×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
01:48:07 (GMT +5), payshanba, 2 - aprel 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


23 - iyul 2014

Har ikki oilaning birida yengil avtomobil

Yurtimizdagi oilalarning 11 foizdan ortig‘i ikkitadan yengil avtomobilga ega.

O‘zbekiston avtomobillari 10 dan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda.

Jahon tarixiga nazar solsak, endigina mustaqil bo‘lgan davlatlarning aksariyati uchun xos bo‘lgan bir jihat ko‘zga tashlanadi – ular faqat bugunini o‘ylaydi, oson yo‘llarni qidiradi.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshida mustaqil bo‘lgan davlatlarning ham ko‘pchiligi shu yo‘ldan bordi. Katta miqdordagi mablag‘lar va xorijdan olingan kreditlar import tovarlarga, ular bilan ichki bozorni to‘ldirishga sarf etildi. Avvaliga hayot farovonlashgan, mamlakat oyoqqa turgandek ko‘rindi. Lekin valyuta mablag‘lari kamayib, kreditlarni qaytarish vaqti kelganda g‘alvir suvdan ko‘tarildi. Milliy iqtisodiyot zaiflashgani, ishlab chiqarish orqada qolgani ayon bo‘ldi.

O‘zbekiston bu yo‘ldan bormadi – oson yo‘llarni izlamadi. O‘ziga xos yo‘lni tanladi. Qiyin, ammo uzoq istiqbolga mo‘ljallangan vazifalarni o‘z oldiga qo‘ydi. O‘tish davrining murakkabliklari, moliyaviy taqchilliklarga qaramay mablag‘larning asosiy qismi iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, sanoatni rivojlantirishga yo‘naltirildi. Taraqqiy topgan mamlakatlar, mashhur kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatildi. Zamonaviy korxonalar barpo etishga kirishildi.

Bugun xalqimizning milliy iftixoriga, mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmog‘iga aylangan Asaka shahridagi avtomobil zavodiga ham istiqlolning dastlabki yillarida asos solindi. Prezidentimiz Islom Karimovning 1992-yil iyun oyida Koreya Respublikasiga tashrifi asnosida erishilgan kelishuvga muvofiq 1993-yil martda «O‘zDEUavto» O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi tashkil etildi va avtomobil zavodi qurilishi boshlandi.

O‘sha yillari bunday ulkan zavodni qurish uchun nafaqat iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy imkoniyatlar, ayni paytda katta yurak ham kerak edi. Chunki mamlakatimiz uzoq yillar davomida faqat paxta yetishtirishga ixtisoslashgan agrar respublika bo‘lib kelgan. Bungacha yurtimizda oddiy velosiped ham ishlab chiqarilmagan. Shu bois o‘sha paytlarda «bu zavod qurilishi oxiriga yetmaydi, qurilib ishga tushsayam, uzoqqa bormaydi» qabilida bepisand gaplar ham aytildi, yozildi. Ammo...

1996-yil 19-iyul kuni qo‘shma korxonaning rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. Unda Prezidentimiz Islom Karimov ishtirok etdi. Shundan buyon bu zavod barqaror ishlamoqda va izchil rivojlanmoqda. Ichki va tashqi bozorda avtomobillarimizga talab yil sayin ortib bormoqda. O‘sha paytlarda turli fisqu fasod gap tarqatganlar endi ushbu mashinalarda yuribdi. Vijdoni qiynalmasmikan (agar u bor bo‘lsa).

Xalqaro avtomobil bozoridagi keskin raqobat, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida bunday natijalarga erishishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu ishlab chiqarishni muttasil takomillashtirib borish, avtomobillar dizayni va sifatini muntazam yaxshilashni taqozo etadi.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz avtosanoati ana shu talablar asosida izchil taraqqiy etdi. Avtomobilsozlik korxonalari ko‘payib, mahsulotlar turi kengaydi. Bugun dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “GM Uzbekistan”, “Sam Auto”, “JV MAN Auto – Uzbekistan”, “General Motors Powertrain Uzbekistan” singari ko‘plab korxonalarda yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar, maxsus mashinalar, dvigatellar, keng turdagi butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda.

Mamlakatimiz avtomobillari nafaqat mahalliy, balki xorijiy bozorlarda ham o‘z o‘rnini topdi. Zamonaviy dizayni va texnik imkoniyatlari bilan iste’molchilar ishonchini qozondi. Bugungi kunda avtomobillarimiz o‘ndan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi eksport hajmini va geografiyasini yanada kengaytirish yuzasidan doimiy ish olib bormoqda. Xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston avtomobil sanoatining 250 dan ortiq dileri faoliyat ko‘rsatmoqda.

