×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
09:36:04 (GMT +5), dushanba, 21 - sentabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


2 - dekabr 2016

Aholining ehtiyojmand qatlamlari turmush darajasini yanada yaxshilash — ustuvor vazifamiz

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Xatamjon Ketmonov bilan suhbat

Mamlakatimizda saylov kampaniyasi o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Xatamjon Ketmonovning Saylovoldi dasturi qoidalarini keng jamoatchilikka yetkazish borasida faol saylovoldi tashviqoti olib borilmoqda. Prezidentlikka nomzod bilan suhbatimiz mazkur dasturda ilgari surilgan g‘oya va vazifalarning mazmun-mohiyati xususida bo‘ldi.

— Xatamjon Abdurahmonovich, Sizning Saylovoldi dasturingiz O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining g‘oya va dasturiy maqsadlariga, xususan, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining parlamentdagi ko‘pchilik — Demokratik kuchlar blokiga nisbatan o‘zini muxolifat, deb e’lon qilgani, ­buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ilgari ­surgan qator g‘oyalarga asoslanadi. Shundan kelib chiqib, ­muxolif fraksiya sifatida taklif etayotgan g‘oyalarga ­atroflicha izoh bersangiz.

— Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston XDP fraksiyasi parlamentda ko‘pchilikni tashkil etayotgan Demokratik kuchlar blokiga nisbatan o‘zini muxolifat, deb e’lon qilgach, partiyamiz fraksiyasi Demokratik kuchlar blokiga birlashgan partiyalarning fraksiyalari nuqtai nazaridan farq qiladigan o‘zi tutgan alohida yo‘lni taklif etish va ilgari surishga tayyor ekanligini bildirdi.

Birinchidan, Saylovoldi dasturida O‘zbekiston XDP fraksiyasining parlamentdagi muxolifat sifatidagi avvalgi tajribasidan kelib chiqib, shuningdek, partiyaning dasturiy vazifalarini inobatga olgan holda, mamlakatning ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti asosida, aholining barcha qatlami, eng avvalo, kam ta’minlangan toifasi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash masalasiga alohida urg‘u berilgan. Chunki aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash partiyamiz o‘z oldiga qo‘ygan ­asosiy maqsadlardan biri bo‘lib, bu soha, albatta, davlatning doimiy e’tibor va nazoratida bo‘lishi shart. Davlatning dastlabki vazifasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash ­tizimini tartibga solish hamda ­doimiy takomillashtirib borishdan iborat bo‘lishi kerak.

Ikkinchidan, eng kam iste’mol xarajatlari (iste’mol savatchasi) standartlarini belgilashning asoslangan va zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda joriy qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Ushbu yo‘nalishda qator xorijiy davlatlar tajribasi, aholining bugungi kundagi ehtiyojlari o‘rganilib, mutaxassislar xulosalariga asosan, mamlakatimizda eng kam iste’mol xarajatlari (iste’mol savatchasi) standartlarini belgilash va aholi daromadlarini ushbu standartlarga moslashtirish lozim. Biz ko‘zlagan maqsad aholi turmush darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, har bir insonning munosib sharoitlarda yashashini ta’minlash maqsadida aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish tariflarining davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar narxlarini maqbullashtirishni taklif etmoqdamiz. Bu davlat tomonidan kommunal xizmatlar tariflarini belgilashda aholining turli qatlamlari, eng avvalo, kam ta’minlanganlar manfaatlarini inobatga olgan holda, maqbullashtirishni anglatadi. Shu orqali aholining barcha qatlami ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlardan maqbul tarzda foydalanishiga erishiladi.

To‘rtinchidan, “muhtoj odamga baliq emas, qarmoq ber” iborasidagi kabi “aholi bandligini ta’minlash — aholini ijtimoiy muhofaza qilishning eng maqbul yo‘li” degan shiorni ilgari surib, aholi bandligini ta’minlashning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, ish o‘rinlarini tashkil etish dasturining so‘zsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish lozim, deb hisoblaymiz. Ish bilan ta’minlashning yangi tizimini joriy qilish orqali aholining munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishi ularning turmush darajasi keskin oshishi orqali partiyamiz das­turiy maqsadlarining hayotga tatbiq etilishiga olib keladi. Bunda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha bandlik dasturi bajarilishini ta’minlashda jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish ­ijobiy samara beradi, deb hisoblaymiz.

