O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
4 - noyabr 2016

Demokratik ijtimoiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish — asosiy maqsadimiz

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Narimon Umarovning O‘zbekiston «Adolat» SDP VIII qurultoyidagi ma’ruzasi

Assalomu alaykum, hurmatli qurultoy delegatlari va mehmonlari!

Avvalambor, siz va siz orqali partiyamiz a’zolariga menga ko‘rsatilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirishga ijozat berasizlar.

Barchamizga ma’lumki, 2016-yil 9-sentabr kuni Markaziy saylov ­komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilindi.

Partiya Siyosiy Kengashining ­Ijroiya qo‘mitasi amaldagi qonunchilik va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibga asosan, 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etish bilan bog‘liq aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tasdiqladi.

Bugungi kunda bajariladigan barcha tashkiliy-siyosiy masalalar yuqori saviyada hal qilinganligini aytib o‘tishni joiz, deb bilaman. Avvalambor, partiya tashkilotlarida o‘tkazilgan yig‘ilish va konferensiyalarda partiyamiz a’zolari tomonidan saylov kampaniyasini munosib ravishda va ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga kelishib olindi.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Tarixan qisqa davr — mustaqilligimizning chorak asri davomida yurtimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demo­kratik huquqiy davlat qurish, adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta’minlash, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan tizimli va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, aholining real daromadlari 12 barobardan ziyod ko‘paydi, ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar salmoqli darajada oshdi. Har yili Davlat budjetining qariyb 60 foizi sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal xo‘jalik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bilan bog‘liq boshqa sohalarni rivojlantirish uchun yo‘naltirilmoqda. Jahon amaliyotida kam uchraydigan bunday ko‘rsatkichlar amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson turishi, ularning bosh maqsadi insonning hayotiy va qonuniy manfaatlarini ta’minlash va himoyalashga qaratilganidan dalolat beradi. Eng muhimi, o‘tgan davr mobaynida fuqarolarimizning huquqiy ongi va ­siyosiy faolligi sezilarli darajada oshdi.

Qadrli partiyadoshlar!

Saylov kampaniyasida ishtirok etar ekanmiz, istiqlol yillarida hayotga tatbiq qilingan islohotlar va ularning yuksak natijalarini e’tirof etgan holda, mamlakatimizning bundan keyin ham izchil taraqqiy etishi, rivojlangan zamonaviy demokratik davlatlar qatoriga kirishini ilgari suramiz. Shu munosabat bilan partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda hamda parlamentda o‘zini muxolif deb e’lon qilgan kuch sifatida xalqimiz uchun munosib hayot sharoiti yaratishga qaratilgan yangi vazifalarni, marralarni belgilash va ularga erishish borasidagi sa’y-harakatlarimizni sifat jihatidan yuqori bos­qichga ko‘tarishga qaratilgan Dasturimizni taklif etmoqdamiz.

Dasturda bugungi kunda jamiyatimizning turli sohalarida uchrayotgan ayrim muammolar, fuqarolarimizni o‘ylantirayotgan masalalar yechimi bo‘yicha aniq taklif va mexanizmlar ilgari surilganligi, o‘ylaymizki, saylovchilarni befarq qoldirmaydi.

Mazkur dasturga muvofiq, quyidagilar biz uchun eng muhim yo‘nalishlar bo‘lib hisoblanadi:

Biz, eng avvalo, demokratik ijtimoiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurishni asosiy maqsadimiz, deb hisoblaymiz.

Zero, adolat ustun bo‘lgan joyda ish yurishadi, yurtda fayzu baraka bo‘ladi, odamlarda mehr-oqibat ­kuchayadi. Adolat bor joyda taraqqiyot bo‘ladi, yuksak muvaffaqiyatlarga ­erishiladi.

Shunday ekan, xalqimizning adolat va haqiqatga intilish, adolatli jamiyat qurishdek asriy orzularidan kelib chiqib, huquqiy demokratik davlat va adolatli jamiyat qurish borasidagi konstitutsiyaviy normalarni hayotga tizimli ravishda va keng joriy etish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Biz bunda ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari hukm suradigan, aholining daromadi bo‘yicha keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan, fuqarolarning kuchli ijtimoiy himoyasini ta’minlashga yo‘naltirilgan jamiyat qurish g‘oyalariga tayanamiz.

