×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
00:39:05 (GMT +5), payshanba, 2 - aprel 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


7 - avgust 2014

O'zbekiston Bank tizimi: Taraqqiyot yo‘lida sobit hamkor

Eng ulug‘ va eng aziz ayyom — Mustaqillik bayrami shodiyonalari arafasida bosib o‘tilgan yillar cho‘qqisidan ortga bir nazar tashlab, keng ko‘lamli islohotlar natijalarini tahlil qilib, kelgusi rejalarimizni belgilab olish yaxshi an’anaga aylangan. Zero, mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar qalbimizni faxr-iftixor hissiga to‘ldirish barobarida, zimmamizga ularni yanada mustahkamlashdek mas’uliyatni ham yuklaydi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari boshchiligida tarixan juda qisqa, shu bilan birga, har bir yili asrlarga teng bo‘lgan davrda jamiyatimiz hayotining barcha jabhalari kabi bank tizimida ham ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Natijada mustahkam asos va mukammal infratuzilmaga ega, barqaror va ishonchli faoliyat yurituvchi bank tizimi barpo etildi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilingan besh tamoyilga asoslangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning “o‘zbek modeli” asosida olib borilayotgan islohotlar sohadagi muvaffaqiyatlarning bosh mezoni bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Hayotiy va oqilona yechim

Yigirma uch yillik mustaqil taraqqiyotimiz mobaynida O’zbekiston iqtisodiyoti 4,1 -barobar, aholining yalpi real daromadlari jon boshiga 8,2 karra oshgani, keyingi 10 yil davomida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati o‘rtacha 8,1 foizni tashkil etib kelayotgani haqli ravishda barchaning havasini keltirmoqda. Ijtimoiy-gumanitar sohada erishilgan marralar esa odamlarning hayot darajasini yuksaltirish, ularning turmush sharoitlarini tubdan yaxshilashga xizmat qilayotir. Yurtimizda o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 66 yoshdan 73,5 yoshga, jumladan, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rishi 75 yoshga yetgani buning yaqqol dalilidir.

Ammo bunday yutuqlarga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q, albatta. Negaki, mustaqillikning ilk yillarida o‘ta qaltis va murakkab bir paytda umrini o‘tab bo‘lgan mustabid, ma’muriy-buyruqbozlik, rejali taqsimot tizimidan voz kechib, makroiqtisodiy barqarorlikni -ta’minlash, milliy valyutani muomalaga kiritish va shu orqali mustaqil pul hamda sifat jihatidan yangi bank tizimini yaratish bilan birga, aholini ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, zarur xizmatlar va oziq-ovqat ta’minoti uzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik kabi hayotiy vazifalar kun tartibida dolzarb bo‘lib turgan edi.

O’sha paytdagi og‘ir va ayanchli iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatga muhtaram Yurtboshimiz XII chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida (1992 yil, 2 iyul) -alohida to‘xtalib, jumladan, shunday degan edilar:

“Ittifoq parchalanib ketganidan keyin biz yillik ehtiyojimizga yetarli 6 million tonna g‘allani qayoqdan olib kelishni, qayoqdan valyuta topishni o‘ylab rosa sarson-sargardon bo‘ldik. Bugun ochiq aytaversak ham bo‘ladi: 1991 yilning oxiri va 1992 yilning boshida ko‘p narsalarda uzilish bo‘lib, juda og‘ir ahvolga tushib, naq ocharchilik ostonasida turar edik.

O’zimizdan chiqayotgan mahsulotni o‘z narxida sotib, haqimizni undirib olish ham murakkab bo‘lib qoldi. Boshqa mintaqalar va chet davlatlar bilan bog‘langan juda ko‘p -katta korxonalarimiz to‘xtab qolishi xavfi tug‘ildi. Bizning oldimizda yigirma bir million nafar katta bir xalqni boqish vazifasi ko‘ndalang bo‘lib turardi. Ayniqsa, pul-valyuta topish masalasi o‘ta qiyin muammoga aylandi.

Xalqimizni, iqtisodiyotimizni ta’minlash masalasida juda katta xavf tug‘ildi”.

Mazkur murakkab masalalarni hal etish ulkan bilim, yetuk salohiyat va katta jasoratni talab qilardi. Mustaqilligimizning ilk yillaridan boshlab, mamlakatimiz rahbari kelajakda respublika iqtisodiyotining samarali rivojlanishi uchun poydevor yaratishga katta e’tibor qaratdi. Aniqroq aytganda, taqchil valyuta mablag‘lari davlat taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga molik sohalarga, eng avvalo, import o‘rnini bosuvchi va ekportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tarmoqlarga yo‘naltirildi.

Mavjud tabiiy boyliklardan unumli foydalanish, asosiy e’tiborni jahon andozalariga mos keladigan sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratish orqali erkin konvertatsiyalanadigan valyutani o‘z kuchimiz bilan topish masalasi kun tartibida asosiy vazifalardan qilib qo‘yildi.

