×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
02:09:20 (GMT +5), juma, 29 Маy 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


30 - iyun 2014

Insonparvarlik va bag‘rikenglik izchil amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining bosh maqsadidir

Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, uni fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini ishonchli himoya qila oladigan mustaqil davlat institutiga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar bugun amalda kutilgan samaralarni berayotganiga har birimiz guvoh bo‘lib turibmiz. Buni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijliklar, xalqaro tashkilotlar vakillari ham yakdillik bilan e’tirof etishmoqda. Bunda, shubhasiz, tizimning qonunchilik asoslari yaratilib, izchillik bilan takomillashtirilib borilayotgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

O’tgan yillar davomida jinoyat-protsessual, fuqarolik-protsessual qonunchiligi tubdan isloh qilinib, sud tizimi ijro etuvchi hokimiyat organlari nazorati va ta’siridan chiqarilgani, umumiy yurisdiksiya sudlari ixtisoslashtirilib, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tashkil etilgani misolida ham buni yaqqol ko‘rish mumkin.

Aytish kerakki, bugungi kunda fuqarolar birinchi instansiya sudi qaroridan norozi bo‘lgan hollarda, huquq va manfaatini apellyatsiya hamda kassatsiya instansiyasida, o‘z advokati ishtirokida himoya qilish imkoniga ega bo‘ldi. Joriy etilgan ushbu yangiliklar birinchi instansiya sudlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarni o‘z vaqtida tuzatish va sud faoliyatida sansalorlikka yo‘l qo‘yilishining oldini olishga xizmat qilmoqda. Quyidagi raqamlar ham fikrimizni tasdiqlaydi. Agar 2000 yilda sud xatolarining deyarli yarmi nazorat tartibida tuzatilgan bo‘lsa, 2013 yilda bunday holatlarning 89 foizi apellyatsiya va kassatsiya tartibida bartaraf etilgan.

Iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlari bo‘yicha qamoq va ozodlikdan mahrum etish jazolari o‘rniga jarima shaklidagi iqtisodiy sanksiyani qo‘llash imkoniyati kengaytirilgani ham muhim yutuqlarimizdan, desak, ayni haqiqat. Zero, unga ko‘ra, jinoiy jazo tizimidan insonparvarlik tamoyillariga zid bo‘lgan mol-mulkni musodara qilish ko‘rinishidagi jazo turi chiqarib tashlandi. Shularga mos ravishda Prezidentimizning tashabbusi bilan 2001 yilda qabul qilingan “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun bilan jinoyatlar tasnifi tubdan o‘zgartirildi. Natijada og‘ir va o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlarning qariyb 75 foizi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan hamda uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga yetkazilgan moddiy zarar qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanmasligi haqidagi qoidalar kiritildi va bu insonparvarlik hamda bag‘rikenglik tamoyili amalda kutilgan samarani bermoqda. Birgina misol: ozodlikdan mahrum qilish tariqasida jazo qo‘llanilgan shaxslar soni 2013 yilda 2000 yildagiga nisbatan ikki baravardan ko‘proq qisqardi. Jumladan, jinoiy jazolarni liberallashtirishga oid qonun qabul qilinganidan buyon jinoyat oqibatida yetkazilgan 412 milliard so‘mlikdan ortiq moddiy zararni qoplagan 26 mingdan ziyod shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo qo‘llanildi.

Sud-huquq islohotlari jarayonida xalqimizning tabiati, fe’liga mos keladigan yarashuv instituti amaliyotga joriy qilindiki, bu ham e’tirofga loyiq yutuqlarimizdan hisoblanadi. Muhimi, xalqimizga xos bag‘rikenglik, olijanoblik, yiqilganni suyash yoxud adashganga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish kabi qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan yarashuv instituti amalda o‘z samarasini berayapti. Buni u joriy etilganidan buyon o‘tgan davr ichida 138527 ta ish bo‘yicha 150346 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turi qo‘llanilgani misolida ham ko‘rish mumkin. Bugungi kunda yurtimizda 60 ta jinoyat tarkibi bo‘yicha yarashuv institutini qo‘llash imkoniyati mavjudligi ham islohotlarning yaqqol samarasidir.

