×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
05:28:58 (GMT +5), chorshanba, 12 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


3 - noyabr 2016

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirokini ta’minlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Ketmonovning O‘zbekiston XDP X qurultoyidagi ma’ruzasi

Assalomu alaykum, hurmatli qurultoy ishtirokchilari!

Barchamizga ma’lumki, istiqlolimizning o‘tgan 25 yili davomida mamlakatimizda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. Xususan, zamonaviy huquqiy demokratik davlat barpo etish, bozor munosabatlariga asoslangan yangi iqtisodiyotni vujudga keltirish, “Islohot — islohot uchun emas, balki inson, uning manfaatlari uchun” degan shiordan kelib chiqqan holda, kuchli ijtimoiy ­siyosatni amalga oshirish, yurtimizda fuqarolar va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, mamlakatimiz, xal­qimiz xavfsizligi, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, oqilona tash­qi siyosat olib borish ­or­qali xalqaro maydonda munosib o‘rin egallash borasidagi olamshumul natijalar buning yorqin ­isbotidir.

Ona yurtimiz O‘zbekistonning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi uchun asos bo‘layotgan bunday o‘zgarish va yangilanishlar, o‘z navbatida, jamiyatimizda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, fuqarolik ­jamiyati institutlari, jumladan, ­siyosiy partiyalarni rivojlantirishga ham sezilarli ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Konstitutsiya va uning negizida yaratilgan hamda puxta ishlab chiqilgan qonunlar, shuning­dek, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi hoki­miyat institutlarining ­samarali faoliyat ko‘rsatishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoya qilinishi hamda ularning davlat boshqaruvida faol ishtirok etishini ta’minladi. Ayniqsa, istiqlol yillarida qonunlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar natijasida ­siyo­siy partiyalarning davlat hokimiyatini shakllantirishdagi o‘rni yanada mustahkamlanganligi ularning jamiyat hayotiga ta’sir kuchini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.

Shunga muvofiq ravishda mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilish borasidagi strategik vazifalarni hal etish, shuning­dek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan siyosiy partiya­larning nuqtai nazari, pozitsiyalari mustahkamlanmoqda, ularning das­turlarida jamiyat hayotining muhim masalalari aks etmoqda. Siyo­siy partiyalar vakillik organlarida ko‘proq o‘rinlarni qo‘lga kiritish orqali o‘z maqsadlarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning strategik vazifalarini hal qilishda faol ishtirok etishga intilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, bularning barchasi siyosiy partiyalarning o‘z maqsad va vazifalarini samarali amalga oshirishi, elektorat manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishi uchun mustahkam zamin yaratdi.

Partiyamiz ham ana shunday shart-sharoit va imkoniyatlardan foydalangan holda, asosiy e’tiborni, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaat­larini himoya qilish masalasiga qaratmoqda.

Jumladan, partiyamizning IX qurultoyidan keyingi qisqa vaqt ichida elektorat manfaatlariga daxl­dor bo‘lgan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 2014 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan saylov natijasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 27 nafar deputatdan iborat O‘zbekiston XDP fraksiyasi tuzildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida 214 nafar, tuman va shahar Kengashlarida 1649 nafar ­deputatdan iborat partiyamizning jami 178 guruhi qonunchilikka ­muvofiq tashkil etildi.

O‘tgan vaqt mobaynidagi eng muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ishlarimizdan biri sifatida, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi tomonidan 2015 — 2019 yillarga mo‘ljallangan ­amaliy Harakat dasturi qabul qilinib, ijroga yo‘naltirilganligini ­aytishimiz mumkin.

Unda partiyamiz Saylovoldi das­turidagi ustuvor vazifalardan kelib chiqib, elektorat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator qonunchilik tashabbuslari bilan chiqish, hududlarda aholini o‘ylantirayotgan muhim masalalarga yechim topish hamda qabul qilingan maqsadli dasturlarning ijrosi yuzasidan deputat va parlament nazoratini olib borish bo‘yicha mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari ishini muvofiqlashtirib borish bilan bog‘liq qator vazifalar belgilandi.

Shundan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyamiz fraksiyasi qator qonun loyihalarini ishlab chiqishda ularni elektoratimiz manfaatlari nuqtai nazaridan takomillashtirishda faol ishtirok etdi.

