×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
00:03:47 (GMT +5), payshanba, 9 - iyul 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


2 - dekabr 2016

Islohotlarni izchil davom ettirish — barqaror taraqqiyot poydevori

Mamlakatimizda qizg‘in pallaga kirgan saylovoldi tashviqoti doirasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakillari joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Tadbirlarda yurtdoshlarimiz nomzodning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishga qaratilgan Saylovoldi dasturi asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirilayapti.

Har bir mamlakat taraqqiyoti jamiyat hayotining barcha jabhasi ravnaqi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ularning uyg‘un rivojlanishi hisobiga muayyan marralarga erishiladi. Binobarin, puxta o‘ylangan siyosiy qarorlar qabul qilmasdan kuchli iqtisodiyotni barpo etib bo‘lmaydi, o‘z navbatida, kuchli iqtisodiyotsiz ijtimoiy va gumanitar sohalarning taraqqiyotiga hamda odamlarning ma’naviy yuksalishi uchun zamin yaratib bo‘lmaydi. Davlatning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlamasdan, bozor islohotlarini izchil chuqurlashtirmasdan, sud hokimiyati mustaqilligini, so‘z va axborot erkinligini ta’minlamasdan jamiyat va davlatni izchil demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish aslo mumkin emas.

Shu nuqtai nazardan qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiyamizdan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Saylovoldi dasturida bayon etilgan g‘oya va dasturlar o‘zining hayotiyligi hamda dolzarbligi bilan ajralib turadi. Dastur nomzodning boy hayotiy va amaliy tajribasi, teran bilimi asosida ishlab chiqilgan, mamlakatimiz fuqarolarini o‘ylantirayotgan muammolarni hal etishga keng doirada yangicha yondashuvlar ilgari surilgan. Ahamiyatlisi, dasturda belgilangan vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otib, o‘zaro muloqotlarda, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, qo‘llab-quvvatlanmoqda. Nomzod va uning ishonchli vakillarining saylovchilar bilan uchrashuvlari ko‘tarinki kayfiyatda o‘tayapti, ularda yurtdoshlarimiz o‘zlarini qiziqtirayotgan savollarga batafsil javob olishayotir. Eng muhimi, butun mamlakatimiz bo‘ylab kuzatilayotgan bunday qiziqish nomzod Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar odamlarning orzu-intilishlariga hamohangligidan dalolat beradi.

Inson huquqlarining ishonchli himoyasi

“O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak”. Birinchi Prezidentimizning bu so‘zlarida teran ma’no mujassam. O‘zini vatanparvar deb bilgan, jonajon O‘zbekistonimiz taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgan har bir inson uchun bu so‘zlar hushyorlikka da’vat, mamlakatimizni yanada ravnaq toptirish uchun dasturilamaldir.

Istiqlol g‘oyalarini izchil, og‘ishmay davom ettirish va mustahkamlashni o‘zining eng muhim burchi, deb bilgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z Saylovoldi dasturida millatlararo do‘stlik va fuqarolararo totuvlikni saqlash, tashqi siyosatda o‘zini oqlagan prinsiplar va yondashuvlarga to‘liq amal qilish muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlagan. Mamlakatimiz dunyoda kechayotgan murakkab siyosiy jarayonlar sharoitida, turli nizo va to‘qnashuvlar kuchayib borayotgan bir paytda tinchlik va o‘zaro mehr-oqibatning mustahkam tayanchi bo‘lib kelmoqda. Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, yigirmaga yaqin diniy konfessiya vakillari o‘zaro ahil-inoq, tinch-totuv istiqomat qilmoqda. Ular uchun O‘zbekiston — umumiy uy, ardoqli Vatan. Ular bunyodkor mehnati, erishayotgan muvaffaqiyatlari, taqdiri va kelajagini bevosita jonajon yurti bilan bog‘laydi.

Nomzod tomonidan ilgari surilayotgan maqsad va vazifalar yurtimiz xavfsizligini, tinchligini va barqarorligini ta’minlash hamda mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ham ko‘zda tutadi. Zero, tinchlik va osoyishtalik qaror topmagan joyda xalq farovonligini ta’minlab bo‘lmaganidek, qonun ustuvorligiga erishmay turib rivojlangan va barqaror jamiyat barpo etib bo‘lmasligi tayin.

