×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
00:09:02 (GMT +5), payshanba, 9 - iyul 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


2 - dekabr 2016

Milliy tiklanish, avvalambor, milliy o‘zlikni anglash demakdir

Sanoqli kunlardan so‘ng bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan mamlakatimiz siyosiy maydonida nomzodlar o‘rtasida kurash qizg‘in davom etmoqda. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov Saylovoldi dasturining tashviqoti joylarda ishonchli vakillar uchrashuvlarida saylovchilarning faol ishtirokida olib borilmoqda.

Ishonchli vakillar nomzod Saylovoldi dasturida belgilangan milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish g‘oyasini amalga oshirish, ichki siyosatda iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga, xalqimizning farovonligi oshishiga erishish, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va maqsadli ilgari surish, O‘zbekiston xalqining milliy-madaniy va ma’naviy-axloqiy qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash va boyitish maqsadi bilan qatnashmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ­nomzod Sarvar Otamuratovning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ishonchli vakili Tajibay Romanovning Mang‘it tumanidagi saylovchilar bilan uchrashuvi ham qizg‘in ruhda o‘tdi.

Uchrashuvda ishonchli vakil saylovchilarni nomzod Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalar bilan tanishtirdi.

Nomzodning Saylovoldi dasturida madaniy meros obyektlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, madaniy meros obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish zarur. Muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obyekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish lozim. Ularning YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kirmaganlarini kiritishda faollik ko‘rsatish — asosiy vazifamizdir, dedi ishonchli vakil.

Uchrashuvda ishtirokchilar nomzodning Saylovoldi dasturiga o‘z munosabatlarini bildirdilar.

M.Yusupova, Mang‘it iqtisodiyot kolleji o‘qituvchisi:

— Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ayniqsa, chekka va olis hududlarda bu borada o‘z yechimini kutayotgan masalalarning mavjudligi ayni haqiqat. Nomzod ilgari surayotgan chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasida tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan obyektlarni davlat hisobiga olish, moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini va nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatini yuritishga xizmat qiladi.

Sharq durdonasi bo‘lgan Xorazm ko‘p asrlik tarixga va nodir madaniy-ma’naviy merosga ega. Bularning hammasi mamlakatimizda ulkan salohiyati hozircha to‘liq ishga solinmagan turizm industriyasini rivojlantirish va yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Xorazm viloyatidagi ishonchli vakili Muhabbat To‘raboyevaning Qo‘shko‘pir tumani saylovchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ana shunday masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa partiya va mahalla faollari qiziqishiga sabab bo‘ldi.

M.Tillayeva, Qo‘shko‘pir tumani “Hayot ko‘zgusi” gazetasi bosh muharriri:

— Ma’lumki, Xorazm uzoq asrlik tarix va bebaho madaniy-tarixiy merosga ega. Shundan kelib chiqqan holda, dasturda belgilangan turizm sohasini rivojlantirishda voha juda katta salohiyatga ega. Buning uchun sayyohlik infratuzilmasi va ularga mo‘ljallangan obyektlarning har tomonlama maqbul bo‘lishini ta’minlash lozim. Ayniqsa, dasturda ko‘rsatib o‘tilganidek, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirish, sayyohlik industriyasi bilan bog‘liq xizmatlarning turli sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish kerak. Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, mustaqillik yillarida turizmni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida uning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 0,1 foizdan 2 foizgacha ko‘tarildi. Har yili mamlakatimizga dunyoning 70 davlatidan ikki millionga yaqin sayyoh keladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 500 dan ortiq turistik kompaniyalar xizmat ko‘rsatmoqda. 110 dan ziyod xalqaro yo‘nalishlar mavjud. Ulardan 65 tasi tarixiy-madaniy yodgorlik, 30 tasi tabiat-rekreatsion, 15 tasi sog‘lomlashtirish turizmi unsurlariga ega ekologik yo‘nalishlar hisoblanadi. Ayni paytda O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar uchun eng ommabop turizm turi ­madaniy-tarixiy turizm bo‘lib qolmoqda.

