×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
04:30:44 (GMT +5), chorshanba, 12 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Standart versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


15 - noyabr 2016

Biz ma’naviy-ma’rifiy hayotimizni yanada rivojlantirish tarafdorimiz

Mamlakatimizda shu yilning 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi qizg‘in pallaga kirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratov, uning ishonchli vakillari tomonidan saylovoldi tashviqoti tadbirlari faol olib borilayapti. Bunday tadbirlarda aholining keng qatlami qamrab olinayotgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

Ma’lumki, o‘zligini anglagan inson, avvalo, o‘z ajdodlari, xalqi tarixini puxta biladi. Tarixiy xotira odamzodni aniq maqsadli va kuchli irodaga ega shaxs sifatida shakllanishiga yordam beradi. O‘zligini anglagan, qadriyat va an’analarini e’zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutishi, shubhasiz. Bu mustaqillik yillarida mamlakatimizdagi barqarorlik, xalqimizning tinch, ahil va farovon hayoti misolida yana bir bor isbotini topdi.

Albatta, ushbu yutuqlar osmondan tushgani yo‘q. Barchasiga xalqimizning mashaqqatli mehnati, kuchli saboti va metin irodasi tufayli erishilmoqda. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning ongu qalbini turli zararli g‘oyalardan asrash, tariximizni, milliy qadriyat va an’analarimizni puxta bilishlari, azaliy ma’naviy qarashlarimizning bugun ham hayotimizda mustahkam o‘rin topishiga erishish jarayonida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham munosib ishtirok etmoqda. Ayniqsa, partiyaning “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” g‘oyasi milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, xalqimizning farovonligi oshishi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va ilgari surish, O‘zbekiston xalqining milliy-madaniy va ma’naviy-axloqiy qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash va boyitishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov Saylovoldi dasturida bu borada nihoyatda hayotiy va dolzarb qator g‘oyalarni ilgari surmoqda.

Partiya bugun ham xalqimizning betakror va ulug‘vor tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va barkamol avlod orasida keng targ‘ib qilish tarafdori.

Bunda Sarvar Otamuratov “O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q” tamoyili asosida xalqimiz tarixini xolis va tizimli o‘rganish, o‘zbek xalqining o‘tmishi va bugungi kunini baholashda bir yoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekiston tarixining buzib, -soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashish yo‘lini tanladi. Aslida ham, tarixiy xotira to‘laqonli ravishda tiklangan, xalq bosib o‘tgan yo‘l o‘zining barcha muvaffaqiyat va zafarlari, yo‘qotish va qurbonlari, quvonch va iztiroblari bilan xolis va haqqoniy o‘rganilgan taqdirdagina chinakam tarixga aylanadi.

Mamlakatimizdagi mavjud madaniy meros ob’ektlari uzoq o‘tmishga ega milliy davlatchiligimiz va xalqimiz tarixidan sado berguvchi asosiy manbalardir.

Mamlakatimiz hududida 7345 ta moddiy-madaniy meros ob’ekti joylashgan. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari muhofaza etiladigan tarixiy yodgorliklar, Navro‘z umumxalq bayrami, Boysun madaniy merosi, milliy musiqa san’ati — Katta ashula, Shashmaqom, milliy hajv san’ati — Askiya esa nomoddiy madaniy meros ob’ektlari sifatida YuNESKOning Umumjahon merosi ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, muzeylarda 2,5 milliondan ziyod muzey buyumlari va kolleksiyalari mavjud, arxivlarda madaniy meros ob’ektlari bo‘lgan millionlab hujjatlar saqlanmoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakat milliy boyligi bo‘lgan madaniy meros ob’ektlarini qayta tiklash, muhofaza qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Ulardan foydalanishni tartibga soluvchi huquqiy asoslar yaratildi.

Ammo xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil xulosalari madaniy meros ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish, pasportlarini tayyorlash, saqlash, ta’mirlash, o‘rganish va targ‘ib qilish borasida kamchilik va muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, moddiy-madaniy meros ob’ektlarining davlat kadastrini yuritish to‘liq darajada amalga oshirilmayapti va bunday ob’ektlarni muhofaza qilish chegaralarining loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, moddiy-madaniy meros ob’ektlarining muhofaza belgilarini o‘rnatish yetarli darajada ta’minlanmayapti.

