×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
23:14:28 (GMT +5), chorshanba, 5 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


11 - noyabr 2016

G‘oya va fikrlar kurashi, partiyalararo raqobat ifodasi

Hozirgi kunda mamlakatimizda saylov kampaniyasining, ta’bir joiz bo‘lsa, muhim bosqichi — saylovoldi tashviqoti qizg‘in olib borilmoqda. Biz saylovchi sifatida o‘z qarashlarimizni aniqlab olish maqsadida nomzodlar dasturlari va partiyalar maqsad hamda vazifalari bilan tanishayapmiz, elektorat sifatida ular dasturlaridagi ustuvor yo‘nalishlarni o‘z manfaatlarimiz bilan taqqoslab, tanlovimizni amalga oshirishga hozirlik ko‘rayapmiz.

Shuni qayd etish kerakki, haqiqiy g‘oyalar kurashi yoki partiyalararo raqobat auditoriyalarda, majlislarda yoki omma oldidagi munozaralarda emas, balki bizning ongu tafakkurimizda kechadi. Chunki aynan biz ularning g‘oya va maqsadlarini chuqur tahlil qilamiz, yetti o‘lchab, bir kesamiz.

Bugun siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ularning emin-erkin faoliyati, mamlakat siyosiy hayotida, davlat ahamiyatiga molik dolzarb qarorlarni qabul qilishda faol ishtirok etishi uchun yaratilgan imkoniyatlar partiyalarning siyosiy kuch sifatidagi ijtimoiy ta’sirini sezilarli darajada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Siyosiy faol fuqarolarning partiya tashkilotlariga birlashishi ularga o‘z ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy manfaatlarini ilgari surish imkonini bermoqda.

Zero, siyosiy jarayonlarda qatnashish, unda barcha fikr va qarashlar hamda ehtiyojlar o‘z ifodasini topishi aholi keng qatlami manfaatlariga javob beradigan maqbul va to‘g‘ri qarorlarni qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Konstitutsiyamizga binoan, siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, siyosiy partiyalar Oliy Majlisga, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘z nomzodlarini ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga faqatgina siyosiy partiyalar nomzod ko‘rsatishi mumkin. Shu ma’noda, saylovlar partiyalarning siyosiy ta’sirini yanada kuchaytirish hamda dasturiy maqsadlariga erishishda muhim vositaga aylanmoqda.

Joriy yilgi Prezident saylovida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha partiya — O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ishtirok etmoqda. Ularning har biri davlat va jamiyat qurilishining muhim masalalari yuzasidan elektorat intilishlaridan kelib chiqqan holda, o‘z nuqtai nazarlarini ilgari surmoqda.

Misol uchun, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi elektorati ijodkor ziyolilar, madaniyat, san’at va axborot sohalari xodimlari, yoshlar, hunarmandlar hisoblanadi. O‘zLiDeP esa o‘rta mulkdorlar sinfi — tadbirkorlar va ishbilarmonlar, fermerlar manfaatlarini himoya qiladi. O‘zXDP elektorati davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari, shu jumladan, pensionerlar, nogironlar, kam ta’minlangan oilalar, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqa oluvchilar, shuningdek, ijtimoiy yordam hamda ijtimoiy muhofaza bilan shug‘ullanayotgan budjet va boshqa tashkilotlar xodimlari hamda ushbu sohaning boshqa vakillaridir. “Adolat” SDP esa budjet sohasi xodimlari, pedagoglar, shifokorlar, muhandis-texnik va ilm-fan, xizmat ko‘rsatish tizimlari vakillarida o‘z tayanchini ko‘radi.

Konstitutsiya va qonunlarimizda siyosiy partiyalar faoliyati erkinligining kafolatlari bilan bir qatorda, qat’iy -talablar ham belgilangan. Ularga muvofiq, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etuvchi, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek, harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi.

Siyosiy partiyalar faoliyatining aniq tartibga solingani siyosiy muloqot hamda partiyalararo raqobatning madaniy ko‘rinishlari qaror topishini ta’minlaydi.

