×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
13:50:56 (GMT +5), chorshanba, 14 - noyabr 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


7 - noyabr 2018

Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikada baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirish, baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning zamonaviy va innovatsion uslublarini joriy etgan holda hajmlarini oshirish, sohani tartibga solish boʻyicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, ularning ijrosini sifatli va puxta taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, intensiv usulda baliq yetishtirish boʻyicha ishlarga yetarli darajada eʼtibor qaratilmayapti, hududlarda baliqchilik tarmogʻini rivojlantirishda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish, baliqchilik xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar yetarli darajada emas.

Baliqchilik xoʻjaliklariga biriktirilgan suv havza maydonlaridan ilmiy yondashuv asosida samarali foydalanish, ularning meliorativ holatini yaxshilash, shuningdek, resurs tejamkor texnologiyalar va innovatsiyalarni keng koʻlamda joriy qilish ishlariga yetarlicha eʼtibor berilmayapti.

Sunʼiy suv havzalari hosildorligini oshirish uchun baliqchilik xoʻjaliklarining mineral oʻgʻitlarga boʻlgan talabi toʻliq qondirilmayapti. Shuningdek, mineral oʻgʻitni boshqa muqobil oʻgʻitlar bilan almashtirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish yoʻlga qoʻyilmagan.

Baliqni intensiv usulda yetishtirish, ovlash va qayta ishlash uchun zarur asbob-uskuna, anjom va mexanizmlarni mahalliy ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan. Buning oqibatida koʻplab tadbirkorlar vaqt va mablagʻini ortiqcha sarflab, ularni chet eldan xarid qilmoqda.

Baliqchilik sohasiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni kiritish ishlari lozim darajada tashkil etilmagan, bu borada xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan samarali, oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilmagan.

Respublikada intensiv usulda baliq yetishtirishni bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish va ragʻbatlantirish, mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, sohaga innovatsion gʻoyalar, ilmiy ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini keng koʻlamda joriy qilish, baliqchilik tarmogʻini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining uzluksiz suv taʼminlash imkoniyati boʻlgan sunʼiy suv havza maydonlari mavjud boʻlgan baliqchilik xoʻjaliklarini bosqichma-bosqich intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2019-yilda respublikada:

baliq yetishtirish va ovlash prognoz parametrlari 1 va 1a-ilovalarga muvofiq;

baliq yetishtirish inshootlari va qurilmalarini barpo etishning prognoz parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

baliqchilik xoʻjaliklariga omixta yem va mineral oʻgʻit (ammofos) yetkazib berishning prognoz parametrlari 3-ilovaga muvofiq;

reproduktor hovuzlarni tashkil etish, baliq chavoqlari yetishtirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash quvvatlarini ishga tushirishning prognoz parametrlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi va “Ipoteka bank” ATIB bilan birgalikda ushbu qarorga asosan oʻrnatilgan prognoz parametrlarining ijrosini taʼminlash yuzasidan tumanlar va baliqchilik xoʻjaliklari kesimida manzilli chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqib tasdiqlasin, ularning samarali va toʻliq ijrosi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan ekvivalenti 50 million AQSH dollari miqdorida “Ipoteka bank” ATIBning ustav kapitalidagi davlat ulushi oshirilsin.

Belgilansinki, “Ipoteka bank” ATIB ustav kapitaliga yoʻnaltiriladigan Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-yanvardagi PQ-2718-son “Oziq-ovqat, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan ochilgan kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan ajratiladi.

Jamgʻarma uch oy muddatda ushbu bandda koʻrsatilgan mablagʻlarni “Ipoteka bank” ATIB ustav kapitaliga oʻtkazib berilishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi oʻrnatilgan tartibda “Ipoteka bank” ATIB tomonidan chiqariladigan aksiyalarni roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

“Ipoteka bank” ATIB ustav kapitaliga kiritilayotgan ekvivalenti 50 million AQSH dollari miqdoridagi Jamgʻarmaning valyuta mablagʻlaridan zarurat boʻlganda baliqchilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi;

tadbirkorlik subyektlariga ushbu bandda nazarda tutilgan mablagʻlar evaziga kreditlar tijorat foiz stavkasi boʻyicha uning 50 foizini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilgan holda beriladi;

“Ipoteka bank” ATIB keyingi 5 yil davomida belgilangan tartibda Jamgʻarmaning ulushini har yilgi sof foyda hisobidan aksiyalarning bozor qiymatida, lekin nominal qiymatidan past boʻlmagan qiymatda sotib oladi.

