×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
19:54:13 (GMT +5), shanba, 15 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


2 - noyabr 2016

Demokratik islohotlarni izchil davom ettirish, xalqimiz uchun tinch va osoyishta, munosib hayot darajasini yaratish – barqaror taraqqiyot kafolatidir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdidagi ma’ruzasi

Hurmatli syezd qatnashchilari!

Sizlar bilan bugungi muhim siyosiy tadbirda ko‘rishib turganimizdan g‘oyat mamnunman.

Fursatdan foydalanib, menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatganingiz uchun Siz, muhtaram partiyadoshlarimga, bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan barcha yurtdoshlarimizga o‘zimning cheksiz hurmatimni va samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘zining oldiga qo‘ygan maqsad va dasturlari, tashabbus va amaliy harakatlari bilan doimo xalqimizning dardu tashvishlari va muammolarini yechishga, yurtimiz farovonligini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shib, Vatanimizda kundan-kunga katta obro‘-e’tiborga erishib bormoqda.

Bugungi kunda o‘z saflarida 250 mingdan ziyod a’zoni birlashtirgan siyosiy partiyamiz mamlakatimizning qudrati va salohiyatini, yurtimiz tinchligi va oso­yishtaligi, xalqimiz farovonligini ­ta’minlashda qudratli kuchga aylanmoqda.

Ishonamanki, kelajakda ham partiyamiz yurtimizning gullab-yashnashi uchun munosib hissa qo‘shadigan yetakchi siyosiy partiyalardan biri bo‘lib qoladi.

Qadrli yurtdoshlar!

Zamonamizning buyuk davlat arbobi, mamlakatimiz va xalqimizning taqdiri, baxtu saodati yo‘lida o‘z hayotini bag‘ishlagan ulug‘ Yo‘lboshchimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafoti barchamiz uchun o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan og‘ir judolik bo‘ldi.

Butun dunyoda tahlikali vaziyat, millatlararo to‘qnashuvlar, siyosiy va iqtisodiy inqirozlar hamda turli xavf-xatarlar avj olgan davrda Islom Karimovning mamlakatimizga rahbarlik qilganlari Yaratganning xalqimizga ko‘rsatgan bebaho marhamati bo‘ldi.

Muhtaram Yurtboshimizning bukilmas irodasi, fidoyiligi, mardligi va vatanparvarligi, uzoqni ko‘rish va strategik fikrlash qobiliyati vatandosh­larimizni yagona maqsad sari birlashtirdi.

Natijada mamlakatimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lida ko‘plab qiyinchilik va sinovlardan o‘tib, tarixan qisqa davrda jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egalladi.

Muhtaram Islom Abdug‘aniyevichning bosib o‘tgan umr yo‘llari, mustaqilligimizni himoya qilish va mustahkamlash borasidagi tarixiy xizmatlari barchamiz uchun, shu jumladan, men uchun ham eng yorqin ibrat namunasi va katta hayot maktabi bo‘lib qoladi.

Buyuk ustozimizning siyosiy merosi, u kishi belgilab bergan taraqqiyotimizning asosiy tamoyillari, ustuvor yo‘nalishlar, maqsad va vazifalarni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish — biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Bu ulkan mas’uliyatni chuqur his etgan holda, aziz Yurtboshimiz Islom ­Abdug‘aniyevich Karimovning g‘oyalarini amalga oshirish, mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatini izchil davom ettirish, oldimizda turgan strategik vazifalarni og‘ishmay bajarishni xalqimiz oldidagi o‘zimning asosiy burchim, deb bilaman.

Barchamizga ma’lumki, jahondagi erkin rivojlanayotgan, suveren, huquqiy demokratik davlatlar tomonidan e’tirof etilgan prinsiplar va xalqaro huquq normalariga amal qilish, shuningdek, xalqimizning milliy manfaatlari, mentaliteti va an’analarini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya etish bo‘yicha tizimli va izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ana shu ko‘p qirrali siyosatning poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda bu borada 70 dan ortiq xalqaro hujjat, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 10 ta asosiy hujjati ratifikatsiya qilinganini alohida ta’kidlash lozim.

Fuqarolik jamiyatini barpo etish, yurtdoshlarimizning erkinlik va tashabbuslarini, mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi ishtirokini kengaytirish kelgusida ham O‘zbekiston siyosiy tizimini rivojlantirishning muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Davlat hokimiyati organlari tizimida Oliy Majlis palatalari rolini kuchaytirish, davlatning ichki va tashqi siyosati bo‘yicha muhim vazifalarni hal etish, ijro hokimiyati organlari faoliyatini nazorat qilishda parlamentning huquq va vakolatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratish zarur.

Biz yurtimizda ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlab, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda partiyalarning rolini oshirishga ko‘maklashamiz.