Mamlakatimizda 2008 yilning yanvaridan boshlab o‘lim jazosi bekor qilinishi esa nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijliklar tomonidan ham yuqori baholandi.

Ma’lumot uchun aytmoqchimizki, yurtimizda umrbod ozodlikdan mahrum qilish favqulodda jazo chorasi bo‘lib, faqat ikki turdagi jinoyat, ya’ni javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish hamda terrorizm jinoyati uchun tayinlanadi. Ushbu jazo xotin-qizlarga, jinoyat sodir etgan paytda 18 yoshga yetmagan shaxslarga va yoshi 60 dan oshgan erkaklarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Qiyosiy tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi Germaniya va Polshada 5 ta, Belgiya va Rossiyada 6 ta, Daniyada 9 ta, Shvetsiyada 13 ta, Fransiyada 18 ta, Gollandiyada 19 ta jinoyat turi bo‘yicha tayinlanar ekan.

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida sud-huquq islohotlari bilan bog‘liq bir qator g‘oyalar ilgari surilgan bo‘lib, bu borada ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Konsepsiyada qayd etilgan qonun ijodkorligidan kelib chiqib, so‘nggi yillarda bir qator muhim qonunlar qabul qilindi. 2013 yil 4 yanvarda kuchga kirgan “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun shular jumlasidandir. Ushbu Qonun bilan respublikamizda amalda bo‘lgan bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, Jinoyat kodeksi “Tadbirkorlik sub’ektlarining o‘zlariga ko‘rsatilgan xizmatlari, shu jumladan, berilgan kreditlar yuzasidan banklar va boshqa moliya tashkilotlari oldidagi shartnoma majburiyatlarini tadbirkorlik tavakkalchiliklari hamda boshqa tijorat tavakkalchiliklari bilan bog‘liq holda bajarmaganligi banklar va boshqa moliya tashkilotlari xodimlarini jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi” degan tahrirdagi me’yor bilan to‘ldirildi.

Mazkur me’yor, avvalo, tadbirkorlik sub’ektlarining davlat, huquqni muhofaza etuvchi va nazorat qiluvchi idoralar bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkor huquqlari ustuvorligini ta’minlasa, ikkinchidan, tadbirkorni o‘z faoliyatida tavakkalchilik asosida fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy qilib, ko‘zlangan maqsadga erisha olmay, kreditlar yuzasidan bank hamda moliya tashkilotlari oldidagi shartnoma majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, bank va boshqa moliya tashkilotlari xodimlari javobgarlikka tortilishining oldini oladi.

Yana bir muhim yutug‘imiz — sudlanganlik holati instituti tubdan isloh etilgani bo‘ldi. Sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibati bekor qilinganini inobatga olsak, jinoiy javobgarlikka tortilib, tayinlangan jazoni o‘tagan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishi uchun keng imkoniyat yaratilgani o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Sud-huquq islohotlari orqali inson huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi yutuqlarimiz faqat shulardangina iborat emas. Ularning ko‘lami va ahamiyati nihoyatda keng. Shu o‘rinda amnistiya aktini qo‘llash istiqlolning ilk yilidan boshlab yo‘lga qo‘yilgani va muhimi, u har yili amaliyotga izchil tatbiq etib kelinayotganligini mamnuniyat bilan aytish mumkin. Kechagidek yodimizda. Bu borada ham Prezidentimiz tashabbuskor bo‘lgandilar. Aniq aytadigan bo‘lsak, u kishining “...jinoiy nuqtai nazardan olib qaraganda, jazo berish mumkin, qamash mumkin, lekin bu jazo bilan biz nimaga erishamiz? Men mana shu jinoyatchilarning oilalari, bolalariga ko‘p kuyinaman, otasiz yo onasiz bolalarning hayoti, turmushi, tarbiyasi qanday bo‘ladi. Qamalgan odamning bolalari boshini ko‘tarib yurolmaydi, endi voyaga yetayotgan bolalar, ayniqsa, ko‘proq eziladi. Ayollari iztirob chekadi va hokazo”, degan so‘zlari ham ana shundan dalolat berib turibdi.