Shu bois Xorazmda turizm industriyasini yanada rivojlantirish dolzarb masaladir. Bu viloyatga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlarning soni ortishi bilan hududning iqtisodiy taraqqiyoti hamda aholi daromadlarining ortishiga ham xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratovning turizmni yanada rivojlantirish borasida ilgari surayotgan maqsad-vazifalari Xorazm ahli uchun ham juda muhimdir.

Sarvar Otamuratovning Sirdaryo viloyatidagi ishonchli vakili Norbobo Soatovning Guliston tumani saylovchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ­nomzodning Saylovoldi dasturi keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ishonchli vakil ushbu dastur bilan tanishtirar ekan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ma’naviy-ma’rifiy sohani o‘zining dasturiy maqsad-vazifalari ichida yetakchi o‘ringa qo‘yganligi keng jamoatchilik va saylovchilarga yaxshi ma’lum ekanligini ta’kidladi. Chunki o‘zligini anglagan, qadriyat va an’analarini e’zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va ­gumanitar taraqqiyotga yuz tutadi.

Mamlakatimizda bu sohada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va bu borada hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish eng muhim vazifa. Biz doimo milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va qadr-qimmat tuyg‘usini mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat berganmiz va bundan buyon ham ushbu hayotiy masalalar diqqat markazimizda bo‘ladi, deb ta’kidladi N.Soatov.

Qizg‘in bahs-munozara tarzida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Nomzodning Saylovoldi dasturi bo‘yicha muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

S.Abdullajonov, Guliston shahridagi 2-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:

— Bugungi uchrashuv davomida yoshlarni ona tilimizga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash, o‘zbek tilining tarixi, buguni va kelajagi to‘g‘risida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, internet tarmog‘i va boshqa yo‘nalishlardagi til imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Nomzodning dasturida ommaviy muomalada, ko‘chalarda joylashtirilgan tashqi yozuvlarda, reklama va e’lonlarda, ommaviy axborot vositalarida o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish asosiy vazifalardan biri sifatida qayd etilgan. Shu vazifadan kelib chiqib, Sirdaryo viloyatidagi mavjud ahvolga nazar soladigan bo‘lsak, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashidagi O‘zMTDP guruhi a’zolari ushbu masalani tegishli mas’ullar hamda mutaxassislardan iborat ishchi guruhi tuzib, “Davlat tili haqida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va sohaga oid boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini o‘rgandi. Jamoat joylari, ommaviy axborot ­vositalarida o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalariga amal qilinishining ­monitoringi natijalariga ko‘ra, viloyatning tuman va shaharlarida ushbu masalada muayyan ijobiy ishlar bilan birga, yuzdan ortiq korxona, muassasa, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi savdo do‘konlari va boshqa tashkilotlarda o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan holatlar aniqlandi. Bundan tashqari, xalq deputatlari Sayxunobod, Xovos, Boyovut, Shirin, Oqoltin, Yangiyer va Guliston shahar hamda tumanlari Kengashlaridagi partiyamiz guruhi tomonidan “Ommaviy jamoat joylari, ommaviy axborot vositalarida o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalariga amal qilinishi holati to‘g‘risida”gi masala sessiya kun tartibiga kiritilib, tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi.

Buxoro viloyatining Vobkent tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda nomzodning hududdagi ishonchli vakili Saidjon Hamroyev ma’naviy-ma’rifiy sohaga alohida e’tibor qaratdi. Ishonchli vakil “O‘z tarixini bilmaydigan, ­kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q” tamoyili asosida xalqimiz tarixini xolis va tizimli o‘rganish, bu borada o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kunini baholashda bir yoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekiston tarixini buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi ­kurashish lozimligi xususida gapirdi.

A.Muhamedov, Madaniy meros obyektlarini ­muhofaza qilish va ulardan ­foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi Buxoro va Navoiy viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo inspeksiyasi boshlig‘i:

— Dasturda tilga olib o‘tilgan o‘zbek xalqi tarixiga bir yoqlama yondashuv va uni buzib hamda soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashish vazifasini dolzarb, deb hisoblayman. Shundan kelib chiqib, xalqimizning boy tarixi, ajdodlarimiz asarlarini o‘rganishda davom etish, O‘zbekiston tarixining har qanday davri buzib, soxtalashtirib ­talqin etilishiga yo‘l qo‘ymaslik — yoshlarni milliy tiklanish g‘oyalari, milliy madaniyat va qadriyatlarga ­hurmat ruhida tarbiyalashning poydevori, ­deyish mumkin.

