×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
00:06:26 (GMT +5), payshanba, 9 - iyul 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


2 - dekabr 2016

Saylov kampaniyasining hal qiluvchi bosqichi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga 2 kun qoldi.Saylov tashkilotchilari tomonidan ushbu muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik ishlari qariyb yakunlanib, saylov uchastkalari fuqarolarning ovoz berishi uchun to‘liq taxt qilib qo‘yildi.

Muxbirimiz O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Komiljon Adilov bilan saylov kampaniyasining yakunlovchi bosqichida amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada saylov komissiyalari zimmasidagi vazifalar xususida suhbatlashdi.

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini belgilab beradigan, yurtimizda kechayotgan modernizatsiya va yangilanish jarayonlari izchilligini ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin tutadigan tarixiy voqeadir, — deydi K.Adilov. — Shuni alohida qayd etish kerakki, mazkur saylovni qonunchiligimizda mustahkamlab qo‘yilgan demokratik prinsiplarga to‘liq muvofiq holda, ochiq va oshkora ruhda o‘tkazish maqsadida har tomonlama yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Xususan, saylovni o‘tkazuvchi 9 ming 383 ta saylov uchastkasi ovoz berishga tayyor holga keltirildi. Barcha bo‘g‘indagi saylov komissiyalari tomonidan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlashga qaratilgan katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.

Avvalo, fuqarolarimizning saylovdan xabardorligini ta’minlash uchun turli hajmdagi 717 ming nusxada saylovga chaqiriq plakatlari tayyorlandi va hududlarga yetkazilib, aholi gavjum joylar, idora, tashkilot va korxonalar binolariga joylashtirildi. Shu mazmundagi axborotlar 861 banner, 36 ta elektron tablo orqali ham tarqatilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda uchastka saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmasini mustahkamlash maqsadida uch bosqichda — respublika, viloyat va tumanlar miqyosida seminar-treninglar o‘tkazildi. Saylov uchastkalari 253 ming nusxadan ortiq huquqiy adabiyotlar, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ta’minlandi. Uchastka saylov komissiyalarining saylovgacha bo‘lgan davrdagi va ovoz berish kunidagi vazifalariga doir o‘quv filmlari, 139 ming nusxa infografika shaklidagi plakatlar tayyorlanib, joylarga yetkazib berildi.

Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida saylov uchastkalarida panduslar o‘rnatildi, kabinalardan biri nogironlar uchun hozirlab qo‘yildi. Brayl alifbosida ko‘zi ojiz saylovchilarga mo‘ljallangan saylovga oid turli risolalar tayyorlandi, ilk marta ular uchun maxsus saylov byulletenlari chop etildi.

Barcha uchastkaga, shu jumladan, xorijda tashkil etilgan uchastkalarga ham yetarli miqdorda saylov byulletenlari yetkazib berildi.

Saylovchilarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqilib, uning doirasida tashkil etilgan tadbirlarda aholining keng qatlamlari vakillari, shu jumladan, yoshlar, xotin-qizlar, ayniqsa, uy bekalari qamrab olindi. O‘tgan davrda hamkor tashkilotlar bilan ijtimoiy sheriklikda bu yo‘nalishda 104 mingga yaqin tadbirlar — davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, seminarlar o‘tkazildi. Misol uchun, “Men shaxsan o‘zim ovoz beraman”, “Bizning oilamizda har birimiz o‘z ovozimizga egamiz”, “Biz tanlash huquqiga egamiz”, “Saylovchilar ro‘yxatida bormisiz?” deb nomlangan tadbirlar orqali saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, oilaviy ovoz berish, o‘zgalar uchun ovoz berish kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan keng ko‘lamli tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu mavzudagi maxsus infografika materiallari 100 ming nusxada tayyorlanib, aholi gavjum maskanlarda ilib qo‘yildi.