Biz siyosiy partiyalarning dasturiy hujjatlarini atroflicha o‘rganib, tahlil qildik. Saylovchilarga o‘z qarashlarini aniqlab olish uchun yordam berish maqsadida ularning farqlari va umumiy jihatlarini qiyoslab ko‘rdik.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining ustuvorligini hisobga olgan holda, avvalambor, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, milliy hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qolaversa, xalqimizning noyob ma’naviy boyligi va tarixiy merosini targ‘ib etish orqali turizm sohasini jadal rivojlantirishni muhim omil sifatida baholaydi. O‘z navbatida, O‘zLiDeP tadbirkorlik, kichik biznes, fermer va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirishni har tomonlama rag‘batlantirish hamda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga alohida e’tibor qaratadi. O‘zXDP esa bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning asosiy tartibga soluvchilik rolini yanada mustahkamlash tarafdori bo‘lib, partiya vakillarining fikricha, bu bozor mexanizmlari hamda davlat tomonidan o‘rnatilgan ijtimoiy siyosat sohasidagi aniq me’yor va qoidalarning samarali ishlashiga, aholining kam ta’minlangan qatlami uchun qulay imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi. “Adolat” SDP iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishi, resurs va energiya resurslarini tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish tarafdori bo‘lib, bu sohani ulkan salohiyatga ega, deb biladi.

Siyosiy partiyalarning ijtimoiy masalalarni hal qilishdagi maqsadlari ko‘p holatlarda o‘zaro yaqin bo‘lsa-da, lekin har bir partiya ushbu yo‘nalishda aniq maqsadga erishish uchun o‘z mexanizm va yo‘llarini belgilab olgan. Misol uchun, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z dasturida oilalarni himoya qilish, ma’naviy va jismoniy jihatdan sog‘lom ona, bolalar, yoshlar masalasiga, shuningdek, farovon kelajak asosi sifatida jamiyatning axborot-g‘oyaviy xavfsizligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratgan. O‘zLiDeP esa o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib, har bir inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish tarafdori hisoblanadi. O‘zXDP aholining kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasida kuchli ijtimoiy siyosat olib borish tarafdoridir. “Adolat” SDP esa aholining daromadi, mulki bo‘yicha hamda ijtimoiy xizmatlardan foydalanishida keskin tabaqalanishning oldini olishga ustuvor vazifa sifatida qaraydi.

Ijtimoiy-siyosiy hayotda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi millati, dini va e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, O‘zbekiston xalqi va barcha fuqarolarning birdamligini mustahkamlash, milliy tiklanish g‘oyasini rivojlantirishga xizmat qiladigan an’anaviy milliy demokratik institutlarni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zLiDeP davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini izchil demokratlashtirishni davom ettirishga hamda xususiy mulk daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlashga intiladi. O‘zXDP davlatning rolini mustahkamlash, pensionerlar, nogironlar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlami manfaatlarini himoya qilish, ushbu qatlamni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat qarorlarining samarali bajarilishi yuzasidan mahalliy davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, fuqarolar yig‘inlari mas’uliyatini oshirishga urg‘u beradi. “Adolat” SDP o‘z dasturida “yalpi farovonlik davlati”ni yaratish, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat, birdamlik va insonparvarlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik singari tamoyillarni mustahkamlash bo‘yicha vazifalarni belgilab olgan.

Mamlakatimizda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarining ishonchli kafolatlarini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Sud hokimiyatini mustahkamlash yo‘lidagi islohotlar natijasida jamiyatda adolatga, sudlarga ishonch yuksalmoqda. Ma’muriy va jinoyat qonunchiligining izchil liberallashtirilishi inson huquqlari hamda erkinliklari himoyasini kuchaytirishga, jamiyatda qonunga hurmat va itoat hissi yuksalishiga xizmat qilmoqda. Tabiiyki, saylovchilarimiz mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning davom ettirilishidan manfaatdor. Shu bois siyosiy partiyalar o‘z dasturlarida ushbu masalaga alohida yondashganlar.