Buni hal etish uchun, eng avvalo, neft va g‘alla mustaqilligiga erishish, oziq-ovqat, elektrotexnika, avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish zarur edi. Masalan, neft mahsulotlari ta’minoti masalasini olib ko‘raylik. 1990 yillarda

1 barrel (159 litr) neftning narxi o‘rta xisobda 15-20 AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, oxirgi paytlarda 1 barrel neftning bahosi 100 dollardan ham oshib ketgani qayd etilmoqda. Agar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan o‘z vaqtida Buxoroda yangi neftni qayta ishlash zavodi qurilib, Farg‘onada mavjud neftni qayta ishlash zavodi qayta ta’mirlanmaganda, bugungi kunda respublikamiz ushbu narxlarda neft sotib olish uchun katta miqdordagi valyuta zaxiralarimizni sarflashga majbur bo‘lardi.

Shuningdek, agrar soha izchil isloh qilinib, paxta yakkahokimligiga chek qo‘yilgani, g‘alla va boshqa oziq-ovqat ekinlari maydonlari kengaytirilgani tufayli don va un, go‘sht va sut, meva va sabzavotga bo‘lgan ichki talabni to‘laligicha qondirish imkoniyati vujudga keldi. O’zbekiston g‘alla mustaqilligiga erishib, uni import qiluvchidan eksport qiluvchi mamlakatga aylandi.

Istiqlol yillarida tijorat banklari kreditlari, birinchi navbatda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish, yangi, zamonaviy, raqobatbardosh sanoat korxonalarini barpo etish bilan bog‘liq investitsiyaviy loyihalarni moliyalashga yo‘naltirildi. Natijada banklar sarmoyalari evaziga yuzlab yangi korxonalar ishga tushirilib, yangi sanoat tarmoqlariga asos solindi. Ular orasida Asakadagi “GM Uzbekistan” avtomobil zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Yangiyo‘l va Qo‘qon biokimyo zavodlari, Andijon gidroliz zavodi, “Xorazm shakar” zavodi, Qizilqum fosforit kombinati, Qo‘ng‘irot soda zavodi, To‘palang GES, Gazli-Sarimoy gaz quvuri qurilishi, “Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on” temir yo‘li qurilishi va boshqa o‘nlab yengil hamda oziq-ovqat sanoat korxonalari borki, ular tom ma’noda iqtisodiyotimizning lokomotivlari hisoblanadi.

Jamiyatning qon tomiri

Har qanday mamlakatni uning rivojlangan bank tizimisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. -Mustaqillikka erishilgan 1991 yilda yuzaga kelgan holat O’zbekiston hukumati oldiga o‘zining mustaqil bank tizimini zudlik bilan tashkil etish vazifasini ko‘ndalang qilib qo‘ygan edi. Mamlakat iqtisodiyoti sub’ektlari o‘rtasida to‘laqonli hisob-kitoblarni amalga oshirish tizimini, aholi qo‘lidagi bo‘sh pul mablag‘larini banklarga jalb qilish va ularni iqtisodiyotni rivojlantirishga kredit sifatida yo‘naltirish, eng muhimi, aholining banklarga nisbatan yo‘qolgan ishonchini qayta tiklash maqsadida jahon tajribasida sinalgan ikki pog‘onali bank tizimini vujudga keltirish vazifasi turar edi.

Bank tizimining yana bir og‘riqli nuqtasi ichki hisob-kitoblarning chalkashliklarga uchraganligi edi. Sababi, o‘sha davrda banklarimizdagi mavjud to‘lovlarni amalga oshirish usullari jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirgan bo‘lib, bozor sharoitining yangi talablariga mutlaqo javob bera olmasdi. Oqibatda iqtisodiyotda mablag‘larning aylanish tezligi juda sust darajada bo‘lib, xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida pul hisob-kitoblari -pochta orqali qog‘oz shaklidagi to‘lov hujjatlarini bir bankdan boshqa bir bankka yetkazib berish shaklida yo‘lga qo‘yilganligi uchun to‘lovlarni amalga oshirish 1-2 oy, ba’zan undan ortiq muddatga cho‘zilar edi.

Respublikada mavjud bo‘lgan bunday bank-moliya sohasini davlatimiz rahbari O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 8 dekabrdagi XI sessiyasida shunday baholagan edilar: “Bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurmoqchi ekanmiz, bozor xizmat tarmoqlarini shakllantirish va izchil rivojlantirish strategik jihatdan ustun yo‘nalishdir. Rivojlangan bozor iqtisodiyotiga xizmat qiladigan tarmoqlar — tijorat banklari tarmog‘ini, zamonaviy moliya va soliq tizimi, audit, sug‘urta vositasi va birja faoliyatini rivojlantirmay turib, ma’rifatli bozor sari aniq qadam tashlash to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Afsuski, bugun biz siyosatimizning mana shu yo‘nalishi eng zaif bo‘g‘in ekanini e’tirof etishga majburmiz”.

