×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
19:03:39 (GMT +5), juma, 14 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


22 - noyabr 2016

Yuksak huquqiy madaniyat — fuqarolar siyosiy faolligining asosiy omili

Xabaringiz bor, shu kunlarda mamlakatimizda saylov kampaniyasi hal qiluvchi bosqichga kirdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti demokratik prinsiplarga to‘la muvofiq holda olib borilmoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlar davlat va jamiyat hayotidagi ushbu muhim siyosiy jarayonda adolatni, shaffoflik hamda ochiqlik tamoyillarini ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Binobarin, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yilning 7 oktyabrida tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi doirasidagi ishlar ko‘lami va samaradorligini oshirishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Milliy saylov amaliyoti tarixida birinchi marta qabul qilingan ushbu hujjat huquqiy targ‘ibotning barcha jabhasini qamrab olgan. Eng muhimi, unda belgilangan chora-tadbirlar davlat hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida samarali amalga oshirilmoqda.

Albatta, mamlakatimizda fuqarolarning saylov huquqlarini kafolatlash maqsadida milliy qonunchiligimiz talablari va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillariga mos, zamonaviy saylov tizimi yaratilgan. Saylovoldi jarayoni hamda saylovda qonun ustuvorligi va qonuniylikka so‘zsiz rioya etilishi, aholi keng qatlamining o‘z fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilishi uchun barcha shart-sharoitni ta’minlash bu tizimning ta’sirchanligini, hayotiyligini ko‘rsatadi.

Shu nuqtai nazardan, ayni paytda yurtimizda tegishli Dastur asosida saylovchilarning huquqiy madaniyatini yanada oshirishga yo‘naltirilgan aniq manzilli tadbirlarning keng qamrov kasb etayotgani g‘oyatda ahamiyatlidir. Zero, saylovchilarning mamlakat kelajagi va taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan qaror qabul qilishi, bu jarayonga ongli ravishda yondashuvi jamiyatda shakllangan siyosiy-huquqiy madaniyat darajasini aks ettiruvchi ko‘zgudir.

Ta’kidlash joizki, mazkur Dastur aholi o‘rtasida milliy saylov tizimining o‘ziga xos xususiyatlarini, “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun, ushbu hujjatga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi qarorlari mazmun-mohiyati hamda saylovchilarning bu boradagi huquq va erkinliklarini chuqur tushuntirish chora-tadbirlarini qamrab olgan.

Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i, Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasida davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash kotibi Alijon Ochilovning ta’kidlashicha, o‘tgan qisqa davr ichida Dastur doirasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan saylovchilar xabardorligini, huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadlariga qaratilgan turkum maqolalar respublikamizning markaziy bosma nashrlarida chop etildi. Mutaxassislar tomonidan saylovga oid yigirmaga yaqin -ommabop risola tayyorlandi. Shu bilan birga, “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun hamda O’zbekiston Respublikasining saylov to‘g‘risidagi qonunlari to‘plami o‘zbek va rus tillarida ko‘p ming nusxada nashrdan chiqarilib, joylarga yetkazildi.

Hozirgi kunga qadar barcha hududda Dastur asosida jami yigirma bir mingdan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, ularda saylovlarning umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillarga mos, fuqarolar xohish-irodasini erkin bildirishi kafolatlarini, har bir insonning davlat hokimiyati vakillik organlariga erkin saylash va saylanish huquqini ta’minlaydigan milliy qonunchiligimiz takomillashtirib borilayotgani hayotiy misollar orqali tushuntirildi. Eng muhimi, ushbu tadbirlar saylovchilar yashaydigan mahallada, ishlaydigan jamoada, ular uchun qulay bo‘lgan shakl va usullarda olib borilmoqda.

Bu tadbirlar uchrashuv, davra suhbati va seminarlar tarzida amalga oshirilishi fuqarolar bilan ochiq muloqot qilib, o‘zaro fikr almashish imkonini berayapti. Saylovchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan har qanday savolga mutaxassislardan javob olayapti, zarur kezlarda huquqiy maslahatlar berilmoqda. Uchrashuv va davra suhbatlarida aholi, ayniqsa, yoshlarimizning juda katta qismi qonunda mustahkamlab qo‘yilgan saylov huquqlaridan xabardorligi, fuqarolik burchini teran his etishi, manfaatlariga daxl qilingan taqdirda adolatga, o‘z huquqlarini tiklashga ishonishi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu — jamiyatda huquqiy madaniyatni tobora yuksaltirish, pirovardida hayotimizning barcha jabhasida qonun ustuvorligini ta’minlash, shu jumladan, mamlakatimizda kutilayotgan muhim siyosiy voqea — O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini sof demokratik ruhda o‘tkazish yo‘lidagi kompleks chora-tadbirlarning yorqin samarasidir.