Qisqacha aytganda, barcha bo‘g‘indagi saylov komissiyalari tomonidan saylovga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi va xalqimiz, jamoatchiligimiz bu ishlarning ko‘lami va miqyosidan bevosita, qolaversa, ommaviy axborot vositalari orqali yaxshi xabardor, deb o‘ylayman.

— Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Ma’lumki, saylov jarayonining eng muhim va mas’uliyatli bosqichlaridan biri, bu — saylovoldi tashviqoti sanaladi. Chunki aynan ushbu bosqichda Prezidentlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar o‘zlarining kelgusi faoliyat dasturlari bilan saylovchilarni tanishtiradilar hamda ushbu jarayonning naqadar faol va samarali tashkil etilganidan kelib chiqib, tegishli ovozlarga ega bo‘ladilar. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezidentlikka nomzodlar ro‘yxatga olinganidan so‘ng, ya’ni 28 oktyabrdan e’tiboran saylovoldi tashviqoti boshlandi. Nomzodlar mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘z g‘oya va qarashlari, taklif va tashabbuslari bayon etilgan dasturlarini jamoatchilikka yetkazish maqsadida keng ko‘lamli tashviqot tadbirlarini olib bormoqda. Prezidentlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari barcha saylov okrugida saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Nomzodlar tashviqot maqsadida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va hududiy teleradiokanallarda ajratilgan bepul efir vaqti, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka”, “Nurlы jol” va “Ovozi tochik” gazetalari, hududiy nashrlarda ajratilgan bepul nashr maydonidan unumli foydalandi. Ular, shuningdek, bu borada partiya gazetalari, internet nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar, tashqi reklama vositalari imkoniyatlarini keng ishga soldi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi. “Jimlik kuni”gacha bino va inshootlar, tashqi reklama vositalari va boshqa joylardagi tashviqot materiallari uchastka saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, mahalliy davlat hokimiyati, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan olib qo‘yilishi kerak. Saylovoldi tashviqoti materiallarini olib qo‘yish ovoz berish boshlanishidan ikki kun avval — 2-dekabr kuni soat 20 da boshlanadi va ovoz berish kuniga bir kun qolganida — 3-dekabr kuni soat 6 da yakunlanadi. Saylovga bir kun qolganida jamoat joylarida tashviqot materiali bo‘lmasligi lozim. Shu o‘rinda aytish kerakki, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan nashr etilgan nomzodlarning tarjimai holi va dasturi to‘g‘risidagi axborot materiallari saylovoldi tashviqoti materiallari hisoblanmaydi.

— Saylov kampaniyasida xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki haqida so‘zlab bersangiz.

— Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi e’lon qilinishi bilan bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlar ekspertlarini saylov jarayonini kuzatish uchun taklif etdi. Bugungi kunda Prezident saylovi kampaniyasini kuzatish bo‘yicha YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyalari faoliyat olib bormoqda. Umuman, bu jarayonda yuqorida qayd etilgan tashkilotlar vakillari qatorida dunyoning ellikka yaqin mamlakatidan 500 nafardan ortiq davlat va jamoat arboblari, parlament va saylov organlari vakillari, huquqshunos olimlar, siyosatshunoslar ishtirok etishi kutilayotir. Bundan tashqari, siyosiy partiyalarning 37 ming 500 nafarga yaqin vakili saylov jarayonida kuzatuvchi sifatida qatnashayapti.

