×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
02:31:48 (GMT +5), juma, 2 - oktabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Standart versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


11 - noyabr 2016

Qonun ustuvor bo‘lgan joyda adolat bo‘ladi

Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar joriy yilning 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlikni yanada kuchaytirmoqdalar. Zero, mamlakat Prezidentini saylashdek katta ijtimoiy-siyosiy voqeadan biron-bir fuqaro chetda qolishi mumkin bo‘lmaganidek, saylov har qanday siyosiy partiya hayoti va faoliyatida o‘ta mas’uliyatli jarayondir.

Prezident saylovi demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatining muhim belgisi, xalqning xohish-irodasi erkin ifodalanishi, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokining asosiy shaklidir.

Mamlakatimiz siyosiy maydonida 21 yildan buyon faoliyat yuritib, o‘z g‘oyalarini, dasturiy maqsad va vazifalarini amaliyotga tatbiq etib, xalqimiz muayyan qatlamining siyosiy irodasini, manfaatlarini himoya etib kelayotgan, o‘z elektoratiga, xayrixohlariga ega bo‘lgan O‘zbekiston “Adolat” SDP ham mazkur muhim siyosiy tadbirda o‘z nomzodi bilan ishtirok etmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha partiya tashkilotlari qoshida tuzilgan barcha saylov shtablari tomonidan mazkur siyosiy tadbirga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Saylovoldi tashviqotini yuqori saviyada tashkil etish va samarali o‘tkazish maqsadida partiya nomzodining Saylovoldi dasturini aholining keng qatlami orasida targ‘ib qilish va saylovchilarning ko‘proq ovozini olishga qaratilgan sa’y-harakatlar olib borilayotir.

Shu kunlarda partiyamizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod o‘zining hududlarda saylovchilar bilan o‘tkazayotgan bevosita uchrashuv va -muloqotlari orqali Saylovoldi dasturining afzalliklarini yoritib berishga va shu tariqa saylovchilar hurmatiga sazovor bo‘lishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilayapti.

Ayniqsa, nomzodimizning Saylovoldi dasturida ilgari surilgan bir qator xalqchil g‘oyalar va hayotiy ustuvor masalalar saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otib, ular -tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xususan, Narimon Umarov dasturi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy-demokratik davlat, ma’naviy va axloqiy yetuk, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish borasidagi dasturiy maqsad va vazifalariga asoslanadi. Shuningdek, mazkur dastur “Kuch – adolatda!”, “Adolat – hayotimizning bosh mezoni”, “Adolat – har bir inson uchun” hamda sotsial-demokratiyaning eng muhim qadriyatlari bo‘lgan – ijtimoiy adolat, erkinlik, birdamlik va imkoniyatlar tengligi g‘oyalari bilan sug‘orilganligi uchun ham ahamiyatlidir.

Nomzodimiz dasturining eng muhim jihati – unda adolat g‘oyasining ustuvorligidir. Chunki adolat va haqiqatga intilish, adolatli jamiyat qurish xalqimizning asriy orzulari sirasiga kiradi. Binobarin, adolat ustun bo‘lgan joyda ish yurishadi, yurtda fayzu baraka bo‘ladi, odamlarda mehr-oqibat kuchayadi. Adolat bor joyda taraqqiyot bo‘ladi, yuksak muvaffaqiyatlarga erishiladi.

“Adolat – qonun ustuvorligida!” tamoyiliga tayangan holda, qonunchilik va sud-huquq sohasiga doir ilgari surilgan vazifalar ham Narimon Umarov Saylovoldi dasturining eng muhim jihatlaridan biridir. Jumladan, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhasida “Adolatli qonunlarni qabul qilish”, “Qonun ustuvor bo‘lgan joyda adolat bo‘ladi” kabi g‘oyalarni hayotga keng joriy etish, qonun ustuvorligini ta’minlash inson huquq va erkinliklari, uning ijtimoiy himoyasi amalda ta’minlanadigan huquqiy davlat, xalqchil, adolatli, erkin jamiyat, farovon hayot barpo etishning garovi sifatida ilgari surilayotgani saylovchilarga manzur bo‘lmoqda.

