×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
10:15:03 (GMT +5), shanba, 24 - avgust 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


24 - oktabr 2014

Orol taqdiri - olam taqdiri

Bugun dunyoda Orol dengizining qurishi tufayli kelib chiqqan ekologik falokat haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov BMT Bosh assambleyasining 1993-yil 28-sentyabrdagi 48-sessiyasida jahon hamjamiyati e’tiborini Orol dengizi muammolariga qaratgani, Bosh assambleyaning 1995-yil 24-oktyabrdagi 50-sessiyasida Orol fojiasidan aziyat chekayotgan davlatlarning vakillari jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, dengizni va Orolbo‘yini asrash bo‘yicha yordam ko‘rsatishga chaqirganlari bejiz emas.

Shu-yilning oktyabr oyi oxirida Urganch shaxrida "Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Ushbu xalqaro anjuman Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilayotgan O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan va BMT Bosh assambleyasining 68-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida tarqatilgan "Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar xalokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi"ni amalga oshirish doirasida o‘tkazilmoqda.

Garchi, bir vaqtlar moviy to‘lqinlari ko‘kka sapchigan, bag‘rida ne-ne noyob baliqlar g‘ujg‘on o‘ynagan jahondagi eng go‘zal dengizning qurishi XX asr o‘rtalaridan boshlangan bo‘lsa-da, aslida uni o‘limga mahkum etishga o‘tgan yuz-yillikning 30-yillaridayoq kirishilgan edi. O‘shanda sobiq SSSR hukumati O‘rta Osiyoda irrigatsiya va melioratsiya ishlarini avj oldirish bo‘yicha o‘ta mahobatli reja tuzib, Orol dengizi asrlar osha bahramand bo‘lib kelgan Amudaryo va Sirdaryo suvlarini xomtalash qilishga "fatvo" bergandi. Birin-ketin bu daryolardan suv oluvchi o‘nlab irrigatsiya inshootlari qurilishi boshlanib, dastlab barpo etishga kirishilgan Qoraqum kanalining umumiy uzunligi 1445 kilometrni tashkil etadi. Amudaryo oqimining 45 foizini tortadigan mazkur kanal qurilishi boshidayoq o‘zanni betonlab suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanish uni loyihalagan sho‘ro melioratorlari tushiga ham kirmagan.

Dengiz sathining o‘tgan asr 60-yillaridan boshlab yiliga 0,7 metrdan pasayib borishi esa ohir-oqibat Xorazm vohasi va Qoraqalpog‘istonni shuningdek, qo‘shni Turkmanistonning Toshovuz hamda Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatlarini ekologik fojiaga yuzma-yuz qilib qo‘ydi. Dengizga quyiladigan obi-hayot miqdori 4,5 barobarga kamayib, yuzasi 8 barobar kichraydi.

Dengiz tobora o‘z qirg‘oqlaridan qochib, uning qurigan tubidan osmoni falakka millionlab tonnalab zahar-zaqqum chang-to‘zon ko‘tarilayotgan, mintaqada ekologik ahvol falokat tusini olib, turli kasalliklar avj olgan, bolalar o‘limi darajasi hatto Afrikadagi eng qoloq mamlakatlardan ham oshib ketgan 80-yillar oxirida bir guruh publitsist va ekolog mutaxassislar tomonidan "Orol-88" ekspeditsiyasi uyushtirilgan edi. Bu vaqtga kelib Sibir daryolari suvining bir qismi bilan Orolni to‘ldiramiz degan safsatalar to‘xtagan, dengizidan ayrilib umidsizlikka tushgan odamlarni chalg‘itishning yangi-yangi usullari zo‘r berib ishga solinayotgan edi. O‘shanda ekspeditsiyaning ekologik fojia hududidagi qizg‘in bahs-munozaralaridan birida sobiq ittifoq markazidan olim niqobida kelgan kimdir dabdurustdan: "Orolning kurishiga, sizlar aytayotgandek, suv xo‘jaligi vazirligining uzoqni ko‘zlamay olib borgan ekstensiv dehqonchilikka asoslangan qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish uslubi aybdor emas. Orol tarixan vaqti-vaqti bilan qurib, yana qaytadan suvi to‘lib turadigan dengiz. Hozir uning navbatdagi qurish pallasi. Erta bir kun dengiz yana o‘z-o‘zidan to‘ladi", deb ko‘pchilikni chalg‘itishga, bu bilan sho‘rolarning misi chiqqan mustamlakachilik siyosatini xaspo‘shlashga harakat qilgan edi.