Va nihoyat, beshinchidan, ta’lim hamda ishlab chiqarishning o‘zaro bog‘liq va hamohang tarzda olib borilishi ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasini ijobiy hal etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va maqsadli ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning samarali tarzda bajarilishini ­ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham Saylovoldi dasturida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.

— So‘nggi 2 yil mobaynida ikkinchi bor nomzodingiz O‘zbekiston XDP tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilmoqda. Bu sizga qaysidir ma’noda ustunlik beradi, deb o‘ylaysizmi?

— Albatta, saylovoldi tashviqotini o‘tgan saylovda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kelib chiqqan holda amalga oshirish, menga tajriba nuqtai nazaridan yordam berishi mumkin. Lekin bu menga ustunlik beradi, deb hisoblamayman. Chunki qonunchilikda har bir nomzodga teng imkoniyatlar yaratilgan.

Albatta, ushbu saylovda o‘tgan ­saylovda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni takrorlamaslik uchun partiyaning barcha darajadagi kengashlari hamda saylov shtablarida tajribadan ­kelib chiqqan holda aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuni alohida e’tirof etish ­lozimki, saylovoldi tashviqotiga doir saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar bizga bo‘lajak ­saylovda yanada samaraliroq ­qatnashishga imkon bermoqda.

Saylovda munosib ishtirok etish esa, eng avvalo, partiyamizning barcha darajadagi kengashlari, saylov shtablari va partiyamiz faollarining bir yoqadan bosh chiqarib ­ishlashiga va faolligiga bog‘liq, deb o‘ylayman.

— Saylovoldi dasturingiz bilan tanishib chiqib, amin bo‘ldikki, asosan, ijtimoiy sohalarda samarali islohotlar tizimini ilgari surishga e’tibor qaratilgan. Bu ayni paytdagi holatdan qoniqmaslik yoki unda qandaydir kamchiliklar bor, degan fikrdaligingizni anglatadimi? Agar shunday bo‘lsa, ushbu kamchiliklar nimalardan iborat va ularning yechimi sifatida qaysi vositalarni ko‘rmoqdasiz?

— O‘zbekistonda ijtimoiy sohaga jamiyat e’tiborini kuchaytirish, manzilli ijtimoiy himoyani kafolatlash davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Mamlakatimizni taraqqiy ettirishning milliy modeli asosini tashkil qiladigan besh tamoyildan biri ham kuchli ijtimoiy siyosat yuritishdan iborat.

Har yili davlatimiz budjetining qariyb 60 foizi ijtimoiy ­sohalarni moliyalashtirishga sarflanayotgani hamda ijtimoiy sohani rivojlantirish, ijtimoiy islohotlar bosqichma-bosqich, tizimli ravishda, izchil olib borilishi natijasida mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlik saqlanib, odamlarning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanib, bunyodkorlik fazilatlari ­tobora oshib bormoqda. Bularning barchasi mamlakatimizni izchil ­ravnaq toptirishga mustahkam asos yaratmoqda.

Biz kelgusida ham mamlakatimizning o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyatidan aholining barcha qatlami, ayniqsa, uning kam ta’minlangan guruhlari turmush darajasini yaxshilash uchun foydalanishga qaratilgan strategik yo‘nalishni faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu bilan birga, ijtimoiy sohadagi islohotlarni tobora rivojlantirib borish, yangi bosqichga ko‘tarish zarur, deb hisoblaymiz.

Fikrimizcha, dunyo tajribasini har tomonlama chuqur o‘rganib, xalqi­miz mentalitetini hisobga olgan holda, tanlagan yo‘limizga ko‘ra, bozor iqtisodiyoti ijtimoiy yo‘naltirilgan va eng avvalo, jamiyat manfaatlariga qaratilgan bo‘lishi lozim. Shundan kelib chiqib, iqtisodiy islohotlarda, avvalo, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlami manfaatiga yo‘naltirilgan siyosat yuritish orqali iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish zarur, deb hisoblaymiz.