Davlat va jamiyat boshqaruvida aholining munosib ishtirokini ta’minlash ham e’tiborimiz markazidagi masalalardandir. Ayni shu sababdan, siyosiy islohotlarning yanada chuqurlashtirilishi, jamiyatda demo­kratik qadriyatlarning mustahkamlanishi va rivojlanishi, adolat, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi ta’minlanishi uchun bor kuchimizni safarbar etamiz.

Biz vakillik hokimiyati, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish, parlamentarizmni rivojlantirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga oshkoralik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini keng joriy etishni yoqlaymiz.

Shuningdek, hokimiyatning barcha darajadagi boshqaruv organlari vakillari hamda fuqarolar o‘rtasida o‘zaro ochiq muloqot va to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni yanada kengaytirish, davlat xizmati va davlat xizmatchilari faoliyatining huquqiy asoslarini ­mus­tahkamlash tarafdorimiz.

Bu, o‘z navbatida, davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim masalalarini yechishda eng maqbul qarorlarni shakllantirish va qabul qilish jarayonida aholining faol ishtirokini ta’minlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini hayotga keng tatbiq etish, byurokratizm va korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlarini bartaraf etishga ham xizmat qiladi, deb bilamiz.

O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash vazifasi davlat, hokimiyat, biznes va ­fuqarolik jamiyati institutlari sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish va muvofiqlashtirish, jamoatchilik nazorati ins­titutini yanada kuchaytirishni talab etadi. Iqtisodiy, ijtimoiy va ­siyosiy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat ijtimoiy dasturlari va hududlarni rivojlantirish dasturlarini keng jamoatchilik ishtirokida ekspertizadan o‘tkazish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati uchun yanada qulay sharoit­lar yaratish, ularning sog‘liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi muammolarni hal qilishdagi ishtirokini kuchaytirish kabi masalalar bizning doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Biz demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish va saylov erkinligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, deb bilamiz va “Oshkoralik — fuqarolik jamiyatining muhim sharti” tamoyiliga tayangan holda, axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratamiz. Axborot sohasida raqobat muhitini yanada kuchaytirish, olib borilayotgan islohotlarning, davlat ichki va tashqi siyosatining ochiq va oshkoraligini ta’minlashda OAVning faolligini oshirish zarur, deb bilamiz. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini, hokimiyat va jamoatchilikning izchil aloqasini ta’minlashda OAVning rolini kuchaytirish, moddiy-texnika bazasini yangilash, texnologik modernizatsiya qilish, jurnalist kasbi nufuzini oshirish, soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish kabi masalalar ustuvor vazifalarimiz sirasiga kiradi.

Biz uchun qonunchilik va sud-huquq sohasi doimo muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Xususan, biz davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida “adolatli qonunlarni qabul qilish”, “qonun ustuvor bo‘lgan joyda adolat bo‘ladi” kabi g‘oyalarni hayotga keng joriy etish, qonun ustuvorligini ta’minlash inson huquq va erkinliklari, uning ijtimoiy himoyasi amalda ta’minlanadigan huquqiy davlat, xalqchil, adolatli, erkin jamiyat, farovon hayot barpo etishning garovi, deb bilamiz.

Mazkur g‘oyalarni amalga oshirish, har bir fuqaroga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng imkoniyatlar taqdim etish, ijtimoiy adolat tamo­yillari, fuqarolar konstitutsiyaviy huquqlari, qonuniy manfaat va erkinliklarini himoya qilish hokimiyatning barcha tarmoqlari, eng avvalo, davlat boshqaruvi organlarining va ayniqsa, huquqni muhofaza qilish organlarining birinchi darajali vazifasi, deb bilamiz.

Biz “kuchli va adolatli sud hokimiyati bo‘lgan joyda qonun va adolat tamoyillari ustuvor” deb hisoblaymiz. Shu maqsadda sud hokimiyatining mustaqilligini, sudlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning barqarorligini, faoliyatining ochiqligi va xolisligini ta’minlash, sudyalarni tayyorlash va qayta tayyorlash jarayonlarini yanada takomillashtirish, odil sudlovning nufuzini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta’minlash, eng muhimi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish mexanizmini takomillashtirish kabi vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan sud tizimini kompleks rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlarni taklif etamiz.

