×

Saytda ovoz jo‘rligidan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma

Hurmatli foydalanuvchilar! Saytda ovoz jo‘rligidan foydalanish imkoniyati mavjud. Ushbu funksiyadan foydalanish uchun ovozli rejimga o‘tish zarur, keyin kerakli matnni belgilab, hosil bo‘lgan belgini bosish lozim.
* Saytdagi ovoz jo‘rligi funksiyasi Windows Vista va undan oldingi versiyadagi operatsion tizimlarda ishlamaydi.

×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
23:33:16 (GMT +5), shanba, 11 - iyul 2020
Ovoz berishni o‘chirish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


3 - dekabr 2014

Taraqqiyotimizning mustahkam huquqiy asosi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 22 yildirki, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Buni sud-huquq sohasi islohotlari misolida ham ko‘rish mumkin.

Asosiy Qonunimizning 106-moddasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat, siyosiy partiya hamda boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda faoliyat yuritishi belgilangan bo‘lib, bu amaliyotda odil sudlovni xolis va yuqori saviyada amalga oshirish imkonini bermoqda.

Uning 112-moddasida “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deya belgilab qo‘yilgani ham odil sudlovning faqat qonunga tayangan holda olib borilishini ta’minlashga qaratilgandir.

Shuningdek, unda har bir shaxsning o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan bo‘lib, ushbu norma sud ishlarini yuritishning protsessual tartibini soddalashtirish, jinoiy jazolarni liberallashtirish, odil sudlov himoyasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, milliy qonunchilikni xalqaro normalarga moslashtirishni taqozo etardi. Shu bois istiqlolning dastlabki yillaridanoq sohaning qonunchiligini yaratishga jiddiy kirishildi. Shu maqsadda 1993-yilda “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Mazkur Qonun odil sudlovni amalga oshirishda huquqiy asos bo‘lish bilan birga, sud mustaqilligini ta’minlashga ham zamin hozirladi. Unga 2000-yilda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar xususida ham shu fikrni aytish mumkin. Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, umumiy yurisdiksiya sudlari ixtisoslashtirildi, ya’ni xo‘jalik, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tashkil etildi. Bu esa sudlarning jinoyat va fuqarolik ishlarini malakali asosda ko‘rib chiqish, inson huquq va erkinliklarini to‘liq himoya qilish borasidagi faoliyati yanada samarali bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

Asosiy Qonunimizda belgilab berilgan tamoyillar negizida jinoyat-protsessual qonunchiligiga kiritilgan apellyatsiya instituti ham jamiyat hayotida katta voqea bo‘lishi barobarida, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda muhim omilga aylangan. Bugun fuqarolarimiz birinchi instansiya sudi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, huquq va manfaatini apellyatsiya hamda kassatsiya instansiyasida o‘z advokati ishtirokida himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu tariqa fuqarolarning birinchi instansiya sudi qaroriga nisbatan shikoyatlarini yashirin, yopiq tarzda ko‘rib chiqish tartibi batamom tugatildi. Joriy etilgan ushbu yangiliklar birinchi instansiya sudlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarni o‘z vaqtida tuzatish va sud faoliyatida sansalorlikka yo‘l qo‘yilmasligining kafolatiga aylandi. Buni raqamlar ham tasdiqlaydi. Agar 2000-yilda sud xatolarining deyarli yarmi nazorat tartibida tuzatilgan bo‘lsa, 2014-yil 9 oyi yakunlariga ko‘ra, bunday holatlarning 89 foizdan ortig‘i apellyatsiya va kassatsiya tartibida bartaraf qilindi.