Buning uchun mehnatga layoqatli aholining munosib haq to‘lanadigan ish topishga intilishini qo‘llab-quvvatlash, ularning shaxsiy tashabbuskorligi va tadbirkorligini rag‘batlantirish zarur. Avvalo, mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarga kasb tanlash, ta’lim olish va o‘quv muassasalarini bitirgach, albatta, ­birinchi ish o‘rinlariga ega bo‘lishlari uchun adolatli, teng va ­ijtimoiy jihatdan maqbul shart-sharoitlarni yaratish talab etiladi. Bundan tashqari, alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikka, parvarishga muhtoj qatlam — pensionerlar, mehnatga layoqatsiz nogironlar, yetim-esirlar va ­aholining mehnat qila olmaydigan boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlovchi pensiya ta’minoti va ijtimoiy nafaqalarning yanada samarali tizimini rivojlantirish zarur.

Ushbu vazifalarni hal etish iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy ­siyo­satning ustuvor yo‘nalishlarini tanlashda davlatning asosiy tartibga soluvchilik rolini yanada mustahkamlashni talab etadi, bu esa amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar ijtimoiy samaradorligining zaruriy sharti hisoblanadi.

Davlat hokimiyati idoralarining aholining manzilli ijtimoiy himoya­sini ta’minlash bo‘yicha eng muhim vazifasi — mehnatga layoqatli odamlarni ishga joylashtirish, avvalo, yoshlar bandligini ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim, deb hisoblaymiz.

O‘rta maxsus ta’lim tizimida korxona va tashkilotlar ehtiyojlaridan kelib chiqib, kadrlar tayyorlash amaliyotini rivojlantirish ham bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ham sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini taraqqiy ettirish nuqtai nazaridan juda muhimdir. Shuningdek, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining o‘zlari mustaqil ravishda ish o‘rniga ega bo‘lishlarini ta’minlash, yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun ularga imtiyozli mikrokreditlar berish, ular tashkil etayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda mavjud to‘lovlardan ozod etish, soliq yukini kamaytirish yo‘li bilan ularning bandligini ta’minlashni rag‘batlantirish g‘oyalarini ilgari surmoqdamiz.

Jamiyatda shunday insonlar borki, jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan mehnat qilib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lish uchun intiladi. Albatta, ularning ushbu harakati qo‘llab-quvvatlanishi kerak, deb hisoblaymiz.

Aholining ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy himoya­sini faqat davlat budjetidan ­ajratiladigan mablag‘lar hisobiga samarali ta’minlab bo‘lmaydi, ­albatta. Demak, kam ta’minlangan oilalar a’zolariga o‘z ishini ­ochishi, mus­taqil biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun ularga beg‘araz ssuda va grant berish institutini joriy qilish ­muhim ahamiyatga ega. Agar ular o‘z ishini yo‘lga qo‘yib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lsa, ijtimoiy himoya­si uchun budjetdan pul ­ajratishga hojat qolmaydi, ularning o‘zlari soliq to‘lovchilarga aylanib, davlat budjeti daromadlarini to‘ldirish manbaiga aylanadi.

Umuman, Saylovoldi dasturimizdan o‘rin olgan ijtimoiy himoya bilan bog‘liq g‘oyalar mamlakatimizda ijtimoiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlashni yangi ­bosqichga olib chiqishga, ijtimoiy barqarorlikni yanada mustahkamlashga, aholi turmushini farovon­lashtirishga xizmat qiladi.

— Dasturda aholi bandligini ta’minlash tizimini doimiy takomillashtirib borish, zamonaviy usullarni joriy qilish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada qanday ilg‘or usullar nazarda tutilgan?

— Saylovoldi dasturimizda keltirib o‘tilgan aholi bandligini ta’minlash tizimiga zamonaviy usullarni joriy etish masalasi bo‘yicha o‘zimizning aniq qarashlarimiz ­mavjud.

Birinchidan, mehnat bozoridagi talab-taklifni to‘liq o‘rganish, hisobga olish, hududlarni ijti­moiy-iqtisodiy rivojlantirish ­dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini to‘g‘ri va aniq belgilab olish lozim, deb hisoblaymiz.

Ikkinchidan, munosib ish haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarini taklif etayotgan, birinchi nav­batda, zaminimizdagi boy mineral xom ashyo resurslari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni ta’minlovchi yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish, ushbu sohalarga mamlakatda mavjud bo‘lgan bo‘sh ­mehnat resurslarini faol jalb etish lozim bo‘ladi.