Prezidentimizning jamiyat qon tomiri — bank tizimini shakllantirish, uni rivojlantirishga qaratilgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rliklari tufayli Markaziy bank boshchiligida to‘laqonli faoliyat ko‘rsatuvchi ikki pog‘onali bank tizimi barpo etildi. Qolaversa, bank faoliyatining har bir yo‘nalishini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy baza shakllantirildi, davlat mustaqilligining ramzi bo‘lgan milliy valyuta muomalaga chiqarilib, MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib jahon talablariga javob beradigan to‘lov tizimi yaratildi.

Kim edigu kim bo‘ldik?!

Shukronalar bo‘lsinki, mustaqillik sharofati bilan biz o‘z yo‘limizni, taqdirimizni o‘zimiz hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Istiqlolning ilk yillarida biz tanlab olgan iqtisodiy taraqqiyotning “o‘zbek modeli” naqadar to‘g‘ri ekanini va amalda o‘zini to‘la oqlaganini, ayniqsa, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida hayotning o‘zi yana va yana tasdiqlab bermoqda.

Izchil yuqori o‘sish sur’atlari, bank-moliya tizimining barqaror va ishonchli faoliyati, iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar, umuman, mamlakatimizni modernizatsiya qilish yo‘lidagi dadil qadamlarimiz dunyo jamoatchiligi, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki singari nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan yuksak e’tirof etilayotgani buning yaqqol dalilidir. Eng asosiysi, mamlakatimizdagi siyosiy barqarorlik, fuqarolar tinchligi va millatlararo totuvlikni asrab qolishga muvaffaq bo‘lindi. Shu o‘rinda Prezidentimizning “Bir narsani hech qachon unutmasligimiz kerak. Kim qo‘lidagi milliardlab pullarni notinch yerga sochgisi keladi? Hozirgi tinchlik, barqarorlik — eng katta boyligimiz”, degan so‘zlarini keltirib o‘tish lozim.

Darhaqiqat, xorijiy investitsiyalarni jalb qilmasdan turib, iqtisodiyotdagi chuqur tarkibiy o‘zgartirishlarni, modernizatsiya, texnik va texnologik yangilanishlarni ro‘yobga chiqarish nihoyatda murakkabdir.

Ushbu yo‘nalishda ham g‘oyat puxta o‘ylangan siyosat olib borilayotgani bois mamlakatimizning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligi ta’minlanishi bilan birga, xalq xo‘jaligimiz turli iqtisodiy va moliyaviy bo‘hronlardan ishonchli himoya qilinmoqda.

Ma’lumki, ko‘pgina mamlakatlar mustaqil bo‘lgach, islohotning dastlabki bosqichlarida ichki va qarz olingan valyuta zaxiralarining ko‘p qismini, eng avvalo, xorijdan iste’mol mollari keltirishni kengaytirishga sarfladi. Shu tariqa ular o‘z ishlab chiqaruvchilarini ichki bozordan, istasa-istamasa, siqib chiqardi.

Biz esa bu kabi yengil yo‘ldan bormadik. Mablag‘ va zaxiralarni iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartishlarga yo‘naltirib, eksportbop mahsulot ishlab chiqaradigan, ilg‘or texnologiya bazasi bilan jihozlangan zamonaviy korxonalar barpo etish orqali ichki bozorni o‘zimizning mahsulotlar bilan to‘ldirish payidan bo‘ldik.

Tashqi qarzlar, asosan, uzoq muddatga va imtiyozli foiz stavkalari bo‘yicha, faqat -iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun jalb qilindi.

Shu o‘rinda Prezidentimizning XII chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida (1992 yil, 2 iyul) so‘zlagan nutqlarida tashqi qarz va uni uzish muammolari to‘g‘risida bildirgan fikrlarini keltirish o‘rinlidir: “Xorijiy dunyo bozori bilan, dunyo banklari bilan, tijoratchi firmalar bilan aloqa bog‘ladik. Bu juda nozik masala. Qaysi davlat bizga qancha va qanday shart bilan sarmoya va qarz beradi? Qarz bergan davlatlarning siyosiy shartlari bo‘lmaydimi? Birovdan qarz olib, keyin uning ilmog‘iga tushib qolmaymizmi? Ular bizga tazyiq o‘tkazmaydimi? Olgan qarz-kreditlarimiz bo‘ynimizda og‘ir yuk bo‘lib qolib ketmaydimi?

Minglab shunday savollarga javob izlashga va topishga to‘g‘ri keldi. Qarz olish oson, bu hammamizga ma’lum, lekin uni bir kun to‘lash ham kerak. Biz faqatgina bugungi kunni emas, balki ertamizni, kelajak avlodlarni ham o‘ylashimiz kerak. Bugun biz xato qilib qo‘ysak, farzandlarimiz kelajakda qoqilib qolishini hisobga olmasak, bu — katta gunoh bo‘ladi”.

E’tibor bering-a, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi ro‘y berishidan 16 yil avval davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan bu gapning nechog‘liq to‘g‘ri ekanligini, unda -ilgari surilgan g‘oyalar teran mushohadalarga asoslanganligini bugungi davrning o‘zi yaqqol tasdiqlab turibdi. Vaholonki, ko‘pgina mamlakatlar hukumatlari va Markaziy banklari tomonidan inqiroz oqibatlaridan qutulish maqsadida mislsiz miqdorda mablag‘lar sarf qilinib, tashqi qarz siyosatining noto‘g‘ri amalga oshirilishi natijasida Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Irlandiya, Portugaliya singari yevrohudud mamlakatlarida tashqi qarzlar YaIMning 100 foizidan oshib ketib, budjet taqchilligi bilan bog‘liq muammolar hali-hanuz ko‘zga -tashlanmoqda.