Saylov kampaniyasining ochiq va oshkoraligini ta’minlash, fuqarolarning ushbu siyosiy tadbirda faol ishtirok etishida ommaviy axborot vositalarining roli va o‘rni nihoyatda katta. Mamlakatimizdagi mazkur siyosiy tadbirni keng yoritish maqsadida mahalliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1200 nafardan ortiq vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgani ham saylov kampaniyasiga bo‘lgan katta qiziqishdan dalolatdir. Bugungi kunda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida 10500 dan ziyod, xorij matbuotida esa 830 ga yaqin materiallar e’lon qilindi.

Joriy yilgi saylov kampaniyasida xotin-qizlar faol ishtirok etayotganini alohida ta’kidlash kerak. Gap shundaki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va ovoz berishni bevosita tashkil qilish zimmasiga yuklatilgan hamda saylov komissiyalarining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan uchastka saylov komissiyalari a’zolarining

47,39 foizi ayollardan iborat. Ularning aksariyati aholi orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan, ovoz berishda har bir saylovchi ishtirokining muhimligini tushuntira oladigan pedagog-o‘qituvchilar ekanligi diqqatga sazovor. Bu esa saylovning mazmun-mohiyatini yosh qizlarimiz, uy bekalari, onaxonlarimiz o‘rtasida keng tushuntirishda ayni muddao bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, O’zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ham Dastur ijrosini ta’minlash maqsadida maxsus reja ishlab chiqilib, faol targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayapti. Shu kungacha barcha bo‘g‘indagi xotin-qizlar qo‘mitalari va boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan 12 ming 100 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, ularga 755 ming nafardan ziyod opa-singillarimiz qamrab olindi.

Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishi, shuningdek, ushbu siyosiy tadbirda har bir fuqaroning ongli qatnashishida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan olib borilayotgan ishlarning ahamiyati beqiyos. Chunki ovoz berishda ishtirok etayotgan har bir fuqaroning ijtimoiy-siyosiy faolligidan, huquqiy va siyosiy madaniyati darajasi haqida aynan mahalla yetarlicha ma’lumotga ega. -Ma’lumki, 16 mingdan ortiq yoki jami uchastka saylov komissiyasi a’zolarining 17 foizi aynan fuqarolar yig‘inlari xodimlari hisoblanadi. Bu esa shu hududdagi saylovchilar tarkibini to‘liq o‘rganish, ya’ni imkoniyati cheklangan, betob, hududda doimiy yoki vaqtincha yashovchi saylovchilar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish, har bir ovozning ahamiyatini keng tushuntirish imkoniyatini yanada oshiradi. Shu munosabat bilan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi tomonidan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasi -Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha mahallalarda targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga binoan, aholining huquqiy hamda saylov madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tashviqot ishlari izchil olib borilmoqda.

Bundan tashqari, saylovchilarning xabardorlik darajasini yanada oshirish maqsadida mahallalarda “Men shaxsan o‘zim ovoz beraman”, “Bizning oilamizda har birimiz o‘z ovozimizga egamiz”, “Mening ovozim — Vatan kelajagiga daxldor”, “Biz tanlash huquqiga egamiz”, “Saylovchilar ro‘yxatida bormisiz?” mavzularida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ma’lumki, yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yakdil, ahil bo‘lib, bir oiladek yashab kelmoqda. “O’zbekiston — umumiy uyimiz” g‘oyasi ostida ularning saylov kampaniyasida faol ishtirok etishiga alohida urg‘u berilmoqda. Shu munosabat bilan Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti materiallari uchun birinchi marta “Ovozi tojik”, “Ovozi Samarqand” va “Nurlы jol” gazetalarining nashr maydonlaridan bepul foydalanilmoqda. Umuman, respublikada joriy yilgi saylov -kampaniyasiga oid axborotlar 17 tildagi ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilmoqda, saylov byulletenlari esa besh tilda chop etilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida har haftaning juma kuni efirga uzatiladigan “Didar” (qozoq tilida), “Ranginkamon” (tojik tilida), “Nao‘pir” (qoraqalpoq tilida), “Chinsen” (koreys tilida), shuningdek, “Yagona oilada”, “O’zbekiston — umumiy uyimiz” ko‘rsatuvlarida, milliy-madaniy markazlar faoliyatiga bag‘ishlangan radioeshittirishlarda ham milliy saylov tizimi, bu sohadagi qonunchilik mavzulari yetakchilik qilmoqda.

