×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
05:32:26 (GMT +5), chorshanba, 12 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


19 - noyabr 2016

Kuchli ijtimoiy himoya — adolatli jamiyat poydevori

Mamlakatimiz kelajagi va xalqimiz taqdiri uchun muhim siyosiy tadbir — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga ham sanoqli kunlar qoldi. Ayni paytda boshqa siyosiy raqobatchilari qatori O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Narimon Umarov ham o‘zining Saylovoldi dasturini keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilishga qaratilgan saylovoldi tashviqotini qizg‘in davom ettirmoqda.

Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va takliflarning xalqchilligi, hayotiyligi, aholining real ehtiyojlari va bugungi kun talabidan kelib chiqqanligi, uzoq istiqbolga mo‘ljallangani hamda belgilab olingan barcha ustuvor masalalarni hal qilishning aniq mexanizmlarini o‘zida aks ettirishi mazkur saylovda muvaffaqiyatli qatnashishning eng muhim omili hisoblanadi.

Shu ma’noda, Narimon Umarovning Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan ustuvor vazifalar qatorida ijtimoiy sohaga, xususan, ertamiz egalari bo‘lmish yoshlarning salomatligi, ta’lim-tarbiyasi va hayotda o‘zining munosib o‘rnini topishiga qaratilgan g‘oya hamda tashabbuslar jamoatchiligimizning qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

Haqiqatan ham, farzandlar kamoli, ularning baxtini ko‘rish har bir ota-onaning eng ulug‘ orzusidir. Xalqimiz doimo ana shu ezgu niyat bilan yashaydi, shunga intiladi va buning uchun butun borlig‘ini berishga tayyor. Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida ham ana shunday olijanob maqsad mujassam.

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, qabul qilingan dastlabki qonunlardan biri aynan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonun ekani ham bejiz emas. Mazkur Qonun hamda boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar asosida yosh avlodning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan holda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta o‘zlashtirishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun barcha imkoniyat yaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning Saylovoldi dasturida ham an’anaviy sotsial-demokratiyaning qadriyatlariga tayanilgan holda, ijtimoiy sohaga alohida e’tibor qaratilib, yosh avlodning salomatligi, ta’lim-tarbiyasi, yaxshi kasb egallashi hamda munosib hayot kechirishiga doir ustuvor vazifalar ilgari surilgan.

Jumladan, Narimon Umarov adolatli jamiyatning poydevori sifatida kuchli ijtimoiy siyosatni qo‘llab-quvvatlash orqali kelajak avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga qaratilgan davlat ijtimoiy dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etishni maqsad qilgan.

Nomzodimiz dasturida, ayniqsa, ta’lim tizimiga chuqur e’tibor berilgani holda, “Zamonaviy, yuksak intellektual salohiyatga ega kadrlar — jamiyat barqaror rivojlanishining kafolati” degan g‘oya asosida mamlakatimiz yoshlarining kelajagi hamda taqdiriga daxldor dolzarb takliflar ilgari surilmoqda.

Biz bugun XXI asrda — intellektual mehnat birlamchi ahamiyat kasb etayotgan globallashuv va internet asrida, jahon bozorida raqobat kurashining miqyosi hamda keskinligi tobora ortib borayotgan bir davrda yashayotganimizni hech qachon unutmasligimiz zarur, albatta. Shunday ekan, O‘zbekistonda boshqa sohalar qatori ta’lim sohasini ham yanada takomillashtirib borishni davrning o‘zi taqozo qilayotir.

Inson kapitali mamlakatning muhim milliy boyligidir va biz uning har tomonlama ko‘payishi hamda taraqqiy etishi, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan, professional tayyorgarlikka ega, yurtimizni modernizatsiya qilish va demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab hamda keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan, mamlakatimiz va xalqimiz manfaatlariga sadoqatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasini prinsipial hamda hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb bilamiz.