Umuman olganda, sobiq sho‘ro respublikalarida keyingi 20 — 25 yil davomida davlatning 130 — 150 yil ilgarigi ­tarixini qayta ko‘rib chiqish, uni ­mafkuraviy qolip va bosimlardan xoli qilish jarayoni kechmoqda. O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq tariximizni xolis o‘rganish va qayta tiklashga katta e’tibor qaratildi. Bu borada sovet mafkurasi ta’siri ­ostida yaratilgan tariximizni soxtalashtirish va buzib ko‘rsatish holatlaridan forig‘ etish, har bir davr va tarixiy shaxsni xolis o‘rganish asosiy maqsad etib ­belgilandi. XIX asrning ikkinchi yarmidan o‘tgan asrning 90-yillarigacha bo‘lgan davrdagi murakkab va muhim ­voqealarga nisbatan haqqoniy tarixiy faktlar asosida baho berishga ahamiyat qaratish zarur.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” ­demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Navoiy viloyatidagi ishonchli ­vakili Anora Bobomurodova Zarafshon shahri saylovchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda nomzod dasturida belgilangan ishlab chiqarishni texnik va ­texnologik modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yo‘naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish, zamonaviy yuqori ­texnologiyali ishlab chiqarishlarni ­tashkil etish vazifalariga e’tibor qaratdi. Istiqbolli ishlab chiqarish ­bilan shug‘ullanayotgan korxonalarga soliq va majburiy to‘lovlarda imtiyozlar berish yo‘li bilan mahalliy sanoat samaradorligini yanada oshirish lozimligini alohida e’tirof etdi.

F.Rajabov, ishlab chiqaruvchi:

— Uchrashuvda ishonchli vakil transport-logistika tarmog‘idan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, “O‘zbe­kistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ­ostida jahon bozoriga mahsulot yetkazib berishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni davom ettirish, import o‘rnini bosadigan mahalliy xom ashyo ­asosida mahsulot tayyorlovchilarni ­samarali qo‘llab-quvvatlash, ular uchun soliq miqdorini kamaytirish, bojxona imtiyoz va preferensiyalari, imtiyozli subsidiyalar va boshqa shakllardagi ­davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ­choralarini joriy etishga alohida ­e’tibor qaratdi.

Ushbu vazifalar, shubhasiz, mamlakatimizda milliy iqtisodiyotni ­rivojlantirishga xizmat qiladi. Qayd etish lozimki, har qanday mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ko‘rsatish va iqtisodiy islohotlarning natijasini baholash uchun yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari va uning tendensiyasi, shuningdek, kishi boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki ­mahsulot miqdori alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda 1990-yilda aholi soni 20 milliondan ortiqni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib aholimiz 32 millionga yetdi yoki xalqimiz bir yarim barobar ko‘paydi. Ayni paytda yurtimizda kishi boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot miqdorining ham izchil ravishda o‘sishi kuzatildi. Haqiqatan ham, ana shu qisqa fursat ichida iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga to‘g‘ri ­keladigan real daromadlar 12 barobardan ziyod oshgani biz tanlagan ­taraqqiyot yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini isbotlab turibdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” ­demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Saylovoldi dasturida nazarda ­tutilgan chora-tadbirlar ana shu yutuqlarimizning izchilligini ta’minlab, iqtisodiy islohotlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” ­demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Toshkent viloyatidagi ishonchli vakili Shuhrat Nasimovning Ohangaron tumani saylovchilari bilan uchrashuvi fikr-mulohaza va savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. So‘zga chiqqan saylovchilar Saylovoldi dastur yuzasidan o‘z ­munosabatlarini bildirdilar.