Shuningdek, nomzodimiz dasturida “kuchli va adolatli sud hokimiyati bo‘lgan joyda qonun va adolat tamoyillari ustuvor”, deb belgilangan. Shu maqsadda sud hokimiyatining mustaqilligi, sudlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning barqarorligi, faoliyatining ochiqligi va xolisligini ta’minlash, sudyalarni tayyorlash va qayta tayyorlash jarayonlarini yanada takomillashtirish, odil sudlovning nufuzini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta’minlash, eng muhimi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ilgari surilgan.

Shu bilan birga, nomzodimiz iqtisodiy sohada respublikamizda olib borilayotgan makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini -davom ettirish, budjet hamda milliy valyutamiz barqarorligini ta’minlash, bank va sug‘urta tizimlarini mustahkamlash, chetdan qarz olish masalalarida konservativ yondashuvga asoslanish, davlatning tashqi qarzi haddan ziyod oshib ketmasligiga erishish borasidagi siyosatni davom ettirish tarafdoridir.

Bozorni boshqarish, tartibga solib turish zarurligi hamda “Raqobat – mumkin qadar, davlat boshqaruvi – zarurat qadar” tamoyilini hayotga keng tatbiq etish ilgari surilganligi ham nomzodimiz dasturida iqtisodiy yo‘nalishda belgilangan vazifalarning muhim xususiyatlaridan biri sanaladi.

Qolaversa, nomzodimiz mamlakatimiz kelajagi – innovatsion rivojlanish va innovatsion iqtisodiyotda, deb biladi hamda davlatning muvofiqlashtiruvchilik faoliyati iqtisodiyotning barqaror innovatsion taraqqiyotida muhim rol o‘ynashi kerakligini e’tirof etadi. Chunonchi, yangi texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot davlat qudratini oshiradi, xalqimiz farovonligi va jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, nomzodimiz dasturida eng muhim ustuvor vazifalarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari hamda chora-tadbirlari belgilab qo‘yilganligi ham uning hayotiyligini ifodalaydi.

Xususan, dasturda mamlakatimizda zamonaviy innovatsion va yuqori texnologiyalarni jadal rivojlantirish va keng joriy qilish maqsadida maxsus kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu hujjatda, quyidagilar belgilanishi nazarda tutilgan:

- innovatsion faoliyatning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, shu jumladan, ilmiy faoliyatni rivojlantirish sohasida me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;

- innovatsiya va innovatsion infratuzilmalarning yagona vakolatli organini ta’sis etish;

- Davlat budjeti, korxona va tashkilotlarning moliyaviy qo‘yilmalari, homiylik va xayriya mablag‘lari hisobidan Innovatsiya jamg‘armasini tuzish;

- iqtisodiyot sohalarida xususiy biznes ishtirokida uncha katta bo‘lmagan va qisqa muddatda o‘zini oqlaydigan innovatsion loyihalarni joriy etish.

Nomzodimiz dasturida, shuningdek, ekologiya masalalari ijtimoiy-iqtisodiy siyosatimizning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, bu sohani kompleks rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq etishga doir aniq choralar belgilangan. Mazkur dasturda, xususan, tabiatning sanoat korxonalari tomonidan ifloslanishini kamaytirish, chang va zaharli moddalarni ko‘p yutuvchi dov-daraxtlar sonini va turini oshirish, shaharlar va sanoat korxonalari atrofida yashil maydonlar barpo etish, saksovul va butazorlarni kengaytirish orqali atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga qaratilgan aniq mexanizmlar belgilab qo‘yilgan.

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning hududlarda o‘tkazayotgan uchrashuvlarida saylovchilar tomonidan yo‘llanayotgan savollar hamda saylov shtablarimizga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, saylovchilar, ayniqsa, nomzodimiz Saylovoldi dasturida ilgari surilgan ijtimoiy sohadagi maqsad, vazifalar, g‘oya va takliflarga iliq munosabat bildirib, uni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Bu borada aholining real ehtiyojlari inobatga olingani, hududlardagi mavjud ijtimoiy masalalar yechimi yuzasidan aniq takliflar ilgari surilganligi fuqarolarimizning qiziqishiga sabab bo‘layotir.