Bundan tashqari, dunyoda, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda davlatning tashqi qarzlari ko‘payib borayotgani jiddiy xavotir tug‘dirayotgan bir paytda O’zbekistonning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning atigi 17 foizini tashkil etmoqda, xolos. Bu Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan hisoblanadi. Davlat budjeti 2005 yildan buyon YaIMga nisbatan profitsit bilan ijro etilayotgani mamlakatimizda budjet siyosatining samarali ijro etilayotganidan dalolat beradi. Zero, 2013 yilning sentabr-oktabr oylarida yurtimizda bo‘lgan mazkur jamg‘arma missiyasining rasmiy bayonotida “...Global iqtisodiy holatning yomonlashuviga qaramasdan O’zbekiston iqtisodiyotining yuqori sur’atlarda o‘sib borishi davom ettirilmoqda. Barqaror bank tizimi, kuchli budjet va tashqi siyosat hamda davlat qarzining kamligi barqaror makroiqtisodiy natijalarga erishish uchun xizmat qilmoqda”, degan fikr keltirilishi bejiz emas.

Chindan ham, bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini dunyo tan olmoqda. Joriy yilning iyul oyida Jahon banki iqtisodiy rivojlanish darajasi bo‘yicha mamlakatlarning yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti aholi jon boshiga 5340 dollar miqdorida baholanib, O’zbekiston milliy valyutaning xarid qobiliyati paritetiga asosan hisoblab chiqilgan yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoning 190 mamlakati orasida 66-o‘rinni egalladi. 2010 yilda O’zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 72-o‘rinda qayd etilganini hisobga olsak, qisqa davr ichida respublikamiz iqtisodiyoti jadal sur’atlar bilan o‘sayotganligiga guvoh bo‘lamiz.

Shuningdek, jahonning eng nufuzli xalqaro reyting kompaniyalari hisoblangan “Mudis”, “Standart end Purs” va “Fitch reytings” agentliklari, mana, bir necha yildirki, nafaqat barcha tijorat banklarimiz faoliyati, balki mamlakatimiz bank tizimi ham barqaror rivojlanib borayotganligini e’tirof etmoqda. Bu esa butun iqtisodiyotimizga berilayotgan baho bilan chambarchas bog‘liqdir. Agar 2010 yilda xalqaro reyting agentliklarining “barqaror” reytingini olgan tijorat banklari soni 13 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda barcha banklar ana shunday bahoga ega.

O’zbekiston bank tizimida olib borilayotgan izchil va maqsadli islohotlar uning nafaqat jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy ta’siri va oqibatlaridan ishonchli tarzda himoyalanishga, balki banklar faoliyatida sifat o‘zgarishlarga erishish, iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmini kengaytirish hamda xizmatlar ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash imkonini bermoqda. Bunda banklarning kapitallashuv darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

Chindan ham, oxirgi o‘n uch yil davomida banklarimiz jami kapitali 43 barobardan ziyodga ko‘paydi. Bank tizimining umumiy kapitali esa joriy yilning olti oyida o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 24,6 foiz oshdi. Natijada bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 24,2 foizni tashkil qilib, qabul qilingan Bazel qo‘mitasining minimal talabi (8 foiz)ga nisbatan 3 barobar, bank tizimining joriy likvidlik darajasi 65,5 foizdan yuqori bo‘lib, o‘rnatilgan minimal daraja (30 foiz)dan 2 barobardan ham ziyodroqdir.

Erishilgan ko‘rsatkichlar Yurtboshimizning 2011 yil 7 yanvardagi “2011 — 2015 yillarda O’zbekiston iqtisodiyotida islohotlar ko‘lamini chuqurlashtirish va kengaytirish, mamlakatda ishchanlik muhitini shakllantirish bo‘yicha mezonlar va baholash tizimini belgilash hamda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan baholash tizimi yordamida baholanganda, ijobiy natijani ko‘rsatmoqda. Xususan, mamlakatimiz bank tizimini rivojlantirish va uning barqarorligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijalari 2014 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, bank tizimi bo‘yicha “banklarning umumiy kapitali yetarliligi”, “tijorat banklari likvidligi”, “depozitlar hajmining dinamikasi”, “kredit qo‘yilmalari hajmining o‘zgarishi” indikatorlari “yuqori daraja”dagi baholarga mosligini ko‘rsatmoqda.

Bank kapitali bilan bir qatorda, yuridik va jismoniy shaxslarning depozitlari o‘sib -borayotgani ham bank tizimiga bo‘lgan ishonchning ortayotganidan dalolat beradi. Pirovardida tijorat banklaridagi jami depozitlar hajmi 2000 yildagiga qaraganda 112 barobar, oxirgi 6 yilda esa 6,7 barobar oshdi.

