×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
09:15:10 (GMT +5), dushanba, 21 - sentabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


2 - dekabr 2016

Energiya tejamkor texnologiyalar — iqtisodiyotning barqaror va jadal rivojlanishi garovi

“Biz mamlakatimiz kelajagi — innovatsion rivojlanish va innovatsion iqtisodiyotda deb bilamiz hamda davlatning muvofiqlashtiruvchilik faoliyati iqtisodiyotning barqaror innovatsion taraqqiyotida muhim rol o‘ynashi kerakligini e’tirof etamiz.”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Narimon Umarovning Saylovoldi dasturidan

“Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning Saylovoldi dasturida innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat tomonidan “yashil iqtisodiyot” va yuqori texnologiyalar keng joriy etilishini samarali rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish, uning infratuzilmasini yaratishga sarmoya jalb qilish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Nomzod O‘zbekiston kelajagini xalqimizning bunyodkorlik salohiyati to‘liq safarbar qilingan, iqtisodiyoti rivojlangan, o‘zining buyuk o‘tmishiga munosib mamlakatni yaratishda ko‘radi. Zero, respublikamiz barcha sohada dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari bilan raqobatga kirishishi uchun hamma imkoniyatlarga ega. Shuning uchun sog‘lom raqobat iqtisodiyotimiz jabhalarida ustuvor tamoyilga aylanishi lozim. Biz davlatning asosiy vazifalaridan biri jadal iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hamda xarajatlarni qisqartirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berish bo‘lishi kerak, deb bilamiz.

Kelajak bu uzoq mavhum istiqbol emas, u bugundan, sizu bizning sa’y-harakatimizdan boshlanadi. Biz har bir shaxs o‘z xatti-harakati uchun mas’ul bo‘lgan, o‘z ustida muntazam ishlaydigan, o‘qib-o‘rganishdan to‘xtamaydigan, foydali mehnat bilan band bo‘lgan, yuksaklikka va ezgu ishlarga intiladigan mamlakat tarafdorimiz. Biz yurtimizda baxtli yashashni, munosib ish bilan band bo‘lishni, bunyodkorlikni, Vatan manfaati uchun iqtisodiyot, ilm-fanda keng ko‘lamli ixtirolarni amalga oshirish, yuksak marralarga erishishni istaymiz. Biz insoniyat tamaddunining ajralmas qismi hisoblanmish buyuk madaniyatning vorislari ekanimizni unutmasligimiz lozim. Chunki bu zimmamizga majburiyat va mas’uliyat yuklaydi. Biz o‘zimizdan keyingi avlodlarga, farzandlarimizga va nabiralarimizga yuksak taraqqiy etayotgan, yuksak madaniyat namunasi bo‘ladigan, yangi ming yillikda ilm-fan, madaniyat rivojlangan, barqaror ravnaq topayotgan mamlakatni qoldirishimiz kerak. Shundagina kelajak avlod bizdan rozi bo‘ladi va faxrlanadi. Bunga erishish omillaridan biri tabiat bizga in’om etgan boyliklarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, shuningdek, tabiiy resurslardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish sanaladi. Bizning fikrimizcha, “yashil iqtisodiyot”ni shakllantirmasdan va fuqarolarimizda ekologik madaniyatni yuksaltirmasdan izchil va barqaror rivojlanish yo‘liga erishib bo‘lmaydi.

Mamlakat ishlab chiqarish va eksporti tarkibida chuqur qayta ishlangan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ulushini oshirishga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni yanada yuksaltirish O‘zbekistonda uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning va jamiyat taraqqiyotiga erishishning muhim omili hisoblanadi. Zamonaviy sharoitlarda iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish mamlakatning jahon iqtisodiyotida tutgan o‘rnini yanada mustahkamlashga hamda O‘zbekistonda rivojlanishning postindustrial bosqichiga o‘tishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mamlakatning ishlab chiqarish va eksportida xom ashyo tovarlarining yetakchi o‘rinni egallashi esa nafaqat iqtisodiy rivojlanishga, balki jamiyat farovonligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, milliy iqtisodiyotning jahon xom ashyo tovarlari bozori kon’yunkturasiga qaramligini oshiradi hamda barqaror taraqqiyotga to‘sqinlik qiladi. Mamlakatda sanoatning jadal rivojlanishi va aholining o‘sishi iqtisodiyotning resurslarga bo‘lgan ehtiyojini oshiradi va bu, o‘z navbatida, atrof-muhitga salbiy ta’sirning ortishiga olib keladi, tabiatning bioxilmaxilligiga katta xavf tug‘diradi.

