×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
08:33:54 (GMT +5), dushanba, 17 - dekabr 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


22 - iyun 2018

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Xalqaro munosabatlar sohasida diplomatik, boshqaruv kadrlarini va mutaxassislarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash, ular malakasini oshirish tizimining samaradorligini tubdan oshirish, mamlakatning tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyatini ilmiy-metodologik va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5400-son Farmoni ijrosi yuzasidan:

1. Belgilab qo‘yilsinki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (keyingi o‘rinlarda Universitet deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimiga kiradi hamda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasi oshirishni, yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini ta’minlaydigan asosiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi:

xalqaro iqtisodiyot va menejment;

xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar;

xalqaro ommaviy va xususiy huquq;

gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati.

2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

ilg‘or xorijiy tajribadan, shu jumladan, zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar va ilmiy ishlanmalardan foydalanish, mamlakatdagi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini samarali muvofiqlashtirish asosida respublika tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati sohasida xalqaro mutaxassislarni tayyorlashning yuqori sifatini ta’minlash;

talabalarning mustaqil tayyorgarlik ko‘rishini chuqurlashtirishni, ularda tahliliy fikrlashni, mustahkam kasbiy ko‘nikmalarni, yuksak ma’naviy-axloqiy va vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish hamda rivojlantirishni ta’minlaydigan o‘quv rejalari va dasturlarining amaliy mazmunini kuchaytirish;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa sohaviy vazirlik va idoralarning doimiy yangilanib turadigan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida xalqaro sohadagi kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;

xalqaro munosabatlar, xorijlik sheriklar bilan hamkorlik, mamlakatimizning tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati rivojlanishining prognoz baholarini va istiqbollarini ishlab chiqishga qaratilgan fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar samaradorligini tubdan oshirish;

xalqaro munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;

xorijiy mamlakatlarning rasmiy tadbirlari va delegatsiyalariga yuksak darajada hamrohlik qilishni ta’minlashga safarbar etilgan yuqori malakali professional tarjimonlar hamda gidlarni o‘qitishning zamonaviy uslublari va vositalaridan foydalangan holda tashkil etish;

Universitetning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda

mustahkamlash, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish.

3. Universitetning Boshqaruv instituti va Diplomatik kurslari tugatilsin hamda ularning negizida Universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Oliy diplomatiya maktabi (keyingi o‘rinlarda – Oliy maktab) tashkil etilsin.

Quyidagilar Oliy maktabning asosiy vazifalari etib belgilansin:

shartnoma asosida qisqa yoki uzoq muddatli o‘quv kurslarini o‘tkazish orqali Tashqi ishlar va Tashqi savdo vazirliklari xodimlarini, tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatga jalb etilgan boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari hamda nodavlat tashkilotlar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

respublikaning tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirishga jalb etilgan xodimlar xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro huquq va huquqiy siyosat, jahon tarixi va madaniyati, shu jumladan, tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar tarixi va madaniyati sohasida chuqur va har tomonlama bilimlarga, muzokaralar yuritish, har qanday sharoitda puxta o‘ylangan va pragmatik qarorlar qabul qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi, davlat va chet tillarini yuksak darajada egallashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

Universitetning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-pedagogik kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha doimiy amal qiladigan kurslarni tashkil etish.

Oliy maktab Universitetning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida biznes-ma’muriyatchiligi yillik dasturlari (MVA) doirasida magistrlar tayyorlashni amalga oshirishi belgilab qo‘yilsin.

4. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining yangilangan tashkiliy tuzilmasi hamda Universitet huzuridagi Oliy diplomatiya maktabining tashkiliy tuzilmasi 1- va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Universitet rektoriga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri bilan kelishgan holda Universitet va Oliy maktabning tashkiliy tuzilmalariga xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

5. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab quyidagilar belgilansin:

Universitetning bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olish muddati to‘rt yilni tashkil etadi, shu o‘rinda avval o‘qishga qabul qilingan talabalar amaldagi tartib asosida o‘qishni yakunlaydi va diplom oladi;

Universitetning barcha bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga qabul chet tili, matematika/tarix, ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha davlat test sinovlari yakunlari asosida amalga oshiriladi;

abituriyentlar uchun dastlabki imtihondan o‘tish tartibi joriy etiladi, uning yakunlari bo‘yicha abituriyentlarni davlat test sinovlarini topshiruvchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi;

Universitetning magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olish muddati ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim oluvchilar uchun bir yilni, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim oluvchilar uchun ikki yilni tashkil etadi;

magistraturaga qabul belgilangan tartibda mutaxassislik yuzasidan yozma imtihonlar va chet tili bo‘yicha imtihon topshirish orqali amalga oshiriladi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018/2019 o‘quv yilida Universitetning bakalavriatiga talabalarni qabul qilish kvotasini 3-ilovaga muvofiq 150 kishi (shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 30 kishi), Universitetning magistraturasiga 50 kishi (shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 10 kishi) etib belgilash, qonun hujjatlariga muvofiq oshirilgan kontrakt stavkalari bo‘yicha qo‘shimcha qabul qilish imkoniyatini nazarda tutish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab magistraturaga qabul qilinadigan talabalar soni Universitet tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda bakalavriatga qabul kvotasining 50 foizigacha bo‘lgan hisob-kitobdan (shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha magistratura uchun ajratilgan joylar sonining 20 foizi) hamda respublika tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali xalqaro mutaxassislar, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarning zaxirasini to‘ldirish ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kadrlariga buyurtmachi-tashkilotlar ro‘yxati va bakalavriat bitiruvchilarining ular orasidagi taqsimoti 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:

belgilangan tartibda ta’lim standartlarini ishlab chiqish, malakaviy talablar, o‘quv rejalari va dasturlarini, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda talabalarning bilimini baholash hamda o‘quv jarayonining amaliyot bilan integratsiyalashuvini ta’minlash tizimini ishlab chiqish va tasdiqlash;

bakalavriatda turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarni istisno tariqasida “Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturaga qabul qilish;

professor-o‘qituvchilar tarkibining faoliyat turlari bo‘yicha vaqt me’yorlarini belgilash;

Universitet ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash;

bakalavriat, magistratura va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish;

Universitet va Oliy maktabning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun to‘lov-kontrakt (shu jumladan, oshirilgan kontrakt stavkalardan tushumlar) va byudjetdan tashqari mablag‘larni ulardan oqilona hamda samarali foydalanish sharti bilan tasarruf etish;

Universitetning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha shartnoma asosida konsalting va ekspert-tahliliy xizmatlar ko‘rsatish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy va innovatsion-investitsiyaviy tuzilmalarni yaratish.

Universitet hamda shu sohadagi vazirlik va idoralar zimmasiga Universitetning akademik litseyi va “Dipnihol” maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda “Ulug‘bek nomidagi Toshkent xalqaro maktabi” nodavlat ta’lim muassasasiga o‘quv-uslubiy va axborot-resurs ko‘magi berish vazifalari yuklansin.

8. Universitet tuzilmasida quyidagilar tashkil etilsin:

a) quyidagilar asosiy vazifalari etib belgilangan Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi:

xalqaro iqtisodiyot va menejment, mamlakat eksport salohiyatini oshirish, investitsiyalar hamda sayyohlar oqimini jalb qilish, jahon siyosati va xalqaro xavfsizlik, zamonaviy fan hamda xalqaro munosabatlar amaliyotining boshqa ustuvor yo‘nalishlari sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish;

xalqaro ishlar bo‘yicha mutaxassislarni kasbiy, ilmiy-tadqiqot

va tahliliy tayyorlash samaradorligini oshirishga qaratilgan xalqaro iqtisodiyot hamda siyosat sohasida yangi kurslar va dasturlarni tayyorlash hamda o‘quv jarayoniga joriy etish;

