×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
10:22:25 (GMT +5), yakshanba, 8 - dekabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi Xorijdagi saylovchilarning elektron ro'yxati O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


9 - noyabr 2019

Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirish, ushbu hududlarda zamonaviy chorvachilik komplekslarini ishga tushirish, yaylov va pichanzorlardan samarali foydalanish hisobiga aholining chorvachilik mahsulotlari, ayniqsa, go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash darajasini yaxshilash hamda daromadini oshirish maqsadida:

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilikni jadal rivojlantirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Komissiyaning (M.T.Yerniyazov) asosiy vazifalari etib belgilansin:

chorvachilikni rivojlantirish borasidagi tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, chorvachilik sohasiga aholini keng jalb qilish, ularning chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan loyiha tashabbuskorlarini, shu jumladan, potensial investorlarni aniqlash va ularning ishini tashkiliy jihatdan ta’minlash;

qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish maqsadida chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va qayta ishlovchilari o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yishga, chorvachilik sohasida ilmiy yondashuvlar va ilg‘or zamonaviy texnologiyalarning keng joriy etilishiga ko‘maklashish;

naslli chorva mollari va texnologiyalarni yetkazib beruvchilar to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plash, loyiha tashabbuskorlarining ular bilan o‘zaro samarali aloqalarini yo‘lga qo‘yishlarida ko‘maklashish;

loyiha tashabbuskorlarining kredit resurslari va yerga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash hamda ularga zarur kredit mablag‘i va yer maydoni ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatish;

chorvachilik sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikda ishlarni tashkil qilish.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarida yirik va mayda shoxli naslli chorva mollarini sanoat usulida, shuningdek, yaylov va pichanzorlarda haydab boqish, chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarish, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun loyiha tashabbuskorlariga:

chorva mollarini sanoat usulida boqish uchun sug‘oriladigan yerlar hamda ularni haydab boqish uchun pichanzor va yaylovlar, shuningdek, chorvachilik komplekslari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, omuxta yem ishlab chiqarish maqsadida bino va inshootlar qurish uchun, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer uchastkasi bo‘lmagan taqdirda, unumdorligi past sug‘oriladigan yer uchastkalari, istisno tariqasida, tanlov va auksion o‘tkazmasdan Komissiyaning tavsiyasiga asosan ajratib beriladi;

ajratiladigan yer uchastkalari hajmi ularning hosildorlik darajasiga va tashkil etiladigan chorva bosh soniga qarab Komissiya tavsiyasiga asosan belgilanadi;

istisno tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi PF–5780-son Farmoniga muvofiq Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan bir vaqtning o‘zida kompensatsiya bilan birgalikda kafillik ham beriladi;

qoramollarning go‘sht yo‘nalishidagi Aberdin-angus, Gereford, Santa-gertruda, Qozoq oqbosh, mayda shoxli mollarning qorako‘l, jaydari, romanov, dorper zotlaridan foydalanish tavsiya etiladi;

b) foydalanishga kiritiladigan yerlarga faqat ozuqa ekinlari joylashtiriladi;

v) tumanlar hokimlari yangidan foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarining faqat ozuqa ekinlari ekish uchun ajratib berilishiga, ozuqa uchun ekinlarning to‘liq ekilishiga va ularning agrotexnikasiga, shuningdek, yetishtiriladigan hosilning chorvachilik xo‘jaliklari va aholiga tizimli yetkazib berilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi;

g) yaylovlar chorvachiligida naslchilik ishlarini tashkil etish nasldorligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lgan, identifikatsiya qilingan va zoti bo‘yicha rayonlashtirilgan naslli buqalarning muzlatilgan urug‘laridan sun’iy urug‘lantirish orqali amalga oshiriladi.

3. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilikni rivojlantirishga oid loyihalarga:

AT Xalq banki tomonidan 2019-2020 yillarda xorijiy moliya institutlari kredit liniyalari hisobidan 75 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar;

Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tomonidan 2020 yilda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida chorvachilik sohasi samaradorligi, daromadi va raqobatbardoshligini ta’minlash, shuningdek, mahsulotlarining xalqaro sifat standartlarini joriy etish maqsadida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasining 50 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 oktyabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4498-son qaroriga muvofiq 2020 yilda vakolatli banklar tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 291,6 milliard so‘m, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 75 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltiriladi.