Bugun O‘zbekistonda tarkibiy o‘zgartishlarning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish nafaqat ichki, balki global jarayonlar va muammolarni hisobga olishni taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, rivojlanishning yangi modeli — resurslardan samarali foydalanishni ko‘zda tutadigan iqtisodiyotga o‘tish izchil tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish hamda barqaror taraqqiyotning eng samarali vositalaridan biri hisoblanadi.

Oldimizda mamlakat yalpi ichki mahsuloti yillik o‘sish sur’atlarini jahonning o‘rtacha ko‘rsatkichidan kam bo‘lmagan darajada ta’minlash vazifasi turibdi. Bu borada yirik ishlab chiqarish quvvatlari tashkil qilinishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlantirilishi kabi chora-tadbirlar, tabiiyki, iqtisodiyotning real sektorida energiya iste’moliga talabni oshiradi. Shu bilan birga, aholi soni oshishi hamda ularning daromadlari barqaror ko‘payishi maishiy turmushda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga olib keladi. Bu holat, shuningdek, elektr energetikasi, kimyo, neft, gaz sanoatlari, ishlab chiqarish, uy-joylarni isitish sohalarida ham kuzatiladi.

Ma’lumki, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda energetika tarmog‘ida resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi. Bugun sanoat sohasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning chorak qismidan ko‘prog‘i energetika tarmog‘iga to‘g‘ri kelmoqda. Agar energetika resurslari uchun xarajatlar qariyb tovarlar tannarxida o‘z aksini topishini hisobga oladigan bo‘lsak, ushbu tarmoqdagi o‘zgarishlar (xususan, energiya resurslari narxlarining o‘zgarishi) sanoatning turli tarmoqlarida raqobatdoshlikning kuchayishiga hamda ishlab chiqarish samaradorligiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Tabiiyki, bu iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlar istiqbollarini belgilashga ta’sir ko‘rsatadi. Biroq iqtisodiyotimizda rivojlangan mamlakatlardagiga nisbatan ko‘p energiya sarflanayotgani mahalliy tovarlarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatdoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Resurslardan samarali foydalanishga asoslangan iqtisodiyotga o‘tish energiya resurslarini, jumladan, tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Chunki bu tabiiy ne’mat yuqori qo‘shilgan qiymatga ega va chuqur qayta ishlangan mahsulotlarni ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi. Kelgusida eksport qilinayotgan tabiiy gazning ma’lum qismini qayta ishlab, undan olinadigan mahsulotlar eksportini kengaytirish zarur. Bu esa, o‘z o‘rnida, gazni xorijiy iste’molchilarga quvurlar orqali yetkazib berish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi. Energetika resurslarini tejashdan ko‘rilgan daromadlar esa korxonalarni texnik va texnologik modernizatsiyalashga yo‘naltiriladi. Mahsulotlar tannarxini texnologiyalar va uskunalarni modernizatsiyalash, shu jumladan, energiyadan foydalanish samaradorligini oshirish hamda uzluksiz energiya ta’minoti evaziga pasaytirish imkoni mavjud. O‘z navbatida, tannarxning pasayishi mahsulotning ichki va tashqi bozordagi raqobatdoshligini ta’minlaydi hamda tarkibiy o‘zgarishlar jadallashishiga turtki beradi. O‘zbekistonda ishlab chiqarishga, resurslarni tejashga omil bo‘ladigan “yashil” me’yorlarning keng joriy etilishi mahsulotlarimizni tashqi bozorlarga chiqarishga hamda yurtimiz eksport salohiyatining raqobatdoshligi barqarorligini ta’minlashga zamin yaratadi.