Aytish kerakki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida o‘z aksini topgan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari, jumladan, inson huquqlarini hurmat qilish tamoyiliga qat’iy amal qilib kelayotgan mustaqil mamlakatimizda har yili muhim sanalar munosabati bilan insonparvarlik, mehr-muruvvat, saxovat, kechirimlilik kabi xalqimiz mentalitetiga xos ezgu fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida e’lon qilinayotgan amnistiya akti bilib-bilmay birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxslarga, avvalo, ayollarga, keksalarga, nogironlarga va voyaga yetmaganlarga, xorijiy mamlakatlarning fuqarolariga nisbatan qo‘llanilib, ozodlikdan mahrum qilishdek og‘ir jazo choralarini qo‘llamaslik, ularni tamomila jazodan ozod etishga qaratilgan jinoiy jazolarni liberallashtirish siyosati yuritib kelinmoqda.

Amnistiya akti davlat rahbari taqdimnomasiga muvofiq, qonun chiqaruvchi organ tomonidan qabul qilinadigan huquqiy hujjat bo‘lib, mazmun jihatidan u davlatning ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etgan muayyan toifa shaxslarga nisbatan jazo choralari qo‘llamagan holda, ularning axloqan tuzalishi uchun imkoniyat yoki jazo choralari qo‘llanilgan shaxslar uchun jiddiy yengillik berishga qaratilgan insonparvarlik siyosatidir.

Binobarin, har yili Konstitutsiyamizning 93-moddasi 23-bandi va 80-moddasining 10-bandi normalari asosida qabul qilinayotgan davlat huquqiy ko‘rinishlaridan biri — amnistiya akti asosida jazodan ozod qilish, mahkumlarni ozodlikka chiqarish va oilasi bag‘riga qaytarish, balki ularning sog‘lig‘i, turmush sharoitlarini yaxshilash hamda ishga joylashtirish kabi chora-tadbirlar ham amalga oshirilmoqdaki, bularning barchasi mamlakatimizda qonunchilik hamda sud hokimiyati tizimida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan izchil demokratik islohotlar olib borilayotganligining yorqin ifodasidir.

Shuni alohida qayd etish joizki, davlatimiz mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan 23 yil mobaynida 24 marta amnistiya akti e’lon qilindi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 1991 yil 31 avgustda e’lon qilingan birinchi amnistiya bag‘ri keng xalqimiz hayotida eng unutilmas voqea bo‘lib qoldi.

Har yili e’lon qilinayotgan amnistiya aktidan ko‘zlangan maqsad — faqat mahkumlarni yoki bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan shaxslarni jazodan ozod qilish emas, balki ular tufayli jabr tortadigan oilani va oila a’zolari, ayniqsa, o‘sib kelayotgan norasida o‘g‘il-qizlarning kelgusi taqdirini hamda ularning kelajagini turli salbiy ta’sir va jiddiy sinovlardan himoya qilishdan iborat.

Shu o‘rinda ushbu insonparvarlik va bag‘rikenglik siyosati hayotda bilib-bilmay jinoiy ishga qo‘l urgan, ayni vaqtda qilmishidan qattiq pushaymon bo‘lgan ko‘plab hamyurtlarimiz taqdirida muhim burilish yasaganini alohida qayd etish joiz. Masalan, 2012 yilda e’lon qilingan amnistiya akti jami 64659 nafar shaxsga nisbatan tatbiq qilingan. Shundan 22193 nafar shaxs jazodan ozod qilingan, 18285 nafar shaxsga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi harakatdan to‘xtatilgan, 24181 nafar mahkumning jazo muddati qisqartirilgan.

Shuningdek, 2013 yilda e’lon qilingan amnistiya akti qariyb 70000 nafar shaxsga nisbatan tatbiq etildi. Shundan 3237 nafar mahkum bevosita jazoni ijro etish joylaridan ozodlikka chiqarildi.