o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida mamlakatning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha axborot-tahliliy, prognoz materiallar va tavsiyalarni ishlab chiqish;

b) quyidagilar asosiy vazifalari etib belgilangan Xalqaro-huquqiy tadqiqotlar va qiyosiy ommaviy huquq markazi:

xalqaro ommaviy va xususiy huquq sohasida chuqur fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borish, mamlakat tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish;

respublikaning tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati sohasidagi huquqiy siyosat, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti rivojlanishini muntazam tahlil qilish, tadqiqotlar natijalarini ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda o‘quv jarayoniga va yangi avlod o‘quv-metodik adabiyotlarini tayyorlash ishlariga joriy etish;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro munosabatlarini huquqiy tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qiyosiy huquqshunoslik, xalqaro iqtisod va tijorat huquqi, zamonaviy yuridik fan hamda amaliyotning boshqa tarmoqlari bo‘yicha istiqbolli tadqiqot loyihalariga yosh olimlarni faol jalb qilish.

9. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish tushumlari, ilmiy-texnik dasturlarga ajratilgan grantlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi hamda Xalqaro-huquqiy tadqiqotlar va qiyosiy ommaviy huquq markazi (keyingi o‘rinlarda – markazlar) faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;

markazlarga ilmiy xodimlar sifatida, jumladan, o‘rindoshlik asosida ishga jalb qilish ilmiy va amaliy ko‘nikmaga ega, yuqori malakali mutaxassislar orasidan o‘tkaziladigan tanlov asosida amalga oshiriladi;

markazlar olib boradigan tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish mamlakatning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy vazifalarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

10. Belgilansinki:

a) 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab Oliy maktabda quyidagi xodimlar toifalari majburiy tartibda qayta tayyorlanadilar va malaka oshiradilar:

Tashqi ishlar va Tashqi savdo vazirliklari, tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatga jalb qilingan boshqa vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ma’muriy-boshqaruv xodimlari – uch yilda bir marta;

tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida vazifalarni bajarish bilan bog‘liq rahbarlik lavozimiga tayinlash uchun zaxiraga olingan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa ixtisoslashtirilgan davlat muassasalari xodimlari;

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari hamda xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston uchun ajratilgan kvotalariga diplomatik va ma’muriy-texnik lavozimlarga tayinlanadigan xodimlar, shu jumladan, ularning turmush o‘rtoqlari;

xalqaro munosabatlar hamda siyosiy fanlar, xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro ommaviy hamda xususiy huquq, gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining pedagog kadrlari – uch yilda bir marta;

b) Oliy maktab kurslarining ishlab chiqarishdan ajralgan holatda ta’lim olayotgan tinglovchilari uchun butun ta’lim olish davrida asosiy ish joyidagi egallab turgan lavozimi, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar saqlanadi;

v) Oliy maktabda o‘qitish, qayta tayyorlash hamda malaka oshirish O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan har yili tasdiqlanadigan reja va dasturlarga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Oliy maktabga tijorat asosida nodavlat tashkilotlar uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarini o‘tkazish huquqi berilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

yuqori malakali kadrlar tayyorlash xarajatlari va Universitetning rivojlantirish strategiyasini hisobga olgan holda har yili to‘lov-kontrakt asosidagi bakalavriat va magistraturada ta’lim olishning qiymatini belgilasin va tasdiqlasin. Bunda, Universitetda shartnoma asosida ta’lim olishning to‘lov qiymati tegishli yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha respublika ta’lim muassasalari uchun belgilanganidan 3 baravar oshishi mumkin emas;

Universitet va Oliy maktab kadrlarini Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparati hamda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida muntazam ravishda ichki idoraviy rotatsiya qilish tartibini joriy etishni;

Universitet faoliyatiga jalb qilinadigan va uning hamkorlikdagi tadbirlarida ishtirok etish uchun taklif qilinadigan chet ellik o‘qituvchilar, olimlar hamda mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmagan holda rasmiylashtirishni ta’minlasin.

12. Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatga jalb etilgan vazirlik va idoralar Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

o‘quv amaliyotini o‘tash dasturlariga muvofiq sohaviy vazirlik va idoralarning tegishli bo‘linmalarida talabalar tomonidan ta’lim jarayonida olingan amaliy va nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash maqsadida ularning majburiy amaliyotini tashkil etishda Universitetga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatsin;

Universitet va Oliy maktab professor-o‘qituvchilar tarkibi, tadqiqotchilarining idoraviy mansub bo‘linmalarning ish faoliyati bilan tanishishlari va tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqidagi yangi bilimlarga ega bo‘lishlari uchun ularda qisqa muddatli stajirovka o‘tashlarini tashkil etish amaliyotini joriy etsin;

Universitet va Oliy maktabda boshqaruv tarkibi, mas’ul xodimlar

va amaliyotchi-mutaxassislar tomonidan xalqaro munosabatlar, mamlakatning ichki va tashqi siyosatining dolzarb masalalari bo‘yicha muntazam ravishda darslar, ma’ruzalar (shu jumladan, soatlik ish haqi yoki o‘rindoshlik shartlari asosida) o‘tkazilishini ta’minlasin.

13. Universitet va Oliy maktab faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, Universitet hamda Oliy maktabning byudjetdan tashqari jamg‘armalari, jumladan, ta’limning to‘lov-shartnoma shaklidan tushadigan mablag‘lar, shartnoma asosida xizmatlarni amalga oshirishdan tushgan mablag‘lar, grantlar, shuningdek, xorijiy va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

Universitetda byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi bilan bir qatorda byudjetdan tashqari mablag‘lar, xususan, to‘lov-shartnoma (jumladan, oshirilgan shartnoma asosida ta’lim olishga kiruvchilar) mablag‘lari hisobidan ma’muriy-boshqaruv, professor-o‘qituvchi, ilmiy, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni ularning mehnatiga haq to‘lash fondidan 85 foiz miqdorigacha bo‘lgan moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Maxsus jamg‘arma) tashkil etilsin.

14. Belgilab qo‘yilsinki:

Universitet rektori Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobiga Universitet va Oliy maktab xodimlariga ularning ishlari hajmi va samaradorligini hisobga olgan holda lavozim maoshining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda oylik ustama belgilash, shuningdek, qonunchilikka muvofiq boshqa qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish choralarini qo‘llash huquqiga ega;

Maxsus jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi, shuningdek, Universitet va Oliy maktab xodimlariga oylik ustama belgilash mezonlari Universitet tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi;

2018 yil 1 iyuldan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi xodimlarga uzoq yillik xizmati va diplomatik ranglari uchun oylik maoshlariga qo‘shimcha haq Universitet va Oliy maktab xodimlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni 2018 yil uchun ajratsin, keyingi yillardan boshlab esa ularni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin.

16. Universitet:

qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Tashqi savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, boshqa sohaviy vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari majburiy (bir nusxada) yuboriladigan tashkilotlar ro‘yxatiga;

bosma va kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar)ning bepul nusxalari (bir nusxada) oladigan tashkilotlar ro‘yxatiga;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axborotlari majburiy yuboriladiganlar ro‘yxatiga kiritilsin.

17. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir hafta muddatda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bakalavriati va magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlasin;

bir oylik muddatda 2020 yil oxiriga qadar Universitet va Oliy maktab moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va kengaytirish, obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash, Universitetning to‘laqonli muhandis-texnik, axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish masalalari bo‘yicha qaror qabul qilsin;

Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga “Xalqaro iqtisodiyot va menejment”, “Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati” mutaxassisliklari kiritilishini ta’minlasin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti buyurtmalariga binoan Universitetda ishlash uchun jalb etiladigan chet ellik o‘qituvchilar, professorlar va mutaxassislarga davlat bojlari to‘lashdan ozod etgan holda ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida taklif kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X.Kamilov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 21 iyun



Marta o`qilgan: 2755