Energetika tarmog‘ida resurslar samaradorligiga erishish talabning o‘zgarishiga hamda yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga xizmat qiladi. “Yashil energetika”ga o‘tish, avvalo, innovatsion uskuna va texnologiyalarga talabni rag‘batlantiradi. Bu esa “yashil” tamoyillarni tatbiq etish uchun muhim hisoblanadi. O‘zbekistonda kremniy zaxiralarining mavjudligi fotoelektrik batareyalarni ishlab chiqarish istiqbolini yaratadi. Respublikadagi bazalt zaxiralaridan esa binolarni tashqi ta’sirdan himoyalovchi va boshqa shu kabi yuqori texnologik materiallarni tayyorlashda foydalanish mumkin. Bu sanoatning yangi tarmoqlarini tashkil qilish, eksport tarkibini shakllantirish va yuqori qiymatli eksport ulushini oshirish imkonini beradi.

Boshqa tomondan, yangi “yashil” me’yor va standartlariga o‘tilishi iste’molchilar madaniyati oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi hamda yuqori energiya samaradorligiga ega bo‘lgan tovarlarga talabning ortishiga sabab bo‘ladi hamda talab va taklif tarkibida o‘zgarishlarga olib keladi. Bu, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlar yuz berishini ta’minlaydi. Bundan tashqari, rivojlanishning resurslar tejamkorligi modeliga o‘tish ushbu soha uchun kadrlar tayyorlash, ularning malakasini yuksaltirish zaruratini tug‘diradi. Bu ham “yashil” mahsulotlarga talab-taklifning o‘sishiga hamda shunga mos tarkibiy o‘zgarishlarning amalga oshishiga asos yaratadi.

Shunday qilib, energiya samaradorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlaydigan tizimni tashkil etish lozim, deb hisoblaymiz. Buning uchun, avvalo, energiya sarfi hisobini yurituvchi tizimni isloh qilish maqsadga muvofiqdir. Amaldagi tizim faqat texnik jihatdan yo‘qotishlarni hisobga oladi, tijoriy yo‘qotishlar esa tan olinmaydi. Bu energetika kompaniyalarining energiya yo‘qotishlarini kamaytirishga va energiya samaradorligini yuksaltirishga rag‘batlantiradigan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalda tatbiq etishga undamaydi. Energiyaning tijoriy yo‘qotishlari hisobini yuritish va ularni tizimli qisqartirish rejalarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb bilamiz. Chunki elektr tarmoqlarida elektroenergiyaning tijoriy yo‘qotishlarini kamaytirish energiyani tejash va elektr tarmoqlarining o‘tkazish sig‘imini oshirishning eng muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Keyinchalik esa budjetni moslashuvchan rejalashtirish tizimini joriy qilish lozim bo‘ladi. Negaki, budjet tashkilotlari energiyani tejash hisobiga iqtisod qilgan mablag‘larining bir qismini o‘z tasarrufida olib qolish imkoniga ega bo‘lishlari kerak. Davlat esa, o‘z navbatida, tejab qolingan mablag‘larni boshqa xarajatlar uchun ishlatishga ruxsat berishi lozim. Bunday tizim energiyadan foydalanish samaradorligini oshirish uchun rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

Bozor infratuzilmasining rivojlanishi resurslar samaradorligi modelini shakllantirishning zarur mezonidir. Bu borada bank tizimini takomillashtirish, innovatsion “yashil texnologiyalar”ni xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar berish shartlari va mexanizmlarini belgilash zarur. Bu jarayonda davlat energiya sohasida xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning barqaror faoliyat yuritishlari uchun sharoit yaratishi, ya’ni, avvalo, kerakli me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqishi va energiya xizmatlari ko‘rsatish bozoridagi o‘zaro munosabatlar qoidalarining bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlashi maqsadga -muvofiq.