Dasturga muvofiq, “Yagona oilada” — “V seme yedinoy” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarda O’zbekiston fuqarolari millati, diniy mansubligidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani, mazkur konstitutsiyaviy norma demokratik islohotlarda, xususan, saylov jarayonida ham o‘zining amaliy tasdig‘ini topishi uchun barcha omillar mavjudligi atroflicha tushuntirilayapti. Xususan, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi tomonidan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda yurtimizdagi barcha millat va elatlarning madaniyat markazlari vakillari uchun seminar uyushtirildi.

Mamlakatimizdagi Koreys madaniyati markazlari uyushmasi raisi Viktor Pakning ta’kidlashicha, O’zbekistonda 200 ming nafardan ortiq koreys millatiga mansub fuqarolar istiqomat qiladi. Hududlarda ularning 31 madaniyat markazi faoliyat yuritayotgani, parlamentda ushbu millat vakillari borligi e’tiborga molikdir. “Mamlakatimizdagi koreys madaniyati markazlari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarda ham faol qatnashmoqda. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan dasturga binoan, milliy madaniyat markazlari rahbarlari, a’zolari uchun turli tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishni rejalashtirayapmiz. Zero, saylovlar fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokining asosiy shakli, ularning siyosiy huquqlarini ro‘yobga chiqarishi, o‘z xohish-irodasini erkin ifodalashini ta’minlaydigan muhim siyosiy tadbir hisoblanadi. Ishonchim komilki, O’zbekistonning har bir fuqarosi, millatidan qat’i nazar, shu yilning 4 dekabr kuni saylov uchastkasiga tashrif buyurib, Vatanimiz kelajak taraqqiyoti uchun ovoz beradi”, deydi u.

Saylov kampaniyasida yana bir muhim jihatga, ya’ni imkoniyati cheklangan -fuqarolarning siyosiy tadbirda faol ishtirok etishiga shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayapti. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berishda qatnashishi uchun har bir saylov uchastkasi alohida pandus bilan jihozlanmoqda, nogironlarning aravachalari bemalol binoga kirishi nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, kabinalarning biri nogironlarning yashirin ovoz berishi uchun mo‘ljallangan.

Ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan 300 dan ortiq jamoat tashkilotlari tomonidan “Men jamiyatning to‘laqonli a’zosiman” mavzuida turli ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, ko‘zi ojiz fuqarolarga Brayl alifbosida saylov mavzusi bo‘yicha risolalar chop etish ko‘zda tutilgan, ilk marotaba ular uchun mo‘ljallangan saylov byulletenlarini tayyorlash rejalashtirilgan. Bularning barchasi imkoniyati cheklangan shaxslar jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi ekanini inobatga olgan holda amalga oshirilmoqda.

O’rni kelganda qayd etish kerakki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi asosida yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlari yanada jadal tus olmoqda. Ayniqsa, birinchi marta ovoz beruvchi yigit-qizlarning saylov qonunchiligiga oid bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish masalasiga ustuvor vazifalardan biri sifatida jiddiy yondashilmoqda. Binobarin, joriy yilgi saylovda 555 ming nafardan ortiq fuqarolar birinchi marta ovoz berishi kutilmoqda.

Shunga ko‘ra, oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi axborot hamda murabbiylik soatlarida, Ma’naviyat kunlarida o‘quvchi va talaba-yoshlar saylov jarayonida ochiqlik hamda oshkoralikni ta’minlashning huquqiy mexanizmlari, saylovda ovoz berish qoidalari bilan tanishtirilayotir. Yana bir muhim jihati, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun 4 soatga mo‘ljallangan maxsus kurs o‘quv dasturi tayyorlanib, uning asosida 1 ming 637 ta’lim muassasasida “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil etish va o‘tkazishning tashkiliy-huquqiy asoslari” mavzuida mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Qolaversa, mamlakatimizdagi harbiy okrug, garnizon, ofitserlar uylari, harbiy qism va muassasalarda saylov burchaklari tashkil etilib, shaxsiy tarkib ishtirokida o‘quv-uslubiy seminarlar yo‘lga qo‘yilgan.

Mana shunday qizg‘in jarayonga hamohang ravishda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan mamlakatimizning barcha hududida saylovchilar o‘rtasida sotsiologik tadqiqot va ijtimoiy so‘rov o‘tkazilmoqda. Ularda fuqarolarimizning ijtimoiy faolligi, huquqiy madaniyati darajasi o‘rganilib, natijalari tahlil etib borilayotir.

Demokratik islohotlar samarasi ko‘p jihatdan fuqarolarning huquqiy madaniyati darajasiga bog‘liq. Har bir shaxsning qonunlar asosida kafolatlangan huquqlarini, chunonchi, saylov huquqlarini bilishi va ulardan foydalanishi, ijtimoiy faollik ko‘rsatishi jamiyat ravnaqini belgilashda muhim omil sanaladi. Shu ma’noda, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgan tadbirlarning yuqori saviyada o‘tkazilishi ayni muddaodir.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 8015