Amnistiya aktini qo‘llashda ayrim hollarda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligini ham hisobga olgan holda, kelgusida bunday kamchiliklarga barham berish, amnistiya akti to‘g‘ri va o‘z vaqtida bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida 2006 yil 22 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan amnistiya aktlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Plenum qarorida amnistiya aktini qo‘llashda, ayniqsa, surishtiruv, tergov organlari va sudlar uchun ahamiyatli bo‘lgan qator masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Bu qarorning birinchi bandida sudlarning asosiy e’tibori amnistiya akti ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etgan muayyan toifadagi shaxslarga nisbatan davlat tomonidan ko‘rsatiladigan insonparvarlik ifodasi bo‘lib, bundan ko‘zlangan maqsad bu shaxslarga nisbatan ma’muriy yoki jinoiy-huquqiy ta’sir choralari qo‘llamagan holda ularning axloqan tuzalishi uchun imkoniyat berish yoxud bunday choralar qo‘llanilgan shaxslar holatini yengillashtirishdan iborat ekaniga qaratildi.

Davlatimiz rahbarining 2005 yil 8 avgustdagi Farmoniga asosan, 2007 yil 11 iyulda qabul qilingan “Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun amnistiya aktini sudga qadar ish yuritish va jinoiy jazolarni ijro etish bosqichida sudlar tomonidan qo‘llash tartibi yangi mexanizmini protsessual jihatdan mustahkamladi. 2008 yil 23 dekabrda kuchga kirgan “Amnistiya aktini qo‘llash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlari himoyasini bosqichma-bosqich sudlarga o‘tkazish jarayonining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi, nafaqat inson huquqlarining ishonchli himoyasi samaradorligini oshirish, balki sud mustaqilligini ta’minlashga, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, burchga bo‘lgan sadoqat va mas’uliyatini mustahkamlashga qaratilgan tizimli dastur bo‘ldi, desak, sira mubolag‘a emas. Unga ko‘ra, Jinoyat-protsessual kodeksining 29-moddasiga kiritilgan qo‘shimcha bilan sudlarga prokurorning amnistiya aktiga asosan, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish yoki jinoyat ishini tugatish yoxud mahkumni jazodan ozod qilish to‘g‘risidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqish vakolati berildi.

Endilikda jinoyat ishini amnistiya akti asosida tugatishning sud tartibi joriy etilishi munosabati bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 372-moddasida ko‘rsatilgan dastlabki tergovni tamomlash turlari qatoriga dastlabki tergov taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish to‘g‘risida qaror chiqarish yoki amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish to‘g‘risida taqdimnoma tayyorlash bilan tamomlash tartibi qo‘shildi. Yana bir muhim jihat, mazkur Qonunga muvofiq, Jinoyat-protsessual kodeksi mutlaqo yangicha tartib-tamoyillarni o‘z ichiga olgan besh moddadan iborat — “Ishni sudga qadar yuritish bosqichida amnistiya aktini qo‘llash” nomli 63-bob bilan to‘ldirildi. Bu bilan tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini surishtiruvchi, tergovchi tomonidan prokurorga yuborish tartibi, amnistiya aktini qo‘llash to‘g‘risidagi ariza, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimosnomani sudga kiritish to‘g‘risidagi masalaning prokuror tomonidan ko‘rib chiqish tartibi, sud majlisi, sud ajrimi kabi protsessual jarayonlarga tegishli bo‘lgan tartib-qoidalar yanada aniqlashtirildi.

Mazkur Qonun bilan amnistiya aktini qo‘llash jinoyat protsessida xolis organ, ya’ni sudlar vakolatiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2010 yil 14 maydagi “Sudlar tomonidan amnistiya aktlarini qo‘llashdagi ayrim masalalar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 22 dekabrda qabul qilingan “Sudlar tomonidan amnistiya aktlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining yangi tartib-tamoyillarga javob bermay qo‘ygan ayrim bandlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ya’ni amnistiya aktini qo‘llash masalasi, jinoyat protsessi bosqichidan qat’i nazar, faqat sud tomonidan hal etiladigan bo‘ldi.

