×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
23:44:24 (GMT +5), chorshanba, 5 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


16 - noyabr 2016

Xalqaro kuzatuv: amaliyot va demokratik andozalar

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirdi.

Ma’lumki, Markaziy saylov komissiyasi shu yilning 9-sentabr kuni saylov kampaniyasini e’lon qilgach, xalqaro tashkilotlarga, bir qator xorijiy mamlakatlarga saylovni kuzatishda ishtirok etish uchun taklifnoma yubordi. Bu bilan yurtimizda saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini, O‘zbekistonning xalqaro hujjatlar doirasida olgan majburiyatlariga mas’ulligini hamda umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga sodiqligini namoyish qildi.

Shu kunlarda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi uzoq muddatli kuzatuvchilari saylov komissiyalari a’zolari, siyosiy partiyalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Kuzatuvchilar xalqaro saylov standartlari va milliy saylov qonunchiligi asosida saylov jarayonining barcha bosqichini, Prezidentlikka nomzodlar tomonidan saylovoldi tashviqotini olib borish masalalarini, ommaviy axborot vositalarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha faoliyatini, shuningdek, aholining turli qatlamlari elektoral faolligi darajasini o‘rganayapti.

Muxbirimiz O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Marinika Bobonazarova bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchilar faoliyatining huquqiy asoslari xususida suhbatlashdi.

— Xalqaro kuzatuv — saylov tizimining muhim institutlaridan biri bo‘lib, nafaqat ushbu siyosiy tadbirning ochiq va oshkoraligi hamda saylovchilar ishonchi yuksalishiga, ayni paytda o‘zaro bilim almashish, saylov jarayonining eng yaxshi amaliyoti bilan tanishish asosida ushbu tizimni izchil demokratik rivojlantirishga ham xizmat qiladi, — deydi u. — Xalqaro kuzatuvlar davlatlar o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy sohada ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida nufuzini mustahkamlashda ham muhim omil hisoblanadi.

Yurtimizda saylovlarni xalqaro kuzatishning mana shunday ahamiyatini hisobga olgan holda, uning huquqiy asoslarini shakllantirishda umume’tirof etilgan saylov standartlari asosida xalqaro kuzatuv institutini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

— Ushbu sohada xalqaro standartlarning ahamiyati qanday va ular qay tarzda shakllangan?

— Ma’lumki, umume’tirof etilgan saylov standartlari Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Inson huquqlari to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasi, MDH a’zo-davlatlarida Demokratik saylov, saylov huquqlari va erkinliklari standartlari to‘g‘risidagi konvensiya singari hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan. Ular Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa siyosiy deklaratsiyalarda, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi hujjatlari, Yevropa Kengashi Venetsiya komissiyasining saylov masalalariga oid kodeksida ham o‘z ifodasini topgan.

1990-yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik kengashi konferensiyasi yakuniy Kopengagen hujjatini qabul qildi. YXHT ishtirokchi-davlatlarining xalqaro kuzatuvchilarni “ularning milliy saylovini qonun bilan ruxsat berilgan hajmda kuzatish” uchun taklif qilish bo‘yicha majburiyati milliy demokratik saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishning muhim siyosiy tamoyillari sifatida ko‘zda tutilgan. Xalqaro kuzatuv institutining asosiy vazifasi “saylov o‘tkazilayotgan davlatlar uchun saylov jarayonining nufuzini oshirish” sifatida belgilangan.

Shunday qilib, ishtirokchi-davlatlar saylovlarni kuzatish ushbu siyosiy tadbirning shaffofligi hamda hisobdorligini ta’minlash, aholining saylov jarayoniga ishonchini oshirishda muhim rol o‘ynashini e’tirof etishgan. 1990-yilning noyabr oyida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik kengashining Parijdagi konferensiyasida yakuniy hujjat — Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi qabul qilindi. Unda ishtirokchi-davlatlar qarorgohi Varshavada joylashgan “ishtirokchi-davlatlardagi saylovlar to‘g‘risida aloqalarga ko‘maklashish hamda axborot almashish uchun erkin saylovlar bo‘yicha byurosi”ni tuzishga kelishib olishdi. 1992-yilda mazkur tuzilma nomi Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi deb nomlanib, inson huquqlari sohasida faoliyat ko‘lami yanada kengaydi.