Madaniy meros ob’ektlarini hisobga olish ishlarini yaxshilash talab etiladi, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros ob’ekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarining to‘liq toifalashtirilgan ro‘yxatini tuzish zarur.

Shuningdek, bepul foydalanishga berilgan moddiy-madaniy meros ob’ektlarining qonun hujjatlariga muvofiq saqlanishi ustidan nazorat o‘rnatish lozim. Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va foydalanishni tartibga soluvchi tegishli -qonunosti hujjatlarining ishlab chiqilmaganligi ham nomzod tomonidan belgilangan vazifalarning dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

Shularni hisobga olgan holda, Sarvar Otamuratov Saylovoldi dasturida madaniy meros ob’ektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzeylar, arxivlar, kutubxonalar va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros ob’ekti belgilariga ega eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish, bu yo‘nalishdagi qonunchilikni yanada takomillashtirish vazifalarini ustuvor etib belgiladi.

Nomzod arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash, qayta ta’mirlash, bugungi kungacha YuNYeSKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kirmagan osoriatiqalarni unga kiritish vazifasini muhim, deb biladi.

Bu va sohadagi boshqa masalalarni hal etish uchun moddiy-madaniy merosni qayta tiklash va kapital ta’mirlash jamg‘armasini turistik faoliyat bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan to‘lanadigan soliq va majburiy to‘lovlar hisobidan tashkil etish tashabbusini bildirdi.

Yana bir gap: bugun muzeylarimizni aylansangiz, ko‘p hollarda, eng nodir eksponatlarning nusxasini ko‘rasiz. Chunki ularning asli — asrlar davomida buyuk allomalarimiz yaratgan bebaho ma’naviy durdonalar tarix taqozosi bilan chet mamlakatlarda qolib ketgan yoki olib chiqib ketilgan. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod bu borada mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatlar kutubxona, arxiv va muzeylarida saqlanayotgan o‘zbek allomalari, mutafakkirlari va yozuvchi-shoirlarining ilmiy va badiiy asarlari, umuman, xalqimiz tarixiga oid moddiy boyliklarni O‘zbekistonga qaytarishda yanada faollik ko‘rsatishni asosiy maqsadlaridan biri etib belgilagan. Bu xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning -Vatanimiz tarixini yanada puxta o‘rganishi, milliy o‘zlikni anglash jarayonini tezlashtirishda nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, tarixiy adolat nuqtai nazaridan ham g‘oyat o‘rinlidir. Zero, muzeyga kelgan, qalbiga quloq solgan har bir inson o‘z umrini ana shu tabarruk zotlar kechirgan ibratli hayot bilan taqqoslar ekan, ko‘nglidan “men bu dunyoda nima ish qildim, ana shu ulug‘ ajdodlarga munosib vorismanmi, bobokalonlarimiz shu qadar buyuk meros qoldiribdi, mendan nima qoladi?” degan savollar o‘tishi tabiiy. Ana shu savollar inson qalbini poklaydi, uni yangi, ulug‘ maqsadlar sari ruhlantiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov yana bir kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa — xorijiy mamlakatlarda yashab ijod etgan yoki yurtimizda tavallud topgan bo‘lsa-da, taqdir taqozosi bilan chet ellarda vafot etgan buyuk alloma va mutafakkirlarning qabrlarini aniqlash, ularning mangu qo‘nim topgan maskanlarini obodonlashtirish ishlarini davlat miqyosida amalga oshirish masalasini kun tartibiga qo‘ygan. To‘g‘ri, bu borada keyingi vaqtda, ayniqsa, “Bobur” xalqaro jamoat fondi amalga oshirgan ishlar e’tirofga molik. Biroq hali bunday yuksak e’tibor va e’zozga loyiq ulug‘larimizning mangu qo‘nim topgan joylari ko‘p. Qolaversa, xalqimiz hamisha ajdodlari qabrlarini, qayerda bo‘lmasin, obod etib, ular ruhini shod qilishni o‘zining farzandlik burchi, muqaddas vazifasi, hayot mazmuni sanab keladi.