Holbuki, Orolning qanday qurishi o‘sha davr odamlarining shundoq ko‘z o‘ngida ro‘y bergandi. Shu o‘rinda andak tarixga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Haqiqatan ham 600-yil muqaddam Orol dengizi butunlay qurib ketmagan esada, u botqoq suv havzasi sifatida mavjud bo‘lgan. Bunga Amudaryoning suvi ming-yillar mobaynida Orolga emas, Kaspiy dengiziga, (Boku, Hazar kabi nomlar bilan ham atalgan) quyilishi sabab bo‘lgan. Biroq, Amudaryo o‘sha vaqtda ham Ko‘hna Urganchga qadar to‘lib-toshib oqib turgani, Sirdaryo esa obihayotini bir necha o‘zanlarga bo‘lingan holda to‘la-to‘kis dengizga quyilgani sababli ekologik bo‘hron kelib chiqmagan.

Bugun esa biz o‘sha 600-yil oldingi manzaradan tamoman farq qiluvchi, dengizning istibdod davri iddaolari tufayli ataylab quritilganiga guvohmiz. Bu borada shu paytgacha sir tutib kelingan hujjatlarning oshkor bo‘layotgani ham shundan dalolat beradi. O‘tgan asr 60-yillariga qadar ham dengiz sathi bir maromda turgan, uning maydoni esa 68 ming kvadrat metrni tashkil etgandi. Havzaning uzunligi 426 kilometr, eni esa 284 kilometr bo‘lib, eng chuqur joyi 69 metrdan iborat edi. Har-yili uning bag‘ridan 40 ming tonna noyob baliqlar tutilardi. O‘zbekistonda beshta baliq zavodi, baliqni konservalash kombinati, 20 dan ortiq tutilgan baliqlarni qabul qilib olish punktlari, Qozog‘istonda ham shuncha baliq zavodlari va konserva konbinati, 45 ta baliq qabul qilish punktlari faoliyat olib borardi. Birok, 1989-yilga kelib dengiz bir-biridan ajralgan Janubiy (Katta) Orol va Shimoliy (Kichik) Orolga bo‘linib qoldi. 2003-yilda esa Janubiy Orolning o‘zi ham Sharqiy va G’arbiy qismlarga bo‘linib ketdi. Janubiy Oroldagi suvning sho‘rlanishi shu darajaga yetdiki, undagi barcha baliqlar qirilib, artemiya deb ataluvchi ayrim turdagi qisqichbaqalargina yashab qoldi. Dengizning 5,5 million gektardan iborat qurigan tubi esa yangi Orolqum sahrosiga aylandi. Har yili undan atmosferaga 75 million tonna chang va zaharli tuzlar ko‘tariladi. Mintaqadagi o‘simlik va hayvonot genofondining yarmidan ko‘pi yo‘qolib ketdi. O‘n bir turdagi baliqlar, 12 turdagi sut emizuvchilar, shuningdek, qushlarning 26 va o‘simliklarning 11 turi barham topdi. Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyati va O‘zbekistonning dengiz havzasidagi hududlari ekologik falokat zonasi bo‘lib qoldi. Mahalliy aholi o‘rtasida nafas yo‘li, buyrak va jigar xastaliklari, kamqonlik va boshqa kasalliklar ko‘paydi.

1993-yil yanvar oyida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tuzilib, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlari uning muassislari bo‘ldilar. BMT Bosh assambleyasining 1995-yil 24-oktyabrdagi 50-sessiyasida Orol fojiasidan aziyat chekayotgan davlatlarning vakillari jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, dengizni va Orolbo‘yini asrash bo‘yicha yordam ko‘rsatishga chaqirdilar. Prezidentimiz Islom Karimov BMTning atrof-muhit bo‘yicha Dasturlari shafeligida Orol va Orolbo‘yi muammolari bo‘yicha Kengash tuzish tashabbusini ilgari surdi.