N.Jo‘raboyev, o‘qituvchi:

— Nomzod ilgari surgan sud-huquq ­sohasini isloh etish va yanada demo­kratlashtirish keng qamrovli va izchil jarayondir. Xalqaro amaliyotda keng qo‘llanilayotgan jinoyat huquqining ­zamonaviy institutlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish kabi maqsad-vazifalar bugun amaliyotda keng istifoda qilinmoqda. ­Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimizda 60 ta jinoyat tarkibi bo‘yicha ­milliy qadriyatlarimizga mos bo‘lgan yarashuv instituti joriy etildi. ­Yarashuv instituti amaliyotga joriy qilinganidan buyon 188 mingdan ziyod shaxs yarashganligi munosabati bilan 104 mingdan ortiq jinoiy ish tugatilgan.

Partiya nomzodi sud-huquq sohasini yanada demokratlashtirish, jamiyatda ­mustahkam barqarorlik va qonun ­ustuvorligini ta’minlashda aholining huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirishni hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb hisoblaydi. O‘z haq-huquqini bilgan ­inson ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol va ongli ishtirokchisiga aylanadi. Pirovardida jamiyatda fuqarolik nazorati instituti shakllanadi. Rivojlangan, huquqiy madaniyati yuksak ­jamiyatda fuqaro nazorati ham yuksak darajaga ko‘tariladi. Hech bir fuqaro jamiyat, yon-atrofida ro‘y berayotgan voqea va hodisalarga befarq munosabatda bo‘lmaydi.

Fuqarolarning huquqiy madaniyati darajasi, o‘z navbatida, huquqiy-demo­kratik davlat barpo etish, ochiq ­fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonini jadallashtiradi. Qisqacha aytganda, fuqarolarning huquqiy madaniyati darajasi demokratik jamiyatning negizi va huquqiy tizim yetukligining muhim ­belgisidir.

Nomzodning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili Odiljon Mamadaliyev Chortoq tumani saylovchilari bilan ­uchrashuvda mehmondo‘st va tanti tuman ahli o‘zining betakror an’ana va ­qadriyatlari bilan azaldan shuhrat qozonib kelgani, chortoqlik mehnatkashlar fidoiyligi va bunyodkorlik salohiyati bilan viloyatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga munosib hissa qo‘shib kelishayotganini e’tirof etdi.

Ishonchli vakil ta’kidlaganidek, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demo­kratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod dasturida o‘zbek xalqining yuksak madaniyati va iste’dodini namoyish etadigan va estetik qimmatga ega bo‘lgan milliy hunarmandlik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish, milliy badiiy ­maktablarning an’analarini saqlab qolishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Viloyatda azal-azaldan mahalla ins­tituti xalq hayotidan mustahkam o‘rin egallagan. Uchrashuvda ishonchli vakil qadriyatlarimiz va an’analarimiz beshigi bo‘lgan, demokratiya maktabi deb e’tirof etilayotgan mahallaning tashkiliy va huquqiy asoslarini yanada mus­tahkamlashga alohida e’tibor qaratdi.

N.Hoshimova, O‘zMTDP faoli:

— Saylovoldi dasturida asrlar ­davomida o‘zbek xalqining ezgu va ilg‘or an’analari asosida tarixan qaror ­topgan mahallani milliy demokratik ­institut sifatida yanada takomillash­tirish dolzarb vazifa sifatida ­belgilangan. Bu esa mahalla institutining tashkiliy va iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarini hal etishda hamda milliy va ma’naviy ­qadriyatlar, mahalliy urf-odat va ­an’analarni qayta tiklash hamda ­boyitishdagi bevosita ishtirokini ­ta’minlash, rolini kuchaytirish bilan chambarchas bog‘liqdir.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” ­demokratik partiyasi o‘z g‘oyalari, ­maqsad-vazifalarini targ‘ib qilish, ro‘yobga chiqarishda mahalla institutini yaqin hamkor, deb biladi, uning ­imkoniyatlaridan keng foydalanadi. Chunki mahalla bugun fuqarolik jamiyatining eng faol institutlaridan ­biriga aylanmoqda. Shu bois nomzod o‘z dasturida mahalla institutini yanada har ­tomonlama kuchaytirish va uning fao­liyat ko‘lamini kengaytirishni o‘z oldiga ­maqsad sifatida qo‘ymoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezident­ligiga nomzod Sarvar Otamuratovning vodiy gavhari — Farg‘ona viloyatidagi ishonchli vakili Umidjon Jabborovning Qo‘qon shahar saylovchilari bilan ­uchrashuvi saylovchilarning faol ­ishtirokida o‘tdi.