Qonunchilik palatasidagi O‘zbe­kiston XDP fraksiyasi tashabbusi bilan 2015-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosi to‘g‘risida hamda mazkur Dasturning 2016-yilning birinchi yarmidagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi mehnat vazirining axboroti yuzasidan parlament eshituvlari o‘tkazilganligi esa eng muhim amaliy natija bo‘ldi.

Ushbu eshituvlar yakuni bo‘yicha Qonunchilik palatasining Dasturning hududlar va tarmoqlar kesimida so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, bu yo‘nalishda deputatlar korpusi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligini yangi bos­qichga ko‘tarish, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirishni rag‘batlantirish hisobiga ish o‘rinlari yaratish, kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan tegishli qarorlari qabul qilindi.

Bundan tashqari, Harakat dasturi doirasida 2015-yil va 2016-yilning 9 oyi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi O‘zbekiston XDP guruhlari tomonidan 138 masala sessiyalarda, 200 masala doimiy komissiya yig‘ilishlarida, 321 masala partiyamiz guruhlarida muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, joylarda mafkuraviy, “Faol ayollar” va “Istiqbol” yoshlar qanoti yo‘nalishlaridagi bir qator ijtimoiy loyihalar doirasida maqsadli tadbirlar hamda partiyaning boshqa ijtimoiy aha­miyatga ega ­tashabbuslari izchil amalga ­oshirilmoqda.

Hurmatli qurultoy qatnash­chilari!

Ma’lumki, saylov xalqning xohish-irodasini ro‘yobga chiqarishning oliy ifodasi, davlat hokimiyati organlarini demokratik tarzda tashkil etishning asosi hisoblanuvchi ulkan ijtimoiy-siyosiy voqeadir.

Mustaqillik yillarida O‘zbekis­tonda fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun jahonda umume’tirof etilgan me’yorlarga muvofiq tarzda saylov tizimi ­shakllantirildi.

Eng muhimi, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarning faqat ko‘ppartiyaviylik ­asosida o‘tkazilishi, mamlakat Prezidenti lavozimiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar esa siyosiy partiyalarning joylardagi tegishli organlari tomonidan ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi prinsi­pial qoida ­mustahkamlandi.

Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasiga muvofiq, faqatgina siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatiladi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, saylov tizimiga, jum­ladan, Prezident sayloviga tatbiq etilgan bunday o‘zgartishlar 2015 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan ­O‘zbekiston Respublikasi ­Prezidenti saylovida to‘la ma’noda o‘zini oqladi. Buni ­dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan xorijiy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ham e’tirof etganligini barchamiz yaxshi eslaymiz.

Eng muhimi, unda xalqimiz O‘zbekis­ton tanlagan demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo‘liga sodiqligini yana bir marta namoyon etdi.

Aziz yurtdoshlar!

Barchamizga ma’lumki, 2016 yilning 9 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanganini e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni 2016 yil 4 dekabr kuni, deb belgilandi.

Shu kunlarda mamlakatimiz ­siyo­siy hayotida muhim voqea hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Shundan kelib chiqib, bugungi qurultoyimizda mazkur siyosiy jarayonda partiyamizning munosib ishtirokini ta’minlash, partiya nomzodini ko‘rsatish masalalarida sizlar bilan fikrlashib, dolzarb vazifalarni belgilab olishimiz zarur.

Avvalo, shuni qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi ­Prezidenti saylovi mamlakatimizda demokratik islohotlar yanada chuqurlashayotgan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tarilayotgan o‘ta mas’uliyatli damlarda bo‘lib o‘tmoqda.

Partiyamiz O‘zbekiston tanlagan yo‘lni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan holda, o‘zining strategik maqsadlarini amalga oshirishni ko‘zlab, saylov jarayonida faol ishtirok etishni muhim vazifa deb hisoblaydi.

Shuning uchun barcha partiya tuzilmalarimiz mazkur saylov jarayonida yuksak mas’uliyatni his etib ­harakat qilishi, saylovchilarning demokratik ongu tafakkurini oshirish, fuqarolarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga, o‘zgarish va yangilanishlarga daxldorlik ­hissini kuchaytirish masalalarida astoydil harakat qilishi zarur.