Avtomobil zavodining bunyod etilishi keng ko‘lamli industriyani vujudga keltirdi. Yurtimizning turli hududlarida ushbu sohaga ixtisoslashgan o‘nlab zamonaviy korxonalar paydo bo‘ldi. Ularda oyna va o‘rindiqlar, salonning ichki qoplash qismlari, lak-bo‘yoq materiallari, bamperlar, ovozso‘ndirgichlar va zarbaga qarshi balkalar, yonilg‘i baklari, tashqi yoritish vositalari, jgutlar, elektr o‘tkazgichlar, akkumulyatorlar, g‘ildirak disklari kabi yengil avtomobillarning barcha butlovchi qismlari ishlab chiqarilmoqda.

Mashinalar uchun kuch agregatlari ishlab chiqarayotgan “General Motors Powertrain Uzbekistan” korxonasining tashkil qilinishi avtomobilsozligimiz rivojida yangi davrni boshlab berdi. Bunday noyob va murakkab ishlab chiqarish korxonalari dunyoning sanoqli mamlakatidagina mavjud. Mazkur zavodda 1,5 litr va 1,2 litr sig‘imdagi zamonaviy dvigatellar ishlab chiqarilmoqda.

E’tiborlisi, bularning barchasini mamlakatimiz mutaxassislari amalga oshirmoqda. Avtomobil zavodlarida ishchi va mutaxassislarni tayyorlash, ularning bilim va tajribasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Andijon mashinasozlik instituti, Farg‘ona politexnika instituti, Asaka va Samarqand avtomobilsozlik kollejlari bitiruvchilari tizimdagi korxonalarda muvaffaqiyatli ish yuritmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2009-yil 27-apreldagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti avtomobilsozlik sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimining muhim bo‘g‘iniga aylandi. Ushbu ta’lim muassasasida mashinasozlik texnologiyasi, energetika, arxitektura va qurilish, sanoatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bu yil ushbu oliy o‘quv yurtining ilk bitiruvchilari mamlakatimiz avtomobilsozlik korxonalarida faoliyat boshladi.

Bugungi kunda avtomobilsozlik sanoatida 23 mingdan ortiq yurtdoshimiz mehnat qilmoqda. «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan mamlakatimizdagi ikki yuzdan ziyod korxona bilan kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatimiz avtomobilsozlari zamon talablaridan kelib chiqib, avtomobillarni takomillashtirish, modellari turini ko‘paytirish yuzasidan muntazam ish olib bormoqda. Joriy yilda «GM Uzbekistan» kompaniyasida yana bir yangi avtomobil – «Chevrolet Orlando» oilaviy miniveni ishlab chiqarila boshlandi.

«General Motors»ning eng so‘nggi yutuqlarini o‘zida mujassam etgan ushbu avtomobil ajoyib dizayni va xavfsizlik tizimi, yuksak texnik xususiyatlari bilan ajralib turadi. U 141 ot kuchiga ega, 100 kilometrga o‘rtacha 7,9 litr yonilg‘i sarflaydi. Salonining kengligi va shinamligi, yuk tashish imkoniyati kengaytirilgani iste’molchilarga qulaylik yaratadi.

Avtomobil aholining uzog‘ini yaqin qiladigan, hayot sifatini oshiradigan vositalardan biri. Mustaqillik yillarida xalqimiz turmush darajasi naqadar yuksalganini birgina shu jihat orqali ham anglash, his qilish mumkin.

Ilgari qishloqlarda bitta-ikkita mashina bo‘lar, kimningdir shoshilinch ishi chiqib qolsa, o‘shalarnikiga chopardi. Shaharlar, hatto, Toshkent ko‘chalarida ham avtomobillar kamyob bo‘lardi.

Bugun eng chekka qishloqda ham yukingiz yerda qolmaydi. Har ikki uyning birida mashina. Ba’zi oilalarda ikkitadan avtomobil bor. Istalgan yo‘nalishga taksilar qatnab turibdi. Uyda o‘tirib taksiga buyurtma beraverasiz.

Mamlakatimiz ko‘chalarida avtomobil qatnovi bir zum tinmaydi. Mashinalar ko‘pligidan tirbandliklar yuzaga kelmoqda. To‘xtash joylari yetmay, ko‘pqavatli avtoturarjoylar barpo etilmoqda.

Aholining yurtimizda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar bilan ta’minlanish darajasi tobora o‘smoqda. Agar 2000-yilda har 100 oilaga o‘rtacha 20 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 41,4 taga yetgan. Oilalarning 11 foizdan ortig‘i ikkitadan yengil avtomobilga ega.

Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimiz jadal rivojlanayotgani, xalqimiz farovonligi oshib borayotganidan dalolatdir. Tarixan qisqa davrda, o‘z kuchimiz, o‘z aqlu zakovatimiz bilan shunday ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotganimiz ertangi kunga ishonchimizni mustahkamlaydi. Fidoyi va mehnatkash xalqimiz bor ekan, mamlakatimiz yanada ravnaq topadi, kelajak bugundan-da saodatli bo‘ladi. Chunki biz tanlagan taraqqiyot yo‘li eng to‘g‘ri yo‘l ekanini hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi.



Muallif: O'zA
Marta o`qilgan: 16601