“Ipoteka bank” ATIB baliqchilik sohasini rivojlantirishni moliyalashtirish uchun taqdim etilgan loyihalarni chuqur tahlillar asosida rentabellik, samaradorlik va pul oqimlarining kredit hamda ular boʻyicha foizlarni oʻz vaqtida qaytarishni taʼminlaydigan loyihalarning kreditlanishini amalga oshiradi.

5. Baliqchilik loyihalari hajmi va uni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan valyuta turidan qatʼi nazar, tijorat banklari tomonidan 2019-2020 yillarda ajratilayotgan kredit foizi uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya berishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:

aylanma mablagʻlarni toʻldirishga (baliq chavoqlari, omixta yem, mineral oʻgʻit va boshqalar) tijorat banki tomonidan oʻrnatilgan kredit stavkasining 25 foizi miqdorida;

naslli ona baliq va baliq uvildirigʻi, yopiq suv aylanma tizimi, qafas (sadok) qurilmalarida va boshqa intensiv usullarda baliq yetishtirishni tashkil etish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlari va reproduktorlarni tashkil etish, hovuzlar qurish va qayta taʼmirlash, maxsus texnika va boshqa asosiy vositalarni xarid qilish hamda barpo etish uchun tijorat banki tomonidan oʻrnatilgan kredit stavkasining 50 foizi miqdorida.

Tijorat banklari baliqchilik loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar mablagʻlarini jalb etish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlarni koʻrsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili 15 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablagʻlarni 2019-2020-yillar davomida tegishli yilning 1 fevraliga qadar baliqchilik loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga oʻtkazib bersin.

7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, “Ipoteka bank” ATIB, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining baliqchilik sohasida toʻliq tizimli (inkubatsiya sexi, chavoq va tovar baliq yetishtirish, yuqori oqsilga boy baliq yemi, qayta ishlash va saqlash) ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan baliqchilik klasterlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Belgilansinki, tashkil etilayotgan baliqchilik klasterlarining yillik baliq yetishtirish quvvati kamida 50 tonna boʻlgan taqdirda ular 2019-yil 1-yanvardan boshlab dastlabki uch yil davomida barcha soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalardan ozod etiladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, “Ipoteka bank” ATIB, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2019-yil 1-fevralga qadar muddatda salohiyatli tadbirkorlik subyektlarini, moliyalashtirish manbalari hamda yer maydonlarini aniqlab, 2019-2021-yillarda baliqchilik klasterlarini tashkil etishning manzilli dasturi loyihasini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. “Oʻzeltexsanoat” AK Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda baliqni intensiv usulda yetishtirish, ovlash va qayta ishlash uchun zarur boʻladigan asbob-uskuna, jihoz va mexanizmlar ishlab chiqarishni 2019-yil yakuniga qadar mahalliylashtirish choralarini koʻrsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi respublikada baliqni intensiv usulda yetishtirish, ovlash va qayta ishlash uchun zarur boʻladigan asbob-uskuna, jihoz va mexanizmlarni ishlab chiqish maqsadida “Oʻzeltexsanoat” AK tomonidan taqdim etilgan loyiha hujjatlariga asosan xorijiy investorlarni jalb etsin.

9. 2021-yil 1-noyabrga qadar muddatda:

naslli ona baliq, baliq uvildirigʻi, shuningdek, respublikada ishlab chiqarilmaydigan inkubatsiya, laboratoriya, intensiv usulda baliq yetishtirish, baliq ovlash, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, muzlatish va saqlash uchun zarur boʻladigan asbob-uskuna, anjom, mexanizmlar va ularning ehtiyot qismlari, muqobil energiya taʼminoti uskunalari, melioratsiya ishlari uchun maxsus texnikalar va tirik baliq tashuvchi transport vositalari;

chet el tashkilotlari va ularning shoʻba korxonalari, firma doʻkonlari, dilerlik tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlari tomonidan baliqchilik xoʻjaliklari ehtiyoji uchun chetdan keltiriladigan omixta yem va mineral oʻgʻit (ammofos) bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etiladi.