Saylovoldi dasturida belgilanganidek, sud-huquq sohasidagi islohotlarning asosiy vazifasi sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga so‘zsiz rioya etishni, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini, odil sudlovning mustahkam kafolatini, odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashdan iborat.

Ta’kidlash joizki, ushbu choralar inson va uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari oliy qadriyatga aylangan demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning eng muhim omili bo‘lgan sud-huquq tizimini demokratlashtirish borasida mamlakatimizda istiqlolning ilk yillaridan amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Mazkur islohotlar zamirida pirovardida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish, ularning shaxsiy daxlsizlik va odil sudlovga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida mutanosiblik va barqaror muvozanatga erishish, jinoiy va ma’muriy jazo tizimini izchil erkinlashtirish maqsadi mujassamdir.

Partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzod sud-huquq sohasida hali-hanuz kuzatilayotgan dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqdi. Jumladan, sudda ishlarni ko‘rib chiqishda yo‘l qo‘yilayotgan sansalorlik holatlari aniq ko‘rsatib o‘tildi. Keyingi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmaganini, bundan tashqari, qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligi, asoslangani va adolatliligini ta’minlash sohasida ma’lum kamchiliklar mavjudligini qayd etdi. Tabiiyki, bu muammolar fuqarolarning haqli ravishda noroziligini keltirib chiqarmoqda. Joriy yilning 9 oyida Bosh prokuraturaga, Oliy sud va Adliya vazirligiga kelib tushgan murojaatlarning qariyb 30 foizi bevosita tergov-sud faoliyati va sud qarorlari ijrosi sohasidagi masalalar bilan bog‘liqligi ham buning yaqqol dalilidir.

Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan muammolarni hal qilishning aniq usullari, sohani yanada isloh etish, fuqarolar huquqlarining ishonchli himoyasini kuchaytirish hamda odil sudlovni ta’minlashning puxta o‘ylangan strategiyasi taklif etildi. Saylovoldi dasturida sudyalarning vakolat muddatlarini uzaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlash taklif etilmoqda. Bu qadam xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi hamda rivojlangan demokratik davlatlarning ilg‘or tajribasiga asoslangan. Chunonchi, AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya kabi taraqqiy etgan mamlakatlar amaliyotini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, sudyalarning chinakam mustaqilligiga erishish uchun ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga, odil sudlov faoliyati bilan uzoq va barqaror shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratish lozim.

Shuningdek, sudlarni yanada ixtisoslashtirish, fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va xo‘jalik sudlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan ma’muriy sudlarni, xo‘jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellyatsiya sudlarini tashkil etish vazifalari ustuvor hisoblanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasining mavqei va rolini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Sudlarning mustaqilligi va ularning faoliyatiga aralashmaslikning qo‘shimcha kafolatlarini yaratish maqsadida adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash bo‘yicha vazifa va vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga o‘tkazilmoqda.

Faqat qonun asosida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir, mustahkam iroda, yuksak axloqiy va kasbiy fazilatlarga ega sudyalar korpusini shakllantirish, sud-tergov faoliyatiga ilg‘or ilmiy-texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday choralarni amalga oshirish nafaqat sud tizimi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, balki fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ishonchli kafolatlashga xizmat qiladi.

Qolaversa, odil sudlovni kafolatlash, sudyalarning vakolatlarini yanada kengaytirish, sud qarorlarining uzil-kesilligi va barqarorligini ta’minlab, fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga qaratilgan aniq choralar taklif etildi. Viloyat darajasidagi sudlar tomonidan fuqarolik va jinoyat ishlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi instansiyalari tugatilib, o‘z navbatida, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish vakolati bekor qilinishi nazarda tutildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko‘rishga oid bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilinmoqda. Partiyamizdan nomzod jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga yuborish amaliyoti odil sudlovning mohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini, sud yoki oqlov, yoki qoralov hukmini uzil-kesil chiqarishi kerakligini bildirdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod tomonidan sud-huquq sohasiga doir taklif etilgan ana shu va boshqa demokratik yangiliklar fuqarolar huquqlari va erkinliklari tizimini izchil takomillashtirish va mustahkamlashga qaratilgan. Ularning ro‘yobga chiqarilishi mamlakatimiz sud-huquq tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoyasini ta’minlash, aholining odil sudlovga ishonchini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Iqtisodiy rivojlanish va farovon hayotning muhim tayanchi

Shavkat Mirziyoyevning Saylovoldi dasturida iqtisodiyot sohasidagi chora-tadbirlar alohida o‘rin egallaydi. Nomzod tomonidan makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va so‘nggi yillarda erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy valyuta va ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar taklif etilgan. Iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatdoshligini hamda investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, qishloq xo‘jaligini isloh etish masalalari ham bu boradagi asosiy vazifalar sifatida qayd etilgan.

