×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
13:50:28 (GMT +5), chorshanba, 14 - noyabr 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


8 - noyabr 2018

Davlat tibbiyot muassasalari va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda aholiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan oshirishga, sogʻliqni saqlash davlat tizimining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga, tibbiyot muassasalarining resurslar salohiyatini yaxshilashga qaratilgan sogʻliqni saqlashni isloh qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sogʻliqni saqlashning milliy tizimini jadal rivojlantirish ishlarini tizimli va sifatli tashkil etish uchun umumiy amaliyot vrachlarining, patronaj tibbiyot hamshiralarining, qishloq vrachlik punktlari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining lavozim maoshlari oshirildi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida mehnatni ragʻbatlantirishning bozor usullari belgilandi.

Tibbiyot xodimlari mehnatini baholashning hamda ular oladigan ish haqi va mukofotning bajariladigan ishning murakkabligi va koʻrsatiladigan tibbiy xizmat sifatiga aniq va bevosita bogʻliqligini taʼminlashning ilgʻor mexanizmlari joriy etildi.

Shu bilan birga, mamlakat sogʻliqni saqlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish zarur boʻlgan sharoitda tibbiyot sohasini boshqarishning innovatsion modelini joriy etish, tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni davom ettirish, ularning kasbiy darajasini oshirish uchun munosib shart-sharoitlar va ragʻbatlantiruvchi omillar yaratish masalalari davlatning diqqat markazida turibdi.

Davlat tibbiyot muassasalari va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, yuksak professional kadrlar salohiyatini shakllantirish maqsadida:

1. Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq toʻlash miqdorlari 2018-yil 1-dekabrdan 1,2 baravar va 2019-yil 1-apreldan 1,15 baravar bosqichma-bosqich oshirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda xalqaro tajribani oʻrganish asosida 2019-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish boʻyicha quyidagilarga yoʻnaltirilgan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining lavozimiga va malakasiga, koʻrsatiladigan tibbiy yordamning murakkablik va javobgarlik darajasi, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalari ixtisosligiga qarab bazaviy lavozim maoshlarini joriy etish;

tibbiyot xodimlari faoliyatini va mehnati unumdorligini baholashning zamonaviy usullarini, shu jumladan, davolangan bemorlar elektron statistikasini bosqichma-bosqich tatbiq etish va bemorlar oʻrtasida onlayn soʻrovlar oʻtkazish orqali joriy etish;

tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning amaldagi tartibini tubdan qayta koʻrib chiqish, ular bajaradigan ishlar sifati, erishiladigan natijalar va koʻrsatilgan tibbiy xizmatlarga jamoatchilik tomonidan berilgan baholarga qarab ularga haq toʻlanishini taʼminlash;

tibbiyot muassasalari rahbarlariga alohida oʻrnak koʻrsatgan vrachlarga Tibbiyot tashkilotlarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha boʻlgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash huquqini berish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga toʻlanadigan haq miqdori oshirilishi munosabati bilan davlat tibbiyot muassasalarining qoʻshimcha xarajatlari moliyalashtirilishini, 2019-yilda va keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda byudjetdan ajratiladigan zarur mablagʻlar nazarda tutilishini;

2020-yildan boshlab Tibbiyot tashkilotlarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish uchun ajratiladigan mablagʻlar hajmlari bosqichma-bosqich oshirilishini taʼminlasin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Rivojlantirish va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

5. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

a) quyidagi miqdorlarda ajratiladigan ajratmalar:

davlat tibbiyot muassasalari tomonidan pullik asosda koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar, shu jumladan, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari xizmatlari uchun tushumlar miqdorining 2 foizi;

oliy tibbiyot taʼlim muassasalari hisobvaraqlarida jamlanadigan pullik oʻqish kontraktlari boʻyicha tushumlar miqdorining 5 foizi;

oliy tibbiyot taʼlim muassasalari hisobvaraqlarida jamlanadigan oʻqish kontraktlarining oshirilgan stavkasi boʻyicha tushumlar miqdorining 10 foizi;

farmatsevtika va tibbiyot faoliyati bilan shugʻullanish, shu jumladan, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlarini chakana realizatsiya qilish huquqiga litsenziyalar olish uchun talabgorlar tomonidan toʻlanadigan davlat bojlari tizimidagi tushumlar miqdorining 20 foizi;

b) Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

v) jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari;

g) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlaridan:

sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini mukofotlar, moddiy yordam, qoʻshimcha haqlar, ustamalar va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarning boshqa turlari koʻrinishida moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini moliyalashtirish, shuningdek, ularga sanatoriya-kurort va tibbiy xizmat koʻrsatilishiga haq toʻlash;

uy-joy bilan taʼminlashni yaxshilashga sarflanadigan xarajatlarni, shu jumladan, sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlari va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlarning tibbiyot xodimlari uchun uy-joylar qurishni tashkil etish orqali moliyalashtirish;

sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini oʻqitish, ularning malakasini oshirish va amaliyot oʻtkazishini, shu jumladan, ularning xorijiy mamlakatlarga tashriflari, Oʻzbekiston hududidan tashqarida oʻtkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishi, xizmat safariga yuborilishini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;

sogʻliqni saqlashni boshqarish organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, dasturiy mahsulotlar xarid qilish va axborot-kommunikatsiya tarmoqlarini taʼminlab turish;

xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish;

oliy tibbiyot taʼlim muassasalarining iqtidorli talabalariga maxsus stipendiyalar toʻlashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish;

sogʻliqni saqlashni boshqarish organlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan boshqa tadbirlar uchun foydalaniladi.

7. Jamgʻarmaning daromadlari, shu jumladan, vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklariga joylashtirishdan foizlar tarzida olingan daromadlar soliqlarning barcha turlaridan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga boshqa majburiy toʻlovlardan 2021-yil 1-noyabrgacha ozod qilinsin.

8. Quyidagilarning:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimovning – tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimining tubdan qayta koʻrib chiqilishi boʻyicha takliflarni tayyorlashda masʼul vazirliklar va idoralar ishining amalda muvofiqlashtirilishi uchun;

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K.Shodmonovning – Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi, shuningdek,ushbu qarorga muvofiq sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarining ijtimoiy himoyalanganligini kuchaytirish va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini takomillashtirish uchun shaxsan masʼul ekanligi koʻrsatib oʻtilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Rivojlantirish va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilangan tartibda tasdiqlasin, shu jumladan, Jamgʻarma mablagʻlarini sarflashning aniq va shaffof tartibini, uning daromadlari va xarajatlari boʻyicha hisobot berish masalalarini nazarda tutsin;

tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan tibbiyot muassasalarida vrachlikdan boshqa faoliyatni bajarayotgan oliy maʼlumotli mutaxassislar lavozimlari nomenklaturasini qayta koʻrib chiqsin;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.A.Abduhakimov va J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2018-yil 7-noyabr



Marta o`qilgan: 210