×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
09:54:38 (GMT +5), shanba, 24 - avgust 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


13 - noyabr 2014

Barkamol avlodni voyaga yetkazish — eng ulug‘ maqsad

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab yurtimizda sog‘lom ona — sog‘lom bola masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Shu asosda keng ko‘lamli umummilliy dasturlar doirasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, oldimizda turgan eng ezgu maqsadlarimiz — mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O’zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham — bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir.

Aytish joizki, respublikamizda bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashning mustahkam asosi yaratilgan. Jumladan, bu sohaga oid bir qancha xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilingan, o‘ndan ortiq qonun qabul qilingan. Mamlakatimizda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi talablari, O’zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunida nazarda tutilgan maqsad va vazifalar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Bu sohadagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy qilish va qonunchilikni takomillashtirish borasidagi ishlar davom ettirilayapti.

O’tgan yillar mobaynida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida yurtimizda sifat jihatdan yangi, eng yuksak talablarga javob beradigan davolash muassasalarining mukammal tizimi vujudga keldi. “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” dasturi asosida hududlarda zamonaviy tibbiyot muassasalari tarmog‘i, shu jumladan, respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya, akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, perinatal va skrining markazlari, tug‘uruqxona majmualari, hududiy ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlari tashkil etildi. Bugungi kunda ular samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda Oila yili, Sog‘lom avlod yili, Ona va bola yili, Yoshlar yili, Barkamol avlod yili, Mustahkam oila yili nomlari bilan atalgan yillarda keng qamrovli tadbirlar amalga oshirildi. Ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat siyosatining mantiqiy davomi hisoblangan 2014 yil — Sog‘lom bola yilida bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida juda katta kuch va mablag‘ sarf etilayapti. Birgina tibbiyot sohasining o‘zida hayotga tatbiq qilinayotgan loyihalar ko‘lami buni yaqqol tasdiqlaydi.

Kecha poytaxtimizda o‘z ishini boshlagan “O’zbekistonda bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilishning ustuvor yo‘nalishlari va modernizatsiyasi” mavzuidagi respublikamiz pediatrlarining VII s’ezdida ham ana shular xususida so‘z bordi. Anjuman ochilishida parlament a’zolari, vazirlik va idoralar, jamoat birlashmalari rahbarlari, yurtimiz tibbiyot muassasalari mutaxassislari bilan birga, AQSh, Germaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Avstriya, Slovakiya, Chexiya, Polsha, Hindiston kabi davlatlarning sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari, bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Tadbirda O’zbekiston Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish borasida global jarayonning faol ishtirokchisi sifatida 2000 yilda BMTning Mingyillik sammitida mamlakatlar oldiga qo‘yilgan vazifalarni izchil amalga oshirayotgani, ularni bajarishda ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetakchi ekanligi yana bir bor ta’kidlandi. Qabul qilingan deklaratsiya sakkizta ezgu maqsadni o‘z ichiga oladi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, respublikamiz 2015 yilgacha mo‘ljallangan ana shu deklaratsiya majburiyatlarining aksariyat qismini allaqachon ado etdi.

Yurtimizda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor haqida kengroq tasavvur qilish uchun ayrim raqamlarni keltirib o‘tish maqsadga muvofiq. Avvalambor, bu sohani rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan mablag‘ va investitsiyalar misolida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Agar 2012 yilda ushbu maqsad uchun respublikamiz davlat budjeti hisobidan 2,8 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2013 yili bu ko‘rsatkich 3,4 trillion so‘mga yetdi. 2014 yilda esa sog‘liqni saqlash tizimini yanada yaxshilash uchun davlat budjetidan 4,4 trillion so‘m ajratildi.

Joriy yilda Investitsiya dasturiga asosan, qariyb 407 milliard so‘mdan ziyod davlat budjeti mablag‘i hisobidan 137 ta zamonaviy tibbiyot muassasasini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, shuningdek, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida 60 o‘rinli bolalar xirurgiya bo‘limi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolash korpusi kabi o‘nlab shifoxonalar tubdan rekonstruksiya qilingani tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning miqyosi va ko‘lami naqadar keng ekanidan dalolat beradi.

Sog‘lom bola yilida sog‘liqni saqlash sohasida yana bir ezgu sa’y-harakatga qo‘l urildi. Ya’ni Toshkent shahrida zamonaviy ko‘p tarmoqli bolalar markazini (IV darajali) qurish va uni yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi o‘rtasida kredit shartnomasi imzolandi. Ushbu markazni ishga tushirish 2017 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, buning uchun jami 102,8 mln. AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, tibbiyot muassasalarini zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun joriy yilda xorijiy moliya institutlarining 28,5 mln. AQSh dollari qiymatidagi kredit va grant mablag‘lari ajratildi.