2014 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, bank depozitlari o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 30,4 foiz, aholi omonatlari esa 31,2 foiz ko‘paydi. Buni joriy yilning 1 yanvaridan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi yillik 10 foiz miqdorida etib belgilanishi, o‘z navbatida, banklarning kreditlash va investitsiyaviy faolligini kengay-tirib, bank aktivlari hajmining oshishini ta’minlaganligi bilan izohlash mumkin.

O’tgan yilning mos davridagiga nisbatan banklarning jami aktivlari 28 foizdan ko‘proqqa, oxirgi 3 yilda 2,1 barobar oshib, 2014 yilning 1 iyuliga kelib 47,9 trln. so‘mni tashkil etayotgani ana shunday sa’y-harakatlar samarasidir.

Yaqin ko‘makchi, ishonchli sherik

Aytish joizki, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy ta’sirlaridan biri banklar va moliyaviy tuzilmalarning to‘lov qobiliyati zaiflashganida namoyon bo‘ldi. -Dunyoning yetakchi fond bozorlarida yirik kompaniyalar indekslari va aksiyalarning bozor qiymati halokatli darajada tushib ketib, bu omillar ta’sirida ko‘plab mamlakatlarda ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘sish sur’atlarining keskin pasayib ketishi bilan bog‘liq ishsizlik va ijtimoiy tanglik vujudga keldi.

Ana shunday murakkab bir sharoitda yurtimizda Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturi va uning doirasida qabul qilingan Farmon hamda qarorlar talablaridan kelib chiqib, respublikamizning yirik tijorat banklari kapitaliga qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirildi. Buning o‘ziga xos tomoni shundaki, AQSh, Yevropa va MDH davlatlarida tijorat banklari kapitaliga yo‘naltirilgan mablag‘lar likvidlikni ta’minlash va muammoli bank aktivlarini sotib olishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, O’zbekistonda bank tizimining kapitallashuvini oshirish iqtisodiyotga qo‘shimcha resurslarni yo‘naltirish orqali investitsiyaviy faoliyatni kengaytirishga qaratildi.

Bu borada gap ketganda, birinchi navbatda, tijorat banklarining to‘lanmay qolgan qarzlar tufayli banklarning balansiga o‘tkazilgan bankrot korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tish joiz.

Jahon amaliyotida andozasi bo‘lmagan bunday mexanizm bankrot korxonalar faoliyatini qayta tiklash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash uchun banklar tomonidan qo‘shimcha investitsiya kiritish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va zamonaviy boshqaruv usullarini tatbiq etib, ish o‘rinlarini qayta tiklash hamda yangilarini yaratishni ko‘zda tutadi.

Prezidentimizning 2008 yil 18 noyabrdagi “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ushbu masalada dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, mazkur hujjatga binoan, 2009 yildan buyon samarasiz ishlayotgan 173 ta korxona tijorat banklari balansiga o‘tkazildi. Banklar tomonidan yo‘naltirilgan sarmoyalar evaziga ularning 120 tasida ishlab chiqarish faoliyati to‘liq tiklanib, yangi mulkdorlarga sotildi. Banklar balansida qolgan 53 ta korxonaning 44 tasida esa ishlab chiqarish faoliyati tiklandi, yana 9 ta korxonada bu borada ish olib borilmoqda.

Ushbu korxonalarda modernizatsiyalash va ishlab chiqarish faoliyatini tiklash uchun 576 mlrd. so‘m hajmidagi investitsiya kiritilib, 21 ming nafardan ziyod kishining bandligi ta’minlandi. Muhimi, faoliyati tiklangan korxonalar tomonidan jami 3,0 trln. so‘mga yaqin tayyor mahsulot ishlab chiqarilib, shundan 730 mln. AQSh dollarilik mahsulot eksportga yo‘naltirildi.

Umuman olganda, iqtisodiyotning real sektorini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan kreditlar so‘nggi 13 yilda 44 barobar, 2014 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra esa, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 27 foiz oshdi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, zamonaviy texnologiyalar asosida raqobatbardosh va xaridorgir mahsulot ishlab chiqarilishini tashkil etish maqsadida, banklar tomonidan jami 4,1 trln. so‘m miqdorida investitsiyaviy kreditlar ajratildi.

Farovonlikning moliyaviy tayanchi

Prezidentimiz mustaqillikning dastlabki yillaridan buyon bank tizimi oldiga kichik biznesni jadal rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligi va turmush farovonligini oshirish muammolarini hal etishga o‘z hissasini qo‘shishi lozimligi borasidagi ustuvor vazifalarni qo‘yib kelmoqdalar. Shundan kelib chiqib, soha vakillarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bank faoliyatining g‘oyat muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Jumladan, 2000 yildan boshlab tadbirkorlik sohasini kreditlash 67,3 barobar, mikrokreditlash 129 barobar oshdi. 2014 yilning 6 oyi davomida tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka ajratilgan kreditlar hajmi 31 foizdan oshib, 4,8 trln. so‘mni tashkil qildi.