Institutsional masalalar hal etilib, “yashil energetika”ga o‘tishni rag‘batlantirishga oid chora-tadbirlar tizimi hamda iqtisodiyotning tarkibiy o‘zgarishi uchun sharoitlar yaratilganidan so‘ng yangi tarmoqlar, xususan, ishlab chiqarishni rivojlantirishga, yoqilg‘i-energetika kompleksida texnologiyalar va uskunalarni modernizatsiyalashga, boshqa energiya iste’mol qiluvchi tarmoqlarga sarmoyalar kiritishni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.

“Yashil” tovarlarga talabni rag‘batlantirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan alohida sanoat tovarlarining tashqi bozorga chiqarilishini ta’minlash va mamlakat eksportining uzoq muddatli istiqbolda barqaror raqobatdoshligini ta’minlash uchun yangi “yashil” me’yorlar va standartlarni joriy qilish lozimligini yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchimiz.

Shu bilan birga, samarali ta’lim tizimini tashkil qilmay turib, “yashil energetika”ga o‘tish va tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning imkoni yo‘q. Ushbu yo‘nalishda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalasi muhim ahamiyatga ega. “Yashil” rivojlanish doirasida, shuningdek, erishilgan natijalarni, imkoniyatlarni, muammo va istiqbolni baholashning, statistik ma’lumotlarning mavjudligi va sifati, samarali indikatorlar tizimini yaratish, turli ijtimoiy-iqtisodiy modellarni qo‘llash masalalarini ham qamrab olgan holda, keng ko‘lamli uslubiy choralarni ishlab chiqish va amalda qo‘llash ham ustuvor o‘rin tutadi.

Muqobil energiya manbalarining muhimligi va afzalliklariga qaramay, nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning boshqa ko‘pgina mamlakatlarida ulardan nisbatan kam foydalanilmoqda. Buning sababi ushbu manbalarning boshqalariga nisbatan iqtisodiy jihatdan katta sarmoya talab qilishidadir. Shuni ta’kidlash joizki, dunyo bo‘ylab muqobil energetikani joriy qilish taraqqiy etgan mamlakatlarda jadal amalga oshirilayotgan bir vaqtda, bu jarayon hali aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlarda boshlanganicha yo‘q.

Taraqqiy topgan davlatlar tomonidan energiyaning muqobil manbalarini sanoat sohasida qo‘llashga oid ilmiy, texnologik loyihalarni ishlab chiqish uchun katta mablag‘lar sarflanmoqda. Ushbu sohada erishilgan natijalar, shuningdek, bunday manbalardan foydalanishni rag‘batlantirishga oid iqtisodiy mexanizmlar keyinchalik rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan ham qo‘llanilishi mumkin. Shu bilan birga, har qanday davlat, jumladan, O‘zbekiston uchun ham energiya tanqisligi va qayta tiklanmaydigan energiya resurslari narxlarining ortib borishi sharoitida muqobil manbalardan foydalanish hamda bu boradagi xalqaro tajribani o‘zlashtirishga tayyor turish muhim ahamiyat kasb etadi.

Kelgusida uglevodorod resurslariga ega bo‘lgan mamlakatlar orasida energiyani tejash va uni ishlab chiqarishga muqobil texnologiyalarni joriy qila olganlarigina iqtisodiy ustunlikka ega bo‘ladilar. Chunki bunday davlatlar energiyani ko‘proq tejash va keyinchalik undan nafaqat energiya ishlab chiqarish, balki qayta ishlash uchun xom ashyo sifatida ham foydalanadilar. Ya’ni energiyani tejash va muqobil energiya manbalaridan foydalanish mamlakatning energiyaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondiradi hamda kelajakda kimyo va neftgazkimyo sanoatini resurslar bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladi.

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda energiyaning muqobil manbalari uchun juda katta imkoniyatlar mavjud. Ayniqsa, quyosh energiyasi, kichik daryolar, suv omborlari va kanallar, qolaversa, organik va noorganik chiqindilardan ishlab chiqariladigan biogaz energiyasi bu borada istiqbolli hisoblanadi.