Bundan tashqari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, xususiy mulkni rivojlantirish va himoya qilish, sohadagi barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish chora-tadbirlariga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot tajribasi hamda rivojlangan demokratik davlatlarning amaliyoti iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlarida, ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlarini oshirish va farovonligini ta’minlashda kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikning o‘rni beqiyos ekanidan dalolat beradi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ish bilan band aholining 78 foizga yaqini aynan shu sohada mehnat qilmoqda, korxonalarning 90 foizdan ortig‘i xususiy va korporativ mulkchilikda faoliyat yuritayapti, ularda sanoat mahsulotlarining 80 foizdan ortig‘i -ishlab chiqarilayotir. Qishloq xo‘jaligi sohasida tayyorlanayotgan mahsulotlar, ulgurji va chakana tovar ayirboshlashning jami hajmi va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning barchasi nodavlat va xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har ming kishiga qariyb 11,1 kichik biznes subyekti to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu ko‘rsatkich MDH mamlakatlariga nisbatan ancha yuqori hisoblanadi. Oxirgi o‘n yilda aholining tadbirkorlik faoliyatidan real daromadlari barcha manbadan keluvchi daromadlarning 50 foizidan ortdi.

Tahlillardan ayon bo‘lishicha, kichik biznes subyektlari milliy iqtisodiyotimizning ajralmas bo‘g‘iniga, ko‘plab iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal qilish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, odamlar farovonligini oshirishning lokomotiviga aylandi. Xususiy tadbirkorlar mulkdorlar, ya’ni o‘rta sinfi sifatida mamlakatni modernizatsiya qilish va yangilash, jamiyatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashning mustahkam tayanchi sanaladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay biznes muhitini shakllantirish nafaqat milliy iqtisodiyotni rivojlantirish hamda uning raqobatdoshligini oshirishga, balki, eng avvalo, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan. Shu sababli partiyamizdan nomzod Shavkat Mirziyoyev qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikka imtiyoz va -preferensiyalar berish, sohadagi huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlikni liberallashtirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy choralarga urg‘u bermoqda.

Saylovoldi dasturida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, tadbirkorlik faoliyatini nazorat qilish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishga doir takliflar ilgari surilgan. Ma’lumki, ko‘plab korxonalar bank kreditlari evaziga rivojlanib, keng quloch yoymoqda. Shu sababli Shavkat Mirziyoyev kichik biznes subyektlarini kreditlash bilan bog‘liq qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi bilan chiqmoqda. So‘nggi o‘n yilda xususiy sektorga kreditlar ajratish sur’atlarining o‘rtacha yillik o‘sishi 30 foizni tashkil etdi, aniqrog‘i, 29 karra ortdi, mikrokreditlar ajratish ko‘rsatkichlari esa 56 barobar o‘sdi. Bu jarayon kelgusida sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettiriladi.

Nomzodimizning fikricha, tadbirkorlarni sud yo‘li bilan himoya qilishni kuchaytirish va ularning javobgarligini liberallashtirish, ayni paytda xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashgani uchun mansabdor shaxslarning mas’uliyatini kuchaytirish orqaligina ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga erishish mumkin. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta’minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.

Shuningdek, Saylovoldi dasturida soliq boshqaruvi va bank faoliyatida zamonaviy tartibga solish mexanizmlarini joriy etish, qolaversa, ruxsat berishga oid hujjatlar va litsenziyalar berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir aniq chora-tadbirlar taklif etilmoqda. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilini mustahkamlash hamda so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlash, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish ko‘zda tutilgan. Ularning tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashishi oqibatida yetkazilgan zararni undirish mexanizmlari ta’minlanadi. Bu ishbilarmonlarga o‘z biznesini samarali yuritish va iqtisodiyotga munosib hissa qo‘shish imkonini beradi. Albatta, tekshiruvlar sonining qisqarishi tadbirkorlarning vaqti va mablag‘larini iqtisod qiladi. Binobarin, bugungi zamonaviy tadbirkor uchun har kun va har daqiqa qadrli.

Tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda boshqa qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish taklifi ilgari surildi. Ushbu qonunlar korrupsiya tusidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishga qaratilgan choralarni takomillashtirish hamda qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga yo‘naltirilgan. Oldinlari tadbirkor zarur masalalarni hal etish uchun turli organlar eshigida sarson bo‘lardi, ba’zan faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan bo‘lsa, qonunchilikka kiritiladigan yangiliklar bunday holatlarga chek qo‘yish imkonini beradi.

Xususiy sektor vakillarining aytishicha, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ishbilarmonlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llashning bekor qilinishi tadbirkorlar uchun qo‘shimcha rag‘bat, o‘z ishini noto‘g‘ri yuritgan, buni anglab yetgan hamda yetkazilgan zararni qoplagan ishbilarmonlar uchun esa kerakli saboq chiqarish, avvalgi xatolarni inobatga olgan holda faoliyatini yangidan boshlash uchun yana bir imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va ko‘makka biznes vakillari, albatta, munosib javob qaytaradi. Tashabbuskor va ishiga mas’uliyat bilan yondashuvchi ishbilarmonlar buni chuqur anglab, Vatanimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash yo‘lida astoydil mehnat qilishga tayyorligini bildirishmoqda.

Umuman, Saylovoldi dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning ro‘yobga chiqarilishi mamlakatimizda ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaxshilash, sud-huquq tizimini liberallashtirish, pirovardida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati, -xalqimiz farovonligining yuksalishiga olib keladi.

Yosh oilalar o‘z uylarida baxtli yashaydi

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining qariyb yarmi, ya’ni 16 million odam qishloq joylarda istiqomat qiladi. Har yili qishloqlarda 160 mingdan ortiq yosh oila quriladi, tabiiyki, ularning aksariyati uy-joyga ehtiyoj sezadi.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda fuqarolarning aksariyati o‘z uyiga ega bo‘lmay, ijarada turishni ma’qul ko‘rsa, mamlakatimiz aholisi, asosan, o‘z uy-joyiga ega bo‘lish, unda oilasi bilan baxtli hayot kechirish, farzandlarini zamonaviy andozalar asosida barpo etilgan, barcha shart-sharoitga ega uyda tarbiya qilishga intiladi. Odamlarimiz o‘z uyiga ega bo‘lishni farovon va barqaror turmushning muhim omili, deb biladi.

Mazkur masalaning dolzarbligini hisobga olgan holda, keyingi yillarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish, qishloqda muhandislik, kommunikatsiyalar, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini yaratish borasida keng miqyosli ishlar olib borildi. Tegishli dastur amaliyotga yo‘naltirilganidan buyon qishloq joylarda 69 ming 557 ta turarjoy bunyod etilib, o‘tgan yetti yil davomida bu maqsadlarga mamlakatimiz tijorat banklari tomonidan 4,3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shu bilan bir qatorda, ushbu ezgu ishlarga xalqaro moliyaviy institutlarning kredit liniyalari jalb etildi. Yuqorida keltirilgan raqamlar ortida o‘z uyiga ega bo‘lgan baxtli ota-onalar va farzandlar, uy-joy sharoitlarini yaxshilab olgan o‘n minglab oilalar turganini anglash qiyin emas.

Ayni paytda ushbu sohani o‘rganish aholining real ehtiyojlari va xarid qobiliyatini, shuningdek, milliy mentalitetni va qishloq joylarda yashash sharoitlarining xususiyatlarini to‘liq hisobga olib qurilish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan prinsipial jihatdan yangi yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatdi. Qishloq aholisining zamonaviy va arzon uy-joyga ehtiyoji tobora ortib borayotgani uy-joy qurilishi uchun imtiyozli kreditlar berishning yanada qulay shartlarini joriy etish, energiyani tejaydigan materiallar va asbob-uskunalarning yangi turlaridan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, uylarning tannarxini pasaytirishni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z Saylovoldi dasturida besh yilga mo‘ljallangan, to‘rt xil yangi namunadagi, qulay va arzon uy-joylarni barpo etishga qaratilgan Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturini amalga oshirishning aniq yo‘nalishlarini bayon qildi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda uy quruvchilarning yakka tartibdagi uy-joy barpo etish uchun boshlang‘ich badali 25 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, dasturga muvofiq, badal miqdori 15 foizgacha kamaytiriladi. Shu bilan birga, uy quruvchilarga 3 yillik imtiyozli davr va birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi stavkasi bilan 15 yil muddatga ipoteka kreditlari beriladi. Bundan keyingi davrda kreditning foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydi.