Bundan bir necha ming yillar muqaddam barpo etilgan qadimiy obidalarning biridan “Yoshlar qalbini asrang” degan bitik topilgan. O’ylaymizki, bu da’vat bugun ham o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotmagan. Ayniqsa, bugun dunyoda globallashuv jarayoni davom etib, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham kengayib borayotgan, ezgu va yovuz g‘oyalarning inson qalbi uchun kurashi internet olamiga, madaniyatlar, qadriyatlar va qarashlar zamiriga ko‘chgan bir paytda nomzod belgilagan mazkur vazifa nihoyatda katta ahamiyatga ega.

Zero, ma’lumotlarga ko‘ra, bugun mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar 13 milliondan ortiqni tashkil etadi. Ularning orasida muntazam murojaat qiladigan internet resurs, bu — ijtimoiy tarmoqlardir. Eng ko‘p foydalanuvchiga ega bo‘lgan xalqaro ijtimoiy tarmoqlar “Facebook”, “Twitter”, “Odnoklassniki”, “Vkontakte”, “Moy mir” va “YouTube” tarmoqlari sanaladi. Mazkur ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning soni 500 mingdan 10 mln.gachani tashkil etadi.

Mana shunday cheksiz axborot almashinuvi jadallashgan, keng quloch yoygan bir paytda mamlakatimizda yoshlar ongu qalbini turli zararli g‘oyalar ta’siridan asrash, xususan “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, tan olishimiz kerakki, bu boradagi ishlar ba’zan shunchaki ma’ruzabozlik bilan cheklanib qolmoqda. Aholi, ayniqsa, yoshlar qalbiga yo‘l topish, ma’rifiy tadbirlarni jonli muloqotlarga, fikrlashuvlarga aylantirish bugun dolzarb vazifadir.

Bir qaraganda, omma tan olgan madaniyatning zarari yo‘qdek tuyuladi. Ammo bu tushunchani har bir millat o‘z mentalitetidan kelib chiqib, qo‘shtirnoqqa oladi. Biz ham bu chegarani o‘z hayot va tafakkur tarzimizdan, milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib belgilaymiz.

Darhaqiqat, “ommaviy madaniyat” ongimizga “odatiy hol” bo‘lib ko‘ringan narsalar — “pirsing”, “tatuirovka” va “bodi-art”ning boshqa turlariga berilish orqali kirib kelib o‘rnashadi va oqibatda o‘zlikning yo‘qolishiga olib keladi. o‘arb madaniyatining ajralmas qismi, deya ta’riflanayotgan “pirsing” va “tatuirovka” milliy ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizga mutlaqo zid. “Ommaviy madaniyat” namunasi bo‘lgan “pirsing” va “tatuirovka”ni bizga daxli yo‘q, bu bizga yot muammo, deb xotirjamlikka berilish yaramaydi. Sababi, bugun globallashgan, integratsiyalashgan internet asrida yashayapmiz. Internet axborot xurujining “o‘chog‘i”ga aylangan.

Unda, ayniqsa, “pirsing” va “tatuirovka” kataloglarining reklamasi, kosmetologlarning bu boradagi “izlanishlari” tinimsiz targ‘ib etilmoqdaki, ayrim yoshlar bu “hunar”ga mahliyo bo‘lmoqda. Hech qanday ma’no, mazmun aks etmagan, faqat behayolik, vahshiylikni targ‘ib qiluvchi bunday suratlardagi “moda” ortiga yashiringan “ommaviy madaniyat” xurujlari sharqona odob-axloq, fahm-farosat, sharm-hayo, azaliy qadriyatlarimizni yoshlar ongidan siqib chiqarishga qaratilgani bilan xavflidir. Bunday zararli odatlarni zamonaviy tibbiyot ham qattiq qoralaydi.

