×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
01:51:38 (GMT +5), juma, 2 - oktabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


23 - noyabr 2016

Saylov kampaniyasi ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashning muhim sharti

Bugungi axborot asrida millionlab fuqarolar qatnashadigan saylov kampaniyasini ommaviy axborot vositalari ishtirokisiz tasavvur qilish mushkul. Zero, aynan OAV saylov jarayonining ochiqligi va transparentligini ta’minlaydi, nomzodlar hamda siyosiy partiyalarning saylovchilar bilan bevosita muloqotini amalga oshirishda muhim vosita vazifasini o‘taydi. Fuqarolar saylov kampaniyasi boshlangani, ushbu siyosiy tadbir ishtirokchilari faoliyati haqida, avvalo, gazeta, televideniye va radiodan, shuningdek, internet nashrlari orqali xabar topadi.

Ommaviy axborot vositalari sa’y-harakatlari tufayli saylovga oid huquqiy, tashkiliy, moddiy-texnik masalalarni hal qilishga davlat organlari hamda jamoatchilikning e’tibori qaratilmoqda, saylov qonunchiligini takomillashtirish zarurligi tushuntirilib, demokratik rivojlangan davlat uchun hokimiyatning konstitutsiyaviy almashinuvi prinsipi ahamiyati katta ekanligi teran anglab yetilishiga erishilayapti.

Erkin va adolatli saylovlar fuqarolarning muayyan sharoitlarda o‘z ovozini berish imkoniyatiga ega bo‘lishidangina iborat emas. Siyosiy jarayonda partiyalar, nomzodlar saylovoldi dasturlarining o‘ziga xos jihatlari, qolaversa, aynan saylov jarayoni haqida to‘liq va xolis axborot olish imkoniyati ta’minlanishi kerak. Shundagina saylovchi yetarli darajada axborot bilan “qurollangan” holda ongli ovoz berishi mumkin.

Bugungi kunda matbuot, televideniye, radio saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini qonunchilikda belgilangan tamoyillar va muddatlarda keng hamda izchil yoritib bormoqda. Bunda, shubhasiz, ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligining huquqiy kafolatlari mustahkamlab qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etayotir. Binobarin, saylov kampaniyasi davrida barcha davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy tartibga solinishi, ularning saylov jarayonini xolis yoritish bo‘yicha majburiyatlariga rioya qilishi, haqqoniy va ishonchli axborotni tarqatishi saylovchilarga o‘z nuqtai nazarini mustaqil belgilab olishiga yordam beradi.

Ommaviy axborot vositalari o‘z faoliyatida, avvalambor, senzurani taqiqlash, OAV erkinligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qoidalarga, ommaviy axborot vositalarining faoliyatini hamda axborot va so‘z erkinligi sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishga oid qonunlarga tayanadi.

O’zbekiston saylov qonunchiligida ommaviy axborot vositalarining siyosiy jarayondagi vazifa va vakolatlarini huquqiy tartibga solish alohida o‘rin tutadi. Xususan, “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunda saylov ishtirokchilarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha faoliyati ustidan jurnalistlar tomonidan jamoatchilik nazoratini amalda ro‘yobga chiqarish uchun 10 dan ortiq aniq normalar ko‘zda tutilgan.

Qonunga muvofiq, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir tadbirlarda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida hamda ovozlarni sanab chiqishda matbuot, televideniye va radio vakillari qatnashish huquqiga egadirlar. Ushbu qoida saylov huquqi sohasidagi xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi. Jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik kengashi insoniylik mezoni bo‘yicha konferensiyasi Kopengagen hujjati 7-bandida universal saylov standartlariga qo‘shimcha tarzda belgilanganki, qonun va davlat saylovlarning erkin hamda halol o‘tkazilishini, saylov jarayonida ishtirok etuvchi barcha siyosiy partiya va nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan to‘siqsiz foydalanish imkoniyatini ta’minlashi kerak.

Shuni ham unutmaslik kerakki, so‘z erkinligini ta’minlash huquqiy jihatdan tartibga solingan bo‘lishi kerak. Davlat ommaviy axborot vositalari siyosiy tadbirni adolatli yoritishni kafolatlaydigan muhim omil bo‘lib, OAVdan foydalanishda tenglik ta’minlanishi juda muhimdir. Masalan, MDH a’zo-davlatlarida demokratik saylov, saylov huquqlari va erkinliklari standartlari to‘g‘risidagi konvensiya (Kishinyov, 2002 yil 7 oktabr)da saylovlarning adolatliligini ta’minlash uchun, birinchi galda, har bir nomzodga yoki siyosiy partiyaga ommaviy axborot vositalaridan va telekommunikatsiyalardan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratib berilishi kerakligi aniq belgilab qo‘yilgan.

“O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta’minlanadi.