Shu bilan birga, bank sohasida biznesni olib borish talablarini yengillashtirish doi-rasida bir qator imtiyoz va preferensiyalar yaratildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratish uchun arizalarni ko‘rib chiqish muddati uch bank ish kunidan oshmaydigan muddat bilan cheklangani, tadbirkorlar tomonidan bank hisobvarag‘ini ochish, Davlat budjetiga ularning hisobvaraqlaridan soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashda banklar xizmatlari uchun to‘lov undirish va notarial tasdiqlangan imzolar namunasi olishning, soha vakillari hisobvaraqlariga elektron ko‘rinishda xizmatlar ko‘rsatish uchun olinadigan to‘lov miqdori 20 foiz qisqartirilib, bank-moliya sohasida 8 turdagi ruxsat berish tamoyillari bekor qilingani shunday yengilliklar sirasiga kiradi.

2012 yildan buyon O’zbekiston banklar assotsiatsiyasi qoshida Investitsion loyihalar bo‘yicha loyihaviy hujjatlarni tayyorlashni moliyalashtirish fondi, 2013 yilning avgust oyida esa Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki qoshida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tashkil qilingani ham ayni muddao bo‘lmoqda. O’tgan yilning o‘zida mazkur fond tomonidan loyihaviy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha 50 ta loyiha moliyalashtirilib, ularga 40 mlrd. so‘m miqdoridagi bank kreditlari ajratilgani, jamg‘arma tomonidan o‘tgan qisqa muddat ichida 153 ta tadbirkorlik sub’ektiga umumiy qiymati 56 million dollardan ziyod bo‘lgan eksport shartnomalarini tuzishda yordam ko‘rsatilgani fikrimiz tasdig‘idir.

Umuman, so‘nggi 10 yil davomida tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan jami kreditlar hajmi qariyb 20 baravar, shu jumladan, ajratilgan mikrokreditlar hajmi 31,7 baravar o‘sdi.

Shuningdek, joriy yilning birinchi yarim yilligida kichik biznes va xususiy tad-birkorlik sub’ektlariga jami 4,8 trln. so‘m miqdorida kreditlar, shuningdek, 1 trln. so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratilib,

ushbu ko‘rsatkichlarning 2013 yilning mos davridagiga nisbatan 1,3 baravar o‘sishi ta’minlandi.

E’tirof etish kerakki, O’zbekiston biznesni ro‘yxatga olish shartlari bo‘yicha jahon miqyosida 66 pozitsiyaga ko‘tarilib, reyting o‘tkazilgan 189 mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladi, kredit ajratish bo‘yicha reytingda esa 24 pog‘ona yuqoriladi.

Yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasi

Istiqlol yillarida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar ham yuksak samaralar bermoqda. Ayniqsa, fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan kompleks chora-tadbirlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar tufayli qishloq mulkdorlari mahsulot yetishtirish bilan chegaralanib qolmay, uni qayta ishlash, ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholi bandligini ta’minlashga ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishayapti.

Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini taraqqiy ettirish va ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini ravnaq toptirish maqsadida respublikamiz tijorat banklari tomonidan qator ishlar amalga oshirilayotganini aytib o‘tish joiz.

Hozirgi kunda qishloq joylarda 2 mingdan ziyod minibank va maxsus kassalar sifatli hamda zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Ma’lumki, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi sanoat ishlab chiqarishidan farq qilgan holda mavsumiy xarakterga ega. Ya’ni ekinni ekishdan tortib, toki uning hosilini yig‘ib olguncha bo‘lgan muddat 7-8 oyni tashkil etadi. Natijada fermer xo‘jaliklari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun sarf qilingan xarajatlarni yetishtirilgan hosilni sotishdan olinadigan mablag‘lar hisobidan qoplash muddatida, ekinlarni ekishga tayyorlash, parvarish qilish, mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i sotib olish, yig‘im-terimni amalga oshirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun, tabiiyki, bank kreditlariga ehtiyoj yuzaga keladi.

Jumladan, qishloq xo‘jaligi korxonalariga davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan g‘alla va paxta xom ashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadlariga joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, banklarimiz tomonidan 2 trln. so‘mdan ziyod kreditlar imtiyozli shartlar asosida yillik 3 foiz stavkada ajratildi.

Bu yil mirishkor dehqon va fermerlarimizning fidokorona mehnati bilan misli ko‘rilmagan yutuqqa erishildi — mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida ilk bor 8 million 50 ming tonna g‘alla yetishtirildi. Yurtimiz g‘alla mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida qo‘lga kiritilgan ushbu muvaffaqiyatda banklarimizning ham hissasi borligi quvonarlidir.

