×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
09:47:38 (GMT +5), juma, 25 - sentabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


30 - noyabr 2019

Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy sanʼatini rivojlantirish, bu orqali xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy anʼanalarini toʻliq saqlab qolish, band boʻlmagan aholini, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oilalarni hunarmandchilikka keng jalb etish orqali ularning ish bilan bandligini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining respublika hududlarini hunarmandchilik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashtirish va ularga hunarmandchilik mahsulotlarini chet el bozorlarida namoyish etish va sotish uchun koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini biriktirish toʻgʻrisidagi takliflari 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari “Hunarmand” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari murojaatiga asosan oʻziga biriktirilgan hududlardan boshqa hududlarda faoliyat yurituvchi hunarmandlar mahsulotlarini chet elda namoyish etish va sotishda ham har tomonlama amaliy yordam koʻrsatadi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (Neʼmatov) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Qudratov), Savdo-sanoat palatasi (Ikramov), “Hunarmand” uyushmasi (Abdullayev) bilan birgalikda respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali mazkur vakolatxonalar joylashgan va boshqa yirik shaharlarda hunarmandlarga oʻz mahsulotlarini namoyish etish va sotish uchun milliy hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati mahsulotlarini keng targʻib qilish, yangi bozorlarni oʻzlashtirishga koʻmaklashuvchi “savdo uylari” va milliy hunarmandchilik mahsulotlari doʻkonlarini tashkil etish choralarini koʻrsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasining:

“Xalq amaliy sanʼati ustalarining milliy katalogi”ni (keyingi oʻrinlarda – Milliy katalog) joriy etish;

“Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ni (keyingi oʻrinlarda – Reyestr) yuritish;

Xalq amaliy sanʼati ustalarining milliy katalogiga kiritiladigan nomzodlarni tanlash boʻyicha kengashni (keyingi oʻrinlarda – Kengash) tuzish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

4. Belgilansinki:

a) Milliy katalogga quyidagi hunarmandlar Kengash qarori asosida kiritiladi:

nufuzli xalqaro koʻrgazma, koʻrik-tanlov kabi tadbirlarda gʻolib

yoki laureat sifatida eʼtirof etilganlar;

tegishli sohada sanʼat va fan arbobi hamda akademiklarning tavsiyasiga egalar;

“Oʻzbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoniga egalar;

b) Reyestrga Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan “Hunarmand” uyushmasining quyidagi aʼzolari kiritiladi:

turistik marshrutdagi manzil boʻyicha oʻz ustaxonasida yoki ijara asosida faoliyat yurituvchilar;

oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni galereyalar, hunarmandchilik mahsulotlari doʻkonlari, mahalliy va xorijiy savdo uylariga shartnoma asosida namoyish va sotish uchun qoʻyayotganlar;

Milliy katalogga kiritilganlar;

“Hunarmand” uyushmasining Badiiy kengashi tomonidan tavsiya etilganlar.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiyasi va “Hunarmand” uyushmasi:

ikki hafta muddatda “Hunarmand” uyushmasi raisi rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiyasi rahbarlari va masʼul xodimlaridan iborat boʻlgan Kengash tarkibini tasdiqlasin;

bir oy muddatda hunarmandlarni Xalq amaliy sanʼati ustalarining milliy katalogiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasin.

“Hunarmand” uyushmasi 2020-yil 1-yanvardan boshlab Milliy katalogni ochiq va umum foydalaniladigan veb-sayt koʻrinishida ishga tushirish choralarini koʻrsin va doimiy ravishda yangilab borsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:

bir oy muddatda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestrini tuzish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasin;

2020-yil 1-yanvarga qadar Reyestrning shakllantirilishini taʼminlasin;

2020-yil 1-martdan boshlab Reyestrni onlayn tarzda real vaqt rejimida yangilanuvchi ochiq va umum foydalaniladigan veb-sayt koʻrinishida ishga tushirish choralarini koʻrsin va doimiy ravishda yangilab borsin.

7. 2020-yil 1-yanvardan boshlab:

2023-yil 1-yanvarga qadar Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlar uchun kalendar yili davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) sotishdan tushgan tushumi 100 mln soʻmdan oshgan, biroq 1 mlrd soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdori uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yagona soliq toʻlov stavkasi 2 foiz miqdorida toʻlanadi;

hunarmandchilik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha yangidan davlat roʻyxatidan oʻtishda toʻlanadigan davlat boji yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun amalda belgilangan davlat boji miqdorining 50 foizi miqdorida oʻrnatilsin;

Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlarga shogirdlar soni boʻyicha cheklovlar bekor qilinsin;

koʻrgazma zallari, galereyalar, pavilyonlar, bozor va yarmarka rastalarida namoyish qilish va sotish uchun joylar, faoliyatini kengaytirish uchun ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik majmualarida yer uchastkalari ajratilishida Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlar uchun ustuvorlik qoʻllanilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5242-son Farmoni bilan qishloq joylarda roʻyxatdan oʻtgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar oʻz faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga belgilangan yagona ijtimoiy toʻlovning 50 foizini toʻlash tartibi oʻrnatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Mazkur tartib 2020-yil 1-yanvardan boshlab shaharlarda roʻyxatdan oʻtgan va aynan xalq amaliy sanʼati mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga tatbiq etilsin.