Konstitutsiyamiz asosida “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunning qabul qilinishi ham sud-huquq islohotlarida muhim ahamiyat kasb etdi. Zero, mazkur Qonun bilan jinoyatlar tasnifi tubdan o‘zgardi. Ayollar va yoshi 60 dan oshgan erkaklarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo turining eng ko‘p muddati muayyan jinoyat uchun qonunda nazarda tutilgan eng ko‘p muddatning to‘rtdan uch qismidan ortiq bo‘lmasligi belgilandi. Qolaversa, jinoyat qonunchiligidan mol-mulkni musodara qilish tartibi chiqarildi. Bu jinoyat qonunchiligini liberallashtirishning muhim ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, mazkur yangilik xususiy mulk daxlsizligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qoidaga to‘liq mos kelishi bilan ham nihoyatda ahamiyatlidir.

Shu va boshqa konstitutsiyaviy qoidalardan ham ko‘rish mumkinki, Asosiy Qonunimizda insonparvarlik tamoyili yetakchilik qiladi. Ana shu tamoyil negizida qabul qilinayotgan qonun hujjatlari hamda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatida insonparvarlik ustuvor ekanligi ham buning yaqqol dalilidir. Xususan, 2008-yilning yanvaridan yurtimizda o‘lim jazosi bekor qilinishini nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham nihoyatda katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega voqea sifatida qarshiladi. Uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etildi. Ayni chog‘da qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilib, fuqarolar huquq va erkinliklarining sud qarorisiz cheklab qo‘yilmasligini ta’minlovchi huquqiy mexanizm yaratildi. Ushbu mexanizm fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini har jihatdan ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Konstitutsiyamizdagi insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqqan holda, sud amaliyotiga yarashuv instituti joriy etilishi mamlakatimiz sud-huquq tizimidagi islohotlar izchillik bilan amalga oshirilayotganidan dalolatdir. Bu yangilik milliy urf-odat va umuminsoniy qadriyatlarga mosligi bilan e’tiborga molik. Unga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoiy qilmishni sodir qilgan shaxs jabrlanuvchiga yetkazgan zararni qoplagan taqdirda, jinoiy javobgarlikka tortilmaydigan bo‘ldi. E’tiborlisi, mazkur institut qo‘llanila boshlagandan buyon 159 ming nafardan ziyod kishi jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Prezidentimiz tomonidan taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tizim islohotlarida yangi davrni boshlab berdi. Zero, mazkur Konsepsiya asosida ishlab chiqilgan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bu borada muhim ahamiyatga ega. Negaki, sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan shu hujjat bilan “Prokuratura to‘g‘risida”, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunlar va O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Xo‘jalik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bular, o‘z navbatida, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirish, jinoyat protsessida “Xabeas korpus” instituti qo‘llanish amaliyotini bugungi kun talablariga mos darajada kengaytirdi.

Davlatimiz rahbarining 2012-yil 2-avgustdagi “Sud tizimi xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni sohada ro‘yobga chiqarilayotgan islohotlarni yana bir pog‘ona ko‘tardi. Unda sudyalikka birinchi marta tayinlangan (saylangan) shaxslarning Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudida tayyorgarlik va stajirovka o‘tashi hamda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirgi paytda shu yo‘nalishlarda ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Eng muhimi, bunday sa’y-harakatlar o‘zining kutilgan natijalarini bermoqda.

Shu o‘rinda o‘tgan yillar davomida zamon talablaridan kelib chiqib, Asosiy Qonunimizga bir necha marta o‘zgartishlar kiritilganligini hamda bugungi kunda bu o‘zini to‘la oqlab kelayotganligini mamnuniyat bilan aytish zarur. Bunday yangiliklar sirasiga professional, doimiy asosda ishlovchi parlamentga bo‘lgan ehtiyoj, qonunlar sifatini oshirish, hokimiyat bo‘linish prinsipini rivojlantirish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan vakillik hokimiyati nazoratini kuchaytirish, hukumat mas’uliyatini oshirish maqsadida parlament, Prezident, hukumat faoliyatiga hamda saylov tizimiga taalluqli o‘zgartishlarni kiritish mumkin.