Biz, shuningdek, huquqni qo‘llash va sud amaliyotida samarali natija berayotgan yarashuv institutini yanada kengaytirish choralarini ko‘rishimiz darkor. Shu bilan birga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, har bir insonning, ayniqsa, mansabdor shaxslarning yuksak huquqiy madaniyatga asoslangan ­faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishimiz zarur.

Jamiyat a’zolarining Konstitutsiya va qonunlarimiz ijrosiga bo‘lgan ishonchi — ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchidir. Shunday ekan, biz davlat boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatida qonunchilik me’yorlarining buzilishiga, ularning noto‘g‘ri va erkin talqin etilishiga, shuningdek, to‘rachilik, rasmiyatchilik va korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish tarafdorimiz. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash, xususan, ichki ishlar, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza etuvchi idoralar faoliyatida qonunchilikka amal qilinishi, inson huquq va erkinliklarining himoya qilinishi ustidan kuchli jamoatchilik nazoratini ta’minlash zarur, deb hisoblaymiz.

Hurmatli partiyadoshlar!

Biz iqtisodiyot yo‘nalishida respublikamizda olib borilayotgan makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini davom ettirish, budjet hamda milliy valyutamiz barqarorligini ta’minlash, bank va sug‘urta tizimlarini mustahkamlash, chetdan qarz olish masalalarida konservativ yondashuvga asoslanish, davlatning tashqi qarzi haddan ziyod oshib ketmasligiga erishish borasidagi siyosatni davom ettirish tarafdorimiz.

Zamonaviy ijtimoiy davlat faqat yuksak rivojlangan, samarali va ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyotga asoslanib muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatadi. Bozor iqtisodiyoti va xususiy tadbirkorlik tashabbuslari esa sotsial-demokratiyaning erkinlik, adolatlilik va birdamlik kabi asosiy qadriyatlarini amalga oshirishda muhim vosita bo‘ladi, deb hisoblaymiz. Shuningdek, biz bozorni bosh­qarish, tartibga solib turish zarur, deb bilamiz hamda “raqobat — mumkin qadar, davlat boshqaruvi — zarurat qadar” tamoyilini hayotga keng tatbiq etish tarafdorimiz.

Biz, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti raqobatdoshligini yanada oshirish maqsadida har bir hududning o‘ziga yarasha xususiyatlaridan kelib chiqib, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiy dasturlarni ishlab chiqish hamda hayotga tatbiq etishga intilamiz.

Bu borada bizning doimiy diqqat-markazimizda turgan yechimini kutayotgan ayrim masalalar mavjud.

Xususan, ayni vaqtda mamlakatda hududlar boshqaruvining o‘ta markazlashganligi va amaldagi budjetlararo tizim, jumladan, mablag‘larning asosiy qismi markazda jamlanishi va taqsimlab berilishi, mahalliy ijro hokimiyati organlarining mahalliy budjetni tasarruf etishdagi vakolati cheklanganligi hududlar va poytaxt orasidagi iqtisodiy va ijtimoiy nomutanosiblikka, bu esa, o‘z nav­batida, ishsizlikning ortishiga, ichki migratsiyaga, kichik shaharlarning va chekka hududlarning rivojlanmay qolishiga olib kelmoqda.

Qolaversa, yirik sanoat korxonalarining faqatgina ma’lum bir hududlarda joylashishi hududlar­aro tafovutning keskinlashuviga sabab bo‘lmoqda. Masalan, 2000 — 2012 yillar oralig‘ida yalpi hududiy mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yaxshi va eng yomon hududlar orasidagi farq 2,5 barobardan 4,6 martagacha ortdi.

Masalaning murakkablashuviga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati idoralari zimmasiga qonunchilik bilan keng vazifalar yuklatilgan bo‘lsa-da, ularni amalga oshirish mexanizmi aniqlashtirilmaganligi sabab bo‘lmoqda.