Uchinchidan, istiqbolli ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya dasturlarini ishlab chiqishda ularning o‘rta maxsus va oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash dasturlari hamda hududiy bandlik dasturlari bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash zarur ahamiyat kasb etadi.

To‘rtinchidan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining mustaqil o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlash hamda yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish uchun maqbul sharoitlar yaratish maqsadida imtiyozli mikrokreditlar ajratish amaliyotini ­kengaytirish, o‘z biznesini ochishda belgilangan yig‘imlardan, faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yguniga qadar ­soliqlardan ozod qilish muddatini uzaytirish, korxona va ish beruvchilarning tegishli hududlardagi ­kasb-hunar kollejlariga biriktirilishi hamda muntazam harakatdagi “kollej — korxona” aloqalarini keng yo‘lga qo‘yish katta samara beradi, deb hisoblaymiz.

Beshinchidan, kichik biznes, uy mehnati, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlash samaradorligini oshirish. Mehnat qonunchiligida ­ayollarga berilgan huquq va qo‘shimcha imtiyozlardan keng foydalanishlari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratish, shuningdek, bir ­martalik vaqtincha ish bilan band bo‘lgan ­shaxslar mehnat faoliyatining ­qonuniy asoslarini takomillashtirish, ularning pensiya ta’minoti va ijtimoiy sug‘urtasi bilan bog‘liq masalalarni hal qilishning ­me’yoriy-huquqiy asoslarini ishlab chiqish va amaliyotga kiritish lozim bo‘ladi.

— Siz mamlakatimizda fao­liyat yuritayotgan kichik korxonalarning yiriklashishini rag‘batlantiruvchi soliq siyosatini yuritish, korxonalarning tasnifiga “o‘rta korxona” tushunchasini kiritish, ya’ni yirik, o‘rta va kichik korxonalar mezonlarini belgilash, kichik korxonalarning yiriklashishi va yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan soliq va imtiyozlar tizimini ishlab chiqish siyosatini ilgari surmoqdasiz. Ana shu ­tushunchaga batafsilroq izoh ­bersangiz? Agar o‘rta korxonalar rivojlansa, ularning YaIMdagi ulushi qanday bo‘lishi aniq yoki taxminiy prognozlarga tayanadimi?

— Iqtisodiyotni boshqarishning jahon amaliyotida sinovdan o‘tgan, o‘z o‘rni va ulkan tajribaga ega bo‘lgan usullaridan biri bozor iqtisodiyoti hisoblanadi. Bugungi kunda bir qator rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiyotda erishgan yutuqlarining asosi bozor iqtisodiyoti, mulk shakl­larining takomillashuvi, iqtisodiyotdagi keskin tuzilmaviy o‘zgarishlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushining ortib borishi kabilar bilan baholanmokda.

Respublikamizda bozor iqtisodiyotiga o‘tish inson manfaatlari ­talablariga javob beradi. Buning asosiy maqsadi iqtisodiyotning ijtimoiy yo‘nalishini kuchaytirish, ishlab chiqarishni iste’molchilar talablari asosida tashkil etish hamda fuqarolar erkinligiga keng yo‘l ochib berish, ularning mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanishi, yuqori unum, tashabbuskorlik va tashkilotchilik asosida tadbirkorlik faoliyati olib borishini ta’minlashdir.

Shunga asosan, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini taraqqiy ettirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mulk­ni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini yanada ­rivojlantirish va ularning ijtimoiy yo‘naltirilganligini ta’minlash maqsadida kichik korxonalarni yiriklashtirishni rag‘batlantiruvchi soliq siyosatini yuritish va imtiyozlar berish tizimini joriy etish lozim. Bu, eng avvalo, bugungi ­kunda ko‘p uchrayotgan ishchilar sonini ­kamaytirib ko‘rsatish orqali soliqlardan “qochish” holatlarini kamaytirish hamda yangi ish o‘rinlari ­yaratishni yanada rag‘batlantirish ­jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.­

Savolingizning keyingi qismiga to‘xtalsak, agar “o‘rta korxona” tushunchasi amaliyotga joriy etilsa, uning YaIMdagi ulushi anchagina yuqori bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Negaki, imtiyozlar tizimi joriy etilsa, hozirgi kunda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan kichik biznes sub’ektlari faoliyati kengaytirilib, o‘rta korxona sifatida faoliyat yurita boshlaydi. Natijada o‘rta korxonaning YaIMdagi ulushi muntazam oshib boradi.