Shuningdek, fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar va boshqa tadbirkorlik sub’ektlariga issiqxonalar tashkil etish hamda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish uchun ham imtiyozli foiz stavkasi bo‘yicha kreditlar ajratilmoqda. Ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan kreditlar hajmi 2014 yilning 6 oyi davomida 19,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

Xabaringiz bor, joriy yilning iyun oyida Toshkent shahrida “O’zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjumanda 40 ta mamlakatdan va 20 ta xalqaro tashkilotdan

200 nafardan ziyod mehmon qatnashdi. Konferensiyaning ochilish marosimidagi nutqida Prezidentimiz jahonning ayrim mintaqalarida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash muammosi bilan bog‘liq murakkab vaziyat yuzaga kelayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Xususan, hozirgi vaqtda dunyoda 840 milliondan ortiq kishi, ya’ni deyarli har sakkiz odamning biri to‘yib ovqatlanmayotgani, sayyoramiz aholisining 30 foizidan ziyodi to‘laqonli ravishda ovqatlanmaslik, eng asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmasligi muammosini boshdan kechirayotgani, ana shunday sabablar tufayli 160 milliondan ortiq bola jismoniy va intellektual rivojlanishiga doir kamchiliklardan aziyat chekayotganligini misol tariqasida keltirdilar.

Ana shu tahlillar bizni chuqur mulohaza yuritishga, yurtimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ahamiyatini yanada teranroq his etishga undaydi. Chunki barcha sa’y-harakatlar odamlarimizning baxtli va farovon hayot kechirishiga qaratilgan. E’tibor bering: mustaqillik yillarida mamlakatimizda kishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 barobardan ziyod oshdi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan go‘sht iste’moli 1,3 barobar, sut va sut mahsulotlari 1,6 karra, kartoshka 1,7 barobar, sabzavotlar 2 martadan ziyod, mevalar qariyb 4 barobar oshdi. Respublikamizda har yili 16 million tonnaga yaqin meva va sabzavot yetishtirilmoqda. Aholi jon boshiga qariyb 300 kilogramm sabzavot, 75 kilogramm kartoshka va 44 kilogramm uzum to‘g‘ri kelmoqda. Bu optimal, ya’ni maqbul deb hisoblanadigan iste’mol me’yoridan uch barobar ko‘p.

Xalqimiz dasturxonini turli mevalar, noz-ne’matlar bilan to‘ldirishda, shuningdek, dunyoning 80 ta davlatiga 180 turdan ortiq sarxil meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilishda bank tizimining ham o‘ziga xos ulushi bor. Xususan, so‘nggi besh yil mobaynida ana shu maqsadlar uchun respublikamiz tijorat banklari tomonidan qariyb 4,0 trln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

Joriy yilning birinchi yarim yillik natijalariga ko‘ra esa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish va tomchilatib sug‘orish tizimi uchun zarur bo‘lgan texnologik uskuna xarid qilishga 144,3 mlrd. so‘mlik, xom ashyo va materiallar sotib olish uchun 630,1 mlrd. so‘mlik kreditlar Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan foiz stavkasida ajratilib kelinmoqda. E’tiborli jihati, mazkur kreditlar banklarning jami kredit portfelining 20 foizini tashkil etadi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etish va rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 1000 baravari miqdorigacha milliy valyutada ajratilgan mikrokredit umumiy summasining 50 foizini naqd pul bilan 1,5 yil muddatga faqat chorva mollari, parranda, ko‘chat, urug‘lik va yem-xashakni aholidan sotib olish uchun berilishiga ruxsat etilgan.

Shuningdek, shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun mikrokreditlar ajratishning o‘ziga xos mexanizmi joriy etilgan. Unga ko‘ra, mazkur mikrokreditlar Bandlik jamg‘armasi kredit liniyasi va tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 3 yilgacha bo‘lgan muddatga qarz oluvchining xohishiga muvofiq, pul o‘tkazish yo‘li bilan yoki naqd pul shaklida beriladi.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ularning turini kengaytirish va sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ko‘lamli ishlarga bundan keyin ham banklarimiz -munosib hissa qo‘shadi.

Xalqimiz manfaati — faoliyat mezoni

Bugungi kunda mamlakatimizda 26 ta tijorat banki, ularning respublikamiz hududlaridagi 843 ta filiali, 4 ming 200 dan ziyod minibank va maxsus kassalari aholi va -yuridik shaxslarga sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Banklar tomonidan aholiga xizmat ko‘rsatish indikatorlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bank xizmatlaridan foydalanish darajasi indikatori har 100 ming (katta yoshli) aholiga to‘g‘ri keladigan bank muassasalari soni 49,7 tani tashkil etib, “yuqori daraja” va har mingta katta yoshli aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxs-omonatchilar hisobvarag‘i soni indikatori 1028 birlikni tashkil qilib, bu bo‘yicha ham “yuqori daraja” (1000 tadan ko‘p) baholariga egadir.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, -O’zbekiston 100 ming katta yoshdagi aholi to‘g‘ri keladigan tijorat banklari muassasalari soni bo‘yicha MDH davlatlari orasida peshqadam bo‘lib turibdi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish, ish joylarini shakllantirish va aholi bandligini ta’minlash, uy-joylar qurish va aholi punktlarini obodonlashtirish, ta’lim-tarbiya jarayonlari va sog‘liqni saqlash tizimini isloh etish va takomillashtirish kabi ijtimoiy masalalarni moliyalashtirish respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan banklarning diqqat -markazida turibdi.