1995-2012-yillar mobaynida xalqaro donorlarning butun Orolbo‘yi mintaqasiga ko‘rsatgan yordamlarining umumiy hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari mablag‘lari hisobidan Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ikkita dastur amalga oshirildi. 2003-2012-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga a’zo davlatlar tomonidan ekologik fojia ta’sirini kamaytirishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun umumiy hajmi 2 milliard dollardan ko‘proq mablag‘lar yo‘naltirildi.

O‘tgan yillar mobaynida dengizning qurigan joylaridagi ochiq maydonlarga undan ko‘tarilayotgan chang-to‘zonni to‘xtatish uchun katta-katta sun’iy o‘rmonzorlar vujudga keltirildi. Bu ishda xalqaro hamkorlarning yordami ham sezilarli bo‘layotganini aytish kerak. Xalqaro Orolni asrash jamg‘armasining GEF agentligi hamda Germaniyaning texnikaviy hamkorlik jamiyati mintaqaning tabiat jonkuyarlari bilan hamkorlikda sobiq dengiz o‘rnida qumlarni mustahkamlovchi ihotazorlar barpo etdi. Chimboy, Qozoqdaryo va Qorao‘zakda saksovul va boshqa butali o‘simliklar ko‘chatini yetishtiruvchi parvarishxonalar vujudga keltirildi.

Saksovulzorlar orasiga teresken, chog‘on, boyalish, quyonsuyak kabi issiq va sovuqqa chidamli o‘simliklar ekilgan. Bundan o‘n-o‘n besh-yil burun vujudga keltirilgan o‘rmonzorlar orasida g‘alla yetishtirish, qo‘y va o‘rdak boqish sinab ko‘rilmokda. Bunday sun’iy o‘rmonlar maydoni-yil sayin kengayib bormoqda. Yana yuz ming gektarlab qumzorlar qiyofasini shu tarzda o‘zgartirib, ekologik muvozanatni tiklash va farovonlikka xizmat qildirish mumkin.

Orolbo‘yidagi Jiltirbosh va Suvchuchuk ko‘llarining tiklanib obihayotga to‘ldirilishi muayyan darajada baliqchilikni rivojlantirish, odamlarni ish bilan ta’minlash imkonini bermoqda. Orolbo‘yida ichimlik suv sifatini yaxshilash, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish saviyasini ko‘tarish yuzasidan amalga oshirilgan hukumat tadbirlari ekologik fojia asoratlarini yumshatishda qo‘l kelmokda.

2008-yili O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi va BMTning qo‘llab-quvvatlashi bilan Toshkentda Orol muammolari, uning aholi, o‘simlik va hayvonot olami genofondiga ta’siri hamda ekologik falokat oqibatlarni yumshatish yuzasidan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi. Anjuman doirasida ishlab chiqilgan harakatlar rejasiga Orol dengizi havzasidagi davlatlarga ko‘rsatiladigan yordam bo‘yicha 2011-2015-yillarga mo‘ljallangan dasturlar asos qilib olindi. Uni ishlab chiqishda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya Qo‘mitasi, BMT tizi-midagi tashkilotlar, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi, shuningdek, bir qator donor mamlakatlar hukumatlari vakillari ishtirok etdi. Dasturda belgilangan 300 dan ortiq loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan edi.

* * *

"Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish" mavzusida navbatdagi xalqaro konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zda tutilayotgan maqsad ham xalqaro hamjamiyat kuchlari va mablag‘larini Orol dengizi mintaqasidagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga yo‘naltirilgan dasturlar va loyihalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan amaliy sa’y-harakatlarga safarbar etish, shuningdek, mazkur ekologik fojia bilan bog‘liq salbiy oqibatlar ta’sirini kamaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishni ta’minlashdan iborat.

Anjuman yakunlari bo‘yicha xalqaro hamjamiyat tomonidan Orol muammosiga yangicha qarash va anglash shakllantirilib, ekologik vaziyatni o‘nglash yuzasidan aniq tavsiya va rejalar ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.



Muallif: "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" gazetasi
Marta o`qilgan: 20386