E’lon qilingan barcha amnistiya aktlarining 1-bandiga e’tibor qaratsak, unda ayrim cheklashlarni hisobga olgan holda, eng avvalo, ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshga to‘lgan erkaklar hamda xorijiy davlatlarning fuqarolari jazodan ozod etilishi nazarda tutilgan.

Oilada xotin-qizlarning o‘rnini hech kim bosa olmaydi. Ayollarning ro‘zg‘ordagi vazifalarini, avvalo, ularning saranjom-sarishtaligi, ayniqsa, onalik burchi va oiladagi bosh tarbiyachilik vazifalarini hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Shu bois ham barcha amnistiya aktlarida jinoyat yo‘liga adashib kirib qolgan va o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, to‘g‘ri xulosa chiqargan xotin-qizlarning, birinchi navbatda, o‘z oilasi bag‘riga qaytarilishiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Jinoyat sodir etganda 18 yoshga to‘lmagan yoshlarga nisbatan ham muruvvat ko‘rsatilib, jazodan ozod etilmoqda. Zero, koloniyadagi ishlar nechog‘li yaxshi tashkil etilmasin, baribir u yoshlarni tarbiyalash o‘chog‘i emas. Dunyoqarashi va huquqiy ongi endigina shakllanayotgan bir paytda ularni ozodlikdan mahrum qilish bilan maqsadga erishish qiyin. Yoshlarni, ozodlikdan mahrum etish o‘rniga aniq maqsadga qaratilgan dastur asosida qonunlarga hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, mentalitetimizga zararli bo‘lgan ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan inson qilib tarbiyalash ayni zaruratdir. Bunga, albatta, jazoning og‘irligi va shafqatsizligi bilan emas, balki qonunbuzar yoshlarga jinoyatga jazoning muqarrarligini tushuntirish bilan ham erishish mumkin.

Shuningdek, qilgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, bugun bolalari va nabiralariga to‘g‘rilik va halollik, iymon-e’tiqod, Vatanga va o‘z xalqiga munosib farzand bo‘lish haqida pandu nasihat qiladigan yoshdagi, soch-soqoli oqargan 60 yoshga to‘lgan erkaklarga ham amnistiya aktining birinchi bandida ko‘rsatilgan mehr-muruvvat, kechirimlilik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar tatbiq etilayotgani ayni muddaodir.

Bundan tashqari, har bir amnistiya aktida birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, shuningdek, amnistiya to‘g‘risidagi qaror kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasallikka chalingan deb topilgan shaxslar jazodan ozod qilinishi belgilangan bo‘lib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilayotganidan ko‘pchilikning yaxshi xabari bor. Amnistiya aktining boshqa bandlarida ham bag‘rikenglikning yaqqol ifodasi sifatida ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan mahkumlarning o‘talmay qolgan muddatining ma’lum qismi qisqartirilishi yoki jazodan ozod etilishi belgilab qo‘yilgan.

Amnistiya akti ijrosini va ochiq-oshkoralikni ta’minlash maqsadida joylarda tashkil etilgan komissiyalar faoliyati ham samarali bo‘lmoqda. Sud idoralari, prokuratura, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash organlari hamda boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda jazodan ozod qilingan shaxslar to‘liq hisobga olinib, birinchi va ikkinchi guruh dispanser ro‘yxatidagi sil kasalligiga chalinganlar maxsus davolash muassasalariga, yolg‘iz shaxslar esa nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirilayapti. Voyaga yetmaganlar ota-onalari yoki vasiylik va homiylik organlari nazoratiga topshirilayotir, zarur hollarda ular tegishli ta’lim muassasasiga yuborilmoqda.

Muxtasar aytganda, sud-huquq tizimida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar tufayli fuqarolarning huquq va manfaatlari to‘la ta’minlanmoqda.

Bo‘ritosh MUSTAFOYEV,

O’zbekiston Respublikasi

Oliy sudi raisi.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Marta o`qilgan: 28309