1999-yili Istambuldagi oliy darajadagi uchrashuvda Yevropa xavfsizligi xartiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatni imzolagan davlatlar “o‘z hududida o‘tkazilayotgan saylovlarga ishtirokchi-davlatlardan, Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosidan, Parlament Assambleyasidan, saylov o‘tkazilishini kuzatishni xohlagan tegishli institut hamda tashkilotlarni taklif qilish” majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Hujjatda qayd etilishicha, davlatlar Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylovni o‘tkazish jarayoni baholangan xulosalari hamda tavsiyalariga tezkorlik bilan munosabat bildirishga kelishishgan.

Shuni qayd etish kerakki, saylovlarning xalqaro kuzatuvi qator tamoyillarga, xususan, kuzatilayotgan saylov jarayoniga aralashmaslik va xolislik, shuningdek, saylovni kuzatish jarayonining qonuniyligiga, uning natijalariga ta’sir ko‘rsatmasligi singari prinsiplarga asoslanishi lozim.

— Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi qanday standartlarga amal qiladi?

— Muhim masalani ko‘tardingiz. Biz yuqorida qayd etgan hujjatlar huquqiy maqomga ega emas. Mazkur hujjatlar doirasida o‘z zimmasiga ishtirokchi-davlatlar xalqaro standartlarni implementatsiya qilish bo‘yicha siyosiy majburiyatni olgan.

Ayni paytda YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan ichki hujjatlar ishlab chiqilgan bo‘lib, kuzatuvchilar o‘z faoliyatini ular asosida olib boradi hamda bu standart vazifasini o‘taydi. Kuzatuvchilar ushbu hujjatlarga amal qilishi lozim. Masalan, 1994-yili Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Budapesht sammitida saylovgacha, ovoz berish kuni va uning yakunlanishida, ya’ni butun saylov kampaniyasi davomida kuzatuv institutining rolini oshirish topshirilgan. Bunda ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlarni baholash, boshqa tashkilotlar bilan kuzatuvlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, saylovlarni kuzatish bo‘yicha qo‘llanma tayyorlash kabi vazifalar belgilangan.

Aynan o‘sha topshiriqqa binoan, 1996-yildan beri YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Saylovlarni kuzatish qo‘llanmasini muntazam chop etib keladi. Kuzatuvchilar axloqi kodeksi uning asosiy tarkibi bo‘lib, u mazkur tuzilma tomonidan saylovlar monitoringida ishtirok etadigan barcha kuzatuvchi uchun majburiydir. Jumladan, unda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilar missiyasi a’zolari saylov jarayoniga aralashmasligi, saylov jarayoni va o‘z kuzatuvi mohiyati haqida yanglish xulosa qilishdan hamda ommaviy axborot vositalari vakillariga bahosini berishdan tiyilishi lozimligi belgilangan.

YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, qolaversa, saylovlarni kuzatish missiyalari xodimlari uchun batafsil va maxsus tavsiyalar tayyorlangan. Saylovlarning uzoq muddatli kuzatuvchilari uchun qo‘llanma, Xotin-qizlarning saylovlarda ishtirokini monitoring qilish bo‘yicha qo‘llanma, Saylovning qonunchilik asosini tahlil qilish bo‘yicha tavsiyalar, Milliy kamchilik vakillarining saylov jarayonida ishtirok etishiga xizmat qiluvchi tavsiyalar, YXHT hududida saylovlar masalalari bo‘yicha bahslarni hal qilish qo‘llanmasi, shuningdek, YXHT ishtirokchi-davlatlarida demokratik saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha mavjud tavsiyalar va boshqa hujjatlar shular jumlasidandir. Ushbu qo‘llanmalar saylov jarayonining u yoki bu jihatlarini kuzatish bo‘yicha uslubiy tavsiyalardan iborat bo‘lib, Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi xalqaro kuzatuvchilari tomonidan bajarilishi maqsadga muvofiq.

Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi xalqaro kuzatuvchilari faoliyati davomida 57 ta ishtirokchi-davlatda 300 dan ortiq saylovlarning kuzatuvida qatnashgan.

— Saylov huquqi sohasida xalqaro kuzatuv bo‘yicha yana qanday standartlar amal qiladi?

