×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
23:49:48 (GMT +5), chorshanba, 5 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


17 - noyabr 2016

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar huquqlarining kafolatlari

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Markaziy saylov komissiyasi Prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga oldi, saylovoldi tashviqoti jarayoni boshlandi.

Mamlakatimiz qonunchiligiga binoan, Prezidentlikka nomzodlar huquqlari kafolatlari, xususan, saylovoldi tashviqotini olib borish huquqi ular Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, saylovoldi yig‘ilishlarida so‘zga chiqish, televideniye ko‘rsatuvlari va radioeshittirishlarda qatnashish vaqtida saylovni o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda, ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan ozod bo‘lish huquqiga ega. Ushbu qoida bilan bog‘liq norma O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 165-moddasida ham belgilangan.

Prezidentlikka nomzod ro‘yxatga olinganidan keyin O’zbekiston Respublikasi hududi doirasida davlat yo‘lovchilar transportining barcha turida (shaharlararo yo‘lovchilar transportidan, taksidan va transport boshqa turlarining buyurtma yo‘nalishlaridan tashqari) tekinga yurish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, u O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas. O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori bunga rozilik bergan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasini darhol xabardor etadi. Nomzodlarga bunday huquqning kafolatlanishi ularning asossiz ta’qibga olinishi, shuningdek, noqonuniy jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilishining oldini olishga qaratilgan.

Prezidentlikka nomzodni majburiy keltirish, qolaversa, uning shaxsiy buyumlarini, yukini, transportini, turarjoy va xizmat binolarini ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu ularning daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan choralardan hisoblanib, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillariga to‘la mos keladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga, siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi. Ma’lumki, ommaviy axborot vositalari u yoki bu nomzodning muvaffaqiyat qozonishida muhim rol o‘ynashi mumkin. Chunki saylovoldi uchrashuvlari va yig‘ilishlarida yuzlab saylovchilar ishtirok etsa, ommaviy axborot vositalari orqali millionlab saylovchilarga ma’lumot yetkazib beriladi. Shu sababli Prezidentlikka nomzodlarning, siyosiy partiyalarning barchasi o‘z saylovoldi tashviqotini yuritishi uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquqqa egaligi kafolatlangan.

Prezidentlikka nomzodlarga saylovchilar bilan yig‘ilishlarda hamda saylovchilar uchun qulay bo‘lgan boshqa shaklda uchrashuvlar o‘tkazishda teng huquq beriladi. Yig‘ilishlar va uchrashuvlar o‘tkaziladigan vaqt hamda joy haqida saylovchilarga barvaqt xabar qilinadi. Davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalarning, muassasalarning, tashkilotlarning rahbarlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni tashkil etish, zarur ma’lumot va axborot materiallari olishda yordam ko‘rsatishlari shart.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish nomzodlar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tadbirlar paytida ularda mazkur hududlardagi mavjud muammolar bilan yaqinroq tanishish, saylovchilar oldida mavjud muammolarga nisbatan o‘z munosabatini bildirish imkoniyati tug‘iladi. Bu saylovchilar uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘lib, saylovchi nomzodning shaxsi va dasturi bilan yaqindan tanishishi, unga o‘z savollarini berishi va ularga javoblar olishi, umuman, nomzod to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin.

Prezidentlikka nomzodlarning ichki va tashqi siyosat, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy sohalarga oid muammolarni hal qilish yo‘llari va bu tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan rejalari ifoda etilgan faoliyat dasturi bilan chiqishi saylovchilarni o‘zlariga jalb qilish, o‘z tarafdorlarini ko‘paytirish imkonini beradi.

Saylov to‘g‘risidagi qonunchiligimizga binoan, nomzod 15 nafarga qadar ishonchli vakillarga ega bo‘lishga haqli. Ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, uni Prezident etib saylash uchun targ‘ibot olib boradi. Davlat va jamoat tashkilotlari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatini himoya qiladilar.

Ishonchli vakillarni Prezidentlikka nomzodning taqdimnomasiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga oladi va tegishli guvohnomalar beradi. Nomzodning 15 nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishi uning mamlakatimizning barcha hududida, ya’ni barcha saylov okrugida saylovoldi tashviqotini faol amalga oshirishiga imkoniyat yaratadi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Prezidentlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi qatnashish huquqiga ega.