Mamlakatimizda quyosh energetikasini rivojlantirish energetika sektori taraqqiyotining yetakchi yo‘nalishi bo‘lishi lozim, deb hisoblaymiz. Bu nafaqat mamlakatda quyosh energiyasidan foydalanishning juda katta salohiyatga ega ekanligi bilan, balki uning rivojlanishi mamlakat iqtisodiyotiga katta ta’sir ko‘rsatishi va boshqa taalluqli tarmoqlar mahsulotlariga bo‘lgan talabni rag‘batlantirishi, o‘z navbatida, qator ijobiy o‘zgarishlarga turtki bo‘lishi bilan ahamiyatlidir. Quyosh nuri asosida issiq suv bilan ta’minlash tizimiga ega bo‘lgan tajriba ob’ektlaridan foydalanish amaliyoti yilning iliq davrida (aprel — oktabr) turarjoy va kommunal-maishiy ob’ektlarida issiq suv iste’moliga bo‘lgan ehtiyojlarning 70 foizga yaqini quyosh energiyasi hisobiga qondirilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Elektr energiyasini ishlab chiqarishda quyosh elektrostansiyalaridan an’anaviy manbalar bilan birga uyg‘un ravishda foydalanish har yili 1,8 mlrd. kub metr tabiiy gazni tejab qolish imkonini beradi.

Muqobil energiya manbalarini joriy etishni rag‘batlantirish uchun, eng avvalo, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qonunchilik bazasini shakllantirish zarurdir.

Bu maqsadlarda yaqin kelajakda energiyaning muqobil turi sifatida “Muqobil energiya manbalari to‘g‘risida”gi, “Quyosh energiyasi to‘g‘risida”gi, “Elektr ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish taklif etiladi.

Shu bilan bir vaqtda, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi kelishuvni, qayta tiklanuvchi energiya manbalari tarif stavkalarini tartibga solishning me’yorlarini, loyihalash bo‘yicha standartlarni, ayni paytda ob’ektlarni tanlash va ruxsat olishning soddalashtirilgan tartibini amaliyotga tatbiq etish, uskunalar uchun talablarni, soha vakillarini o‘qitish va boshqalarni amalga oshirish uchun standartlarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash -zarur.

Ushbu chora-tadbirlarni qabul qilish va izchil amalga oshirish istiqbolda nafaqat energetika tarmog‘ining, balki milliy iqtisodiyotimizning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.

Bizning maqsadimiz — iqtisodiy rivojlanishning belgilangan asosiy yo‘nalishlariga kelajak avlodni ekologik xatarlar va taqchilliklar ta’siriga duchor qilmagan holda erishishni ta’minlashdan, mamlakatda tabiiy resurslardan samarali foydalanish masalasiga munosabatni o‘zgartirishdan iborat.

Shuning uchun biz resurs tejovchi texnologiyalarning hamda muqobil energiya manbalarining jadal rivojlanishiga ustuvor vazifa sifatida qaraymiz. “Adolat” SDP yangi texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot davlat qudratini oshiradi, xalqimiz farovonligi va jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi, deb ishonadi. Biz bu borada aniq qarashlarga egamiz va ushbu maqsadga erishishning amaliy yechimlarini ilgari surayapmiz.

Biz energiya sarfini iqtisod qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni keng miqyosda joriy etish, mavjud muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish orqali raqobatdosh energiya bozori yaratilishini rag‘batlantirish tarafdorimiz.

Mamlakatimizda uy-joy-kommunal sohasi va kundalik turmushda keng foydalanishga mo‘ljallangan quyosh batareyasi va boshqa qayta tiklanuvchi energiya olishga ixtisoslashgan innovatsion texnologiyalarni aholining xarid qobiliyatiga mos narxlarda ishlab chiqarishni kengaytirish lozim, deb bilamiz.

Muqobil energiya manbalari, xususan, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish, sohadagi zarur standart va me’yorlarni tasdiqlash zarur, deb hisoblaymiz.

“Yashil iqtisodiyot”ga va unga mos texnologiyalarga o‘tishni davlat tomonidan keng rag‘batlantirish choralarini kuchaytirish va bu yo‘lda, ayniqsa, zarur infratuzilma yaratilishiga sarmoya kiritish, boshqaruvning samarali tizimi va xususiy sarmoyalar evaziga ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishni yanada faollashtirish — bosh maqsadimiz.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 14984