— Ma’lumki, xalqaro kuzatuv institutini rivojlantirishda Kopengagen hujjati o‘ziga xos o‘rin tutadi. Amerika, Afrika va Osiyoda ko‘plab xalqaro tashkilotlar o‘zlarining saylov standartlarini qabul qilgan. Masalan, hozirgi kunda Shanxay hamkorlik tashkilotidan kuzatuvchilar missiyasi faoliyati 2006-yili 15-mayda ShHT Tashqi ishlar vazirlari qarori bilan tasdiqlangan Prezident va/yoki parlament saylovlarida, shuningdek, referendumlarda ShHTdan kuzatuvchilar missiyasi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tashkil etilmoqda. MDH kuzatuvchilar missiyasi esa o‘z faoliyatini MDH davlat rahbarlari kengashining 2002-yil 7-oktyabrda qabul qilingan MDHga a’zo-davlatlarda Demokratik saylov, saylov huquqlari va erkinliklari standartlari to‘g‘risidagi konvensiya hamda MDH tashqi ishlar vazirlari kengashining 2004-yil 26-martdagi qarori bilan tasdiqlangan Hamdo‘stlikka a’zo-davlatlarda Prezident va parlament saylovlari, shuningdek, referendumlarda MDHdan kuzatuvchilar missiyasi to‘g‘risidagi nizom asosida olib boradi.

— Mazkur standartlar ishtirokchi-davlatlar uchun qanchalik majburiy hisoblanadi?

— Shubhasiz, har bir mamlakat saylov tizimini mustaqil tanlaydi. Ayni paytda xalqaro standartlarga rioya etilishi saylovlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ular, avvalo, xalqaro kuzatuv institutini qonun bilan mustahkamlab qo‘yishni, butun saylov jarayonini kuzatuv bilan qamrab olishni, saylovni kuzatish bo‘yicha huquq va vakolatlarni aniq belgilashni talab qiladi. Turli mamlakatlar qonunchiligida ushbu talablar har xil aks ettirilgan. Qayerdadir xalqaro kuzatuv qonun bilan mustahkamlangan, ammo kuzatuvchilarning vakolatlari sezilarli darajada cheklangan, qayerdadir esa bu talablar to‘la bajarilmaydi.

YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan saylovlarni kuzatish bo‘yicha hisobotlar tahlili natijalari asosida tayyorlangan YXHT ishtirokchi-davlatlarining saylov qonunchiligi va amaliyoti yuzasidan so‘nggi sharhda shuni ko‘rishimiz mumkinki, hali-hanuz ko‘plab mamlakatlarda xalqaro kuzatuvlar sohasidagi umumqabul qilingan standartlar bajarilmayapti. Misol uchun, Andorra, Kipr, Daniya, Estoniya, Fransiya, Gretsiya, Vengriya, Irlandiya, Litva, Monako, San-Marino, Serbiya, Sloveniya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Turkiya va AQSh (federal darajada) singari mamlakatlarda xalqaro kuzatuvning huquqiy asoslari yo‘q, aksariyat hollarda siyosiy partiyalardan mahalliy kuzatuvchilar ishtirok etishi imkoniyati bundan mustasno. Qisman xalqaro kuzatuvchilar ishtiroki masalasi muayyan organlarning normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solingan bo‘lsa-da, ular tegishli qonun qoidalari bilan kafolatlanmagan. YXHT ayrim ishtirokchi-davlatlarida asosan saylov kuni kuzatuvga qarshilik qilishga oid misollar mavjud.

Ammo shuni aytish kerakki, kuzatuvchilar missiyalarining YXHT makonida saylov jarayonlarini kuzatish yakunlari bo‘yicha kiritgan tavsiyalari asosida xalqaro saylov standartlari YXHT ishtirokchi-davlatlari tomonidan saylov qonunchiligiga izchil implementatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda ushbu standartlarni bir qator mamlakatlar amaliyotga borgan sari ko‘proq tatbiq etayapti.

— Mazkur sohadagi standartlar bizning saylov qonunchiligimizda o‘z ifodasini topganmi?

— Mamlakatimiz ularni to‘liq qonunchilikka implementatsiya qilgan. Eng avvalo, 1997-yildayoq milliy qonunchilikda xalqaro kuzatuv instituti mustahkamlab qo‘yilgan. 1999-yilda esa O‘zbekistonda saylovni kuzatishda xalqaro hamda xorijlik, shu jumladan, YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilari ishtirok etdi. Joriy yilda tashkilot ekspertlari O‘zbekistonda xalqaro kuzatuvchilar sifatida yettinchi marta faoliyat olib bormoqda.

Yana bir muhim jihati shundaki, saylov qonunchiligimizda kuzatuvchilar butun saylov kampaniyasi davomida, ya’ni saylov tayinlanishidan ovoz berish natijalari e’lon qilingungacha bo‘lgan davrda ishtirok etishi imkoniyati ko‘zda tutilgan, kuzatuvchilarning huquq va vakolatlari aniq belgilangan.