Biz o‘z oldimizga sanoati yuqori darajada rivojlangan, iqtisodiyoti fan-texnika yutuqlari va innovatsiyaga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, oliy maktablarni tamomlagan, zamonaviy bilimga, keng dunyoqarashga ega malakali kadrlarni ko‘proq tayyorlashga e’tibor qaratamiz.

Chunki oliy ma’lumotli inson davlatdan ish so‘rab, yordam kutib o‘tirmaydi, balki o‘zining tashabbuskorligi, zukkoligi hamda uddaburonligi, yangilikka intiluvchanligi bilan yangi ish o‘rinlari yaratadi, mamlakatning rivojlanishida faol ishtirok etadi.

Shundan kelib chiqib, nomzodimiz tomonidan ilgari surilayotgan aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinishini kengaytirish, qolaversa, ta’lim va tarbiya sohasida uzviylikni ta’minlashga doir ustuvor vazifalar bugungi kunda ta’lim tizimida mavjud bo‘lgan, aholini o‘ylantirib kelayotgan aniq masalalar yechimiga qaratilgandir.

Xususan, Narimon Umarov xalq ta’limi tizimidagi islohotlarning davomi sifatida umumta’lim maktablarida ijtimoiy adolat hamda tenglik tamoyillarining qaror topishiga erishish, bitta sinfda ta’lim oladigan o‘quvchilar sonini optimallashtirish tashabbusini ilgari surmoqda. Bu haqda gap ketganda, shuni aytish lozimki, ushbu taklif kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Ya’ni mazkur tashabbus O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining 2015-2019-yillarga mo‘ljallangan amaliy harakatlar Dasturi ijrosi doirasida ishlab chiqilib, o‘tgan davrda Samarqand va Andijon viloyatlarida tajriba tariqasida amalga oshirilgan “Maktabda ijtimoiy tenglik masalalari” loyihasi asosida aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, davra suhbatlari hamda uchrashuvlar tashkil etish orqali bu borada yechimini kutayotgan masalalar chuqur o‘rganildi. Ushbu loyiha doirasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlar sessiyalariga maktablarda yagona maktab formasini joriy qilish, ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish va sinflarda o‘quvchilar sonini maqbullashtirishga doir takliflar kiritilib, tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi.

Qolaversa, nomzodimiz dasturida elektron o‘quv-ta’lim dasturlari hamda multimedia mahsulotlari miqdori va sifatini oshirish hamda ta’lim muassasalarida tibbiy xizmat darajasini yuksaltirish takliflari ham bildirilganki, bu o‘quvchi yoshlarning zamon talablari darajasida sifatli bilim olishlari hamda ularning salomatligini saqlashdek ezgu maqsadlarga qaratilgan. Bu borada nomzodimiz tomonidan ilgari surilayotgan umumta’lim maktablarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish rejasi ham uzoq istiqbolga mo‘ljallangani bilan ahamiyatlidir.

O‘z navbatida, Narimon Umarov kelajakda mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashini ta’minlash, “innovatsiya va bilimga asoslangan iqtisodiyot”ga o‘tish ehtiyojlari hamda aholining demografik o‘sishi va boshqa jarayonlarni inobatga olib, mehnatga layoqatli aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinganlik darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish, davlat hamda xususiy sektor mablag‘lari evaziga ta’lim grantlari ajratish tizimini takomillashtirish taklifini ilgari surmoqda.

Bu masala ham yurtimiz yoshlarining oliy ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir.

Chunki so‘nggi yillarda mamlakatimiz aholisi sonining o‘sib borishiga mutanosib ravishda oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun talabgor yoshlar soni ham tobora oshmoqda. Bu boradagi raqamlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2012-yilda oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan jami 432 mingdan ziyod ariza qabul qilinib, bir o‘ringa o‘rtacha 7,6 kishi da’vogarlik qilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich rekord darajaga yetib, oliy ta’lim muassasalariga 663 298 nafar abituriyent hujjat topshirib, 1 o‘rin uchun o‘rtacha 11,51 talabgor kurash olib bordi. Boshqacha aytganda, bugungi kunda oliy ta’lim -muassasalariga o‘qishga qabul qilishda kvotalarning mavjudligi sabab aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinish darajasi, bor-yo‘g‘i, 9 foizga teng bo‘lib turibdi. Bizning fikrimizcha esa, bu yetarli emas.