Bugun ana shunday illatlar turli xorij filmlari, kliplar vositasida ham keng targ‘ib qilinmoqda. Afsuski, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lmagan, g‘o‘r, ongi va ma’naviyati zaif, modaga o‘ch ayrim qiziqqon yoshlar bunday odatlar ta’siriga tez tushib qolmoqda. -Qolaversa, ayrim yigitlarimiz qulog‘iga xuddi qizlardek zirak taqayotganini qanday izohlash mumkin?!

Xulosa o‘rnida aytganda, yoshlarimizni ularning ongu tafakkuriga, qalbiga raxna solayotgan bunday tahdidlardan asrash zarur. Badanga turli taqinchoq taqish nafaqat salomatlikka, balki odob-axloq me’yorlariga ham putur yetkazishini unutmasak bo‘lgani.

Yuqumli kasallik, virus chegara bilmaganidek, “ommaviy madaniyat” — “olomon madaniyati” ham millat yo davlat yoki yosh tanlamaydi. Shunday ekan, ertangi kunimiz qanday bo‘lishi, farzandlarimiz ertaga qanday inson bo‘lib hayotga kirib borishi bu boradagi umummilliy sa’y-harakatlar bilan chambarchas bog‘liqdir.

E’tiborlisi, nomzodning Saylovoldi dasturida “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashish shunchaki maqsad sifatida ta’kidlab ketilmagan, balki bu ezgu maqsadning yo‘llari, aniq mexanizmi ham ko‘rsatib berilgan.

Xususan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod yoshlar ongini xalqimizga yot “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida ularning qalbi va ongiga “Barkamol avlod — millat tayanchi” tamoyili ostida milliy tiklanish g‘oyasini singdirish, milliy ma’naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirishni muhim, deb biladi.

Bunda kino, teatr va estrada san’atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an’analari hamda ilg‘or urf-odatlarini ta’sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarning dunyoga kelishiga ko‘maklashish, ularni targ‘ib qilish asosiy vazifadir.

Sarvar Otamuratov ma’naviy hayotimizdagi yana bir muammo yechimi — O‘zbekiston zaminida yashab ijod etgan va jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan milliy kino -asarlari yaratish borasidagi ishlarni yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish tashabbusini ilgari surmoqda.

Chunki xalqimiz ta’sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etilgan va o‘zbek xalqining haqqoniy tarixi aks etgan kino asarlarini intiqlik bilan kutmoqda.

Nomzod bu borada milliy tarixiy kinoasarlarni xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda, taniqli rejissyor va aktyorlar ishtirokida tayyorlash, uni butun dunyo jamoatchiligiga yetkazishni muhim vazifa, deb hisoblaydi. Qolaversa, bugun O‘zbekiston televideniyesida namoyish etilayotgan badiiy va videofilmlarning aksariyati xorijiy davlatlar tarixi, harbiy va siyosiy arboblari hamda olimlari haqida. Hatto bugun qator xorijiy davlatlar o‘zlarining milliy qahramonlari to‘g‘risida, ularning, garchi, zamonaviy sivilizatsiya tarixida tutgan o‘rni va roli

