×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
21:55:26 (GMT +5), shanba, 23 - mart 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


10 - yanvar 2019

Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda malakali yuridik kadrlarni tayyorlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga toʻsqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolinmoqda.

Xususan, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy taʼlim va tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmayapti. Uzoq yillar davomida bu masala huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ayrim davlat organlarining ishi sifatida qarab kelinib, bunda oila, mahalla va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki yetarlicha taʼminlanmagan.

Yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uygʻotish ishiga kompleks tarzda yondashilmadi.

Aholining huquqiy bilimlarini oshirishga doir vazifalarning umumiy tusda belgilanganligi hamda ularni amalga oshirishning aniq taʼsirchan mexanizmi mavjud emasligi jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarning samarasiz olib borilayotganligini koʻrsatadi.

Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari oʻrtasidagi muvozanatni saqlash gʻoyalarini aholi ongiga singdirish ishlarining yetarli olib borilmasligi ham qonun ustuvorligini taʼminlashga oʻzining jiddiy salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.

Aholining huquqiy bilimlari yetarli emasligi, shuningdek, davlat organlarining qonunga xilof qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatidan deyarli foydalanmasligi mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishi holatlarining vujudga kelishiga sabab boʻlmoqda.

Bundan tashqari, hozirgi globallashuv, ilmiy-texnik taraqqiyot davrida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishning innovatsion usullaridan, targʻibotning ilgʻor va taʼsirchan vositalaridan, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalaridan yetarli darajada foydalanilmayapti.

Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar bilan uygʻun ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, aholini, ayniqsa, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish boʻyicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirish maqsadida:

1. Quyidagilar jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy vazifalari etib belgilansin:

aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmuni va mohiyatini izchil yetkazish tizimini shakllantirish, fuqarolar ongida “Jamiyatda qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish ‒ demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!” degan hayotiy gʻoyani mustahkamlash;

jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, taʼlim-tarbiyaning tizimli va uzviy ravishda olib borilishiga alohida eʼtibor qaratish, maktabgacha taʼlim tizimidan boshlab, aholining barcha qatlamlariga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni chuqur singdirish, shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari oʻrtasidagi muvozanatni saqlash gʻoyalarini keng targʻib qilish;

yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab oʻrgatish;

aholi oʻrtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish boʻyicha huquqiy-maʼrifiy tadbirlarni xalqimiz tarixi, dini, milliy qadriyatlarini oʻrgatish bilan uygʻun holda tashkil qilish, shuningdek, har bir fuqaroda davlat ramzlari bilan faxrlanish tuygʻularini shakllantirish orqali mamlakatga daxldorlik, vatanparvarlik hissini kuchaytirish;

davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, ularda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining manzilli huquqiy targʻibotni amalga oshirish borasidagi oʻzaro hamkorligini mustahkamlash;

jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga doir tadbirlarni tashkil etishda ijtimoiy sheriklik prinsiplaridan keng va unumli foydalanishni tizimli asosda yoʻlga qoʻyish;

ommaviy axborot vositalarining huquqiy axborot bilan taʼminlashdagi rolini oshirish, huquqiy targʻibotning innovatsion usullaridan keng foydalanish, shu jumladan, veb-texnologiyalarni qoʻllashni kengaytirish;

yuridik taʼlimni takomillashtirish, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;

jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini chuqur tadqiq etish.

2. “Yuksak huquqiy madaniyat – mamlakat taraqqiyoti kafolati” degan konseptual gʻoya asosida aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishlari, yuksak darajadagi huquqiy ongga ega boʻlishlari hamda huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qoʻllay olishlari uchun tizimli va keng qamrovli huquqiy targʻibot tadbirlarini tashkil qilish davlat organlari va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish “shaxs – oila ‒ mahalla ‒ taʼlim muassasasi ‒ tashkilot ‒ jamiyat” prinsipi boʻyicha tizimli va uzviy tashkil etiladi.

4. Quyidagilar:

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda ‒ Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2019-yilda samarali amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda ‒ “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki, vazirlik va idoralar rahbarlari Konsepsiyada nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

ijrochilar va aholini qonunchilikning mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor qilishning sifatini tubdan oshirish, ushbu faoliyatni tashkil qilishda prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

davlat organlari va tashkilotlarning huquqiy axborotdan keng koʻlamda foydalanishini taʼminlash, ularning ushbu sohada fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

davlat organlari va tashkilotlar tomonidan huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha olib borilgan ishlarni oʻrganish, shuningdek, ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash;

aholining turli qatlamlari, shu jumladan, tadbirkorlar va yoshlarning axborotga boʻlgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda huquqiy targʻibotni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

ijrochilar va aholini qonunchilikning mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor qilishning sifatini tubdan yaxshilash maqsadida keng jamoatchilik fikrini oʻrganish, tahlil qilish, ushbu sohada ishlarni yanada takomillashtirish borasida takliflar ishlab chiqish.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining:

Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi hamda qoʻshimcha huquqiy maʼlumotlar (yuridik lugʻat, huquqiy adabiyotlar elektron maydonchasi, qonun hujjatlari loyihalari muhokamasi boʻyicha onlayn forum va boshqalar) yetkazish tizimini oʻz ichiga oladigan Oʻzbekiston Respublikasining milliy huquqiy internet portalini yaratish;

aholiga bepul maslahat berish portalini oʻz ichiga olgan Advice.uz huquqiy axborot tizimini yaratish;

umumtaʼlim maktablari va akademik litseylarda huquqiy bilimlarga doir oʻquv mashgʻulotlari koʻlamini yanada kengaytirish;

aholining kundalik hayotida koʻp uchraydigan huquqiy masalalar yuzasidan savol-javob tarzidagi qoʻllanmalarni tayyorlash va xonadonlarga bepul tarqatish;

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshgan davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga aholining huquqiy savodxonligini oshirishda koʻrsatgan xizmatlari uchun topshiriladigan “Huquqiy targʻibot ishlari aʼlochisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Huquqiy targʻibot ishlari aʼlochisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida Hukumat qarorini qabul qilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targʻibotni amalga oshirish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish, shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha olib borayotgan faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazoratini yoʻlga qoʻyish tavsiya etilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda maktabgacha taʼlim muassasalarida “Bola huquqlari va majburiyatlari” mavzusidagi mashgʻulotlarni malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda koʻrgazmali tarzda tizimli joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda:

2019/2020-oʻquv yilidan boshlab taʼlim muassasalarida oʻquvchi va talabalarning huquqiy bilimlari uzluksiz va tizimli oshirib borilishini taʼminlash mexanizmini joriy etsin, shuningdek, oʻquvchi va talabalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan oʻquv dasturlarini tubdan qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin;

2019-yil 1-martga qadar yoshlarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ayniqsa, ularning ongida korrupsiyaning jamiyat va mamlakat ravnaqi uchun oʻta salbiy illat ekanligini targʻib qilishga qaratilgan oʻquv materiallari tayyorlanishini tashkil qilsin;

yosh avlodning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha taʼlim muassasalarining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishining samarali mexanizmlarini kengaytirish choralarini koʻrsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda taʼlim muassasalarida turli huquqbuzarliklar, qoidabuzarliklar, giyohvandlik va boshqa salbiy hodisalarning oldini olish boʻyicha maxsus dasturlar ishlab chiqilishini va ularning amalga oshirilishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

2019-yil 1-iyulga qadar Advice.uz huquqiy axborot tizimining ishlab chiqilishini va ishga tushirilishini taʼminlasin;

2020-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasining milliy huquqiy internet portali yaratilishini toʻliq yakunlasin;

uch oy muddatda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ixtiyoriy yuridik yordam koʻrsatish (pro bono) tizimini rivojlantirishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

doimiy ravishda eng dolzarb, aholini qiziqtiradigan masalalarni belgilab, aniq dasturlar asosida ular boʻyicha manzilli va predmetli huquqiy targʻibotni amalga oshirsin, huquqiy targʻibotni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish borasida aholi turli qatlamlarining fikrlarini oʻrganib, tahlil qilib borsin;

ikki oy muddatda yoshidan kelib chiqib huquqiy ong va huquqiy madaniyat darajasi boʻyicha aholining huquqiy savodxonligi darajasiga qoʻyiladigan minimal talablarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

bir oy muddatda mahallalarda fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish maqsadida tizimli ravishda amalga oshiriladigan “Huquqiy axborot kuni” loyihasini joriy etsin;

bir oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarda xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan bepul huquqiy maslahat kurslarini tashkil etish dasturlarini ishlab chiqsin;

jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish holati hamda bu sohadagi davlat siyosatini amalga oshirish samaradorligini oʻrganish uchun tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazib borsin;

zarur hollarda, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, xorijiy ekspertlarni Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni samarali amalga oshirishda ishtirok etishga, shuningdek, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bilan bogʻliq dolzarb masalalarni muhokama qilishga va natijasi boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilashga keng jalb qilsin;

Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida hamda sifatli tayyorlanishi, kelishilishi va kiritilishi ustidan monitoring olib borilishini taʼminlasin;

Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish jarayonining samarali muvofiqlashtirilishi va monitoringi, shuningdek, ularning ijrosi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga doimiy ravishda axborot berib borsin;

ikki oy muddatda Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha tadbirlarni monitoring qilish va baholashning koʻrsatkichlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Adliya vazirligi bir oy muddatda huquqiy mavzularni tizimli va tahliliy yoritib borish hamda aholini qonunga hurmat ruhida tarbiyalashga doir telekoʻrsatuvlar koʻlamini kengaytirish choralarini koʻrsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida amaliy ilmiy-texnik loyihalar va innovatsion ishlanmalar tanlovida jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning tashkiliy-huquqiy, pedagogik-psixologik jihatlarini ilmiy-amaliy tadqiq etishga oid mavzularni muntazam eʼlon qilib borsin.

15. Belgilansinki, davlat boshqaruvi organlari jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni targʻib qilish bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda nodavlat notijorat tashkilotlariga byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmasini berishi mumkin.

16. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari mazkur Farmondan kelib chiqadigan huquqiy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan mablagʻlarni oʻzlarining xarajatlar smetasida nazarda tutib borsin.

17. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi:

ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini taʼminlash borasidagi rolini oshirish, bu borada ularning davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan aloqasini kuchaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin;

Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmuni va mohiyatini hamda uning amalga oshirilishi boʻyicha keng tushuntirish ishlarini ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi orqali yoritilishini taʼminlasin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil-9 yanvar



Marta o`qilgan: 602