Shundan kelib chiqib, Prezidentlikka nomzod Narimon Umarovning oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishdagi kvotalar tizimini qayta ko‘rib chiqish, barcha talabgorga oliy ta’lim olish huquqini berish orqali iqtidorli yoshlarni tanlab olish sifatini oshirishga doir taklifi keng saylovchilar ommasi, xususan, yoshlar va ota-onalar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Demak, nomzodimiz bu borada ham odamlarning ayni ko‘nglidagi masalani ko‘targani ayon bo‘layapti.

Shu bilan birga, mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganiga qaramasdan, sohada bir qator foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, innovatsiyaviy ishlanmalarni yaratish, tijoratlashtirish hamda joriy etishda texnoparklar muhim rol o‘ynamoqda. Ularda tadqiqotchilar, universitetlar va korporatsiyalar o‘rtasida texnologiyalar hamda bilimlardan o‘zaro foydalanish infratuzilmasi yaratiladi va bu, o‘z navbatida, yangi innovatsion kompaniyalarning paydo bo‘lishi hamda rivojlanishiga xizmat qiladi.

Ayni shu jihatdan, Narimon Umarov oliy o‘quv yurtlarining mustaqilligi, innovatsion infratuzilmasini va ilm-fan, sanoat hamda iqtisodiyotning real tarmoqlari bilan aloqasini kuchaytirish, ular bazasida kichik innovatsion korxonalar -tuzishni rag‘batlantirish, tajriba va eksperimental ishlab chiqarishni rivojlantirish, o‘qituvchilar hamda xodimlarning innovatsion faolligini oshirish masalasini ko‘tarib chiqayotgani ahamiyatlidir. Ushbu maqsad doirasida ishlab chiqarish va ilmiy-ishlab chiqarish korxonalari hamda birlashmalarining innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy izlanish va ishlanmalar raqobatdoshligini kuchaytirish masalasi ham ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda yoshlarimizning zamonaviy axborot yoki bilimlarni egallashi uchun imkoniyat hamda manbalar soni tobora ortib borayotir. Qolaversa, bugungi kunda xorijiy tillarni puxta egallayotgan, dunyoqarashi keng, o‘zining mustaqil fikriga ega yoshlarda xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishga bo‘lgan qiziqish oshayotganini ham kuzatish mumkin. So‘nggi yillarda yurtimizda xalqaro ta’lim haftaliklari muntazam ravishda o‘tkazilayotgani, unda rivojlangan davlatlar ta’lim muassasalarining taqdimotlari tashkil etilayotgani, tabiiyki, iqtidorli yoshlarning chet elda o‘qishga bo‘lgan intilishlarini oshirmoqda. Ammo bugun xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qib qaytgan yigit-qizlarning respublikamizda o‘z diplomi bo‘yicha ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar mavjudligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Shu bois partiyamizdan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodning xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan oliy ma’lumotga ega fuqarolarimiz diplomlarini nostrifikatsiyadan o‘tkazish tizimini soddalashtirishga doir taklifini ayni masalada maqbul yechim, deyish mumkin. Axir xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasasini bitirgan oliy malakali kadr o‘z bilimini, salohiyatini boshqa mamlakatlar uchun emas, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida sarflasa, biz uchun ayni muddao emasmi? Qolaversa, har qanday ota-ona farzandini chet elda o‘qitgan taqdirda ham uning o‘z oilasi bag‘rida, O‘zbekistonimizda mehnat qilishini xohlaydi, albatta.