Mahalliy ijro hokimiyati organlarining hokimlarga bo‘ysunishi masalasi uzil-kesil hal etilmaganligicha qolmoqda. Hokimlar vazirlik va idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlarini ishga qabul qilish va ozod etishda, ularni javobgarlikka tortish masalasida tashabbusga, hududning kadrlar siyosatiga ta’sir etishda yetarli vakolatlarga ega emaslar.

Bu, o‘z navbatida, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining hokim qaror va buyruqlarini bajarishga bepisand munosabatda bo‘lishiga, bir-birini takrorlash holatlari vujudga kelishiga, ijro intizomi sustligiga, rasmiyatchilik va qog‘ozbozlikka sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, vazirlik va idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlari hududning emas, avvalo, tashkilotlarining manfaatlarini ko‘zlagan holda faoliyat olib bormoqdalar.

Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun biz mahalliy budjetlarni tasarruf etishda va investitsion loyihalarni belgilashda mahalliy ijro hokimiyati organlarining vakolatlarini oshirish, mahalliy va respublika budjetiga soliq va boshqa majburiy ajratmalarni taqsimlash tizimini qayta ko‘rib chiqish, yirik kompaniyalarning markaziy boshqaruv organlarini kichik shaharlarga ko‘chirish hamda kichik shaharlarning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini respublika budjeti hisobidan keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish zarur, deb hisoblaymiz.

Bu yo‘nalishda biz, shuningdek, hokimlarning vazirlik va idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlarini ishga qabul qilish va ozod etishdagi, ularni javobgarlikka tortish masalasidagi, hududning kadrlar siyosatiga ta’sir etishdagi vakolatlarini kengaytirish tarafdorimiz. Buning uchun mahalliy davlat hokimiyati idoralari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini chuqur xatlovdan o‘tkazish, hududiy davlat hokimiyati organlari zimmasiga muayyan vazifa, vakolat va topshiriq yuklatilgan hollarda normativ-huquqiy hujjatlarda ularni amalga oshirish, nazorat qilish va hisobotini eshitish bilan bog‘liq aniq mexanizmlarni aks ettirish, qolaversa, barcha hududiy davlat hokimiyati organlari rahbarligiga tavsiya etilayotgan nomzodlarni hokimlar bilan kelishish lozimligini muhim, deb bilamiz.

Biz budjet sohasida xarajatlarni keskin qisqartirish evaziga budjet siyosatini amalga oshirish tarafdori emasmiz, chunki budjet xarajatlari iqtisodiy rivojlanishning eng muhim omillaridan biridir, u aholining to‘lov qobiliyatini kuchaytirib, o‘z navbatida, yuksak samarali ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi va yakunda xalq farovonligini ta’minlaydi.

Moliya bozoriga aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari mablag‘larining faol jalb qilinishi borasida hali ishlatilmagan keng imkoniyatlar, yechimini kutayotgan vazifalar mavjud, deb bilamiz va ularning hal etilishi iqtisodiyotimizni rivojlantirish uchun qo‘shimcha investitsiyalar va moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoniyatini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiyotimizni rivojlantirishda o‘zimizning kuch va imkoniyatlarimizga tayanish zarurligi haqidagi uzoqni ko‘zlangan strategiyani davom ettirish, kichik biznes va xususiy korxonalarning respublika va hududiy investitsiya dasturlaridagi ishtirokini doimiy oshirib borish orqali istiqbolda ham yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolishimizga xizmat qiladi.

Biz ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini ­ishlab chiqish va amalga oshirish masalalariga, avvalambor, mamlakatimizda eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon va mintaqaviy bozorlardagi raqobatdoshligini oshirish, eksport va import miqdori orasidagi muvozanatni saqlash nuqtai nazaridan yondashamiz.

Iqtisodiyot yo‘nalishidagi vazifalarimiz haqida gapirar ekanmiz, biz uni innovatsiyalardan xoli tasavvur qila olmaymiz. Chunki “Innovatsion iqtisodiyot — bar­qaror taraqqiyot va mamlakat raqobatdoshligining garovi!” deb bilamiz hamda davlatning muvofiqlashtiruvchilik faoliyati iqtisodiyotning barqaror innovatsion taraqqiyotida muhim rol o‘ynashi kerakligini e’tirof etamiz. Yangi texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot davlat qudratini oshiradi, xalqimiz farovonligi va jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Shu maqsadda ushbu sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, mamlakatda innovatsion tizim yaratilishini har tomonlama rag‘batlantirish, fan va texnikaning eng zamonaviy yutuqlariga tayanadigan, ilg‘or innovatsion tafakkurni tarbiyalaydigan ta’lim tizimini rivojlantirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning innovatsion hamkorligini kuchaytirish zarur.