Oldingi saylovlarda to‘plagan tajribamizdan ma’lumki, saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida partiya tashkilotlarining faol ishtirok etishini ta’minlash, ularning faoliyatini muvofiqlashtirib ­borish muhim vazifa hisoblanadi.

Shu maqsadda, 14 sentabr kuni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining O‘zbekis­ton XDP saylov shtablarini tashkil etish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, shtab tarkibida partiyaning saylov mavsumidagi ishtirokini tashkiliy, axborot-tahliliy, tashviqot-targ‘ibot, moddiy-texnikaviy jihatdan ta’minlash, ommaviy axborot vositalari orqali yoritish va O‘zbekiston XDPning keng jamoatchilik bilan aloqalarini izchil yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishchi guruhlari tuzilib, ularga Markaziy Kengashning tegishli bo‘linmalari bo‘ysundirilishi hamda zarurat bo‘lgan taqdirda qo‘shimcha xodimlar bilan mus­tahkamlanishi belgilab qo‘yildi. Bunday shtablar O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘is­ton Respublika, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarida ham tuzilgan.

Mazkur shtablar partiya tashkilotlari, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va boshqa faollarimizga, shuningdek, o‘tkaziladigan tadbirlarga, tashkiliy, axborot-tahliliy, moddiy-texnikaviy jihatdan amaliy yordam ko‘rsatib borishlari lozim bo‘ladi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekis­ton Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2016 yil 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtiroki bo‘yicha asosiy tadbirlarning kalendar rejasi”dan kelib chiqqan holda, saylov jarayonlarining barcha bosqichlarida partiya tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish, faoliyatimizning qonuniyligi va samaradorligini ta’minlash, belgilangan har bir vazifaning o‘z muddatida va to‘liq bajarilishini nazorat qilish, muammolar vujudga kelganida zudlik bilan hal etish masalalari ham ular zimmasiga yuklanadi.

Qonunchiligimizga ko‘ra, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, har bir saylov ­uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezi­dent­ligiga nomzodlar ko‘r­satgan siyo­siy partiyalardan bittadan kuzatuvchi qatnashish huquqiga egadir. Kuzatuvchilarga, qonunga ko‘ra, uchastka saylov komissiyalari ishi, saylov uchastkalarida saylov to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya qilinishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha katta huquqlar berilgan. Ayni ­payt­da bu huquqlarning muayyan chegaralari ham aniq belgilab qo‘yilgan.

Kuzatuvchilarga yuklanayotgan vazifalarni hisobga olsak, avvalo, ularni huquqiy jihatdan tayyorlash, bilim va ko‘nikmalarini har tomonlama oshirishga e’tibor qaratish ­zarur bo‘ladi.

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezident­ligiga nomzod 15 nafargacha ishonchli vakillarga ega bo‘lishga haqlidir. Ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradilar, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boradilar. Davlat va jamoat tashkilotlari hamda saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatini himoya qiladilar. Shunday ekan, ishonchli vakillarni belgilashda partiyamizning eng salohiyatli, obro‘-e’tiborga ega va faol a’zolarini tanlashimiz hamda ularning o‘z vakolatlarini to‘laqonli amalga oshirishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berishimiz lozim.

Shuningdek, qonunchiligimizda saylovoldi tashviqoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanishi belgilab qo‘yilgan.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga, ­siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi. Shuningdek, saylovchilar bilan yig‘ilishlarda hamda saylovchilar uchun qulay bo‘lgan boshqa shaklda uchrashuvlar o‘tkazishda tenglik ta’minlanadi.

Bu jarayonda partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari saylovchilar bilan o‘tkaziladigan uchrashuvlarning mazmun-mohiyati va jozibadorligini oshirishga xizmat qiluvchi targ‘ibot vositalaridan samarali foydalanishlari talab etiladi. Shu o‘rinda partiyaning saylovoldi chaqiriq va shiorlari, nomzodning reklama va roliklari hamda boshqa tarqatma materiallarning saviyasi va sifatiga alohida e’tibor qaratish lozim.

