×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
13:34:24 (GMT +5), dushanba, 25 Маy 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


31 - dekabr 2019

Oʻzbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmogʻida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Soʻnggi yillarda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar (keyingi oʻrinlarda – farmatsevtika mahsulotlari) muomalasi tizimini yaxshilash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi, mahalliy farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Shu bilan birga, mahalliy farmatsevtika tarmogʻi aholi va davolash-profilaktika muassasalarining farmatsevtika mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini yetarli darajada qanoatlantirmayapti.

Xususan, farmatsevtika tarmogʻi ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi boʻyicha iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarning shunday tarmogʻidan orqada qolmoqda. Chunonchi, ichki bozorda mahalliy dori vositalarining ulushi qiymatda ifodalaganda 27 foizni va tovar hajmi boʻyicha ifodalaganda 45 foizni tashkil qiladi.

Rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli qoʻllanilayotgan narxni shakllantirishning shaffof va samarali mexanizmlari mavjud emasligi ham dori vositalari narxlari chegaradosh mamlakatlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasida asossiz oʻsishiga olib kelyapti.

Aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish hajmlarini, ilmiy-texnik va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida:

1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2020-yil 1-iyuldan boshlab mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi va unda quyidagilar koʻzda tutiladi:

aholi jon boshiga nisbatan daromadlar darajasi yuqori, oʻrtachadan yuqoriroq va oʻrtachadan pastroq boʻlgan davlatlar guruhiga kiruvchi kamida 10 ta referent mamlakatlarni tanlash;

dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda ayni bir ishlab chiqaruvchining xuddi shunday faol moddaga ega dori vositasining ishlab chiqaruvchi mamlakatda, referent mamlakatlarda va Oʻzbekiston Respublikasida sotish narxlarini roʻyxatdan oʻtish guvohnomasi egasi yoki uning ishonchli vakili tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etilishi;

dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositasining har bir savdo nomi uchun belgilangan eng yuqori narxini qayd etish. Bunda dori vositasini ushbu qiymatdan yuqori narxlarda Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berish (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishi (mahalliy dori vositalari uchun) mumkin emas;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) quyidagilar uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ hisoblanadi:

dori vositasining savdo nomiga referent narx shakllantirish tizimini, shu jumladan, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish organlari va tashkilotlarini hamda jamoatchilikni jalb qilgan holda monitoring va tahlil qilish;

dori vositasining har bir savdo nomi narxlarining undan yuqori narxda Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berilishi (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishiga (mahalliy dori vositalari uchun) yoʻl qoʻyilmaydigan eng yuqori chegarasini qayd etish;

Internet tarmogʻidagi oʻz rasmiy veb-saytida farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, roʻyxatdan oʻtgan va sertifikatlangan farmatsevtika mahsulotlari, shuningdek, dori vositasining savdo nomi uchun cheklangan narxlar va belgilangan cheklangan savdo ustamalarini hisobga olgan holda ulgurji va chakana cheklangan narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettirilgan avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish va yuritish;

v) 2020-yil 1-iyuldan boshlab, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, respublikaning barcha tibbiyot tashkilotlarida majburiy tartibda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi boʻyicha retsept yozilishi joriy qilinadi.

Davlat bojxona qoʻmitasi har oyning 5-sanasiga qadar Agentlik oʻz veb-saytida har oy eʼlon qilib borishi uchun import qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni (import qiluvchi, tovar nomi, hajmi, narxi va boshqalar) Agentlikka taqdim etilishini taʼminlasin.

2. Quyidagilar:

a) 2020-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, unda quyidagilar koʻzda tutilsin:

ilgʻor ilmiy tajriba va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda ishlab chiqariladigan farmatsevtika mahsulotlarining turlarini kengaytirish, shuningdek, innovatsion farmatsevtika mahsulotlarini yaratish va ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, zamonaviy obyektlarni ishga tushirish hamda mavjud obyektlarning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash orqali farmatsevtika sanoatini rivojlantirish;

tashkilotlar va korxonalarning farmatsevtika mahsulotlarini yaratish va ishlab chiqarish boʻyicha xalqaro talablar bilan uygʻunlashtirilgan standartlar meʼyorlariga muvofiqligini taʼminlash orqali mahalliy farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish;

farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun, shu jumladan, xorijiy farmatsevtika korxonalarining investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini jalb etish;

keyinchalik dori vositalari ishlab chiqarish uchun dorivor oʻsimliklar xomashyosi asosida substansiyalar ishlab chiqarishni tashkil etish va mahalliylashtirish;

faoliyat koʻrsatayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash, koʻpaytirish va yangi turdagi dori vositalarini oʻzlashtirish hisobiga, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish orqali farmatsevtika mahsulotlari importini qisqartirish;

mahalliy korxonalarda “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti” (GMP), “Zarur farmnazorat amaliyoti” (GVP), shuningdek, distribyutorlik faoliyatida sifat va xavfsizlik tizimini boshqarish (GDP), klinik oldi (GLP) va klinik tadqiqotlarni oʻtkazishni (GCP) tartibga solishga qaratilgan amaliyotlarni bosqichma-bosqich joriy etish;

narxlarni shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini markirovkalash va kuzatish tizimlarini joriy etish;

zamonaviy xalqaro talablarga muvofiq farmatsevtika mahsulotlarini yaratish, ishlab chiqarish va sifatini nazorat qilish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish orqali milliy regulyator organ salohiyatini mustahkamlash;