Saylovning ochiq va oshkoraligini ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari faoliyati uchun barcha sharoit yaratib berilgan. Bu borada Prezident saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi hamda okrug saylov komissiyalari matbuot markazlarining roli katta bo‘lmoqda. Bugungi kunga qadar ular tomonidan saylov kampaniyasining muhim bosqichlariga bag‘ishlangan qariyb 140 ta matbuot anjumani va brifinglar o‘tkazildi. Saylov komissiyalari tomonidan ommaviy axborot vositalarining 1 ming 400 nafarga yaqin vakillari ro‘yxatga olingan. Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan saylovga chet ellik jurnalistlar ham katta qiziqish bilan qaramoqda. Xususan, saylovni 100 nafardan ortiq xorijlik jurnalistlar yoritib boradi. Ular orasida Buyuk Britaniyaning “Reyter”, Fransiyaning “Frans-press”, Xitoyning “Sinxua”, Rossiyaning “TASS”, “Interfaks” singari yetakchi axborot agentliklari hamda Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya singari mamlakatlarning dunyoda mashhur bo‘lgan telekanallari, bosma nashrlari xodimlari borligi ham jahon hamjamiyati bu siyosiy tadbirga katta e’tibor bilan munosabatda bo‘layotganidan dalolat beradi. Fursatdan foydalanib, Markaziy saylov komissiyasi brifinglar orqali xalqimiz va xalqaro hamjamiyatni 4 dekabr kuni ovoz berishning borishi to‘g‘risida xabardor qilib borishini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman.

— Saylov kampaniyasining hal qiluvchi voqeasi — ovoz berishni o‘tkazish borasidagi vazifalar haqida ham ma’lumot bersangiz.

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarimiz o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, siyosiy xohish-irodasini namoyish etadi. Ayni paytda saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilarga muddatidan oldin ovoz berish imkoniyati yaratib berildi. Mamlakatimiz bo‘yicha bu jarayon 24 noyabr kuni boshlandi va 2 dekabr kuni yakuniga yetadi. 1 dekabr holatiga ko‘ra, 87 ming 498 nafar saylovchi bu huquqdan foydalanib, o‘zi munosib deb topgan nomzod uchun ovoz bergan.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ovoz berish saylov kuni soat 6 dan 20 gacha o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, fuqarolarning olis va borish qiyin bo‘lgan joylarda, sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolanish muassasalarida, qamoqda saqlash joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyasi, basharti, ro‘yxatga kiritilgan barcha saylovchi ovoz berib bo‘lgan bo‘lsa, istalgan vaqtda ovoz berish tugaganligini e’lon qilishi mumkin.

Uchastka saylov komissiyasi a’zolari saylov byulletenlarini saylovchilarning ro‘yxati asosida pasport yoki saylovchi shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat ko‘rsatilgach beradi. Ovoz beruvchilar saylov byulletenlarini yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to‘ldiradi. Byulletenlarni to‘ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa biror-bir kishining hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Byulletenni mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra, saylov komissiyasining a’zolaridan, kuzatuvchilardan va nomzodlarning ishonchli vakillaridan boshqa biror kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqli.

Saylovchi saylov byulleteniga o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga belgi-krestik (+) qo‘yadi. Ovoz berish vaqtida bittadan ortiq bo‘sh kvadratga belgi-krestik qo‘yilgan yoki bitta ham kvadratga bunday belgi qo‘yilmagan saylov byulleteni haqiqiy emas, deb topiladi. To‘ldirilgan byulleten saylov qutisiga tashlanadi.

Ayrim saylovchilar salomatligi yaxshi emasligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra, ovoz berish uchun ajratilgan binoga kela olmagan hollarda ovoz berish saylovchining turgan joyida tashkil etiladi. Bu jarayon saylovchining ovoz berish kunidan oldin yoki ovoz berish kuni bergan va saylov uchastkasiga kela olmasligining sababi ko‘rsatilgan yozma arizasi yoki og‘zaki murojaati asosida amalga oshiriladi. Saylov kuni ana shu toifadagi saylovchilarning ovoz berishini ularning turgan joyida tashkil etish ko‘zda tutilayotgani fuqarolarimizning saylov huquqini to‘liq ta’minlashga xizmat qiladi.

Qisqasi, barcha saylov uchastkasida fuqarolar ovoz berishi uchun hamma sharoitlar hozirlab qo‘yildi. Endi so‘z aytish navbati saylovchilarimizga keldi. Shu munosabat bilan ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan yurtdoshlarimizni mustaqil Vatanimiz tarixidagi yana bir g‘oyat muhim siyosiy tadbirda faol qatnashib, o‘z xohish-irodalarini namoyish etishga chorlab qolamiz.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 7362