“O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashining “Qaraqalpaqstan hao‘azi”, Namangan viloyat kengashining “Xalq irodasi”, Surxondaryo viloyat kengashining “Xalq yo‘li” gazetalarida partiyadan ko‘rsatilgan nomzod saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini yoritib beruvchi materiallar chop etib borish, partiya veb-sayti va boshqa saytlarda partiyadan ko‘rsatilgan nomzod saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini ifoda etuvchi materiallarni joylashtirib borish zarur bo‘ladi. Respublikamizdagi boshqa OAV bilan ham samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir.

Partiyamizning markaziy organlari va mahalliy tashkilotlarimiz saylovoldi tashviqoti jarayonlarida, birinchi navbatda, O‘zbekiston XDP dasturiy maqsadlarini elektorat orasida yanada izchil va chuqur tar­g‘ib qilishga e’tibor bermog‘i ­lozim. Tegishli targ‘ibot materiallarida partiya g‘oyalari yaqqol va ­ta’sirchan aks etishi zarur.

Shuningdek, partiya tashkilotlarimiz O‘zbekiston Respublikasi ­Prezidentligiga nomzodga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni tashkil etishda, zarur ma’lumot va axborot materiallari olishda ­davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxona, muassasalar, ­tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan amaliy hamkorlik qilishi nihoyatda muhim masaladir.

Hurmatli partiyadoshlar!

Oldimizda saylov jarayonlari bilan bog‘liq shunday jiddiy vazifalar turar ekan, bunda, albatta, partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari o‘z imkoniyatlaridan samarali foydalanishi kerak bo‘ladi.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zolari mustaqillik yillarida O‘zbe­kis­tonda saylov huquqi erkinligini ta’minlash va saylov qonunchiligini rivojlantirish, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tizimini takomillashtirish, bunda, ayniqsa, siyosiy partiyalarning o‘rni va rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarni aholining keng qatlamlari orasida tushuntirish masalasiga e’tibor qaratishlari lozim.

Partiyamizning hududiy kengashlari oldida O‘zbekiston XDP saylov shtablari va O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari, kuzatuvchilar faoliyatini samarali tashkil etish, saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq eng muhim masalalar turadi.

Saylov kampaniyasi davrida partiya tuman va shahar kengashlari aholi bilan ish olib borar ekan, elektoratimiz vakillarida faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, saylov huquqini tushunib, undan erkin va mas’uliyat bilan foydalanishga intilishini kuchaytirish asosiy e’tiborda bo‘lishi kerak.

Bu yo‘nalishdagi ishlarda partiya tuman va shahar kengashlarining mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz bilan hamkorligini yanada kuchaytirish talab etiladi. Saylov jarayonlarining barcha tadbirlari, ayniqsa, targ‘ibot-tashviqot ishlariga mahalliy Kengashlar deputatlarini keng jalb etish nihoyatda muhim masaladir.

Shu o‘rinda ta’kidlashimiz lozimki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya kengashlari boshlang‘ich partiya tashkilotlarini tashkiliy jihatdan mus­tahkamlash, partiya dasturiy vazifalarini amalga oshirish va aholi orasida ijtimoiy-siyosiy ishlarni yuritishdagi roli va ahamiyatini kuchaytirishga qaratilgan qator ishlarimiz saylov jarayonlarida o‘z natijasini ko‘rsatishi lozim.

Chunki partiyaning boshlang‘ich tashkilotlari aholining keng qatlamlariga eng yaqin bo‘g‘indir. Shu boisdan ham ular oldiga aholi ijtimoiy guruhlari orasida partiyaning salohiyatli tarafdorlarini aniqlash, ularning siyosiy savodxonligi va huquqiy madaniyati darajasini oshirish, ijtimoiy, siyosiy va fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish borasida aniq vazifalar qo‘yiladi.

Bu jarayonda elektoratimizning yosh vakillari, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida birinchi marta ovoz beradigan yoshlarga alohida e’tibor qaratish zarur bo‘ladi. Shuningdek, xotin-qizlar, xususan, oilada farzand tarbiya­si bilan band bo‘lgan ayollarning elektoral faolligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masalalar O‘zbekiston XDPning “Istiqbol” yoshlar va “Faol ayollar” qanotlari yetakchilari, faollarining diqqat-markazida turishi kerak.