Bunda, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼati bilan bogʻliq bilimlar va koʻnikmalar, anʼanaviy asbob-anjomlardan foydalangan holda, asosan qoʻl mehnati usulida yaratilgan va qoida tariqasida milliy naqshlar bilan bezatilgan buyum va asarlar xalq amaliy sanʼati mahsulotlari hisoblanishi belgilab qoʻyilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-oktyabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4498-son qaroriga muvofiq 2020-yil davomida hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi uchun 589,3 mlrd soʻm miqdorida (shundan, 470 mlrd soʻm (50 mln AQSH dollari) Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan) kreditlar ajratilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlarni yuqoridagi qarorning 2-bandi toʻrtinchi xatboshisida belgilangan shartlarda ajratsin.

AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB va “Agrobank” ATB ushbu manbalar hisobidan “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzey va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish, aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshmagan holda 18 oy muddatga, bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravaridan oshmagan miqdorda kreditlar ajratsin.

Bunda “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga tadbirkorlik loyihalariga tijorat banklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshmagan holda ajratiladigan kreditlar foiz stavkalarining toʻrtdan bir qismi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab berilsin.

10. “Hunarmand” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab hunarmandchilikka ixtisoslashgan hududlarda hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati yoʻnalishlari boʻyicha bolalar musiqa va sanʼat maktablari, “Barkamol avlod” bolalar markazlari hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga oʻqitish markazlarida oʻquv kurslarini tashkil etsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi “Hunarmand” uyushmasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-mayga qadar hunarmandchilik yoʻnalishida kasb-hunar taʼlimi muassasalarida kadrlar tayyorlashning namunaviy oʻquv reja va dasturlarini tasdiqlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi ikki oy muddatda hunarmandlarni mahsulot ishlab chiqarish uchun xomashyo (shu jumladan, mis, qora metall, ipak va yogʻoch) bilan taʼminlashning qulay tizimini joriy etish hamda qayta tiklanadigan xomashyo (tutzorlar, qattiq turdagi daraxtlar) bazasini yaratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlarga marketing sohasida doimiy amaliy yordam koʻrsatsin va ularning mahsulotlari elektron tijorat (E-commerce) yoʻnalishida keng qoʻllaniladigan Internet jahon axborot tarmogʻi veb-saytlari orqali sotilishida zarur tashkiliy ishlarni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.

13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ikki oy muddatda yirik savdo majmualari va dehqon bozorlari hududlarida alohida “hunarmandlar rastalari”ni tashkil etsin;

“Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlgan hunarmandlarni doimiy ravishda “hunarmandlar rastalari”ga joylashtirib borsin;

2020-yil yakuniga qadar tashabbuskorlarni jalb qilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2-ilovaga muvofiq tuman va shaharlarida milliy hunarmandchilikning barcha yoʻnalishlarini oʻzida mujassam etadigan zamonaviy “hunarmandlar bozori”ni tashkil etsin;

hunarmandlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Suzuk ota” majmuasi misolida ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik majmualarini tashkil etish choralarini koʻrsin;

2020-yil yakuniga qadar Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda Toshkent shahrida xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazma zallari va galereyalarini tashkil etsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi “Hunarmand” uyushmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “World craft council” xalqaro hunarmandchilik kengashi tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda “Hunarmand” uyushmasining doimiy ishtirokini taʼminlash hamda ushbu xalqaro tashkilot bilan hunarmandchilikni rivojlantirish borasidagi tadbirlar uchun xalqaro tashkilotlarning texnik koʻmagini jalb qilishga qaratilgan aniq tadbirlarni ishlab chiqsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi xalqaro tajribani muntazam oʻrganib borish va umumlashtirish, shu asosda ilgʻor xorijiy tajribalarni Oʻzbekiston Respublikasida joriy etishga qaratilgan ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.

15. “Uzbekistan airways” AJ va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga hunarmandchilik sohasidagi nufuzli xalqaro festival va koʻrgazmalarda qatnashadigan Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlar uchun yoʻl chiptalariga imtiyozlar qoʻllash tavsiya etilsin.

Bunda xorijiy davlatlarda anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan hunarmandchilik sohasidagi nufuzli xalqaro festival va koʻrgazmalarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali xorijiy davlatlarda anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan hunarmandchilik sohasidagi nufuzli xalqaro festival va koʻrgazmalarda hunarmandlar ishtirok etishlari uchun zaruriy tashkiliy koʻmak koʻrsatilishini taʼminlasin.

16. Hunarmandchilik sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

“Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida,

toʻliq va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar rahbarlariga shaxsiy javobgarlik yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning bajarilishi boʻyicha maʼlumotlarni har oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi respublikada hunarmandchilik sohasining rivojlanishini baholash uchun tegishli indikatorlarni Davlat statistika qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda ishlab chiqsin va ularning 2020-yildan boshlab har chorakda ommaviy axborot vositalarida chop etib borilishini taʼminlasin.

17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda:

mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar hamda tuman va shaharlarning hunarmandchilik yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2020-2021 yillarda hunarmandchilikni rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqsin;

ishlab chiqilgan strategiyalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida taqdimot oʻtkazsin va tegishli tartibda tasdiqlasin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Davlat bojxona qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiyasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda anʼanaviy xalq badiiy hunarmandchiligi buyumlari turlarini qayta koʻrib chiqqan holda madaniy boyliklarga taalluqli ashyolar toifasi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

19. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi:

“Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati tarixi hamda bugungi rivojini keng targʻib qilib borish maqsadida “Maʼnaviyat va maʼrifat” telekanalida muntazam namoyish etiladigan hunarmandchilikka oid telekoʻrsatuvlarni tashkil etsin;

Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 28-noyabr



Marta o`qilgan: 2523