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun bilan xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, okrug hamda uchastka saylov komissiyalarining majlislarida, saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, ovoz berish uchun saylov qutilarining joylashtirilishi va muhrlanishini, fuqarolarga saylov byulletenlarining berilishini kuzatish huquqiga ega. Ular, shuningdek, ovozlarni sanab chiqishda va uchastka saylov komissiyasining bayonnomasini tuzishda hozir bo‘lishga, saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nusxalarini so‘rashga va ularni olishga, agar saylov uchastkasida qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgan, deb hisoblash uchun asos bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida yuqori komissiyaga ma’lum qilishga haqli. Bunda ovoz berishning yashirin o‘tkazilishi, saylov komissiyalarining mustaqilligi singari asosiy tamoyillardan kelib chiqqan holda, kuzatuvchiga saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida bo‘lish, saylovchilarga ta’sir o‘tkazish, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish, saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish, uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilarini muhrlashda, ularni ochishda, ovozlarni sanab chiqishda aralashish man etiladi.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda avvallari hech ko‘rilmagan darajada ko‘p sonli — YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, ShHT, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH Ijroqo‘midan kuzatuvchilar, 40 dan ortiq mamlakatlardan ekspertlar ishtirok etadi. YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi to‘laqonli kuzatuvchilar missiyasini yuborgan. Ular hozirgi vaqtda respublikamizning barcha hududida saylov jarayonini faol o‘rganib chiqishmoqda. Bu ham xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarga qiziqishi o‘sayotganidan, mamlakatimizning ochiqligi, uning jahon hamjamiyati bilan uyg‘un rivojlanishga intilishidan dalolatdir.

Shu o‘rinda huquq sohasidagi ekspertlarimiz ham xalqaro tashkilotlar missiyalari tarkibida saylovlarni va referendumlarni kuzatishda faol ishtirok etib kelayotganini ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir. Bunday amaliyot, shubhasiz, barcha uchun naf keltirib, dunyoda demokratik saylov amaliyotining izchil rivojlanishiga, demakki, insonning siyosiy, fuqarolik, shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar huquq va erkinliklari kafolatlarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

KUZATUVCHILAR FIKRI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan, YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, ShHT, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH Ijroqo‘mi missiyalari, Osiyo, Yevropa, Afrika va Amerika qit’asining qirqdan ortiq mamlakatlaridan xorijlik ekspertlar ishtirok etadi. Bugungi kunda ularning aksariyati saylov jarayonini bevosita mamlakatimiz hududlarida,

chet davlatlardagi vakolatxonalarimizda tuzilgan saylov uchastkalarida kuzatib borishmoqda.

Xenrik VYESTYERBI, YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi a’zosi:

— O‘zbekiston saylov qonunchiligi bilan tanishdim. Hozirgi vaqtda saylov komissiyalari, davlat organlari va jamoat tashkilotlarining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rishga oid faoliyatini o‘rganayapmiz, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan saylov jarayonini yoritish bo‘yicha ishlari yuzasidan suhbatlashmoqdamiz. Shuni alohida qayd etishni istardimki, biz saylov kampaniyasini kuzatish asnosida nafaqat siyosiy tadbirning milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlariga muvofiqligini baholaymiz, ayni paytda o‘zimiz ham tajriba to‘playapmiz.

Yoel RAZVOZOV, Isroil Knesseti deputati:

— Saylovlarni erkin va halol o‘tkazish fuqarolik jamiyatining mamlakat siyosiy tizimiga ishonchini mustahkamlash vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Respublikada nomzodlarni ko‘rsatish hamda ro‘yxatga olish Konstitutsiya doirasida Markaziy saylov komissiyasining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq o‘tkazildi. Davlat boshlig‘i lavozimiga nomzodlarga o‘z dasturini ommaviy axborot vositalarida, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ilgari surish uchun teng imkoniyatlar yaratib berilgan. Ularning saylov shtablari aholi o‘rtasida faol saylovoldi tashviqotini olib bormoqda. Saylovchilar saylov kampaniyasining barcha tadbiridan xabardor ekanligi, ular o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini chuqur bilishini alohida aytib o‘tishni istardim.