Kisqacha aytganda, saylov kampaniyasi davrida O‘zbekiston XDP ­barcha tashkilotlarining faoliyati saylov jarayonining har bir bosqichida qonuniylikka amal qilgan holda, faollik ko‘rsatish hamda elektoratimizning saylov kampaniyasida faol ishtirok etishini ta’minlashga qaratilishi lozim bo‘ladi.

Hurmatli qurultoy ishtirok­chilari!

Barchamizga ma’lumki, “O‘zbe­kiston Respublikasi Prezidenti ­saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezident­ligiga nomzodga o‘zining kelgusi fao­liyat dasturi bilan ­chiqish huquqi berilgan.

Shundan kelib chiqqan holda, ta’kidlashimiz lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsati­layotgan nomzodning Saylovoldi ­dasturi partiyaning g‘oya va dasturiy maqsadlariga, xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan Parlamentdagi ko‘pchilik — Demokratik kuchlar blokiga nisbatan o‘zini muxolifat deb e’lon qilgani, buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ­ilgari surgan qator g‘oyalariga ­asoslanadi. Bular, eng avvalo:

— mamlakatning ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti asosida o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta’minlangan qatlami turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash;

— eng kam iste’mol xarajatlari (iste’mol “savatcha”si) standartlarini belgilashning asoslangan va ­zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda joriy qilish;

— aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish tariflarining davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar narxlarini maqbul­lashtirish;

— aholi bandligini ta’minlashning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, ish o‘rinlarini tashkil etish dasturining so‘zsiz bajarilishi ustidan parlament ­nazoratini kuchaytirish;

— o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning asosiy mezonlari, ularni hayotga tatbiq qilishda yaratiladigan bar­qaror ish o‘rinlari soni bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash ­demakdir.

Biz uchun asosiy ustuvor yo‘nalish, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni yuritishdan iboratdir.

Bu mehnatga layoqatli kishilarning munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga ega bo‘lishini, fuqarolarning shaxsiy tashabbuskorligi va ishbilarmonligi qo‘llab-quvvatlanishi va rag‘batlantirilishini, yoshlarga, ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, kasb tanlash, ta’lim olish va o‘quv muassasalarini bitirgach, albatta, ish o‘rniga ega bo‘lishlari uchun adolatli, teng va ijtimoiy jihatdan maqbul shart-sharoitlar yaratilishini, pensionerlar, nogironlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va aholining mehnatga layoqatsiz boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlari to‘liq qondirilishini kafolatlovchi pensiya ta’minoti va ijti­moiy nafaqalarning samarali ­tizimi shakllantirilishi bilan ­bog‘liq masalalarni qamrab oladi.

Biz, o‘z oldimizga qo‘ygan bunday maqsadlarni samarali amalga oshirish va ularga erishish uchun quyidagi yo‘nalishlarni ustuvor, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, aholi bandligini ta’minlash tizimini doimiy takomillashtirib borish zarur. Xususan, mehnat bozoridagi talab-taklifni to‘liq hisobga olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda hududning joriy va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlashtirish, kasb-hunar kollejlari yo‘nalishlarini belgilashda tashkil etilayotgan korxona va tadbirkorlik sub’ektlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olish lozim.

Bundan tashqari, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish davomida barqaror ish o‘rinlarini yaratish ko‘rsatkichlari mazkur dasturlarning muhim mezonlaridan biri bo‘lishiga erishish kerak.

Ushbu maqsadda, avvalambor, munosib ish haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarini taklif etayotgan korxonalarda, xususan, yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida mehnatga layoqatli aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish lozim.

Bu yo‘nalishdagi muhim masala — mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlash, bir martalik vaqtincha ish bilan band bo‘lgan shaxs­lar mehnat faoliyatining qonuniy asoslarini takomillashtirishdir.

Yana bir muhim masala, kasb-hunar kolleji bitiruvchilariga, ularning mustaqil bandligini ta’minlash hamda yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish uchun maqbul sharoitlar yaratish, istiqbolli ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya dasturlarini ishlab chiqishda, ularning o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlari hamda hududiy bandlik dasturlariga bog‘liqligini ta’minlashdir. Shuningdek, munosib ish haqi va mehnat sharoitiga ega bo‘lgan qo‘shimcha bar­qaror ish o‘rinlari ­yaratayotgan tadbirkorlik sub’ekt­larini rag‘batlantirish maqsadida soliqqa tortish tizimini maqbullashtirish, bunda, ayniqsa, kichik biznes, kasanachilik va ­oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ­ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratish talab etiladi.