Biz iqtisodiy sohada, shuningdek, quyidagilarni ham taklif etamiz:

— energiya sarfini iqtisod qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni keng miqyosda joriy etish. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish masalalari doimo e’tiborimizda bo‘ladi. Mavjud muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish orqali raqobatdosh energiya bozori yaratilishini rag‘batlantirish katta ahamiyatga ega, deb bilamiz;

— “yashil iqtisodiyot”ga va unga mos texnologiyalarga o‘tishni davlat tomonidan keng rag‘batlantirish. Bu yo‘lda, ayniqsa, zarur infratuzilma yaratilishiga sarmoya kiritish, boshqaruvning samarali tizimi va xususiy sarmoyalar evaziga ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishni yanada faollashtirish lozim;

— investitsiya takliflarini chuqur o‘rganish va investorlarning ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, yangi texnika va yuksak texnologiyalarni kiritish, raqobatdosh, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarilishini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini qat’iy nazorat ostiga olish asnosida korxona va muassasalarni bos­qichma-bosqich xususiylashtirish siyosatini davom ettirish. Biz aralash iqtisodiyot doirasida davlat mulkini himoya qilish, strategik muhim ob’ektlarni ularning sotsial va ijtimoiy foydaliligidan kelib chiqib, davlat tasarrufida qoldirish tarafdorimiz;

— eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, progressiv soliq tizimini bos­qichma-bosqich joriy qilishni o‘z ichiga olgan samarali iqtisodiy siyosat vositalaridan oqilona foydalanish lozim, deb hisoblaymiz;

— fan, yangi texnologiyalar va ekologiya sohalariga qo‘shimcha investitsiyalar kiritish. Bu nafaqat bugungi, balki kelajak avlod uchun ham muhimdir. Yangi texnologiyalar mehnat xususiyatlarini keskin o‘zgartiradi, yangi biznes va yuqori malakali kasb­larni yuzaga keltiradi. Biz investitsiyalarning inson va ijtimoiy kapitalga yo‘naltirilishi ustuvor vazifa bo‘lishi zarur, deb bilamiz.

Hurmatli qurultoy qatnashchi­lari!

Biz ijtimoiy sohaga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratib, kuchli ijtimoiy himoyaga adolatli jamiyat poydevori sifatida yondashamiz.

Biz “Ijtimoiy tenglik — teng huquq va teng mas’uliyat demak” tamoyiliga tayangan holda, fuqarolarning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy teng­ligi, har bir fuqaro qobiliyati va malakasidan kelib chiqqan holda mehnat qilishi kafolatlanadigan, mehnatining miqdori va sifatidan kelib chiqqan holda munosib ish haqi va hayot darajasiga erishishi uchun keng va teng imkoniyatlar yaratilgan ijtimoiy davlat qurish uchun kurashamiz.

Davlat bundan keyin ham: insonning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari himoya qilinishini kafolatlashi; shaxsiy tashabbuslarni rag‘batlantirishi; ish beruvchilar xodimlarning kuchi va sog‘lig‘idan foydalanishda suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlashi; fuqarolar o‘zlarining jinsi, yoshi va kuchiga to‘g‘ri kelmaydigan ishlar bilan shug‘ullanmasliklarini nazorat etishi lozim, deb hisoblaymiz.

Biz O‘zbekistonda “Islohot — ­islohot uchun emas, avvalo, inson uchun” tamoyiliga amal qilgan holda, turmush darajasi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashning muhim sharti bo‘lgan, ko‘p yillik mustaqil taraqqiyotimiz davrida o‘zini oqlagan davlat ijtimoiy dasturlarini ishlab chiqib, hayotga samarali tatbiq qilish tajribasini davom ettirishni taklif qilamiz.

