×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
09:31:13 (GMT +5), chorshanba, 8 - iyul 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


26 - noyabr 2016

Milliy axborot makonini rivojlantirish nomzodlar saylovoldi dasturlaridan alohida o‘rin egallagan

Jamiyat va davlat hayotining barcha jabhasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, axborot sohasini isloh etish, so‘z erkinligini ta’minlash hamda axborot olish erkinligini kafolatlash mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Aholiga keng elektron davlat xizmatlari taqdim qilinishi, telekommunikatsiya infratuzilmasining takomillashtirilishi, internetning fuqarolar kundalik turmushining hamma jabhasiga keng tatbiq etilishi jamiyat hayotini yanada demokratlashtirish hamda erkinlashtirish, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiyalashda muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, yuridik hamda jismoniy shaxslarning davlat organlariga murojaatlarini ko‘rib chiqishning samarali tizimini yaratish davlat axborot siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan.

Axborotlashtirish sohasidagi erishilgan natijalar, elektron kommunikatsiyaning jadal sur’atlar bilan rivojlanishi nufuzli xalqaro tashkilotlarning reytinglarida yaqqol o‘z ifodasini topgan. Masalan, BMTning elektron hukumat rivojlanishini baholash reytingida O’zbekiston so‘nggi yilda ushbu yo‘nalishda 20 bandga yuqorilab, 80-o‘rinni egalladi. -“Fuqarolarning elektron ishtiroki” indeksi bo‘yicha esa 47-o‘ringa ko‘tarildi.

Bugun mamlakatimizda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Biz Prezidentlikka nomzodlar dasturlarining axborot sohasiga oid maqsad va vazifalarini qiyosiy tahlil qilib, saylovchilarga yordam berish maqsadida ularning axborot sohasi rivojini qanday tasavvur qilishini, ular qanday vazifalarni belgilab olganini o‘rganib chiqdik.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning dasturida milliy iqtisodiyot turli tarmoqlari, shu jumladan, turizm faoliyati samaradorligini oshirishda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari salohiyatidan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan.

Axborot sohasida milliy manfaatlarimiz hamda xalqimiz madaniyati va ma’naviyatining o‘ziga xosligini saqlashni ta’minlashga qaratilgan milliy axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi sifatida nomzod quyidagi yo‘nalishlarni belgilab olgan: “Milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslarini rivojlantirish, milliy axborot xavfsizligini ta’minlash vazifalarini hal etish; aholi, ayniqsa, qishloq joylardagi fuqarolarning yuqori darajada axborotga ega bo‘lishini ta’minlash; idoralararo va idora majmualarining axborot tizimlarini birlashtiruvchi milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslarini, ayniqsa, internetning milliy segmentlarini rivojlantirish” va boshqalar shular jumlasidandir.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyevning dasturida davlat boshqaruvi hamda sud hokimiyati tizimi samaradorligini oshirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga ahamiyat berilgan. Xususan, “Sud-huquq sohasidagi islohotlarimizning bosh vazifasi — bu sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini, odil sudlovning mustahkam kafolatini ta’minlashdan iborat. Shu munosabat bilan sudyalarning vakolat muddatini uzaytirish, ...sud-tergov faoliyatiga ilg‘or ilmiy-texnika vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi”.

O’zLiDePdan nomzodning dasturida huquq-tartibot organlari faoliyatining ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi hamkorligining samarali mexanizmlarini keng joriy qilish masalalari o‘rin egallagan. Unda, ayniqsa, axborot sohasini yanada rivojlantirish, yoshlarimizni axborot almashinuviga faol jalb qilish yo‘llari taklif etilayotgani muhimdir. Jumladan, dasturda “Ayni vaqtda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi so‘nggi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, aholining kitobxonlik ko‘nikmasini yanada yuksaltirish, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini internetga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilish ishlariga alohida e’tibor qaratamiz”, deb qayd etilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O’zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Xatamjon Ketmonov o‘z dasturida aholiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan erkin foydalanishni taqdim etuvchi punktlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, shuningdek, sudlarda ishlarni ko‘rish jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish, fuqarolarning sudga murojaat qilishi va sud hujjatlarini olishining elektron tizimini keng joriy etishni taklif qilmoqda. X. Ketmonov iqtisodiyot yo‘nalishida turli mahsulot yetkazuvchilarga o‘zaro erkin raqobatlashishiga imkon beradigan ochiq hamda oshkora elektron savdolar yo‘nalishini kengaytirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish tizimini takomillashtirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olgan.

O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning dasturida shunday deyiladi: “Biz demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o‘z xohish-irodasini erkin bildirishsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, deb bilamiz va “Oshkoralik — fuqarolik jamiyatining muhim shartidir” degan tamoyilga tayangan holda, axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratamiz. Axborot sohasida raqobat muhitini yanada kuchaytirish, olib borilayotgan islohotlarning, davlat ichki va tashqi siyosatining ochiq va oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining faolligini oshirish zarur, deb bilamiz. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini, hokimiyat va jamoatchilikning izchil aloqasini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish ustuvor vazifamiz hisoblanadi. Shuningdek, biz bosma ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish sohasida raqobatni rivojlantirishga, davriy matbuot mahsulotlarining chakana savdo tarmoqlarini kengaytirishga alohida ahamiyat beramiz”.

Ko‘rinib turibdiki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning dasturlarida axborot sohasini isloh qilish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash masalalariga keng o‘rin berilgan. Ular mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mohiyati bilan uzviy bog‘langan, ularning yechimlari jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotida, fuqarolarning siyosiy faolligini oshirishda, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatdan munosib o‘rin egallashida muhim ahamiyat kasb etadi. Nomzodlarning milliy axborot makonini takomillashtirish bo‘yicha maqbul yechimlarni ilgari surayotgani bugungi mintaqaviy va global rivojlanish natijasida yuzaga kelayotgan real vaziyat hamda mavjud dolzarb muammolarni hal qilish istagi bilan uzviy bog‘liqdir.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 7127