Ikkinchidan, iqtisodiy siyosatdagi asosiy ustuvorligimiz, bu — davlatimizning iqtisodiy-moliya­viy qudratini oshirishni kuchli ijtimoiy siyosat bilan uyg‘unlashtirish orqali aholining, xususan, uning ehtiyojmand qatlamlarining turmush darajasini yanada yaxshilashga yo‘naltirishdan iboratdir.

Buning uchun, avvalo, zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish asosida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlar sifatini oshirish, tannarxini pasaytirish, shuningdek, ularning eksport imkoniyatlarini kengaytiruvchi va aholining xarid qobiliyatini oshirishga xizmat qiluvchi raqobat muhitini shakllantirish masalalariga e’tiborni kuchaytirish lozim.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratishning muhim omili bo‘lgan qurilish sohasini modernizatsiya qilishga yetarli darajada e’tibor berilmayapti. Qurilish tashkilotlarining keng rivojlanishi, bu sohada zamon talabiga javob beradigan mutaxassislar, texnika vositalari bilan ta’minlanishi talab darajasida emas.

Xorijiy davlatlarning qurilish tashkilotlari bugungi kunda pudrat xizmatlari eksporti bilan jadal shug‘ullanib, o‘z davlatiga valyuta ­tushumini oshirayotgan bir paytda, milliy qurilish tashkilotlari bunday imkoniyatga ega emas va bunday talablarga javob ham bermaydi.

Shuning uchun biz o‘z Saylovoldi das­turimizda ushbu masalalarga alohida to‘xtalib, qator taklif­larni ilgari surdik. Bizningcha, qurilish tashkilotlarining moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, yangi texnologiyalarni joriy qilish, malakali mutaxassislarni yollashga imkoniyat beruvchi sharoitlar yaratish maqsadida soliq yukini kamaytirish; sobiq tuzum davridan buyon foydalanib kelinayotgan, eskirgan qurilish standartlari, norma va qoidalari o‘rniga butun dunyoda amal qilib kelinayotgan yevrokodlar ­tizimiga o‘tish lozim.

Qurilish sohasi rivojlanishi istiqbollariga muvofiq, yetarli darajada malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasiga e’tibor qaratish, ularni xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborish bu sohadagi dast­labki vazifalardan bo‘lmog‘i lozim. Mazkur islohotlar, avvalambor, yangi innovatsion texnologiyalarni va ­materiallarni qo‘llash, qurilish xizmati bozorlarida mamlakatimiz mutaxassislari raqobatbardoshligini ta’minlash bilan birga, o‘zbek kompaniyalarining xorijiy qurilish va xizmat bozorlariga chiqishlariga sharoit ­yaratadi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan kichik korxonalarning yiriklashishini rag‘batlantiruvchi soliq siyosatini yuritish, korxonalarning tasnifiga “o‘rta korxona” tushunchasini kiritish lozim. Chunki qonunchiligimizda belgilangan kichik va yirik korxonalar tomonidan undiriladigan soliqlar tizimining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi va davlat budjetini shakllantirishdagi ishtiroki katta farq qiladi. Jumladan, yirik ­korxonalar tomonidan yalpi ichki mahsulotning 44 foizi ishlab ­chiqilib, ulardan 89,8 foiz soliq va to‘lovlar undirilgan bo‘lsa, ­kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,1 foizni tashkil etib, ularning soliq va boshqa to‘lovlari 10,2 foizni tashkil etmoqda. Kichik korxonalar tomonidan ishchilarga to‘lanadigan ish haqlari ham yirik korxonalar to‘layotganidan 2 baravargacha pastdir. Hozirgi soliqlar va imtiyozlar ­tizimi kichik korxonalarning yiriklashishiga xalaqit qilmoqda.