Mamlakatimizda qulay biznes muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga biz, birinchi navbatda, yoshlar va ayollar, kollej bitiruvchilari uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, aholi farovonligini, turmush darajasi va sifatini yanada oshirish, ishini yo‘qotganlarga yangi mehnat o‘rinlarini hamda kasbiy qayta tayyorgarlik uchun ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish nuqtai nazaridan yondashamiz. Biz yoshlarni munosib haq to‘lanadigan mehnatga jalb qilish, kollej bitiruvchilari va yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash yuzasidan davlat dasturlarining amalda bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi bandligini to‘liq ta’minlash va ishsizlikni minimal darajaga pasaytirishga intilamiz.

Biz aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish va mustahkamlash, ishchilari va xizmatchilarini tizimli ravishda ijtimoiy himoya qilayotgan, ularning intellektual salohiyati yuksalishi, oliy o‘quv yurtlari va boshqa ta’lim muassasalarida o‘qishlari va malakalarini oshirishlariga, sog‘lig‘ini tiklashiga ko‘maklashayotgan korxona va tashkilotlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratamiz. Zero, insonning oilasidagi farovonlik, o‘zining hayotga munosabati, oxir-oqibatda esa jamiyatimizning barqarorligi uning ish bilan ta’minlangani, ijti­moiy himoyalangani, mehnati uchun munosib haq olayotganiga bevosita va bilvosita bog‘liq.

Bu borada biz jamiyatimizda uchrab turadigan ba’zi muammolarni bartaraf etish uchun aniq takliflarni ilgari suramiz.

Jumladan, bugungi kunda ayrim tadbirkorlar qo‘l ostida ishlaydigan xodimlar uchun zarur ijti­moiy, texnologik, ta’lim sharoitlarini yaratmaganliklariga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Ba’zi hollarda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi ­munosabatlar mehnat shartnomasi tuzilmasdan “yashirin iqtisodiyot” tamoyillari asosida olib borilmoqda. Natijada xodimlar tadbirkor bilan munosabatda huquqsiz bo‘lib qolayapti, tadbirkorlar ularni xohlagan paytda ishdan bo‘shatishlari mumkin, xodimlarning pensiya yoshiga yetganda qilgan mehnatlariga yarasha nafaqa olishlari kafolatlanmagan.

Shundan kelib chiqib, biz ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarda xodimning haq-huquqlarini to‘­laqonli ta’minlash, u bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmagani, xodim mehnatiga haq to‘lash, ijtimoiy sug‘urta qilish, pensiya ta’minoti ­talablariga rioya qilmagani va ularni buzganligi uchun ish beruvchilar javobgarligining kuchaytirilishi bilan birga, javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash tarafdorimiz.

Biz aholining barcha ijti­moiy qatlamlari o‘z vaqtida, muntazam, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini ta’minlash tarafdorimiz. Shu ma’noda, mustaqillik yillarida Davlat budjetidan sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar ulushi salkam 2 barobar oshganligi, amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalari, ­erishilgan ulkan marralarni e’tirof etgan holda, ushbu sohani yanada ­rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi, deb bilamiz. Zero, xalqi, ­farzandlari sog‘lom va barkamol mamlakat kuchli va qudratlidir.

Aholining keng qatlamlariga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini kuchaytirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish, skrining va perinatal markazlari, ayollar tibbiy maslahatxonalari, tug‘uruq majmualari, ginekologiya va patronaj xizmatlari faoliyatini takomillashtirish masalalari e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Bugungi kundagi mavjud ba’zi cheklovlar tufayli mamlakatimizning tibbiyot sohasidagi salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti, fuqarolar ayrim tibbiy muolajalarni o‘tkazish uchun ham xorijdagi tibbiyot muassasalariga murojat etishga majbur bo‘lmoqdalar.

Bu esa aholining asosiy qismini zamonaviy va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish xizmatlaridan mahrum etmoqda, mamlakatimiz tibbiyot sohasining ilg‘or jahon tajribasidan ortda qolishiga, yuqori malakali vrachlarning xorijda ishlashiga, qolaversa, valyutaning chetga chiqib ketishiga zamin yaratmoqda.