O. Nabiyev, Uchqo‘rg‘on tumani “Sanoat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:

- Nomzodning dasturida ijtimoiy masalalarga birlamchi ahamiyat qaratilganligi, ayniqsa, ularga adolat tamoyillari nuqtai nazaridan yondashilganligi menga ma’qul keldi. Xususan, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar o‘zining amaliy yechimiga egaligi, hayotiyligi hamda har bir fuqaro taqdiriga daxldorligi bilan biz, saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Jumladan, nomzodimiz dasturida “Ijtimoiy tenglik – teng huquq va teng mas’uliyat demakdir” degan tamoyilga tayangan holda, fuqarolarning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy tengligi, har bir fuqaro qobiliyati hamda malakasidan kelib chiqib mehnat qilishi kafolatlanadigan, mehnatining miqdori va sifatiga yarasha munosib ish haqi va hayot darajasiga erishishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan ijtimoiy davlat qurish g‘oyasi ilgari surilmoqda.

Ayniqsa, mamlakatimizda tadbirkorlik sohasi jadallik bilan rivojlanayotgan, ish bilan band bo‘lgan aholining asosiy qismi aynan ushbu soha hissasiga to‘g‘ri kelayotgan hozirgi sharoitda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarda xodimning haq-huquqlarini to‘laqonli ta’minlash, u bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmagani, xodim mehnatiga haq to‘lash, ijtimoiy sug‘urta qilish, pensiya ta’minoti talablariga rioya qilmagani va ularni buzganligi uchun ish beruvchilar -javobgarligining kuchaytirilishi bilan birga, javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga doir nomzodimiz ilgari surayotgan takliflar saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Sh. Norov, Navoiy konchilik kasb-hunar kolleji direktori:

- Nomzod tomonidan mazkur sohada bildirilgan takliflar uzoqni ko‘zlashi bilan e’tiborga molikdir. To‘g‘ri, bugun ish beruvchi mehnat shartnomasini rasmiylashtirmasdan ishlatishi, xodim esa yetarli miqdorda daromad olib, faoliyatini davom ettiraverishi mumkin. Lekin kelgusida fuqaro pensiya yoshiga yetganda, ijtimoiy himoyadan mahrum bo‘lib qolishi kundek ravshan. Shunday ekan, Narimon Umarov tomonidan ilgari surilgan taklif mehnat bozorida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, mehnatkashlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlashda uzoq istiqbolga mo‘ljallangani bilan nafaqat fuqarolar, balki butun jamiyat uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Aholining keng qatlamlariga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini kuchaytirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish, skrining va perinatal markazlari, ayollar tibbiy maslahatxonalari, tug‘uruq majmualari, ginekologiya va patronaj xizmatlari faoliyatini takomillashtirishga doir masalalar ham aholining keng qatlamiga manzur bo‘lmoqda.

I. Abdulhaqov, Buxoro davlat tibbiyot instituti kafedra mudiri:

- Men tibbiyot sohasi vakili bo‘lganim bois aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlash barcha uchun juda muhimligini yaxshi tushunaman. Ayniqsa, havo -harorati pasayib, qish-qirovli kunlarda odamlar orasida turli kasalliklar tarqalishi kuzatiladi. Tabiiyki, bunday holatda dori vositalariga talab oshib, hamyurtlarimiz uchun ham arzon, ham sifatli dori-darmonni topish mushkul yumushlardan biriga aylanadi. Shu ma’noda aytganda, nomzodning dasturida aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlash, ayniqsa, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish bo‘yicha aniq mexanizmlar taklif qilinayotgani ko‘pchilikning dilidagi gap bo‘ldi. Chunki inson salomatligi hamma narsadan ustun.

Shuningdek, uy-joy sotib olish va qurish uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlash jarayonini takomillashtirish va foizlarini optimallashtirish, uy-joy bozoridagi -firibgarliklar uchun nazorat va javobgarlikni kuchaytirish, uy-joy-kommunal kompleksi ishini yanada yaxshilash, aholi uchun belgilanayotgan kommunal to‘lovlar miqdorini doimiy nazoratda tutish, bu sohalarda aholiga xizmat ko‘rsatadigan muqobil tashkilotlar o‘rtasidagi raqobatni oshirish borasida nomzodimiz tomonidan ilgari surilayotgan takliflar, ayniqsa, respublikamizning aholi zich joylashgan hududlari hamda shaharlarda istiqomat qilayotgan saylovchilar tomonidan to‘la ma’qullanmoqda.