Masalan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlarini o‘zida aks ettirgan, unga xos bo‘lgan muruvvat, kechirimlilik, insonparvarlik va bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlar sud amaliyotiga joriy etilishini ustuvor vazifalaridan, deb biladi. O‘zLiDeP mulkdorlar, tadbirkorlar, fermerlar va ishbilarmonlarning huquq va manfaatlari ishonchli himoyasini ta’minlashga, xo‘jalik nizolarini hal qilishning muqobil, suddan tashqari shakllarini rivojlantirishga muhim e’tibor qaratib keladi. O‘zXDP aholining kam ta’minlangan qatlamlari o‘z haq-huquqlarini himoya qilishi uchun sudga murojaat etishi imkoniyatlarini kengaytirish tarafdori hisoblanadi. “Adolat” SDP sudlar faoliyatining ochiq va oshkoraligi, sud jarayonida tomonlarning tengligi va xolis tortishuv tamoyillarini kuchaytirish, huquq-tartibot organlari faoliyati ustidan samarali sud va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga intiladi.

Partiya tashkilotlarining davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etishining huquqiy mexanizmlari yaratilgani ularning siyosiy ta’siri o‘sishiga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga o‘z nomzodini ko‘rsatish bo‘yicha mutlaq huquqidan faol foydalanmoqda. Bu ularga partiya va elektorat manfaatlarini qonun loyihalari, muhim davlat dasturlarini ishlab chiqish va qabul qilish orqali ilgari surish imkonini berayapti. Mamlakat Bosh vaziri nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi. Shunday qilib, siyosiy partiyalar ijro hokimiyatini shakllantirishda ishtirok etadi, hukumat rahbarining hisobotlarini muntazam eshitib borish orqali uning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi.

2015-yilning mart oyida iqtisodiy, siyosiy va sud-huquq sohalarida dasturiy maqsadlari hamda nuqtai nazarlari yaqinligini hisobga olib, O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirib, parlament quyi palatasidagi ko‘pchilikni, ya’ni Demokratik kuchlar blokini tuzishdi. Bu siyosiy partiyalarga qonunlar loyihalarini ishlab chiqish, muhim davlat dasturlarini qabul qilish, nazorat-tahlil faoliyatini olib borishda o‘z dasturiy maqsadlarini ilgari surishida keng imkoniyatlar taqdim qilmoqda.

O‘z navbatida, Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyalari o‘zlarini parlament muxolifi, deb e’lon qilib, qonunchilikda belgilangan huquq va vakolatlaridan foydalangan holda, o‘z elektorati manfaatlarini izchil ifodalash hamda ilgari surish bo‘yicha vazifalarni belgilab olishdi. Qator qonunlar, mamlakat Davlat budjeti muhokamasida Demokratik kuchlar bloki hamda muxolif fraksiyalar fikr-mulohazalari har tomonlama o‘rganib chiqildi va parlament tomonidan tegishli hujjatlar qabul qilinayotganda bulardan foydalanildi.

Shu kunlarda saylov kampaniyasi qizg‘in pallaga kirdi. Siyosiy partiyalar Prezidentlikka nomzodning dasturidagi maqsad va vazifalarni keng tashviqot qilish asnosida o‘z g‘oyalarini ham targ‘ib etmoqda, partiya elektorati va tarafdorlari sonini ko‘paytirish maqsadida partiya dasturlarini ham ommalashtirishga harakat qilayapti. Shu bilan o‘z salohiyatini kuchaytirib olmoqda. Alohida qayd etish kerakki, qonunchilikka binoan, partiyalarga saylovoldi tashviqotini olib borishda to‘laqonli teng imkoniyatlar taqdim qilingan bo‘lib, bu saylovchilarning o‘z qarorini erkin qabul qilishiga yordam beradi.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 6442