir qatorda uning sifat ko‘rsatkichlari ortayotganligida ham ko‘rishimiz mumkin.

Sanoat ishlab chiqarishining umumiy tarkibida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlar — telekommunikatsiya uskunalari, kompyuter texnikasi va mobil telefonlar, keng turdagi maishiy elektronika va boshqa turdagi mahsulotlarning hajmi 78 foizga yetdi. Mamlakat industriyasi o‘z ichki bozorini import o‘rnini bosadigan sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish asnosida, bugungi kunda xorijga, shu jumladan, sanoati rivojlangan davlatlarga “Cobalt” va “Gentra” rusumidagi yengil, shuningdek, yuk avtomobillari, avtobuslar, dvigatellar, mis asosli qotishmalar, polietilen, kalava ip, trikotaj polotno va boshqa xaridorgir tovarlarni eksport qilmoqda. Davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz bois ko‘pgina davlatlarda iste’mol talabi pasayib borayotgan bir sharoitda 2014-yilning o‘zida respublikamizdagi 322 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etilib, ular ilk bor o‘z mahsulotlarini 51 davlatga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi.

Istiqlol yillarida yurtimiz aholisi bir yarim barobar ko‘paydi. Aholi jon boshiga o‘rtacha daromad esa 8,7 marotaba oshdi. O‘z Vatani, oilasi manfaati yo‘lida fidokorona mehnat qilgan faxriylarimizning ham qarilik gashtini surishlari uchun moddiy shart-sharoitlar yaratilgan.

Mustaqilligimizning ilk yillari — mustabid tuzumdan bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tilayotgan, mablag‘ yetishmayotgan, ishlab chiqarish hajmlari, fuqarolarning daromadi kamayib borayotgan murakkab davrda Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini hamda pensionerlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yildi. 1993-yilda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonun fuqarolarning qariganda ijtimoiy ta’minlanishga oid konstitutsiyaviy huquqlari ro‘yobga chiqarilishining kafolatlarini yaratdi.

Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar hisobga olinib, 2004-yilda “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda ikkita: asosiy — birdamlik prinsipiga asoslangan davlat hamda 2005-yil 1-yanvaridan e’tiboran joriy etilgan majburiy, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi amal qilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallarining to‘lanishi natijasida ishlayotgan fuqarolar uchun ish haqidan (daromadidan) biror yo‘qotish bo‘lmaydi. Har oylik pensiya majburiy badallari ushbu xodimning daromadiga Qonunda belgilangan tartibda hisoblangan jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan chegirib qolinadi. Fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida to‘plangan mablag‘lar uchun hisoblangan foizlar hamda bu mablag‘lar hisobiga berilgan pensiyalar soliq to‘lashdan ozod qilinadi. Shu bilan birga, jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankidagi fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga ixtiyoriy ravishda yo‘naltirilgan summalariga soliq solinmaydi.

2014-yilning o‘zida davlat budjeti hisobidan keksa yoshdagi fuqarolarga 11 trillion 618 milliard so‘mdan ortiq pensiya, 105 milliard so‘mdan ziyod nafaqalar to‘landi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining 2014-yil 13-oktyabrda qabul qilingan Farmoniga asosan, urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida ularning yilda bir marta o‘zlari uchun maqbul muddatlarda sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida davlat hisobidan davolanishlariga imkoniyat yaratildi.

Matonati, irodasi va fidoyiligi bilan Vatanimizni ravnaq toptirishga beqiyos hissa qo‘shgan, bugungi kunda ham tariximizning o‘chmas sahifalarini, ajdodlarimizning buyuk merosini, qadriyat va urf-odatlarimizni yoshlarimizga yetkazish, ularni tarbiyalashda ibrat bo‘layotgan keksa avlod vakillariga ehtirom ko‘rsatish, ularning sihat-salomatliklari, turmushlari farovonligini ta’minlash, umrlarini uzaytirish uchun barcha shart-sharoitni yaratish — hammamizning burchimizdir.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Marta o`qilgan: 18029