Shu sababdan, biz aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan tibbiyot ­muolajalariga, xususan, transplantologiyaga, EKU (ekstrakorporal urug‘lantirish) va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlarga ruxsat berish tarafdorimiz. Qolaversa, xorijning yetuk tibbiyot markazlari bilan hamkorlik o‘rnatishga, chet el vrachlarini O‘zbekistonning tibbiy muassasalarida jarrohlik operatsiyalari o‘tkazish amaliyotini kengaytirishga, ularni doimiy asosda ishga taklif qilish orqali milliy mutaxassislarimizning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratamiz.

Biz xotin-qizlarning jamiyat ­siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, ularning ijtimoiy himoya­sini kuchaytirish borasidagi keng ko‘lamli islohotlarni bosqichma-bosqich davom ettirish tarafdorimiz. Xotin-qizlarning yanada chuqur bilim va kasb mahoratiga ega bo‘lishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, mehnat bozorida ularga imtiyozlar berish, iqtidorli hamda yuqori malakali, yuksak intellektual salohiyatga ega bo‘lganlarini davlat boshqaruvi organlarining barcha sohalariga va bo‘g‘inlariga jalb qilish masalalariga ustuvor vazifalar sifatida qaraymiz.

Biz, shuningdek, uy-joy sotib olish va qurish uchun ipoteka kreditlash jarayonini takomillashtirish va foizlarini optimallashtirish, uy-joy-kommunal kompleksi ishini yanada yaxshilash, aholi uchun belgilanayotgan kommunal to‘lovlar miqdorini doimiy nazoratda tutish, bu sohalarda aholiga xizmat ko‘rsatadigan muqobil tashkilotlar o‘rtasidagi raqobatni oshirish tarafdorimiz.

Hurmatli delegatlar!

Biz zamonaviy, yuqori intellektual kadrlar — jamiyat barqaror rivojlanishining kafolati, degan g‘oyaga tayangan holda, ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratamiz.

Bugun biz XXI asrda — intellektual mehnat birlamchi ahamiyat kasb etayotgan globallashuv va internet asrida, jahon bozorida raqobat kurashining miqyosi va keskinligi tobora ortib borayotgan bir davrda yashayotganimizni hech qachon unutmasligimiz ­zarur.

Shu ma’noda, inson kapitali mamlakatning muhim milliy boyligidir va biz uning har tomonlama ko‘payishi va taraqqiy etishi, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan, professional tayyorgarlikka ega, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan, yurtimiz va xalqimiz manfaatlariga sadoqatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasi prinsipial va hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb bilamiz.

Afsuski, hozirda ta’lim sohasida yutuqlar bilan bir qatorda, ayrim kamchilik va muammolar ham ko‘zga tashlanmoqda.

Xususan, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda kvotalarning mavjudligi sababli aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinish darajasi, bor yo‘g‘i, 9 foizga teng. Bizning fikrimizcha, bu yetarli emas.

Modomiki, biz o‘z oldimizga sanoati yuqori rivojlangan, iqtisodiyoti fan-texnika yutuqlari va innovatsiyaga asoslangan, demokratik, huquqiy davlat qurishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, oliy maktablarni tamomlagan, zamonaviy bilimga, keng dunyoqarashga ega malakali kadrlarni ko‘proq tayyorlashga e’tibor qaratishimiz lozim. Chunki oliy ma’lumotga ega inson davlatdan ish so‘rab, yordam kutib o‘tirmaydi, balki o‘zining tashabbuskorligi, zukkoligi va uddaburonligi, yangilikka intiluvchanligi bilan yangi ish o‘rinlari yaratadi, mamlakatning rivojlanishida faol ishtirok etadi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, biz aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinishini kengaytirish, qolaversa, ta’lim va tarbiya sohasida uzviylikni ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarni ustuvor vazifalar sirasiga kiritamiz:

— xalq ta’limi tizimidagi islohotlarning davomi sifatida pedagog-muallimlar mehnatini rag‘batlantirish, o‘qituvchilik kasbi nufuzini oshirish, umumta’lim maktablarida ijtimoiy adolat va tenglik tamoyillarining qaror topishiga erishish, sinflardagi o‘quvchilar sonini optimallashtirish, elektron o‘quv-ta’lim dasturlari va multimedia mahsulotlari miqdori va sifatini oshirish, ta’lim muassasalarida tibbiy xizmat ­darajasini yuksaltirish;