Mazkur masalalarni tartibga solishda dastavval sohaga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish, xususan, kichik korxonalar yiriklashish jarayonida katta soliq yuk­lamasiga tushib qolishining oldini olish maqsadida “o‘rta korxona” ­tushunchasini kiritish, ya’ni yirik, o‘rta va kichik korxonalar mezonlarini belgilash, kichik korxonalarning yiriklashishi va yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan soliq va imtiyozlar tizimini ishlab chiqish lozim.

O‘z o‘rnida turli imtiyozlarni berish yo‘llari orqali ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi norasmiy mehnat munosabatlarini qonun doirasiga kiritish, mehnat muhofazasi qoidalarini buzganlik uchun esa tadbirkorlarning mas’uliyatini va javobgarligini oshirish va davlat tomonidan qattiq nazorat o‘rnatish ham e’tibordan chetda qolmasligi lozim.

Mazkur takliflar, shak-shubhasiz, kichik korxonalar yiriklashishiga, yangi ish o‘rinlari yaratishga, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sishiga olib keladi, deb hisoblaymiz.­

Shuningdek, tijorat banklarining investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni kreditlash tizimini soddalashtirish, makroiqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, foiz stavkalarini minimal darajada belgilash, muammoli qarzlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik va bank xizmatlari sifatini yaxshilash orqali ularning investitsiyaviy faolligini kuchaytirish ham iqtisodiy islohotlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, istiqbolli ­korxonalar va ishlab chiqarish kom­plekslarining rivojlanishi uchun bo‘sh mehnat resurslarini jalb qilish iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha ­omiliga aylanishiga olib keladi. Buning uchun mahalliy xom ashyo va materiallarni qayta ishlash korxonalarining ichki va tashqi bozorda raqobatdosh, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishini iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish va imtiyozli kreditlash samaradorligini oshirish, mamlakatda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish maqsadida qishloq joylarda ushbu yo‘nalishdagi oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rag‘batlantirishni kuchaytirish masalalariga ­e’tibor qaratish ­zarur bo‘ladi.

Iqtisodiyotning ijtimoiy yo‘naltirilganligini ta’minlash, aholining ko‘pchiligi manfaatlari yo‘lida kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash, mazkur ustuvorlikka amal qilgan holda, yetakchi ijtimoiy sohalarning tijoratlashuvini cheklash, jamiyat barcha a’zolarining ishonchli ijtimoiy kafolatlari ta’minlanishi masalalarida biznes mas’uliyatini oshirish bugungi kunning talabidir.

Uchinchidan, kam ta’minlangan oilalarni manzilli ijtimoiy himoyalash siyosatini izchil davom ettirish lozim.

Bunda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini aholining ehtiyojmand qatlamlari o‘rtasida boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratish, ularning tashabbuskorligini rag‘batlantirish, mehnat va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda nafaqalar va moddiy yordamni, ­asosan, kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy yordamga muhtoj keksalar va bolalarga yo‘naltirish nihoyatda muhim masaladir.

Yana bir muhim masala, bugungi kunda partiyamiz elektoratining ­asosiy qatlamini tashkil etuvchi jismoniy imkoniyati cheklangan, turli sabablarga ko‘ra nogiron bo‘lib qolgan fuqarolarimizning ijtimoiy hayotga kirishishlari uchun barcha ­sharoitlarni yaratishdir.

Bugungi kunda ijtimoiy ob’ektlarda, barcha inshootlarda nogironlar uchun maxsus kirish yo‘lagi — panduslar bo‘lishi darkor. Yangi qurilayotgan ob’ektlarni loyihalash ishlari, shuningdek, qurib bitkazilgan ob’ektlarni foydalanishga topshirish jarayonida Nogironlar uyushmasi ishtiroki qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa-da, mazkur normalar amalda ishlamayapti. Aksariyat binolarda nogironlar uchun panduslar umuman yo‘q, mavjud bo‘lganlarining aksariyatidan foydalanishning imkoni yo‘q. Piyodalar yo‘lakchalari ham nogironlar uchun moslanmagan.

Mazkur masalalarni bartaraf etish maqsadida qator choralarni amalga oshirish, xususan, mavjud barcha bino va inshootlarni, ayniqsa, davlat idoralarini nogironlar kira olishlari nuqtai nazaridan xatlovdan o‘tkazish va yo‘lakchalarni nogironlarga moslash bo‘yicha maxsus davlat dasturini qabul qilish ­darkor, deb hisoblaymiz.