4. Quyidagilar:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarida:

foydalanilmayotgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bilan bog‘liq chora-tadbirlar 3-ilovaga muvofiq;

sug‘orish kanallarini tozalash hisobiga qo‘shimcha yer maydonlarini o‘zlashtirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar 4-ilovaga muvofiq;

pichanzor va yaylov yerlarida chorva mollarini sug‘orishni tashkil etish uchun yangidan qaziladigan quduqlar soni hamda dislokatsiyasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda quduqlarni qazish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan, qolgan qismi esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy byudjeti daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan moliyalashtiriladi.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilikni rivojlantirish,

shu jumladan, chorva mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, shuningdek, soha mutaxassislari malakasini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlariga ilmiy ishlanmalarni joriy etishda chorvadorlarga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida Qoraqalpog‘iston chorvadorlari uyushmasi tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Qoraqalpog‘iston chorvadorlari uyushmasiga:

tadbirkorlik sub’ektlarini chorvachilik bilan shug‘ullanishga qiziqtirish, ularni chorvachilik sohasida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun o‘qitish, shuningdek, bu jarayonga xorijiy mamlakatlardan malakali mutaxassislarni jalb qilish;

chorvachilik sohasiga oid seminar, anjuman, yarmarka va ko‘rgazmalar tashkil qilish, shuningdek, mahalliy chorvadorlarning xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirokini ta’minlash;

qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish maqsadida chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va qayta ishlovchilari o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish;

xalqaro sifat standartlarini joriy qilish va chorvachilik mahsulotlarini eksport qilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha yaqindan amaliy yordam ko‘rsatsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi chorva mollarini yer osti suvi bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan 2020 yilda qo‘mitaga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun 3 ta quduq burg‘ulash uskunasini xarid qilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda loyiha tashabbuskorlariga ajratilayotgan yer uchastkalarida ularning murojaatiga asosan yer ostidan suv chiqarish uchun sug‘orish tik quduqlari burg‘ulash joylarini aniqlasin hamda ularni xabardor qilsin.

Bunda tik sug‘orish quduqlaridan foydalanish faqat suv o‘lchash asboblarini o‘rnatish va suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash orqali amalga oshiriladi.

8. Sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulash uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mazkur quduqlarni burg‘ulash loyihalariga ekologik ekspertiza xulosasi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi gidrogeologik xulosa berilishini ta’minlasin.

9. Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Nukus filiali qoshida Veterinariya texnikumi tashkil etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Nukus filialini hamda uning qoshida tashkil etilayotgan Veterinariya texnikumini joylashtirish uchun Nukus qurilish kolleji bino-inshootlarining asbob-uskuna va jihozlar bilan birgalikda ajratilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filiali bakalavriatining 2020/21-2022/23 o‘quv yillariga kunduzgi ta’lim shakli uchun davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlariga takliflarni shakllantirishda Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarida kamida 5 yil ishlab berish sharti bilan tegishli ta’lim yo‘nalishlari yuzasidan Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlari bo‘yicha davlat granti asosida alohida maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini nazarda tutsin.

11. 2020 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida qoramollarda uchraydigan teylerioz kasalligining oldini olish bo‘yicha emlash tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.

12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining cho‘l yaylov o‘simliklari urug‘chiligini tashkil qilish uchun Taxtako‘pir tumanida Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “O‘zbekchorvanasl” agentligi tizimidagi Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Taxtako‘pir tumani filialiga qo‘shimcha shtat birliklarini ajratish hamda filialni saqlash uchun zarur mablag‘larni 2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin.

13. Ozuqabop ekinlar navlarining boshlang‘ich urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish maqsadida Taxtako‘pir tumanidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga sug‘oriladigan yerlardan kamida 200 gektar hamda Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markaziga yaylov yerlardan kamida 200 gektar yer maydonlari 6-ilovaga muvofiq ajratib berilsin.

14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi:

a) Komissiya (M.T.Yerniyazov) bilan birgalikda:

2019 yil 1 dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarida yirik va mayda shoxli naslli chorva mollarini sanoat usulida, shuningdek, yaylov va pichanzorlarda haydab boqish, chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarish, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlashga doir loyihalarni amalga oshirish istagida bo‘lgan loyiha tashabbuskorlarini aniqlab, loyihalar ro‘yxatini tasdiqlasin;

2019 yil 10 dekabrga qadar loyihalarni moliyalashtirish, qurilish va ozuqa maydoni uchun yer ajratish, ularni o‘z muddatida ishga tushirish tadbirlarini amalga oshirishni ta’minlashga qaratilgan tarmoq jadvallarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda loyihalar bo‘yicha tarmoq jadvallari ijrosini tizimli ravishda muhokama qilib borsin hamda mavjud muammolarni tezkor hal etish choralarini ko‘rsin;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish hududiy jamg‘armasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining daromadlar oshirib bajarilgan qismi hisobidan chorvachilik yo‘nalishida yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida 2019 yilda 2 milliard so‘m va 2020 yilda 5 milliard so‘m ajratsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bir oy muddatda:

barqaror epizootik holatni saqlash va kasallik chiqqan joyga tezkorlik bilan yetib borishni ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasini Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan tibbiy-veterinariya jihozlari mavjud avtotransport vositasi bilan ta’minlasin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining mavjud shtat birliklari doirasida ikkita veterinar vrach shtatidan iborat mobil guruh tashkil qilsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya

va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2020-2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazsin va mavjud yaylovlarda geobotanik tadqiqot ishlarini olib borsin hamda natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bilan birgalikda zamonaviy chorvachilik komplekslarini qurish, shuningdek, naslli chorva mollari, qishloq xo‘jaligi texnikalari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash uskunalarini sotib olish loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit liniyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etish choralarini ko‘rsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 7-noyabr



Marta o`qilgan: 538