Milliy saylov qonunchiligimizda nomzodlar huquqlarining kafolatlari bo‘yicha belgilangan qoidalar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillariga to‘la mos keladi. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1990 yilda qabul qilingan Insoniylik mezonlari bo‘yicha Kopengagen hujjati, Parlamentlararo ittifoq tomonidan 1994 yilda qabul qilingan Erkin va adolatli saylovlar mezonlari to‘g‘risidagi deklaratsiya, 2002 yilda Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan Saylovlarga nisbatan rahbariy prinsiplar va boshqa hujjatlarda ushbu masala atroflicha ochib berilgan.

Masalan, Venetsiya komissiyasining Saylovlarga nisbatan rahbariy prinsiplarida barcha nomzodga teng imkoniyatlar kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan. Bu esa saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari, jumladan, davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirishda teng imkoniyatlar yaratilishini nazarda tutadi. Parlamentlararo ittifoqning Erkin va adolatli saylovlar mezonlari to‘g‘risidagi deklaratsiyasining 3-bandida har bir nomzod ommaviy axborot vositalarida chiqishda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi lozimligi qayd etilgan.

O’zbekiston mazkur qoidalarga mustaqillikning dastlabki yillaridanoq amal qilib, ularni tegishli qonunlarda mustahkamlab qo‘ydi. Mamlakatimiz saylov qonunchiligining yana bir xususiyati shundaki, Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Nomzodlarni boshqa mablag‘lar hisobidan moliyaviy ta’minlash va o‘zga tarzda moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi. O’zbekiston Respublikasining siyosiy partiyalari, jamoat birlashmalari, korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va fuqarolari o‘z mablag‘larini saylov o‘tkazish uchun ixtiyoriy ravishda berishlari mumkin. Bu mablag‘larni Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi vaqtida foydalanish uchun qabul qilib oladi.

Qonun hujjatlarida har qanday huquq va kafolatlarni turli tajovuzlardan qo‘riqlash maqsadida javobgarlik asoslari ham belgilab qo‘yilgan. Xususan, “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasiga ko‘ra, saylovni o‘tkazishning qonunda nazarda tutilgan qoidalari hamda tartibini buzuvchi shaxslar, O’zbekiston Respublikasi fuqarosining O’zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash va Prezidentlikka saylanish, saylovoldi tashviqoti olib borish huquqlarini erkin ravishda amalga oshirishiga zo‘ravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yo‘l bilan qarshilik ko‘rsatuvchi shaxslar, shuningdek, soxta saylov hujjatlari tuzgan, ovozlarni atayin noto‘g‘ri sanab chiqqan, ovoz berish yashirinligini buzgan yoki ushbu Qonun boshqacha tarzda buzilishiga yo‘l qo‘ygan saylov komissiyalarining a’zolari, davlat va jamoat organlarining mansabdor shaxslari qonunda belgilangan yo‘sinda javobgar bo‘ladilar. Nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan soxta ma’lumotlarni e’lon qilgan yoki boshqa yo‘sinda tarqatgan, saylov komissiyalari a’zolariga nisbatan haqoratomuz munosabatga yo‘l qo‘ygan shaxslar ham javobgarlikka tortiladilar.

Nomzodlar huquqlari kafolatini ta’minlashda odil sudlov muhim omil hisoblanadi. “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga asosan, fuqarolarga ularning saylov huquqlari sud yo‘li bilan himoya etilishi, saylov komissiyalari, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatlari kafolatlanadi.

“O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, saylov komissiyasining qarori va ishidan norozi bo‘lib yuqori saylov komissiyasiga, qonunda ko‘zda tutilgan hollarda esa, sudga ariza berish mumkin. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 272-moddasiga asosan, saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan shikoyat berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, darhol ko‘rib chiqilishi lozim.

Shikoyat sud tomonidan arizachini va tegishli saylov komissiyasining vakilini, shuningdek, prokurorni, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor bo‘lsa, o‘sha shaxsni ham chaqirgan holda ko‘rib chiqiladi. Bu shaxslarning kelmasligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi. Sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshiriladi.

Nomzodlar huquqlarini yanada kengroq himoya qilish, buning uchun tegishli kafolatlarni yaratish maqsadida 2014 yil 4 sentyabrda imzolangan Qonun bilan O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 514-moddasida nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzganlik uchun, 516-moddasida esa nomzodlar, siyosiy partiyalar to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ham saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilangan.

Xulosa o‘rnida aytganda, mamlakatimiz saylov qonunchiligida nomzodlar huquqlari teng hamda adolatli ravishda kafolatlangan va buning uchun yetarlicha huquqiy asoslar yaratilgan.

Gulchehra MALIKOVA,

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat boshqaruvi akademiyasi professori.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 5834