×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
10:40:52 (GMT +5), dushanba, 21 - sentabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


24 - noyabr 2016

Saylov komissiyalari va demokratik tamoyillar

Demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish xalq hokimiyatchiligi konstitutsiyaviy prinsipini amalga oshirish, demokratik saylovlarni o‘tkazish uchun zarur sharoit bilan uzviy bog‘liqdir.

Saylovlar zamonaviy demokratiyaning muhim instituti, xalq o‘z xohish-irodasini bildirishi hamda siyosiy jarayonlarda, jamiyat va davlat ishlarini boshqarish, shu jumladan, hokimiyatning vakillik organlarini shakllantirishda ishtirok etishining asosiy vositalaridan biri hisoblanadi. Erkin saylovlar nafaqat hokimiyatni shakllantirish tamoyili, ayni paytda uning xalq oldidagi mas’uliyati ifodasi hamdir.

Mustaqillik yillarida xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan saylov qonunchiligi yaratildi. Sohaga oid 10 ga yaqin qonunlarda umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi hamda yashirin ovoz berish singari asosiy prinsiplar, demokratik saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazish tartib-taomili belgilangan.

Mustaqil hamda xolis saylov komissiyalarini shakllantirish xalqaro saylov huquqining eng muhim talablaridan biri hisoblanadi. Zero, shundagina haqqoniy va adolatli saylovlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi. 2002 yilda Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan Saylovlarga nisbatan rahbariy prinsiplarda saylov komissiyalariga qo‘yiladigan talablar aniq belgilangan. Xususan, ularga ko‘ra, shaffoflik, xolislik va mustaqillik saylov kampaniyasi boshlanishidan ovoz berish natijalari e’lon qilinguniga qadar bo‘lgan saylov jarayonini zarur darajada boshqarish imkonini yaratadi.

Bugungi kunda xorijiy mamlakatlarda saylov organlarini shakllantirishning turli amaliyoti mavjud. YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan tayyorlangan YeXHT ishtirokchi-davlatlari saylov qonunchiligi va amaliyoti sharhida bayon qilinishicha, saylov organlarini shakllantirish mazkur organ-larning a’zolarini tayinlash yoki saylash usullari bilan bog‘liqdir.

Ushbu sharhda keltirilishicha, saylov organlari tarkibini shakllantirish bo‘yicha yagona xalqaro standart yoki majburiyat mavjud emas. Shuning uchun ham YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylov organlarini shakllantirish usuli samaradorligi hamda ishonchliligini ishtirokchi-davlatlarda saylovni o‘tkazish amaliyoti va siyosiy vaziyatdan kelib chiqib baholaydi. Bunda saylov komissiyalarining asosiy maqsadi mamlakatda demokratik saylovlarni o‘tkazish ekanligini unutmaslik lozim.

Joriy yilgi saylov qonun hujjatlari talablariga to‘liq muvofiq holda, jamiyatni isloh qilish va demokratlashtirish yanada chuqurlashgan, ijtimoiy faollik o‘sgan, -fuqarolarning mas’uliyati hamda ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarga, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlariga talabchanligi oshgan bir -sharoitda bo‘lib o‘tmoqda.

Bundan tashqari, O’zbekistonda fuqarolarning saylash va saylanishga oid konstitutsiyaviy huquqlari ro‘yobga chiqarilishini to‘liq ta’minlaydigan mustaqil saylov komissiyalari tizimi yaratilgan, saylovga yuqori demokratik darajada tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning huquqiy kafolatlari belgilangan.

O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini shakllantirish va uning faoliyati O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi, “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunlar qoidalari bilan tartibga solinadi.

Jumladan, Konstitutsiyamizning 117-moddasida Markaziy saylov komissiyasini shakllantirish tartibi, shuningdek, uning faoliyati mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplariga asoslanishi mustahkamlab qo‘yilgan. Mazkur prinsiplar “O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunda o‘z aksini topdi. Unga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi va uning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi. Markaziy saylov komissiyasi a’zolari qaror qabul qilishda siyosiy moyillar va boshqa yot ta’sirlardan xoli bo‘lgan o‘z nuqtai nazarini bildiradi. Bu esa Markaziy saylov komissiyasi faoliyatida xolislikni ta’minlaydi.

Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining muhim prinsiplaridan biri ochiqlikdir. Markaziy saylov komissiyasining majlislari ochiq o‘tkaziladi. Ushbu tamoyilning amalda ta’minlanishi siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillariga, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan va harakatlardan kuzatuvchilarga Markaziy saylov komissiyasi majlislarida hozir bo‘lish imkonini beradi.