Gap sog‘lom bolani dunyoga keltirishning asosiy omillari xususida borar ekan, albatta, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari haqida alohida to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Ularning avvalgi kasalxonalardan farqi shundaki, bunday markazlarda irsiy xastaliklar bilan tug‘ilish, nogironlik hamda yuqumli kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalarga yuksak sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazida mamlakatimiz miqyosida birinchilardan bo‘lib bepushtlikni davolashning noyob usullari qo‘llanila boshlandi.

Perinatal markazlarida esa homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligini asrashga katta e’tibor qaratilib, homiladorlik davrida muayyan bir xastalik bilan og‘rigan, muddatidan avval tug‘uruq xavfi mavjud bo‘lgan onalar hamda erta tug‘ilgan chaqaloqlar parvarishlanmoqda. Ayni chog‘da bir kilogrammdan kam vaznda tug‘ilgan jajji go‘daklar butkul sog‘lomlashtirilayotgani baxtiyor oilalar safini kengaytirmoqda. Vaholonki, bundan 20 — 25 yil oldin tibbiyotimizdagi sharoitlar talab darajasida bo‘lmagani tufayli hatto 1,5 kilogramm atrofida tug‘ilgan bolalarning ham yashab ketishiga ishonchsizlik bilan qaralardi.

Joriy yilda ana shunday markazlarda homilador ayollarda skrining tekshiruvlari o‘tkazilishi tufayli 4,6 mingga yaqin nogiron bolalar tug‘ilishining oldini olishga erishildi. Qolaversa, bugun turli anomaliyali tug‘ma xastaliklar jarrohlik yo‘li bilan muvaffaqiyatli davolanmoqda.

Mazkur yo‘nalishlar ijrosiga qaratilgan ishlarning uzviy va tizimli ravishda olib borilayotgani, albatta, soha rivojida, pirovardida millat salomatligini asrashda dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Chunonchi, mamlakatimizda 2010 yilda qabul qilingan yana bir muhim hujjat — “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonun aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilishda dasturilamal bo‘lmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 22 iyuldagi “Respublikaning qishloq tumanlarida onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Qaror ijrosi doirasida qishloq joylarda yashovchi homilador ayollarni maxsus polivitaminlar, xususan, tarkibida inson hayoti uchun zarur bo‘lgan mikroelementlar kompleksi bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Ushbu maqsadga har yili Davlat budjetidan milliardlab so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

— Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotgan hozirgi sharoitda dunyoning juda ko‘p davlatlari ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘larni qisqartirishga majbur bo‘layapti, — deydi anjuman ishtirokchisi, germaniyalik mutaxassis Meynrad Biir. — O’zbekistonda esa, mana shunday murakkab bir davrda ham, aholi salomatligi va turmush farovonligini oshirishga katta e’tibor qaratilayotgani e’tirofga loyiq. Masalan, men tibbiyot sohasi mutaxassisi bo‘la turib, jahonning birorta yerida homilador ayollarga davlat tomonidan bepul polivitaminlar tarqatilishi haqida eshitmagandim. Chunki bu juda katta mablag‘ni talab qiladi. O’zbekistonda esa bu borada amalga oshirilayotgan loyihalardan hayratga tushdim. Bularning barchasi Prezident Islom Karimov boshchiligida ishlab chiqilgan “o‘zbek modeli”ning naqadar puxta va ishonchligi ekanligi, yurtingizning bugungi salohiyatidan darak beradi.

Darhaqiqat, el salomatligi yo‘lidagi tashabbuslarning qamrovi juda keng. Shuni ham aytib o‘tish joizki, Sog‘lom bola yilida bolalarni o‘n bitta xavfli kasallikka qarshi rejali emlash yanada izchillik bilan davom ettirildi. Endilikda pnevmokokk, inson papillomasi virusi kabi xavfli infeksiyalarga qarshi ikki xil yangi vaksina bilan bosqichma-bosqich emlash joriy qilinishi mo‘ljallanmoqda. Bu kelajakda yuqumli va onkologik kasalliklarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.

Bolalar orasida yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida milliy emlash kalendariga yana bir vaksina — rotavirus vaksinasi kiritildi va joriy yilda qariyb 300 ming nafar bola emlandi, emlash qamrovi 98,5 foizni tashkil etdi. Shuningdek, gepatit A va V kasalliklariga qarshi respublikada 150 ming nafardan ortiq bola emlandi.

Bunday tadbirlar natijasida poliomiyelit, chaqaloqlar qoqsholi, difteriya, qizamiq kabi kasalliklarga chalinish holatlariga butunlay barham berildi va qator yuqumli kasalliklar bilan og‘rish holatlari keskin kamaydi.