Shuningdek, hududlarning muayyan iqtisodiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, poytaxtda joylashgan oliy ta’lim muassasalarini tegishli hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish hamda oliy ta’lim muassasalarini korporativ turdagi oliy o‘quv yurtlariga aylantirish orqali ularning sohaviy ixtisoslashuvini kuchaytirish borasida nomzodimiz ilgari surgan takliflar mamlakatimizda nafaqat kadrlar siyosatini -bugungi kun talabi darajasida tashkil etish, balki hududlarni kompleks rivojlantirishda ham amaliy ahamiyat kasb etadi.

Narimon Umarov yoshlar va ayollar, kollej bitiruvchilari uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, aholi farovonligini, turmush darajasi hamda sifatini yanada oshirish, ish joyini yo‘qotgan odamlarga yangi mehnat o‘rinlarini va qayta kasbiy tayyorgarlik uchun ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish borasida aniq hisob-kitoblarga ega takliflarni ko‘tarib chiqmoqda. Yoshlarni munosib haq to‘lanadigan mehnatga jalb qilish, kollej bitiruvchilari hamda yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash borasidagi davlat dasturlarining amalda bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi bandligini maksimal darajaga olib chiqish va ishsizlikni minimal darajagacha qisqartirish nomzodimiz diqqat-e’tiboridagi ustuvor masalalardan biri hisoblanadi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosatining yana bir muhim yo‘nalishi, bu — aholi salomatligini muhofaza qilish. Zero, aholining, ayniqsa, yosh avlodning sog‘lig‘i millatimiz bardavomligi hamda -yurtimiz taraqqiyotining ishonchli kafolati hisoblanadi. Shu boisdan ham istiqlol yillarida respublikamizda aholi salomatligini asrash, xususan, onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Albatta, hayot hech qachon bir joyda to‘xtab turmaganidek, tibbiyot sohasi oldida ham yangidan-yangi dolzarb hamda o‘tkir vazifalar paydo bo‘lmoqda. Jahonda ilm-fan, texnika, tibbiyot sohalari tez sur’atlarda taraqqiy etib borayotgan bir paytda demografik muammolar, ekologik bo‘hronlar oqibatida kelib chiqish sababi va qoldiradigan asoratlari haqida hattoki eng nufuzli ilmiy markazlar, ko‘zga ko‘ringan olim hamda shifokorlar ham yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lishga ulgurmayotgan yangi-yangi kasalliklarning paydo bo‘layotganini inobatga olsak, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning sifatini muntazam ravishda yaxshilash, bu sohadagi ilmiy-amaliy izlanishlarning samaradorligini kuchaytirish, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan masalalarga e’tiborni susaytirib bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning Saylovoldi dasturida aholi keng qatlamlariga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yanada yuksaltirish barobarida, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini kuchaytirish masalalariga doimiy ahamiyat qaratish zarurligi ta’kidlanmoqda.

Haqiqatan ham, hozirgi kunda maktab hamda maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida bolalarni sifatli tibbiy xizmatlar bilan ta’minlanganlik darajasini risoladagidek, deb bo‘lmaydi. Ayrim ta’lim muassasalarida bu borada yetarli moddiy-texnika bazasi yaratilmagan, ba’zilarida esa malakali tibbiy xodimlar taqchilligi kuzatilmoqda. Har bir bola o‘rta hisobda sutkasiga 6 — 8 soat, ayrim hollarda esa 9 soatgacha vaqtini maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘tkazishini inobatga oladigan bo‘lsak, ularning ruhiy hamda jismoniy holati, salomatligini doimiy nazorat qilish, bolalardagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida payqash va tor doiradagi tibbiyot mutaxassislariga to‘g‘ri yo‘naltirish, eng asosiysi, o‘quvchi yoki tarbiyalanuvchining ota-onasi, oila a’zolarining tibbiy savodxonligini yuksaltirishda aynan ushbu tizimdagi tibbiy xizmatlarning sifatini yaxshilash dolzarb vazifa hisoblanadi.