Mazkur o‘zgartishlarning barchasi dolzarb bo‘lib, ularning ayrimlari xususida to‘xtalmoqchimiz. Ma’lumki, yurtimiz mustaqillikka erishgach, uning oldida murakkab vazifalar paydo bo‘ldi. Shulardan biri hokimiyatni samarali tashkil etish, buning uchun hokimiyat organlari tizimini vujudga keltirish, jamiyat va davlat faoliyatiga taalluqli masalalarni tartibga soluvchi qonunchilik tizimini yaratishni hayotning o‘zi kun tartibiga qo‘ydi. Buni amalga oshirish uchun mamlakatimizda dastlab bir palatali parlament tashkil etildi. Unda deputatlar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda faoliyat olib borishdi. Ular ushbu davrda parlament maktabini o‘tadi, professional faoliyat uchun ko‘nikma hosil qilishdi. Endi esa qonunlar sifatiga ko‘proq e’tibor berish, parlamentning doimiy faoliyat yuritishi va unda doimiy vakillik mutanosib bo‘lishi zarur edi. Shundan kelib chiqib, ikki palatali parlamentni shakllantiruvchi qoidalar Konstitutsiyamizga kiritildi. Ushbu o‘zgartishlar Oliy Majlisning ikki palatali bo‘lishini, ya’ni doimiy ishlovchi va professional Qonunchilik palatasi hamda Senatda teng hududiy vakillik bo‘lishini ta’minladi.

Konsepsiya asosida Konstitutsiyamiz mazmunan yanada boyitildi. Bu o‘zgartishlar Prezident maqomiga, Vazirlar Mahkamasi, Bosh vazir vakolatlarini va mas’uliyatini kuchaytirishga, ijro hokimiyati faoliyati ustidan vakillik (qonunchilik) hokimiyatining nazorat funksiyasini kuchaytirishga qaratildi.

Konstitutsiyamizning 98-moddasiga ham jiddiy o‘zgartishlar kiritildi. Unga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.

Keyingi yillarda sud-huquq tizimidagi islohotlar izchillik bilan davom ettirilib, insonning huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishda sudlarning roli yanada oshirildi. Masalan, 2012-yilda “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning kuchga kirishi bu borada o‘ta muhim qadam bo‘ldi. Aniqroq aytganda, ushbu Qonun bilan lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini faqat sudyaning sanksiyasi asosida qo‘llash, jinoyat ishini qo‘zg‘atish huquqini sudlar vakolatidan chiqarish hamda sudda jinoyat ishi ko‘rilayotganda ayblov xulosasini o‘qib eshittirish majburiyatini prokurorga yuklash kabi muhim masalalar huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi.

Konstitutsiyaning 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilgan. Ushbu konstitutsiyaviy tamoyilning amaldagi ifodasini sudlarda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish chog‘ida xalq maslahatchilari ishtiroki to‘liq ta’minlanayotgani misolida ko‘rish mumkin. Bugungi kunda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat ishini ko‘rishda ikki nafar xalq maslahatchisi ishtirok etayotgani ishni xolis hal qilish hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli muhofaza etishga xizmat qilmoqda. Joriy yil aprel-may oylarida respublika xalq maslahatchilarining navbatdagi saylovi o‘tkazildi. Unda saylangan 15 744 nafar xalq maslahatchisi hozir sudlov jarayonlarida samarali faoliyat olib bormoqda.

Umuman, sud-huquq sohasida konstitutsiyaviy talablar asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasi o‘laroq, aholining huquq va manfaatlari to‘la ta’minlanmoqda. Zero, Asosiy Qonunimiz tub zamirida shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir insonni rozi qilish, ularning ezgu orzu-o‘ylarini ro‘yobga chiqarish hamda insonparvarlik tamoyillariga asoslangan demokratik jamiyatni barpo etish maqsadlari mujassam.

"Xalq so'zi" gazetasi



Marta o`qilgan: 17832