Dasturda ko‘zda tutilgan ipoteka kreditlariga doir yengilliklar yosh oilalarga uy-joy xarid qilishni ortga surmasdan o‘z uyiga ega bo‘lishi hamda kredit to‘lovlarini qiyinchiliksiz amalga oshirishi, qisqacha aytganda, munosib turmush kechirishini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Dasturda asosiy e’tibor uy-joyning aynan arzonligiga qaratilgan, bu esa fuqarolarimizga ushbu afzallikdan foydalanishi uchun keng yo‘l ochadi.

Barpo etilayotgan namunaviy uylarning narxi nimaning hisobidan pasaytirilishi ham puxta o‘ylangan. Buning uchun asosiy qurilish materiallari va buyumlarga qurilish-pudrat tashkilotlarining xarajatlari maqbullashtiriladi, uy quruvchilariga soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa imtiyozlar taqdim etiladi. Dasturni amalga oshirishning birinchi bosqichidayoq, ya’ni 2017-yilda ehtiyojmand oilalar uchun boshlang‘ich to‘lov hajmi ikki barobar kamaytirilib, to‘rt xil yangi namunadagi, qulay va arzon, bir va ikki qavatli 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish mo‘ljallanmoqda. Ushbu choralar nafaqat qishloqlardagi arzon uy-joy fondi bilan bog‘liq mavjud ijtimoiy muammolarni hal qilish, balki qurilish sohasining barqaror sur’atlarda rivojlanishiga xizmat qilishi inobatga olinsa, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod tomonidan taklif etilayotgan ushbu dastur g‘oyatda muhim ekaniga ishonchimiz ortadi.

Shu o‘rinda iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar tajribasiga e’tibor qaratsak, uy-joy qurilishiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar jami sarmoyalar hajmining 20-40 foizini tashkil etadi. Uy-joy va infratuzilma barpo etish ishlari iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida tan olingan. Masalan, o‘tgan asrning 30-yillarida AQShda kechgan Buyuk depressiya davrida keng miqyosda yakka tartibdagi uy-joylar qurishga kreditlar ajratish siyosati iqtisodiy o‘sishni qayta tiklashda hal qiluvchi rol o‘ynagan. Milliy iqtisodiyotni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida shunga o‘xshash chora hamda dasturlar Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarda ham qabul qilingan.

Milliy tajribamiz ham uy-joy qurilishi kommunal va ijtimoiy soha, transport va kommunikatsiya tarmoqlari, zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarishni rivojlantirishning hamda aholi bandligi masalasini samarali hal etishning muhim omili bo‘lib xizmat qilayotganini ko‘rsatmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida qurilish sohasining ilg‘or texnologiyalari asosida xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy qurilish va pardoz materiallarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, ayni paytda ularning eksporti yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Saylovoldi dasturida 2017-2020-yillarda shaharlarda 945 ta ko‘p qavatli uylar qurish dasturi loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Dasturga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahri hamda yirik shaharlarda 50 mingga yaqin oilalar uchun ko‘p qavatli arzon uylar quriladi. Yangi uylarning qurilishi dasturda ko‘zda tutilgan boshqa choralar, ya’ni shahar va qishloqlarda barpo etilayotgan yangi mavzelarda tegishli infratuzilmani yaratish, jumladan, yo‘l-transport tarmoqlarini barpo etish, suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish, energiya ta’minotini yaxshilash bilan birgalikda fuqarolarimiz turmush sharoitlarini salmoqli darajada yaxshilash imkonini beradi.

Aholi farovonligi — ustuvor vazifa

Xalqaro hamjamiyatda “o‘zbek modeli” sifatida e’tirof etilgan mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lining besh tamoyilidan biri kuchli ijtimoiy siyosat yuritishni nazarda tutadi. Yurtimizda ushbu tamoyilning izchil ro‘yobga chiqarilishi natijasida Davlat budjeti mablag‘larining 60 foizga yaqini ijtimoiy sohaga sarflanmoqda.

Shu ma’noda, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Saylovoldi dasturida dolzarb ijtimoiy masalalarni hal qilishga qaratilgan 15 ta maqsadli dastur ishlab chiqish vazifasi ilgari surilgani, qolaversa, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish birinchi darajali vazifalar qatoriga kiritilgani juda ahamiyatlidir.