Qishloq aholisining uy-joy sharoitlarini sifatli yaxshilash maqsadida tashkil etilgan “Qishloq qurilish bank” tomonidan bank faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan buyon o‘tgan besh yil mobaynida qishloqlarda 33 557 ta yakka tartibda uy-joy qurilishiga qariyb 2 trln. so‘mdan ziyod ipoteka kreditlari ajratildi.

2013 yil 16-17 aprel kunlari poytaxtimizda “Zamonaviy uy-joy qurilishi — qishloq joylarni kompleks rivojlantirish va qiyofasini o‘zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili” mavzuidagi xalqaro konferensiyada nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijlik mutaxassislar O’zbekistonda qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish va aholi hayotining sifatini yaxshilash borasida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlarga yuksak baho berib, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar havas qilishga arzigulik ekanini alohida e’tirof etdilar. Qishloq qiyofasini va qishloq aholisining uy-joy sharoitlarini sifatli yaxshilash, qishloq joylarda ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, uy-joy qurilishini uzoq muddatli imtiyozli kreditlash tizimiga 2009 — 2013 yillar davomida Osiyo taraqqiyot bankining 291,4 mln. dollari miqdoridagi -mablag‘lari jalb etilgan bo‘lsa, joriy yilda 106,8 mln. dollar mablag‘lar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosidagi tizimli chora-tadbirlar natijasida sohaga yuksak zamonaviy talablarga javob beradigan, yangicha fikrlaydigan, mamlakatimizning kelajak taqdirini ishonib topshirish mumkin bo‘lgan yosh mutaxassislar yetkazib berilmoqda. Mazkur dastur ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2001 yilning 26 iyulida “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida”gi qarori bilan “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlandi. Mazkur nizom talablari asosida birgina joriy yilning 6 oyi davomida respublika tijorat banklari tomonidan oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan 8779 nafar talabaga 25,7 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar berilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2010 yil 28 iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan yoshlarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyatlari kengaytirilib, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ish bilan ta’minlanmoqda. 2010 — 2013 yillarda tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun 222,3 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lsa, birgina 2013 yil davomida 2012 yildagiga nisbatan 2,8 baravar ko‘p yoki 140,1 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli mikrokreditlar -ajratildi.

Tijorat banklarida kollej bitiruvchisining mikrokredit olish uchun ta’minoti yetarli bo‘lmagan taqdirda, yaqin qarindoshlarining (ota-ona, aka-uka, opa-singil) ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etish orqali kafillik berish amaliyoti ham joriy etildi.

Iqtisodiy jabhalarda bank tizimi tomonidan amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar “Islohotlar islohot uchun emas, avvalo, inson uchun, uning manfaatlari uchun” degan tamoyil asosida hayotga tatbiq etilmoqda.

Ta’kidlash joiz, respublikamiz tijorat banklari tomonidan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosiga alohida e’tibor qaratilayapti. Ushbu Dastur doirasida bank tizimiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan joriy yilning

6 oyi davomida 1,6 trln. so‘mdan ziyod kredit mablag‘larini imtiyozli shartlar asosida ajratish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda banklarimiz tomonidan 2,0 trln. so‘mlik kreditlar ajratildi. Jumladan, ayollar va oilaviy tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida tadbirkor ayollarga, shuningdek, tarkibida 50 foizdan ortiq ayollar mehnatidan foydalaniluvchi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga banklarimiz tomonidan 521,5 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar berildi.

Shuningdek, Davlat dasturi talablaridan kelib chiqib, “Mikrokreditbank” tomonidan “Qoraqalpog‘iston ayollari uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish” loyihasi doirasida kam ta’minlangan ayollarning moliyaviy savodxonligini oshirish, biznes loyihalarni tuzish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilinib, bugungi kunda “guruhli kreditlash” tamoyillari asosida ularning biznes rejalari ishlab chiqilmoqda. O’z navbatida, 2014 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, 105 nafar ayolga 210 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida banklar chet ellik hamkorlari bilan qator ishlarni amalga oshirayotganini ham ta’kidlash joiz. Qolaversa, Xalq banki va “Mikrokreditbank” tomonidan Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Omonat kassalari jamg‘armasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu jamg‘arma mablag‘lari evaziga -mazkur banklarda Kichik tadbirkorlikni mikrokreditlash jamg‘armasi shakllantirilgan.

Kichik tadbirkorlikni mikrokreditlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Xalq banki tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida hamda -“Mikrokreditbank” tomonidan Navoiy, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan ayol tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2012 — 2013 yillarda 525,0 ming yevrodan ziyod mikrokreditlar ajratildi.

Mustaqilligimizning 23 yilligi tantanalari arafasida turibmiz. Mana shunday shukuhli damlarda mamnuniyat bilan ayta olamizki, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan makroiqtisodiy siyosat negizida jahon andozalariga mos bo‘lgan mustaqil bank tizimi yaratildi va u mamlakatimiz iqtisodiyotining bundan keyin ham “Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun” tamoyili asosida barqaror rivojlanib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.

F. MULLAJONOV,

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan iqtisodchi.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Marta o`qilgan: 36543