Maxsus davlat dasturi doirasida zamonaviy ona va bola skrining markazlari tarmog‘i tashkil etilgan 2000 yildan buyon mamlakatimizda irsiy va tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi 1,8 barobardan ziyod kamaydi. So‘nggi o‘n yilda vazni tibbiyotda ko‘zda tutilgan me’yordan kam bo‘lgan bolalar soni ikki barobardan ziyod (4 foizdan 1,8 foizga) qisqardi, ularning bo‘yi o‘rtacha 3 santimetr o‘sdi. Shu bilan birga, bizning mintaqamizga xos bo‘lgan jiddiy kasallik, ya’ni xotin-qizlarda kamqonlik darajasi 2,5 marta pasaydi.

Kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida o‘tgan yillar davomida yurtimizda onalar va go‘daklar o‘limi 3 barobardan ko‘proq kamaydi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 7,5 yilga uzaydi. Albatta, ushbu hayotiy misollar biz tanlagan sog‘liqni saqlash modeli qanchalik to‘g‘ri va samaradorligini yaqqol tasdiqlab turibdi.

Shu yilning 1 avgustida Prezidentimizning “2014 — 2018 yillarda O’zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi bu boradagi ishlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Ana shu hujjat asosida mamlakatimizda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida tibbiy yordam ko‘rsatayotgan muassasalarning moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyatini kuchaytirish, zamonaviy tashxis usullarini joriy etish, ayollar, bolalar va o‘smirlar kasalliklarining oldini olish bo‘yicha 5 yilga mo‘ljallangan qator dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Anjuman doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qator bo‘linmalarining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Bu yerdagi bino va inshootlar nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki zamonaviy sharoitlari bilan ham kishi e’tiborini tortadi. Markaz tarkibiga kiruvchi maslahatlashuv-diagnostika poliklinikasida chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tish imkoniyati mavjud. Neontalogiya, kichik yoshdagi bolalar patologiyasi, bolalar nevrologiyasi, pulmonologiya, kardiorevmatologiya, gastroenterologiya, gepatologiya, allergologiya va immunoprofilaktika, tug‘ma va orttirilgan lor a’zolari kasalliklari, bolalar xirurgiyasi kabi bo‘limlarda esa eng ilg‘or tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Markaz moddiy-texnik bazasining mustahkamlangani tibbiyotda noyob sanalgan operatsiyalar, murakkab tekshiruv usullarini joriy etishga sharoit tug‘dirdi.

Aytaylik, bolalar orasida tug‘ma va orttirilgan eshitish zaifligi degan kasallik bo‘lib, murg‘ak qalb egalari ushbu nuqson tufayli bu dunyoning bebaho ne’matlaridan biri — eshitish qobiliyatidan mahrum bo‘lib qoladilar. Bunday xastaliklar bugungi kunda sanoqli davlatlardagina davolanadi. Faxrlanarli tomoni, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida 2014 yildan boshlab, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida eshitish zaifligi bo‘lgan bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. — Bu juda noyob va murakkab operatsiyalardan biri bo‘lib, aslida, katta mablag‘ni talab qiladi, — deydi markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Dilorom Ahmedova. — Lekin davlatimizning bolalar salomatligiga bo‘lgan beqiyos g‘amxo‘rligi bois ana shunday xastalikka chalingan bemor o‘g‘il-qizlar bepul shifo topayapti. Masalan, ushbu maqsadlarga davlat budjetidan qariyb 7,0 mlrd. so‘m ajratilgani va joriy yilning o‘zida 112 nafar bolada koxlear implantatsiya operatsiyasi amalga oshirilgani buning yaqqol tasdig‘ir. Kelgusida ham xuddi shu loyiha asosida har yili 100 nafardan ortiq bola reabilitatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan. Bularning barchasi, albatta, Prezidentimizning oqilona siyosati, istiqlol sharofatidir.

Xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida tashkil etilgan “O’zbekistonda bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilishning ustuvor yo‘nalishlari va modernizatsiyasi” mavzuidagi anjumanning rasmiy ochilish marosimi “Turkiston” saroyida bo‘lib o‘tdi.

Tadbir qatnashchilari bu yerda mustaqillik yillarida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash hamda onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida erishilgan yutuqlarga bag‘ishlab tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdilar.

Xorijlik ishtirokchilar O’zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish, har tomonlama rivojlangan yosh avlodni tarbiyalash asosida qo‘llanilayotgan yangicha yondashuv ulkan natijalar berayotganini, bu dunyoning boshqa ko‘plab davlatlari uchun namuna bo‘lib xizmat qilishini hamda mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat yuksak samaralar berayotganidan dalolat ekanini ta’kidlashdi.

Uch kunga mo‘ljallangan anjuman doirasida, shuningdek, yetakchi olim va mutaxassislar ishtirokida satellit-konferensiyalar, mahorat darslari va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Anjuman ochilishiga bag‘ishlangan marosimda san’at ustalari hamda yosh ijrochilarning konsert dasturi namoyish qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligini asrash bo‘yicha yaratilgan tizim yutuqlari aks etgan hujjatli film namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Ikramov so‘zga chiqdi.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Marta o`qilgan: 21798