Ma’lumki, joylarda ayrim ota-onalar maktabgacha ta’lim muassasalari bilan bog‘liq muammolarga duch kelishmoqda. Bog‘chalardagi guruhlarda bolalar soni belgilangan me’yordan ortiq bo‘lishi kuzatilmoqda. Nomzodimiz tomonidan mazkur muammoni hal qilish hamda maktabgacha ta’lim tizimini mustahkamlash maqsadida aniq chora-tadbirlar taklif etilayapti. Xususan, yangi va zamonaviy bog‘chalarni qurish, mavjudlarini to‘liq ta’mirlash orqali bolalarimiz uchun yana bir milliondan ortiq o‘rin tashkil etiladi.

Nomzod oliy ta’lim tizimida yanada tub islohotlar amalga oshirishni taklif etmoqda. Bu borada zamon oldimizga ko‘plab dolzarb va qat’iy talablarni qo‘ymoqda: oliy ta’lim dargohlarimizning bitiruvchilari muhim vazifalarni samarali hal etishga qodirmi? Ular yetakchilik, tashabbuskorlik fazilatlariga egami? Ertaga yaxshi rahbar bo‘la oladimi? Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pi yoshlar ekanini inobatga olsak, bu boradagi siyosat, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasblarni puxta egallagan barkamol avlodni tarbiyalash ishlari “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida qat’iy davom ettiriladi.

Nuroniy otaxon va onaxonlarimizni e’zozlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish — dasturning muhim yo‘nalishlaridan. Keksalarimiz va faxriylarimiz hayot sifatini yaxshilash maqsadida ularning salomatligini mustahkamlash, dam olishi uchun qulay sharoitlar -yaratish ishlari yanada kuchaytiriladi. Muhtarama ayollarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish ishlari ham yangi bosqichga ko‘tariladi, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini kuchaytirish, turli sohalarda salohiyatini namoyon etishi uchun imkoniyatlar yaratish ishlari kengaytiriladi.

Shu bilan bir qatorda, yoshi ulug‘ insonlar, yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish rejalashtirilgan. Sog‘liqni saqlash sohasini isloh etish davom ettiriladi. Qishloq vrachlik punktlari, tez yordam stansiyalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va xususiy tibbiyot muassasalarining faoliyati takomillashtiriladi. Ayni paytda tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga qimmat dorilarni asossiz ravishda tayinlashga, buning ustiga, dorixona tarmoqlarida dorilarga besabab ustama qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaydigan eng qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Eng zarur dori vositalarini davlat dorixonalarida belgilangan narxlarda xarid qilish mumkin bo‘ladi. Ayni paytda xususiy dorixonalarda import qilingan va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori vositalarining narxiga qo‘yiladigan ustama cheklanadi.

Ta’kidlash joizki, partiyamiz nomzodi tomonidan taklif etilgan turli tarmoqlarni rivojlantirishga doir kompleks dasturlar sohalardagi ahvolni hamda fuqarolarning Bosh vazir virtual qabulxonasiga kelgan shikoyat, fikr va takliflarini chuqur o‘rganish asosida ishlab chiqilgan.

Virtual qabulxona tashabbusi qisqa muddat ichida davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning eng ta’sirchan o‘zaro muloqot vositasiga aylandi. Ushbu portal jamiyatimizda tartib va adolat o‘rnatish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Odamlar o‘z shikoyatlari, arizalari, taklif va istaklari bilan bevosita O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Virtual qabulxonaga kelayotgan har bir murojaat qat’iy nazoratga olinib, fuqarolarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilmoqda. Nomzodning Saylovoldi dasturida har bir tuman va shaharda, barcha viloyatda bunday qabulxonalarni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq qabulxonalari” sifatida tashkil etish lozimligi ta’kidlangan. Partiya vakillari fuqarolarning yozma va og‘zaki murojaatlarini, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganib, hal etish bilan muntazam shug‘ullanadi. Prezidentlikka nomzodning fikricha, bu muhim ishlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi partiyamizning aholi va saylovchilar o‘rtasidagi obro‘-e’tibori yanada oshishiga xizmat qiladi. Eng asosiysi, bundan el-yurtimizga naf bo‘ladi, xalqimiz barchamizdan va davlatdan rozi bo‘ladi.



Просмотров: 9006