Unda ishonchli vakil, asosan, ­ma’naviy-ma’rifiy sohada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni ­yanada chuqurlashtirish, xalqimizning betakror va ulug‘vor tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va bar­kamol avlod orasida keng targ‘ib qilishga ­alohida urg‘u berilganini ta’kidladi.

M.Shodiyeva, O‘zbekiston Milliy ­teleradiokompaniyasining Farg‘ona viloyati teleradio­kompaniyasi muharriri:

— Bugun barchamiz ta’sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etilgan va o‘zbek xalqining haqqoniy tarixi aks etgan ­kinoasarlarni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Qo‘shni xorijiy davlatlar ­o‘zlarining millat qahramonlari haqida, ular jahon miqyosida buyuk bo‘lmasa-da, chet elning yetuk kinostudiyalari bilan hamkorlikda kinoasarlar tayyorlab, ularni dunyo ommasiga tanishtirmoqdalar. Bunday tajriba milliy g‘urur va iftixorni oshirib, millatni birlashtiradigan kuchli targ‘ibot usuli ­hisoblanadi.

Bu borada nomzod dasturidagi ­jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at ­namoyandalari, buyuk davlat ­arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kinoasarlarni ­yaratish masalasi bugungi milliy kino sohasidagi eng dolzarb vazifa, deb bilaman.

Shu bilan birga, hozirgi globallashuv ­sharoitida xalqning o‘ziga xos qiyofasi, milliy qadriyat va an’ana­larini asrab qolish, odamlarda yuksak ma’naviy ong va ­didni tarbiyalashda ­teatrning o‘rni yanada beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Biroq teatr zallari ko‘pincha tomoshabinlar bilan yarim to‘lgan ­ahvolda bo‘ladi.

Nomzod teatrga odamlarni qaytarish uchun, eng avvalo, zamondoshlarimizni o‘ylantirayotgan va to‘lqinlantirayotgan mavzularda badiiy jihatdan yuksak ­mahorat bilan sahnalashtirilgan ­spektakllarni ko‘paytirish, odamlarda, ayniqsa, yoshlarda teatr tomoshasi ­madaniyatini o‘stirish va eng muhimi, mamlakatimiz teatrlarida “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etishga alohida e’tibor qaratgani muhim ­ahamiyatga ega.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” ­demokratik partiyasidan O‘zbekiston ­Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Samarqand viloyatidagi ishonchli ­vakili Subxon Abbasov Samarqand ­tumani saylovchilari bilan uchrashuvda dasturdagi ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy va sud-huquq, iqtisodiy, ijtimoiy, ­axborot, sport va tashqi siyosat ­yo‘nalishlarida belgilangan vazifalarga to‘xtaldi.

Bahs-munozaralar tarzida o‘tgan ushbu uchrashuv saylovchilar va keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etildi.

Z.Shodiyeva, Samarqand tumanidagi 31-umumta’lim maktabi direktori:

— Mamlakatimizda ilmu ma’rifat, ta’lim va tarbiya sohalarida, umumlashtirib aytganda, xalqning ma’naviy ­tafakkurini, yoshlarning bilim salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda xalqimiz va ayniqsa, yoshlarimiz qalbida kitobga mehr uyg‘otish, kitobxonlik ko‘nikmasi va saviyasini ­shakllantirish, kutubxonalar kitob ­fondini tubdan yangilash va ularning ish metodikasini zamonaviylashtirish, markazda va hududlarda kitob savdosini tizimli tashkil etishga alohida ­e’tibor qaratildi. Ayniqsa, ilg‘or ­texnologiyalar asosida tashkil etilgan axborot-resurs markazlari — XXI asrga dadil qadam qo‘ygan o‘zbek yigit-­qizlarining eng sevimli va bilim ­darajalarini o‘stirish maskaniga ­aylandi.