Xilel NYUMAN, Isroil Tashqi ishlar vazirligi strategik tadqiqotlar departamenti sektor boshlig‘i:

— Hozirgi kunda xalqaro hamjamiyatning e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasiga qaratilgan. Bu bejiz emas. Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda aholi soni ko‘pligi bo‘yicha eng yirik mamlakat sifatida mintaqa ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy rivojlanishi va xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Aynan shu omillar sabab ham dunyo jamoatchiligi tomonidan O‘zbekistondagi saylovlarga alohida qiziqish bilan qaralmoqda. Saylovoldi kampaniyasida barcha siyosiy partiyalar ishtirok etayapti. Bu esa siyosiy raqobat mavjudligi haqida so‘z yuritish uchun asos bo‘ladi. Saylov qonunchiligi erkinlashtirilgani, partiyalarga hokimiyat uchun kurash huquqi berilgani, fuqarolik jamiyati institutlarining saylov jarayoniga faol jalb qilingani, ko‘p sonli xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazilgani ham O‘zbekistonning demokratiya va ochiqlikni ta’minlash borasida dadil borayotganidan -dalolatdir.

Rafael BUENO, “Casa Asia” siyosiy, ijtimoiy va ta’lim dasturlari instituti direktori (Ispaniya):

— O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” asosida mamlakatingiz tarixan qisqa davrda ulkan marralarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bu borada yurtingizdagi barqarorlik, tinchlik, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotingizni alohida ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardim. O‘tgan davrda demokratiyaning asosiy ko‘rinishlarini, ya’ni erkin saylovlar instituti, shaffof saylov tizimi, ko‘ppartiyaviylik va milliy parlamentni mustahkamlash uchun muhim huquqiy asoslar yaratildi. Shu yilning 4 dekabr kuni bo‘ladigan Prezident saylovi ham O‘zbekistonning istiqboldagi rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berishi bilan ahamiyatlidir. O‘zbekiston xalqi demokratik tamoyillarga muvofiq holda ravnaq topayotgan o‘z davlatining barqaror va jadal taraqqiyoti uchun ovoz beradi.

Mariya Lyudovika BOTTARYELLI TRAKUILLI-LYEALYE, “Yevropa ayollari lobbisi” tashkilotining Italiya bo‘linmasi bosh kotibi:

— O‘zbekistonda avvalgi saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashib, Birinchi Prezident Islom Karimov boshchiligida zamonaviy demokratik institutlarning huquqiy mexanizmlarini shakllantirish borasida olib borilgan chora-tadbirlar, sa’y-harakatlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lganman. O‘zbekiston fuqarolari saylov qonunchiligi doirasida o‘z huquq va majburiyatlari bilan tanishib borishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan.

Yevropa fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakili, qolaversa, xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida ish olib borayotgan kishi sifatida shuni aytishim kerakki, o‘zbek ayollarining saylov komissiyalari ishida faol qatnashishidan har doim hayratlanaman. Bundan tashqari, saylov uchastkalarida yosh bolali onalarga, umuman, o‘z saylov huquqini amalga oshirish uchun kelganlarga birinchi tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan. Saylovda ishtirok etayotgan xalqaro kuzatuvchilar orasida fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining ko‘pligi ham mamlakatingizda zamonaviy demokratik davlatni barpo qilishga nechog‘li katta ahamiyat berilayotganidan dalolatdir.

Jo DANIEL, “Cloud-Fi Inc.” kompaniyasining bosh ijrochi direktori (Kanada):

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish Kanada parlamenti quyi palatasining sobiq a’zosi sifatida men uchun katta sharaf. Avvalambor, Birinchi Prezident Islom Karimovning beqiyos xizmatlarini alohida qayd etishni istardim. U Buyuk Yo‘lboshchi sifatida o‘zidan sanoat, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalar jadal rivojlanayotgan barqaror davlatni qoldirdi. Bu omillar mamlakatni yangilash hamda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasida boshlangan o‘zgarishlarni davom ettirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

O‘ylaymanki, O‘zbekiston salohiyati mamlakatdagi siyosiy plyuralizmga asoslanadi va bu aholining turli qatlamlariga davlat hamda jamiyat hayotining dolzarb masalalarini hal qilishda ishtirok etishiga keng imkoniyat yaratadi. Demokratik saylovlarni o‘tkazishda xalqaro kuzatuvchilar muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli O‘zbekistonning Prezident saylovini umume’tirof etilgan xalqaro andozalarga muvofiq holda o‘tkazishga tayyorligi yuksak e’tirofga loyiq. Mamlakatdagi saylov jarayonini boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qatorda, YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi to‘laqonli missiyasi kuzatib borayotgani ham quvonarlidir. Bu muhim qaror bo‘lib, pirovardida saylov jarayonining xolisligini ta’minlaydi, unga keng jamoatchilikning ishonchini mustahkamlaydi.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 8392