Yana bir muhim jihat shundaki, Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini doimiy asosda olib boradi, u saylov kampaniyasi davrida ham, saylovlar oralig‘ida ham faoliyat yuritadi hamda yuridik shaxs hisoblanadi. U siyosiy partiyalar yoki boshqa jamoat birlashmalari qarorlariga qarab ish tutmaydi, tashkiliy jihatdan mustaqil bo‘lib, faqat qonunga bo‘ysunadi. Boshqa organlarga hisobdor emas (moliyaviy hisobdorlik bundan mustasno) hamda ularning oldida siyosiy javobgar bo‘lmaydi. Bu esa komissiya a’zolari maqomini, uning mustaqilligini ta’minlaydi, komissiya faoliyati erkinligi va tashkiliy mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlaydi.

Tegishli qoidalar qonunchilikda ham belgilab qo‘yilgan. Xususan, “O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasiga binoan, Markaziy saylov komissiyasi va uning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi. Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligini belgilovchi muhim omillardan yana biri uning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish, qarorlarini ijro etmaslik uchun ma’muriy javobgarlikning ko‘zda tutilganidir. Bu normalar Markaziy saylov komissiyasining o‘z faoliyatini tashqi ta’sirlardan xoli ravishda olib borishi, fuqarolarning saylov huquqlarini samarali ta’minlash yo‘lidagi faoliyatini kuchaytirishga zamin yaratadi.

Konstitutsiya bilan Markaziy saylov komissiyasi a’zolarining xalq vakillari tomonidan saylanishidek demokratik tartib belgilangan bo‘lib, bu jarayonda ijro organlari umuman ishtirok etmaydi. Jumladan, “O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan -saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasining Raisi komissiya a’zolari orasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasi bo‘yicha komissiya majlisida saylanadi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari va komissiya kotibi komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida saylanadilar. Bular ham Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligini ta’minlaydigan qo‘shimcha huquqiy kafolat hisoblanadi.

Saylov jarayonida okrug va uchastka saylov komissiyalari ham muhim o‘rin tutadi. Xususan, “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga binoan, saylovni o‘tkazishni O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari ta’minlaydi. Mamlakatimizda okrug va uchastka saylov komissiyalari o‘ziga xos demokratik yondashuv asosida shakllantiriladi. Okrug saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi. Uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi va tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Okrug va uchastka saylov komissiyalarining a’zolari jamoatchilikning obro‘li vakillari orasidan tasdiqlanadi. Bunda nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida ko‘rib chiqish uchun taqdim qilinadi.

Qiyoslash uchun keltirish mumkinki, ko‘plab davlatlarda saylovlarni tashkil qiluvchi hamda o‘tkazuvchi yagona, markazlashgan organlar tizimi mavjud emas. Saylovni tashkil qilish funksiyasi ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumat zimmasiga yuklatilgan. Misol uchun, Fransiya, Avstriya hamda Germaniyada saylovlarni tashkil qilish bilan Ichki ishlar vazirligi, Daniyada Ichki va ijtimoiy ishlar vazirligi, Finlyandiyada Adliya vazirligi, Braziliyada esa Oliy saylov sudi shug‘ullanadi. Shularning o‘ziyoq saylov qonunchiligimiz, saylov tizimimiz demokratiya prinsiplariga yuqori darajada mosligidan dalolat beradi. E’tiborli jihati, buni bizning siyosiy tizim bilan yaxshi tanish bo‘lgan ekspertlar butun dunyoda e’tirof etishmoqda.

Bugungi kunda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 ta saylov okrugi hamda 9379 ta saylov uchastkasi tuzildi. Uchastka saylov komissiyalarining tarkibida 98 ming nafardan ortiq kishi faoliyat yuritmoqda. Shunisi e’tiborliki, ularning 69 foizi ilgari saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishda ishtirok etgan, 16 ming nafardan ortig‘i, ya’ni qariyb 17 foizi fuqarolar yig‘inlari xodimlari, 10 foizdan ziyodi nodavlat notijorat tashkilotlari faollari, 47 foizi yoki 46 ming 500 nafari xotin-qizlardir. Uchastka saylov komissiyalari a’zolarining 11 foizi O’zbekistonda istiqomat qiladigan boshqa millat va xalqlar — koreys, qozoq, qirg‘iz, rus, tojik, turkman, ukrain va boshqalardir.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va milliy qonunchilik talablariga to‘la rioya qilingan holda o‘tkazilishiga shubha yo‘q. Saylov komissiyalarini shakllantirishning demokratik tartibi, ularning mustaqil, xolis va shaffof faoliyatining huquqiy kafolati haqqoniy, adolatli hamda halol saylovlarni o‘tkazishning ishonchli garovi hisoblanadi.

Zokir UMAROV,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 8228