Shu bois O‘zbekis­ton Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturidagi yoshlarni milliy o‘zlikni anglash va tarixiy, milliy qadriyatlarimizga ­hurmat ruhida tarbiyalash, xalqimizning madaniy, tarixiy va intellektual ­merosini ko‘z qorachig‘idek asrab-­avaylashga qaratilgan vazifalar bugungi shiddat bilan rivojlanib, o‘zgarib borayotgan globallashuv davrida ­nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. ­Xususan, “Barkamol avlod — millat ­tayanchi” tamoyili ostida ilgari ­surilayotgan maqsadlar, yoshlar uchun ­ma’naviy-ma’rifiy markazlarni ­tashkil etish va ularning faoliyatini rivojlantirish borasidagi vazifalar ­viloyatdagi ma’naviyat, madaniyat maskanlari, ta’lim muassasalari faoliyatini, ularning shart-sharoitlarini yanada kengaytirishga, yosh yigit-qizlarning ma’naviyatini yanada yuksaltirishda ­muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

— Mustaqillik yillarida mamlakatimizning janubiy darvozasi hisoblangan Surxondaryo viloyatida ham ulkan o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berdi, — deydi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzodning Surxondaryo viloyatidagi ishonchli ­vakili Bahodir Xudoyqulov boysunlik saylovchilar bilan uchrashuvda. — ­Shahar va qishloqlar tobora zamonaviy qiyofa kasb etib, aholi turmush farovonligi yuksalib borayotir. Sobiq tuzum davrida faqat xom ashyo bazasi sifatida qaralgan viloyatimiz bugun sanoatning bir necha turi jadal rivojlanayotgan hududga aylandi. Bunda, albatta, ­Boysun tumani faollarining ham munosib ­hissasi bor.

Uchrashuvda ishonchli vakil dasturda belgilangan bir qator ustuvor vazifalarga to‘xtalar ekan, axborot sohasiga alohida urg‘u berdi. Bu borada Vatanimiz axborot makonida milliy manfaatlarimizning ustun bo‘lishi, yoshlarni axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini ­qondirishni yanada kuchaytirish lozimligiga e’tibor qaratdi.

N.Shaydullayeva, partiya faoli:

— Nomzod axborot sohasidagi ustuvor vazifalardan biri — yoshlarning kamolotiga xizmat qiladigan kreativ axborot muhitini yaratish ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Bu yoshlarni ularning jismoniy va ma’naviy-axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazadigan axborotlardan muhofaza etishga xizmat ­qiladi. Jahonda keskinlik kuchayayotgan, turli xavf va tahdidlar chuqurlashib borayotgan ayni shu murakkab davrda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar mohiyatini ­chuqur anglab yetish uchun, avvalo, o‘sib kelayotgan avlodda mustaqil fikrlash, ularda qat’iyat, sobit e’tiqod hamda hayotiy qarashlarni shakllantirish va mustahkamlash muhim masaladir.

Yoshlarimizni aynan milliy va ­umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiya­lasak, hech shubhasiz, ertangi hayotimizning eng mustahkam poydevorini qurgan bo‘lamiz. Biz jamiyat, davlat va shaxsning axborot xavfsizligini ta’minlashni taraqqiy topgan zamonaviy demokratik davlatlar qatoriga kirishdek strategik maqsadga erishish jarayonining muhim shartlaridan biri, deb hisoblaymiz. Zero, ishonchli vakil aytib o‘tgan globallashuv sharoitida milliy axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishni, haqiqatan ham, ­dolzarb vazifa, deb bilaman.

Umuman aytganda, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi nomzodining milliy-ma’naviy yuksalish, barcha sohada milliy manfaatlar ustuvorligini ­ta’minlashga yo‘naltirilgan qator hayotiy va dolzarb dastur-g‘oyalari ­mamlakatimiz milliy manfaatlaridan kelib chiqib, xalqimiz farovonligini oshirish, yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalikni mustahkamlash, betakror va ­ulug‘vor tarixiy, madaniy va intel­lektual merosimiz, madaniyatimiz va an’analarimizni asrab-avaylash hamda boyitishga, O‘zbekistonning jahon ­maydonidagi mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Hurmatli saylovchilar! O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Sarvar ­Otamuratovga ovoz bering!



Просмотров: 9608