Chunonchi, bugungi kunda kichik va yirik korxonalar tomonidan ­undiriladigan soliqlar tizimining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning YaIMdagi ulushi va davlat budjetini shakllantirishdagi ishtiroki katta farq qiladi. Jumladan, yirik korxonalar tomonidan YaIMning 44 foizi ishlab chiqilib, ulardan 89,8 foiz soliq va to‘lovlar undirilgan bo‘lsa, kichik biznesning YaIMdagi ulushi 56,1 foizni, soliq va to‘lovlar 10,2 foizni tashkil etmoqda. Kichik korxonalar tomonidan ishchilarga to‘lanadigan ish haqlari ham yirik korxonalar to‘layotganidan 2 baravargacha pastdir. Hozirgi ­soliqlar va imtiyozlar tizimi ­kichik korxonalarning yiriklashishiga ­xalaqit qilmoqda.

Shuning uchun ham biz qonunchilikda kichik korxonalar yiriklashish jarayonida katta soliq yuklamasiga tushib qolishining oldini olish maqsadida “o‘rta korxona” tushunchasini kiritish, ya’ni yirik, o‘rta va kichik korxonalar tushunchalarini va ­mezonlarini belgilashni taklif ­etmoqdamiz.

— Siz yangi innovatsion texnologiyalarni va materiallarni qo‘llash, qurilish xizmati bozorlarida mamlakatimiz mutaxassislarining raqobatdoshligini ta’minlash orqali O‘zbekiston kompaniyalarining xorijiy qurilish va xizmat ­bozorlariga chiqishlariga ­sharoit yaratish zarurligini maqsad qilmoqdasiz. Ayting-chi, ushbu holatda dunyo bozoridagi o‘zgaruvchanlik, ishchi kuchi va mahsulot tannarxi va ­nihoyat katta tajribaga ega xalqaro miqyosda faoliyat olib boruvchi korporatsiyalar bilan raqobat kabi masalalar qanday hal etilishi borasida aniq yoki taxminiy rejalarga asoslanayapsizmi?

— Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda jahon bozorida keskin o‘zgarish va yangilanishlar yuz bermoqda. Bu sharoitda faqatgina innovatsiya va mutaxassislar salohiyati bilangina jahon bozorida munosib o‘rin egallash mumkin. Mazkur masala yuzasidan o‘zimizning aniq reja va qarashlarimizga egamiz. Rejamizning asosini yangi innovatsion texnologiyalarni va materiallarni qo‘llash, qurilish xizmati bozorlarida mamlakatimiz mutaxassislarining raqobatdoshligini ta’minlash tashkil qiladi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, ­aynan qurilish sohasining rivojlanishi boshqa yo‘nalishdagi islohotlarda ham muhim rol o‘ynaydi. ­Xususan, qurilish-montaj ishlarini bajarish, yangi ishlab chiqarish ob’ektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularni rekonstruksiya qilish, ­moddiy-texnika bazasini zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish,
yangi inshootlarni qurish yoki mavjudlarining imkoniyatlarini kengaytirish bevosita qurilish sohasining ­vazifalaridir. Bu iqtisodiy taraqqiyotda ham o‘z natijasini bermay qolmaydi. Eng muhimi, qurilish ­sohasida yaratilgan bitta ish o‘rni turdosh sohalardagi 8 dan 12 gacha yangi ish o‘rinlarini yaratish ­imkonini berishi bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Dasturda tilga olingan yana bir muhim vazifa sobiq tuzum davridan buyon foydalanib kelinayotgan eskirgan qurilish standartlari, norma va qoidalari o‘rniga butun ­dunyoda amal qilib kelinayotgan yevrokodlar tizimiga o‘tishdan iborat.

