×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
10:28:03 (GMT +5), shanba, 24 - avgust 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


29 - oktabr 2014

Sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish yo‘lida

Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan Urganch shahrida 28-29-oktabr kunlari «Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad jahon hamjamiyati sa’y-harakatlarini Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilashga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirishga jalb etish, ushbu ekologik ofatning salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.

Unda BMT, ShHT, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz, Yerosti suv resurslarini baholash xalqaro markazi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, OPEK kabi 24 nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari vakillari, Avstriya, Vengriya, Germaniya, Ispaniya, Xitoy, Latviya, Malayziya, AQSh, Fransiya, Shveytsariya, Janubiy Koreya, Yaponiya singari 26 davlatdan ekologiya, iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini boshqarish sohasi olim va ekspertlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi raisi Islom Karimovning xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov o‘qib eshittirdi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun o‘z videomurojaatida dunyodagi keng ko‘lamli antropogen halokatlardan biri deb e’tirof etilgan va millionlab aholi hamda atrof-muhitga katta zarar yetkazayotgan Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik bo‘hron muammolari muhokamasiga bag‘ishlangan ushbu xalqaro konferensiyani o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.

Ishtirokchilarga Orol dengizi havzasida yuzaga kelgan murakkab vaziyat bilan bog‘liq muammolar va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi.

YuNESKO Bosh direktori Irina Bokovaning anjuman qatnashchilariga yo‘llagan tabrigini YuNESKO Bosh direktorining o‘rinbosari, Osiyo va Tinch okeani mamlakatlaridagi ilm-fan bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi direktori Xubert Gizen o‘qib eshittirdi.

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Kristian Friis Bax, BMT Taraqqiyot dasturi administratorining o‘rinbosari Oysha Jahon Sultonoglu, ESKATO ijrochi kotibi o‘rinbosari Shun-ichi Murata, Osiyo taraqqiyot bankining atrof-muhit, tabiiy resurslar va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha departamenti boshlig‘i Akmal Siddiq, Islom taraqqiyot bankining mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Hisham Ma’ruf va boshqalar Orol inqirozi o‘zining ekologik-iqlim, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar oqibatlari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga, ushbu hudud aholisining salomatligi, genofondi va kelajagiga bevosita xavf solayotganini ta’kidladi. Ekologik bo‘hron chegarasi kengayib borayotgan bir sharoitda Orol muammosini hal etishga jahon hamjamiyati e’tibori jalb etilmasa, yanada keng halokatli tus olishi mumkin.

Konferensiyada Orol dengizi qurishining asosiy sabablaridan biri sobiq ittifoq davrida tabiiy resurslardan xo‘jasizlarcha, o‘ylamasdan foydalanish oqibati ekani qayd etildi.

Orol dengizining G‘arbdan Sharqqa esadigan kuchli havo oqimi yo‘lida joylashgani va bu aerozollarning yuqori atmosfera qatlamlariga ko‘tarilishiga sabab bo‘layotgani atrof-muhit ifloslanishi oqibatlarini yanada kuchaytirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov yuksak minbarlarda mintaqa doirasidan allaqachon chiqib ulgurgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish muhimligini bir necha bor ta’kidlagan edi. Xususan, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini tashkil etish tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ushbu masalani ilk bor 1993-yil 28-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida ko‘tarib chiqqan va jahon hamjamiyati e’tiborini Orol dengizi muammosiga qaratgan edi. Bundan tashqari, Prezidentimiz 2000-yil 8-sentabr kuni BMTning Mingyillik sammitida BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi shafeligida Orol dengizi va Orolbo‘yi muammolari bo‘yicha kengashni tashkil qilish tashabbusini ilgari surdi.

Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik ahvolni yaxshilash, ekologik bo‘hron oqibatlarini yumshatishda mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhim o‘rin tutayotir. Tabiiy resurslardan foydalanishni tartibga soladigan va tabiatni muhofaza qilish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunlar qabul qilindi. O‘zbekiston ushbu sohadagi asosiy xalqaro hujjatlar, chunonchi, Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni himoya qilish va ulardan foydalanishga oid konvensiyaga qo‘shildi. Suv resurslari taqchilligi va cho‘llanish muammolarini hal etish, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, yerlarning sho‘rlanishi va yemirilishiga qarshi kurashish, aholining ichimlik suvidan foydalanishini yaxshilash, mintaqada tobora kuchayib borayotgan ekologik va iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri bilan bog‘liq kasalliklarni davolash uchun zarur infratuzilmani shakllantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Misol uchun, «Amudaryo deltasida kichik ko‘llar barpo etish» loyihasi dastlabki bosqichining amalga oshirilishi beshta suv chiqarish inshooti, qirg‘oqni himoya qiladigan 45 kilometrlik dambalar qurish, umumiy maydoni 70 ming gektar va 810 million kub metr sig‘imga ega boshqariladigan muhandislik suv havzalari bunyod etish imkonini berdi. So‘nggi 15-yilda Amudaryo deltasidagi 180 ming gektar maydonga suv chiqarildi va kichik ko‘llar barpo etildi. Istiqbolda ushbu ko‘llar umumiy suv yuzasi maydonini 230 ming gektargacha kengaytirish mo‘ljallangan.

Orol inqirozi ta’sir ko‘rsatgan hududlarda 740 ming gektar, dengizning qurigan tubida 310 ming gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo etildi. 1997-2012-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida zamonaviy ambulatoriya-poliklinika muassasalari foydalanishga topshirildi, 5,8 ming o‘ringa mo‘ljallangan tibbiyot muassasalari qurildi va rekonstruksiya qilindi, 840 qishloq vrachlik punkti faoliyat yuritmoqda. Ko‘rilgan choralar samarasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida nuqson bilan tug‘ilganlar soni 1997-yilga nisbatan 3,1 barobar, onalar o‘limi 2, chaqaloqlar o‘limi esa 2,4-marta qisqardi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2008-yili Toshkentda BMT ko‘magida o‘tkazilgan “Orol muammolari, ularning aholi genofondi, o‘simlik va hayvonot olamiga ta’siri hamda oqibatlarini yengillashtirish uchun xalqaro hamkorlik chora-tadbirlari" mavzusidagi xalqaro konferensiya Orolbo‘yidagi ekologik ahvolni yaxshilashda muhim rol o‘ynadi. Mazkur konferensiyada ishlab chiqilgan Harakat rejasi 2011-2015-yillarda Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha uchinchi dasturning asosini tashkil qildi.

– Jahon banki ushbu dasturni amalga oshirishda ishtirok etmoqda, – dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Saroj Kumar Ja. – Dastur Orol dengizi havzasida ekologiya va suv xo‘jaligi bilan bog‘liq ahvolni yaxshilash, barqaror rivojlanishga erishishga qaratilgan. Jahon banki tomonidan milliy va mintaqaviy loyihalarni hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan investitsiyalar umumiy miqdori bugun 1 milliard AQSh dollaridan oshdi. Mazkur xalqaro konferensiya hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va mintaqadagi mavjud ekologik muammolarni hal etishda barcha manfaatdor tomonlar sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Anjumanning seksiya majlislarida ekologik og‘ir hududlarda yashayotgan aholining genofondini saqlash va salomatligini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish, Orolbo‘yi aholisining hayot darajasi va sifatini oshirish uchun zarur iqtisodiy rag‘bat va mexanizmlarni jalb etish, mintaqada ekotizim va bioxilma-xillikni qayta tiklash masalalari muhokama etildi.

Ishtirokchilar Urganch shahrida ushbu konferensiya yuksak saviyada tashkil etilganini yuqori baholadi va tadbir Orol dengizi qurishining oqibatlariga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilishga ishonch bildirdi.

Xalqaro konferensiyaning yakuniy hujjati qabul qilindi.



Muallif: O'zA
Marta o`qilgan: 12683