2002 yilda Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan Saylovlarga nisbatan rahbariy prinsiplarning 10-bandiga muvofiq, barcha partiya va nomzodlarga teng imkoniyatlar kafolatlangan bo‘lishi kerak, davlat esa ularga nisbatan xolis bo‘lishi hamda qonunchilikning barchaga nisbatan bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashi talab qilinadi. Shunday qilib, saylov jarayonining borishi va saylov kampaniyasini yoritishda ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, davlat OAV betaraf bo‘lishi zarur.

Shu munosabat bilan joriy yilning 4 dekabr kuni bo‘ladigan saylov kampaniyasida O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga o‘z saylovoldi dasturlarining asosiy qoidalarini saylovchilar e’tiboriga yetkazish uchun O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” va “Yoshlar” teleradiokanallarida 638 daqiqadan, 12 ta mahalliy teleradiokanalida 206 daqiqadan, “Toshkent” teleradiokanalida 286 daqiqadan efir vaqti ajratilgan.

Nomzodlarga respublikamizning bosh nashrlari — “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” va “Pravda Vostoka” gazetalarida nashr maydonining 6 sahifasidan, shuningdek, “Ovozi tojik” va “Nurlы jol” gazetalarida nashr maydonining 5 sahifasidan, 30 ta mahalliy gazetada har bir nomzod uchun 55,5 sahifa nashr maydoni bepul berildi.

Bunda O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanganidek, saylov kampaniyasi davrida nomzodlarga ochiqlik va oshkoralik muhitini yaratishda, ularning saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday axborotni tenglik hamda xolislik tamoyillari asosida tezkor tarqatishda ko‘mak berish talab qilinadi. Axborot dasturlari va boshqa axborot materiallarida nomzodlarning saylovoldi faoliyatini yoritib borishda ommaviy axborot vositalari teng sharoitlar yaratib berishi, shu jumladan, dasturning davomiyligi va hajmi bo‘yicha teng sharoitlar yaratishi, materiallarni efirga uzatish hamda chop etishda ularning ko‘proq birgalikda berilishiga erishish kerak.

Markaziy saylov komissiyasi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini yoritish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar imzoladi. Ushbu hujjatlar ijrosi doirasida saylov komissiyalari faoliyatini izchil yoritish, nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng hamda keng imkoniyatlar yaratish ta’minlanayapti.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Saylovlarga nisbatan rahbariy prinsiplar saylov komissiyalariga qator talablarni qo‘yadi. Xususan, saylov kampaniyasi boshlanganidan ovoz berish natijalari e’lon qilinguniga qadar bo‘lgan jarayonni qonunda belgilangan tartibda boshqarishga shaffoflik, xolislik va mustaqil tamoyillari asosida siyosiy moyillikdan xoli bo‘lgan holda erishish mumkin bo‘ladi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 500 dan ortiq vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Ular Markaziy saylov komissiyasining barcha tadbirida muntazam qatnashib kelayapti.

Amaliyotda ommaviy axborot vositalari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, saylovga tayyorgarlik jarayonini qonunchilikda ko‘zda tutilganidan ko‘ra ko‘proq yoritib bormoqda. Ular saylov tashkilotchilari, ya’ni saylov komissiyalari qarorlari va faoliyatini diqqat bilan kuzatib borayapti, keng jamoatchilikni xabardor etmoqda, tahliliy materiallar e’lon qilinayotir, saylov jarayoni va qonunchiligini tushuntirayapti.

Shuni qayd etish kerakki, bugungi kunda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi xalqaro axborot makonida ham keng yoritilmoqda. Jumladan, mamlakatimiz hayotidagi ushbu muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik jarayoni haqida “RIA Novosti”, “NewsTes” va “Sputnik” (Rossiya) axborot agentliklari, nemis tilidagi “Duesseldorfer Blatt” portali, “Fair News”, “ReiseTravel” nashrlari, “China Daily” gazetasi, “The Paper (Pengpai News)” Shanxay xalqaro matbuot byurosi, Eronning ingliz tilidagi “Tehran Times” gazetasi, arab tilidagi “Asiya al-Yavm” (“Osiyo bugun”) axborot portali va boshqa yetakchi ommaviy axborot vositalari muntazam materiallar berib bormoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatayaptiki, mamlakatimizdagi saylov kampaniyasi haqida dunyoning bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida 2 mingdan ortiq materiallar e’lon qilindi.

Shuni komil ishonch bilan aytish mumkinki, O’zbekistonda saylov kampaniyasini yoritishda xolislik kafolatlarini ta’minlash, siyosiy partiyalar va nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda turli huquqiy yoki ma’muriy cheklovlarning oldini olish, Prezident saylovida yangi axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Bu sa’y-harakatlar, avvalo, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning ochiq hamda oshkoraligini ta’minlaydi, jamoatchilikni saylov kampaniyasining barcha bosqichi haqida xabardor qiladi. O’z navbatida, fuqarolarning saylov huquqlarini ro‘yobga chiqarishni kafolatlaydi. Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi. Shu bilan birga, fuqarolarning saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, nomzodlarning saylovoldi dasturlari, umuman, saylov jarayoni mazmun-mohiyati haqida batafsil axborot olishini ta’minlaydi.

Akmal BURHONOV,

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 8102