Bu bir necha omillar bilan xarakterlanadi. Jumladan, mavjud milliy standartlar zamon talablari asosida rivojlanishi, umuman, soha taraqqiyotiga asos bo‘ladi. Ayni paytda aynan yevrokod normalari va me’yorlarini o‘zlashtirmasdan turib, qurilish sohasining jahon miqyosidagi raqobatdoshligini ta’minlab bo‘lmaydi.

Albatta, mavjud tajriba va usullarni bir vaqtning o‘zida bartaraf qilib, yevrokod tizimini joriy etish nazarda tutilmagan. Binobarin, bu bilan bog‘liq qator vazifalar bosqichma-bosqich hal etilishi lozim.

Birinchidan, sohaga oid normativ­-huquqiy bazani yevrokod standartlari asosida qayta ko‘rib chiqish lozim. Buning uchun milliy qonunchilik normalari to‘liq tahlil qilinadi va muhimliligiga ko‘ra, ­saralanadi. Bu orqali qanday ­bandlar yoki to‘liq qonun hujjat­lariga o‘zgartish kiritish yoxud yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish borasida yagona to‘xtamga kelish ­mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, texnik qayta jihozlanish masalasiga e’tibor qaratiladi. Zero, bu orqali texnik barqarorlik va ehtiyojlar bo‘yicha zamonaviy talablarga moslashish mumkin bo‘ladi.

Uchinchidan, mazkur sohada yangi mutaxassislar oqimi vujudga keladiki, o‘z vaqtida aynan zamonaviy bilimlar va yondashuv soha rivojining kafolatiga aylanadi. Ta’kidlash zarurki, ayni yo‘nalishga e’tiborni, xalqona tilda aytganda, ­“bugundan kechiktirmasdan” boshlash zarur. Chunki yevrokod standartlari yuqori tezlikdagi temir yo‘l, avtomagistral qurish, energiya tejovchi va bu bilan samaradorlikni oshirishni ta’minlashi mumkin bo‘lgan sohalarga tezkorlik bilan joriy qilinishi lozim.

Shu bois dasturda aynan qurilish sohasi rivojlanishi istiqbollariga muvofiq, yetarli darajada malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasiga e’tibor qaratish, mutaxassislarning xorijiy davlatlarda malaka oshirishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish masalasi ilgari surilmoqda.

Mazkur vazifalarni o‘z vaqtida va samarali hal etish orqali dasturdagi qator vazifalar ijrosini ta’minlash hamda jahon qurilish ­bozorida mustahkam o‘rin egallash uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

— Dasturingizning yana bir ahamiyatli tomoni, bu kam ta’minlanganlar uchun yaratiladigan sharoitlar bilan bog‘liqdir. Jumladan, kam ta’minlangan oilalarga har oyda to‘lanadigan moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalarni, o‘z biznesini tashkil etishi uchun maqsadli foydalanish sharti bilan, tegishli davrda to‘lanadigan mablag‘lar summasini bir martalik to‘lov shakliga o‘tkazish mexanizmini joriy etish borasidagi taklifingiz katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda. Ammo bu holat davlatning soliq siyosatiga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi?

— Bizning partiyamiz kichik biznesni rivojlantirishni aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning muqobil shakli asosida ko‘radi, xorij tajribasi ko‘rsatmoqdaki, u juda samarali bo‘lishi mumkin.

Gap kam ta’minlangan oilalar a’zolariga ijtimoiy nafaqa to‘lash va moddiy yordam ko‘rsatish bilan birga muqobil asosda o‘z ishini ochish uchun ularga beg‘araz ssuda va grant berish haqida bormoqda. Bunda bir nechta ijtimoiy ahamiyatga ega natijalarga erishish mumkin. Budjetdan moddiy yordam oluvchi inson o‘z yaqinlarini daromad bilan ta’minlaydigan ish beruvchiga aylanadi. Oradan bir oz vaqt o‘tib, biznesi oyoqqa turgach, u soliq to‘lay boshlaydi va budjet g‘aznasiga pul tushiradi. Biznesi muvaffaqiyatli rivojlangan insonda (buning uchun mos ravishda maslahat-konsultatsiya ko‘magi darkor) o‘ziga ishonch paydo bo‘ladi va ayrim ijtimoiy nafaqa oluvchilarga xos bo‘lgan boqimandalik kayfiyatidan butkul qutuladi.



Muallif: “Xalq so‘zi” gazetasi
Просмотров: 9540