Nomzodimiz diqqat-e’tiborida bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy aylanishi, eng yomoni, inson salomatligini tiklash o‘rniga zarar yetkazish xavfini kuchaytiruvchi qalbakilashtirilgan hamda sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish masalasining ijtimoiy ahamiyati haqida ham uzoq so‘z yuritish mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2016-yil yanvar oyida bergan bayonotiga ko‘ra, shu paytga qadar dunyo bo‘yicha standartlarga muvofiq bo‘lmagan, soxta, qalbakilashtirilgan yoki noqonuniy yo‘llar bilan sotuvga chiqarilgan 920 nomdagi dori vositalari iste’molchilarga taklif etilgani aniqlangan.

O‘z elektorati sifatida tibbiyot xodimlarini alohida e’tirof etgan, qolaversa, a’zolari va xayrixohlari orasida aynan shu soha mutaxassislari ko‘pchilikni tashkil etib kelayotgan “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Narimon Umarovning Saylovoldi dasturida aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan tibbiyot muolajalariga, xususan, transplantologiyaga, ekstrakorporal urug‘lantirish va boshqa ilg‘or tibbiy xizmatlarga ruxsat berishga oid g‘oya ilgari surilishi ham bejiz emas.

Afsuski, hayotda hech bir inson bedavo xastalikka chalinmaslik yoki tanasidagi biror-bir a’zosi ishdan chiqmasligidan to‘liq kafolatlanmagan. Shunday vaziyatda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida keng qo‘llanib kelinayotgan hamda yuzlab, minglab insonlarning hayotga qaytishiga xizmat qilayotgan transplantologiya singari zamonaviy tibbiy xizmatlardan foydalanishga ehtiyoj ortib bormoqda. Bitta insonni bo‘lsa-da, qutqarib qolishning imkoni bor ekan, demak, bu tibbiy xizmatni amalda qo‘llash o‘zini oqlashi nomzodimizning Saylovoldi dasturida alohida ta’kidlangan.

Farzand oila quvonchi, uning mustahkamligi garovi, avlodlar davomchisidir. Afsuski, jamiyatimizda er yoki xotinning xastaligi tufayli farzand ko‘rish baxtidan ayro bo‘lib qolayotgan oilalar ham uchrab turadi. Bugungi kunda tibbiyotda ekstrakorporal urug‘lantirish, deb nomlangan yo‘l bilan zurriyot qoldirish imkoniyati yaratilgan. Ammo respublikamizda zamonaviy tibbiyotning bunday turi amaliyotda -mavjud bo‘lmaganligi sababli hozirgi paytda befarzand oilalar Hindiston, Isroil, Germaniya singari davlatlarga borib, muolaja olishga majbur bo‘lmoqda. Vaholonki, yurtimizda bu muolajani rivojlangan mamlakatlarnikidan qolishmaydigan darajada va bir necha barobar arzonroq narxda amalga oshirish imkoniyati mavjuddir.

Shu ma’noda, Narimon Umarovning dasturida bildirilgan mazkur ilg‘or tibbiy xizmat turini mamlakatimizda ham joriy qilish taklifi ijtimoiy jihatdan muhim ahamiyatga egadir. Ya’ni bu orqali farzandsizlik muammosi tufayli buzilib ketayotgan oilalarni saqlab qolish, odamlarni onalik va otalik baxtiga muyassar etishdek ezgu hamda xayrli maqsadlar belgilangan.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning Saylovoldi dasturida boshqa muhim soha va tarmoqlar qatorida, mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning hayotiga bevosita daxldor bo‘lgan ijtimoiy masalalar ham keng o‘rin olgan bo‘lib, uni yaqin hamda uzoq istiqbolda izchil rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifa va maqsadlar belgilangani g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Shu bois saylovchilarni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod — Narimon Majitovich Umarovga ovoz berishga chorlab qolamiz.



Muallif: «Xalq so‘zi» gazetasi
Просмотров: 7963