10. “Oʻzkimyosanoat” AJ baliqchiliq xoʻjaliklariga talab qilinadigan 30,7 ming tonna mineral oʻgʻit (ammofos)ning 2019-yil davomida ishlab chiqarilishi va birja savdolariga qoʻyib borilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi 2019-yil 1-aprelga qadar muddatda prognozlashtirilgan suv miqdoridan kelib chiqib, oʻrnatilgan tartibda faoliyat yuritayotgan baliqchilik xoʻjaliklari bilan suvdan foydalanish boʻyicha shartnoma tuzilishini va baliqchilik xoʻjaliklari uchun belgilangan suv miqdorining kafolatli yetkazib berilishini taʼminlasin.

Suv tanqisligi sharoitida baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan sunʼiy suv havzalariga boshqa manbalardan qoʻshimcha suv olib kelish choralari koʻriladi hamda mazkur ishlar baliqchilik xoʻjaliklarining oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

12. Belgilab qoʻyilsinki, yangidan tashkil etiladigan sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtirish loyihalariga yer uchastkalari:

faqatgina intensiv usul va resurs tejamkor texnologiyalar qoʻllanganda;

suv bilan kafolatli taʼminlash va yerlarning meliorativ holatiga salbiy taʼsiri yoʻqligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining xulosasi asosida ajratiladi.

13. Baliqchilik xoʻjaliklarining sunʼiy suv havza maydonlari va ichki kanal, kollektor va drenajlardagi melioratsiya va chuqurlashtirish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Belgilansinki:

baliqchilik xoʻjaliklari sunʼiy suv havza maydonlarida ichki kanal, melioratsiya va chuqurlashtirish boʻyicha bajariladigan ishlar baliqchilik xoʻjaliklarining oʻz mablagʻlari;

barcha kollektor va drenajlarda melioratsiya boʻyicha bajariladigan ishlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:

“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda baliqchilik sohasida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish maqsadida uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻysin, baliqchilik sohasida mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda baliqchilik sohasi rivojlangan xorijiy davlatlarning ilgʻor va zamonaviy texnologiyalari asosida sunʼiy suv havza maydonlarida intensiv usulda baliq yetishtirishni tashkil etish boʻyicha uslubiy tavsiyalar va namunaviy loyihalar ishlab chiqilib joylarga yetkazilishini;

“Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtirish hosildorligini oshirish uchun sarflanadigan mineral oʻgʻitni (ammofos) boshqa muqobil oʻgʻit bilan almashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish, ular haqida baliqchilik xoʻjaliklariga tushuntirish ishlarini tashkillashtirsin.

15. “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining ilm-fan sohasini rivojlantirish, innovatsion gʻoyalar, ilmiy ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish maqsadida 2019-yilda uyushmaning Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 1 milliard soʻm yoʻnaltirsin.

16. “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining ilm-fan va innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda yangi turdagi baliqlarni mahalliylashtirish masalalari boʻyicha rais oʻrinbosari lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda innovatsion gʻoyalar, ilmiy ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini baliq yetishtirish va uni qayta ishlash tarmogʻiga yoʻnaltirish samaradorligini oshirish maqsadida yangidan joriy etilgan lavozimga chet ellik mutaxassisni jalb qilish choralarini koʻrsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi fundamental, amaliy hamda innovatsion tadqiqotlar davlat ilmiy-texnik dasturlarini shakllantirishda baliqchilik tashkilotlari suv havza yer uchastkalaridan samarali foydalanish boʻyicha innovatsion ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar ishlab chiqilishini nazarda tutuvchi ilmiy loyihalar kiritilishini taʼminlasin.

18. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3680-son qarori 3-bandining ikkinchi xatboshisi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining aʼzolari boʻlgan baliqchilik fermer xoʻjaliklariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda baliqchiliq xoʻjaliklariga sunʼiy suv havza maydonlarida yetishtirilgan baliq hosildorligidan kelib chiqib, shuningdek, bu sohadagi ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda tabaqalashtirilgan yagona yer soligʻi stavkalarini qoʻllash boʻyicha taklif kiritsin.

20. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda:

dehqon bozorlari va aholi gavjum boʻlgan hududlarda baliq sotishni tashkil etish uchun akvariumlar oʻrnatilishi va ixtisoslashgan savdo nuqtalari tashkil etilishi boʻyicha manzilli dasturlarni tasdiqlasin;

baliqchilik sohasiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida investitsiya loyihalarining roʻyxatini puxta ishlab chiqib, xorijiy hamkorlarni jalb etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va “Ipoteka bank” ATIBga taqdim etsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, boshqa vazirlik va idoralar “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasiga mazkur qaror va boshqa qonun hujjatlari bilan yuklatilgan vazifalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi uchun har tomonlama amaliy yordam koʻrsatsin.

22. Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida intensiv usulda baliq yetishtirishni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish boʻyicha komissiya tashkil qilinsin va uning tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Komissiya (S.R.Xolmurodov) uch oy muddatda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida tabiiy faunani muhofaza qilish, baliqlarning yangi turlarini yetishtirish, baliqchilik klasterlarini tashkil etish, ruxsatsiz baliq tutishga qarshi kurashishning samarali mexanizmini joriy etish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shu jumladan, “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi direksiyasi” DUKning boshqaruv samaradorligini tanqidiy oʻrganib chiqish, koʻllar tizimini ishonchli boshqaruvga berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

23. Mamlakatda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar, xorijiy turistlar, turli mamlakatlarning baliqchilik sohasi vakillari, ekspert va mutaxassislarni keng jalb qilgan holda 2019-yildan boshlab har yili noyabr oyida baliqchilikka oid koʻrgazma oʻtkazish amaliyoti joriy qilinsin.

24. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R.Xolmurodovga – hududlarning baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun salohiyatli investorlarni izlash, baliqchilik sohasiga investitsiyalarni jalb qilish, jalb qilinayotgan mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishini taʼminlash, shuningdek, Komissiyaning samarali faoliyatini tashkil etish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlariga – qaror bilan tasdiqlangan prognoz parametrlarining ijrosini taʼminlash yuzasidan tumanlar va baliqchilik xoʻjaliklari kesimida manzilli chora-tadbirlar dasturlarini oʻz vaqtida ishlab chiqib, tasdiqlash va ularning ijrosi ustidan doimiy nazorat olib borish;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorovga – mazkur qarorda belgilangan byudjetdan moliyalashtirish tadbirlari uchun mablagʻlarning oʻz vaqtida va toʻliq ajratilishi;

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri B.T.Yusupovga – mazkur qaror bilan tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlar ijrosi ustidan xoʻjaliklar kesimida monitoring tizimi oʻrnatilishi va ularning hisoboti yuritilishi, baliqchilik klasterlarining faoliyati tashkil etilishi hamda ularga har tomonlama yordam koʻrsatilishi;

Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R.Xamrayevga – baliqchilik xoʻjaliklari bilan suvdan foydalanish boʻyicha shartnoma tuzilishi va ularga belgilangan suv miqdori kafolatli yetkazib berilishi;

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T.Kuchkarovga – tabiiy suv havzalarini baliqlantirish ishlari, baliq resurslari muhofaza qilinishi va ulardan oqilona foydalanilishi hamda baliq ovlash qoidalariga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish;

“Oʻzkimyosanoat” AJ raisi A.A.Abdullayevga – mineral oʻgʻit (ammofos)ning vegetativ mavsumda belgilangan miqdorda birja savdolariga chiqarilishi;

“Oʻzeltexsanoat” AK raisi A.A.Abdullayevga – baliqni intensiv usulda yetishtirish, ovlash va qayta ishlash uchun anjom, asbob-uskuna va mexanizmlarning respublikada ishlab chiqarilishini tashkil etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

25. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda baliqchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borish tavsiya etilsin.

26. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-maydagi “Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2939-son qaroriga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartishlar kiritilsin.

27. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar boʻyicha takliflar kiritsin:

tegishli ruxsati boʻlmay turib yoki taqiqlangan joylarda yoxud taqiqlangan muddatlarda, taqiqlangan qurollar yoki usullar bilan baliq tutganlik, shuningdek, baliq tutishning boshqa qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida.

28. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 6-noyabr



Marta o`qilgan: 202