— kelajakda mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashini ta’minlash, “innovatsion va bilim iqtisodiyoti”ga o‘tish ehtiyojlari hamda aholining demografik o‘sishi va boshqa jarayonlarni inobatga olib, mehnatga layoqatli aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinganligini bosqichma-bosqich oshirib borish, davlat va xususiy sektor mablag‘lari evaziga ta’lim grantlari ajratilishi tizimini takomillashtirish;

— oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishdagi kvotalar tizimini qayta ko‘rish va iqtidorli yoshlarni tanlab olish sifatini oshirish, ta’lim sifatiga qo‘yilayotgan talabni kuchaytirish;

— xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan oliy ma’lumotga ega fuqarolarimiz diplomlarini ­nostrifikatsiyadan o‘tkazish tizimini soddalashtirish. Xususan, xalqaro tashkilotlar tomonidan har yili dunyoda eng ilg‘or deb topiladigan oliy ta’lim muassasalarining diplomlarini avtomatik ravishda nostrifikatsiyadan o‘tkazish;

— hududlarning muayyan iqtisodiy ixtisoslashuvidan va ustunliklaridan kelib chiqqan holda, poytaxtda joylashgan oliy ta’lim muassasalarini tegishli hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish;

— oliy ta’lim muassasalarini korporativ turdagi oliy ta’lim muassasalariga aylantirish orqali ularning sohaviy ixtisoslashuvini kuchaytirish;

— ishlab chiqarish va ilmiy-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalarining innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy izlanish va ishlanmalar raqobatdoshligini kuchaytirish;

— mehnat resurslarining ish beruvchi va bozor talablariga tezroq moslashishiga ko‘maklashish maqsadida qisqa muddatli o‘quvlarni tashkillashtiruvchi davlat va nodavlat kasb ta’limi tizimini yanada rivojlantirish.

Aziz partiyadoshlar!

Bugungi murakkab va tahlikali zamonda tashqi siyosat masalalari, shub­hasiz, muhim ahamiyatga egadir. Biz tinchlikparvar, progressiv tashqi siyosatni milliy manfaatlar ustuvorligi sifatida ­baholaymiz.

O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatiga integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi ishtirokini kuchaytirishni dolzarb vazifa, deb bilamiz.

Biz O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasiga asoslanib, jahon hamjamiyati bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalarni milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib rivojlantirish tarafdorimiz.

Biz bundan keyin ham mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, hech qanday harbiy bloklarga va koalitsiyalarga qo‘shilmaslik, harbiy maqsadlarni nazarda tutuvchi harakat va tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatmaslik, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, gumanitar aloqalarini ­mustahkamlash ­tarafdorimiz.

Mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Biz xalqaro demokratik jamiyatning BMT tizimini kuchaytirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarini yangi demokratik dunyoviy hamjamiyat yaratish tomon tashlangan muhim qadam sifatida qo‘llab-quvvatlaymiz. Bundan ke­yin ham yadro qurolisiz dunyo, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish g‘oyalarini ilgari surishni davom ettiramiz.

Shu bilan birga, BMTning Barqaror rivojlanish dasturi doirasidagi ijtimoiy va gumanitar loyihalarini amalga oshirishda o‘zaro manfaatli ­xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ustuvor vazifamizdir. Ushbu masalalarni hal qilishda BMTning ixtisoslashtirilgan institutlari (YuNYeP, XMT, Taraqqiyot ­dasturi va boshqalar) bilan hamkorlikni kengaytirish va ijtimoiy sohaga doir dasturlarni hamkorlikda amalga oshirishda faol ishtirok etishni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hurmatli qurultoy ishtirokchi­lari!

Mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyati bunyod etishdek keng ko‘lamli maqsadlarimizni amalga oshirishda bo‘lajak saylovni yuqori tashkiliy va siyosiy darajada, demokratik xalqaro standartlar asosida o‘tkazish uchun barchamizdan fidoyilik, uyushqoqlik va katta mas’uliyat talab etiladi.

O‘ylaymizki, bu jarayonda hammamiz bir tan, bir jon bo‘lib, partiya­mizning munosib qatnashishini ta’minlaymiz.

E’tiboringiz uchun rahmat.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 11804