N. Mamadiyev, Qarshi tibbiyot kolleji o‘qituvchisi:

- Bugun hech kimga sir emaski, ko‘pchilik yosh oilalar uy-joy sotib olish masalasida bir qator muammolarga duch kelmoqda. Narimon Umarovning ayni masalada ilgari surayotgan takliflari, xususan, uy-joy sotib olish va qurish maqsadida olinadigan ipoteka kreditini rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish va uning foizlarini kamaytirish borasidagi rejalari ko‘pchilikning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Agar nomzodning bu boradagi taklifi amalga oshsa, biz kabi ota-onalarning, qolaversa, uy olish ilinjida yurgan yosh oilalarning mushkuli oson kechgan bo‘lardi.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 64 foizini tashkil etayotgan yoshlarning qiziqish va manfaatlari to‘la inobatga olinganligi hamda ushbu yo‘nalishda alohida vazifalar belgilanganligi ham Narimon Umarov Saylovoldi dasturining eng muhim jihatlaridan biridir.

Unda, xususan, yoshlarni munosib haq to‘lanadigan mehnatga jalb qilish, kollej bitiruvchilari va yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash yuzasidan davlat dasturlarining amalda bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yangi avlod kadrlarini tayyorlash, xalq ta’limi tizimidagi islohotlarning davomi sifatida umumta’lim maktablarida ijtimoiy adolat va tenglik tamoyillarining qaror topishiga erishish, sinflardagi o‘quvchilar sonini optimallashtirish, ta’lim muassasalarida tibbiy xizmat darajasini yuksaltirish, mehnatga layoqatli aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinganligini bosqichma-bosqich oshirib borish, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishdagi kvotalar tizimini qayta ko‘rish, barcha talabgorlarga oliy ta’lim olish huquqini berish orqali iqtidorli yoshlarni tanlab olish sifatini oshirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan oliy ma’lumotga ega fuqarolarimiz diplomlarini nostrifikatsiyadan o‘tkazish tizimini soddalashtirish, masofadan turib ta’lim berishning zamonaviy shakllarini jadal sur’atlar bilan rivojlantirish kabi g‘oyalar mustaqil hayotga kirib kelayotgan, saylash huquqiga ega bo‘lgan yoshlar hamda ularning ota-onalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

U. Rajabov, Toshkent moliya instituti fakulteti dekani:

- Har qaysi ota-ona farzandining oliy ma’lumotli bo‘lishini istaydi, buning uchun yelib-yuguradi. Sir emas, bugungi kunda xorijdagi oliy ta’lim muassasalarida -tahsil olayotgan yigit-qizlarimiz ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ta’lim sohasida ishlaganim uchun bunday yoshlarning ota-onalari menga bir necha marta murojaat qilishgan. Ular farzandlari xorijda o‘qishni tamomlagach, yurtimizga qaytib, shu yerda ishlashini juda xohlashadi. Nomzod tomonidan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan oliy ma’lumotga ega fuqarolarimiz diplomlarini nostrifikatsiyadan o‘tkazish tizimini soddalashtirish taklif qilinayotgani amalda katta natija berishi bilan ahamiyatlidir. Chunki xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasasini bitirgan malakali kadr o‘z bilimini, salohiyatini boshqa mamlakatlar uchun emas, aynan o‘z Vatani ravnaqi, ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi uchun yo‘naltiradi. Buni nomzodning saylovchilar bilan uchrashuvlarida so‘zga chiqqan ota-onalar ham alohida e’tirof etishdi.

Ko‘pchilik saylovchilarning fikr va mulohazalarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Narimon Umarovga ovoz berishga chaqiramiz!

Adolat SDP matbuot xizmati



Muallif: «Xalq so‘zi» gazetasi
Просмотров: 9439