buyuk bo‘lmasa-da, chet el kinostudiyalari bilan hamkorlikda kinoasarlar tayyorlab, ularni dunyo ommasiga tanishtirmoqdalar. Bunday tajriba milliy g‘urur va iftixorni oshirib, millatni birlashtiradigan kuchli targ‘ibot usuli hisoblanadi. Sarvar -Otamuratov dasturida belgilangan ushbu vazifalar nafaqat mafkuraviy ishlar samaradorligini oshiradi, balki milliy kino ishlab chiqaruvchi studiya va tashkilotlarning daromadlari ortishiga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Nomzod bugungi globallashuv sharoitida xalqning o‘ziga xos qiyofasi, milliy qadriyat va an’analarini asrab qolish, odamlarda yuksak ma’naviy ong va didni tarbiyalashda teatr san’atiga qiziqish havas qilarli darajada emasligiga ham ahamiyat qaratgani e’tiborlidir. Chunki teatrlarimiz zallari ko‘pincha tomoshabinlar bilan to‘lib-to‘lmagan ahvolda yoki davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar xodimlarining tashriflari evaziga to‘ldirilishi ham ko‘pchilikka ayon haqiqat. Vaholonki, teatrga odamlarni qaytarish uchun, eng avvalo, zamondoshlarimizni o‘ylantirayotgan va to‘lqinlantirayotgan mavzularda badiiy jihatdan yuksak, mahorat bilan sahnalashtirilgan spektakllarni ko‘paytirish, odamlarda, ayniqsa, yoshlarda teatr tomoshasi madaniyatini o‘stirish muhim masala. Bunda Sarvar Otamuratov mamlakatimiz teatrlarida “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etish va shu orqali xalqimiz va ayniqsa, yoshlarni ibratxonaning ma’naviy ozuqasidan bahramand etishni taklif qilmoqda.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamisha o‘z faoliyatida ona tilimiz rivojini yangi bosqichga ko‘tarish uchun uning davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlashni doimiy vazifasi, deb hisoblaydi.

Hammamizga odat: har yili 21-oktabr yaqinlashgan sari ona tilimiz qayg‘usi bilan yashab qolamiz. Boshqa vaqtda jamoatchilik ham, matbuot ham bu masalaga negadir uncha katta e’tibor qaratmaydi. Holbuki, ijtimoiy hayotimizning ko‘pgina sohalarida davlat tilining qo‘llanilishi va uning qoidalariga rioya etilishida hali-hamon kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan masalalar uchrab turibdi. Jumladan, ommaviy muomalada, ko‘chalarda joylashtirilgan tashqi yozuvlarda, reklama va e’lonlarda, ommaviy axborot vositalarida hali-hamon o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalari qo‘pol buzilmoqda.

Ushbu muammo O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faollari tomonidan gazeta va jurnallarda, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan sessiyalarda muhokama qilindi. Xususan, xalq deputatlari Jizzax, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar Kengashlari sessiyalariga “Ommaviy jamoat joylarida o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalariga amal qilinish holati to‘g‘risida”, “Davlat tili haqida” va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlarning hududdagi ijrosini ta’minlash to‘g‘risida 30 dan ortiq tashabbus--masalalar olib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhlari tomonidan mazkur masala yuzasidan mutasaddi tashkilotlar mansabdor shaxslarining hisobotlari eshitildi. Lekin bu borada sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmaganligi ham bor gap.

Shundan kelib chiqqan holda, Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov saylovoldi Dasturida ommaviy muomalada, ko‘chalarda joylashtirilgan tashqi yozuvlarda, reklama va e’lonlarda, ommaviy axborot vositalarida o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qolaversa, fundamental fanlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zining haqiqiy o‘rnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug‘atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha hamda kategoriyalarni ishlab chiqish dolzarb vazifadir.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratov bu ezgu ishlarda jamiyat, oila va ta’lim tizimida yosh avlodni kitobga muhabbat va hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash, O‘zbekiston xalqining tarixi, ma’naviy-madaniy -merosiga doir adabiyotlarni nashr etish bilan shug‘ullanayotgan mualliflar, bosmaxonalar, nashriyotlarni iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish, ularga soliq va boshqa to‘lovlar bo‘yicha yanada keng imtiyozlar berishni o‘z Saylovoldi dasturida aks ettirgan.

Qisqacha aytganda, 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi nomzodining milliy-ma’naviy yuksalish, barcha sohada milliy manfaatlar ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan qator hayotiy va dolzarb dastur-g‘oyalari mamlakatimiz milliy manfaatlaridan kelib chiqib, xalqimiz farovonligini oshirish, yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalikni mustahkamlash, betakror va ulug‘vor tarixiy, madaniy va intellektual merosimiz, madaniyatimiz va an’analarimizni asrab-avaylash hamda boyitishga, O‘zbekistonning jahon maydonidagi mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovga ovoz berishga chaqiradi!



Muallif: «Xalq so‘zi» gazetasi
Просмотров: 9835