Shuningdek, mahallaning aholini ijtimoiy himoya qilishdagi rolini yanada oshirish, ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar va xizmatlar narxini belgilash ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali narxlar va tariflarning o‘sishi in­flyatsiya darajasidan yuqori bo‘lmasligiga erishish, kommunal xizmatlarning kamxarj shakllarini kengaytirish zarur. Xususan, tarmoq muhandislik in­fratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lmagan kommunal xizmatlar ko‘rsatishning arzon avtonom (lokal) shakllarini rivojlantirish orqali aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini maqbullashtirish shular jumlasidan.

To‘rtinchidan, aholiga yuqori sifatli va maqbul tibbiy yordamdan keng foydalanish ­imkoniyati hamda obod turmush tarzini ta’minlash masalasi ham bizning diqqat-markazi­mizdadir.

Mazkur sohada aholi, ayniqsa, olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta’minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish, farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati hamda dori-darmon vositalari narxi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, dori vositalari reklamasini cheklash masalalarini taklif etmoqdamiz.

Mamlakatimizda avtotransport vositalari ko‘payib borayotganligi natijasida yo‘llar, katta shaharlarning ko‘chalari tirband bo‘lib borayotganligi hech kimga sir emas. Ushbu muammoni hal qilishning eng maqbul yo‘li piyodalar yo‘laklarini kapital ta’mirlash, ekologik toza, sog‘lom turmush tarziga zamin yaratuvchi veloyo‘laklarni qurish va tegishli infratuzilmani yaratishdan iborat, deb hisoblaymiz.

Ijtimoiy masalalar haqida gapirganda, albatta, aholiga, xususan, yosh avlodga yuqori darajada ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish nihoyatda muhim ekanligini ta’kidlashimiz lozim. Bu borada, avvalo, jamiyatning barcha qatlamlariga erkin va teng ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish maqsadida mintaqalardagi demografik o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, maktabgacha, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarini oldindan barpo etish amaliyotini yanada ­rivojlantirish davr talabi hisoblanadi.

Beshinchidan, biz uchun demo­kratik huquqiy davlat va ochiq ­fuqarolik jamiyatini shakllantirish asosiy vazifa hisoblanadi. Ushbu maqsadda, avvalo, qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa qonun hujjatlari, davlat boshqaruvi organlari faoliyati natijalarini oshkora va konstruktiv muhokama etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini ta’minlash amaliyotini izchil rivojlantirish, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik ­amaliyotini keng rivojlantirish zarur.

Shuningdek, fuqarolar huquqlarini himoya qilishning sud mexanizm­lari ommabopligini kengaytirish va mazkur masalalarda sud nazoratini kuchaytirish hisobiga sud qarorlari ijrosi sifatini oshirish, sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish, fuqarolarning sudga murojaat qilishi va sud hujjatlarini olishining elektron tizimini joriy qilish ­lozim.

Oltinchidan, tashqi siyosat masalalarida quyidagilar taklif etilmoqda:

qo‘shni mamlakatlarga nisbatan ochiq va pragmatik siyosat yuritish, ular bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli va foydali hamkorlikni rivojlantirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surish ­borasidagi sa’y-harakatlarni izchil davom ettirish nihoyatda muhim masaladir.

Tashqi siyosiy faoliyatning muhim vazifasi — O‘zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash vazifalarini hal etishdagi faol va tashabbuskor ­ishtirokidir. Ushbu maqsadlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari, dunyoning boshqa davlatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, odam savdosi va boshqa tahdidlarga qarshi kurash masalalari bo‘yicha hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va kuchaytirish zarur.

Hurmatli qurultoy delegatlari va ishtirokchilari!

Ko‘rib turganingizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilayotgan nomzodning dasturida mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, olib borilayotgan barcha yo‘nalishdagi islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, demokratik o‘zgarishlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan eng muhim masalalar qamrab olingan.

Ularning ro‘yobga chiqarilishi, albatta, yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.

So‘zimni yakunlar ekanman, oldimizda turgan shunday mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirishda sizlarga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat tilayman.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 9769