ilgʻor xorijiy tajriba asosida respublikaning farmatsevtika tarmogʻi uchun, shu jumladan, dori preparatlarining biotexnologiyasi, dori moddalarining kimyoviy texnologiyasi, tayyor dori vositalari va fitopreparatlar texnologiyasi, farmatsiya iqtisodiyoti va uni boshqarish, farmatsevtik kimyo va mikrobiologiya kabi muhim sohalarda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlash;

taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishni chuqur integratsiyalash orqali ishlab chiqarish, sertifikatlash va standartlashtirish, farmatsevtika mahsulotlarining klinik oldi va klinik tadqiqotlari boʻyicha yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va moslashtirishga qaratilgan fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlar samaradorligini tubdan oshirish;

original dori vositalarini, shuningdek, talab yuqori boʻlgan original dori vositalari negizida generik dori preparatlarini (generiklarni) ishlab chiqishga moʻljallangan zamonaviy oʻquv laboratoriya va ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish;

b) 2020-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish konsepsiyasini 2020-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda – Chora-tadbirlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida koʻzda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadilar.

3. Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturida koʻzda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi qoshidagi Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) mablagʻlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining 2020-yil 1-iyuldan boshlab “farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” institutini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki, “farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” institutini joriy etish doirasida tadbirlarni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan Agentlik bilan birgalikda amalga oshiradi.

5. Quyidagilar “farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” institutining asosiy vazifalari etib belgilansin:

mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar tomonidan retseptlarni yozish va dori vositalarining savdo nomi uchun cheklangan narxlarni shakllantirish jarayonini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish va baholash;

tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarga tashrif buyurish, telefon qoʻngʻiroqlari, elektron pochta yoki mobil ilovalar orqali murojaat qilish, shuningdek, boshqa masofaviy usullar orqali maʼlumot toʻplash va monitoring olib borish;

maʼlumot toʻplash va monitoring qilishga tegishli vakolatli organlar xodimlarini ham, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa shaxslarni (“sirli xaridorlar”) ham jalb etish;

tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar rahbarlari va (yoki) xodimlarini huquqbuzarliklar sodir etish hamda vakolatlarini suiisteʼmol qilishga undovchi usullardan foydalanishini taqiqlash;

qonunchilik talablarini birinchi marta buzgan tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar, shuningdek, ularning rahbarlari va (yoki) xodimlariga qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralarini qoʻllamasdan, tushuntirish ishlarini olib borish, har tomonlama yordam koʻrsatish;

“farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” institutini joriy etish doirasida oʻtkazilgan monitoring natijalari asosida qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish.

6. Agentlik:

a) 2020-yil 1-martga qadar referent narx shakllantirish tizimi doirasida dori vositalari narxlarini qayd etish tartibini va referent mamlakatlar roʻyxatini tasdiqlasin;

b) 2020-yil 1-iyulga qadar Asosiy dori vositalari roʻyxatiga kiritilgan dori vositalarining har bir savdo nomi uchun cheklangan narxlar qayd etilishini taʼminlasin;

v) 2020-yil 31-dekabrga qadar:

dori vositalari davlat reyestriga kiritilgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida tibbiyot amaliyotida foydalanish uchun ruxsat etilgan barcha dori vositalarining har bir savdo nomi uchun cheklangan narxlar qayd etilishini;

farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, roʻyxatdan oʻtgan va sertifikatlangan dori vositalari, shuningdek, dori vositasining savdo nomi uchun qayd etilgan cheklangan narxlar hamda belgilangan cheklangan savdo ustamalarini hisobga olgan holda cheklangan ulgurji va chakana narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan avtomatlashtirilgan axborot tizimi toʻlaqonli ishlashini taʼminlasin;

g) quyidagilarni:

vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar tomonidan Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturining bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borishni, shuningdek, har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarorning bajarilishi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot kiritib borilishini;

har yili 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2020-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha kelgusi yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi loyihasining kiritilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

a) 2020-yil 1-iyulga qadar:

Dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha retseptlarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin. Bunda mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, ushbu talabni buzgan tibbiyot tashkilotlari xodimlariga nisbatan qoʻllaniladigan javobgarlik choralari nazarda tutilsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda “farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” institutini joriy etish doirasidagi tadbirlarni tashkil etish tartibini;

b) 2020-yil 1-iyulga qadar belgilangan tartibda Tibbiy maqsadlarda foydalaniladigan dori vositalarining oʻzaro almashinuvi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishda masʼul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning samarali hamkorligini, ularning amalga oshirilishini monitoring qilish mobaynida aniqlangan kamchiliklar oʻz vaqtida bartaraf etilishini;

b) har yili 31-dekabrga qadar 2020-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha kelgusi yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishini taʼminlasin;

v) 2020-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni loyihasini kiritsin:

dori vositalariga retseptlar yozish boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan talablarni buzganlik, shu jumladan, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar va prekursorlar roʻyxatiga kiritilgan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, dori vositalarini olish huquqini beruvchi retseptlarni yoki boshqa hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun tibbiyot xodimlari va boshqa shaxslarga nisbatan maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni joriy etish;

tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar yoxud moddiy yoki nomoddiy koʻrinishdagi har qanday boshqa ragʻbatlar olishiga taqiq qoʻyish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

10. Sogʻliqni saqlash vazirligi Agentlik va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 30-dekabr



Marta o`qilgan: 1381