Qachonki, siyosiy partiyalarning faolligi oshib, parlament faoliyati doirasida ular o‘rtasida sog‘lom raqobat va bahs-munozara muhiti shakllansa, shundagina vakillik hokimiyati organlari ham samarali faoliyat ko‘rsatadi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida partiya guruhlarining vakolati va rolini oshirish, ayniqsa, ijro hokimiyati organlari faoliyatini nazorat qilish borasidagi ta’sirini yanada kuchaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

Hurmatli do‘stlar!

Biz boshimizdan kechirayotgan hozirgi globallashuv davri o‘ta shiddat bilan o‘zgarayotgani va turli tahdidlar ko‘pligi bilan oldimizga hal etishni kechiktirib bo‘lmaydigan g‘oyat murakkab vazifalarni qo‘ymoqda.

Shu sababli O‘zbekistonning barqaror rivojiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tahdidlar, o‘z yechimini kutayotgan eng muhim muammoli masalalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, geosiyosiy manfaatlar to‘qnashuvi xalqaro aloqalarda o‘zaro ishonch va hamkorlik munosabatlariga putur yetishiga, qarama-qarshilik va nosog‘lom raqobat kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Ikkinchidan, jahon iqtisodiy inqirozi, dunyo bozorlaridagi beqarorlik, energiya resurslari narxlarining pasayishi deyarli barcha davlatlarning iqtisodiy rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tabiiy resurslar uchun kurash qator davlatlarda harbiy-siyosiy ahvolning keskinlashuviga olib kelmoqda. Ayrim mamlakatlarni xom ashyo bazasi va sifatsiz mahsulotlar bozoriga aylantirishga intilayotgan kuchlar ham yo‘q emas.

Uchinchidan, jahon iqtisodiyotining globallashuvi va ba’zi mintaqalarda yuzaga kelgan notinch vaziyat aholi migratsiyasi kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa jinoyatchilik, odam savdosi, terrorchilik, ekstremizm, narkotrafik kabi illatlarning hamda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning ko‘payishiga olib kelmoqda.

To‘rtinchidan, axborot-kommunikatsiya tizimlarining keng qo‘llanishi, davlat ­boshqaruvining elektron shaklda tashkil etilayotgani, o‘z navbatida, axborot xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etmoqda.

Beshinchidan, korrupsiya, mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik kabi illatlar davlat hokimiyatini obro‘sizlantirib, iqtisodiyotning o‘sishi va tadbirkorlik rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

Oltinchidan, “ommaviy madaniyat” balosi ko‘plab yoshlarni o‘z domiga tortib, millat va yurt uchun butunlay begona bo‘lgan salbiy ta’sirlar kirib kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Hurmatli partiyadoshlar!

Davrimizning da’vati sifatida paydo bo‘lgan “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak”degan teran ma’noli so‘zlarni biz hamisha yodimizda saqlashimiz lozim.

Bizning eng asosiy yutug‘imiz — ko‘p millatli xalqimizning vujudga kelayotgan qiyinchilik va sinovlarni yengishga qodirligi, ularning zamonaviy ­dunyoqarashi, siyosiy ongi va ijtimoiy faolligining yuksalib borayotgani, atrofimizdagi voqealarga beparvo bo‘lmasdan, aksincha, daxldorlik tuy­g‘usi bilan yashayotganidir.

Markaziy Osiyo mintaqasida va butun dunyoda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan, terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib borayotgan bugungi sha­roitda doimo hushyor va ogoh bo‘lish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini, Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini har tomonlama mustahkamlash xavfsizlik va barqarorlikni, xalqimizning osoyishta hayotini ta’minlashning eng muhim sharti va kafolati ekanini barchamiz yaxshi ­anglaymiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining tinch-totuv hayot kechirayotgani — istiqlol davrida erishgan eng muhim yutuqlarimizdan biridir, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz. Millatlararo totuvlikni ta’minlashda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 137 ta milliy madaniy markazning o‘rni beqiyos.

Aynan shu nuqtai nazardan kelgusida ham millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglik muhiti tufayli mamlakatimizda 2 ming 200 dan ortiq turli diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda.

Turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish, qaysi din va e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning teng huquqliligini ta’minlash bundan buyon ham eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Biz muqaddas dinimizni noto‘g‘ri talqin etayotgan va uni niqob qilib, bizni orqaga, o‘rta asrlar hayotiga qaytarishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlarga qarshi keskin kurashib keldik va bundan keyin ham qat’iy kurash olib boramiz.

Xalqimizni ishontirib aytaman: mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga raxna solishga urinadigan ichki va tashqi kuchlarning har qanday harakatlariga qarshi biz keskin zarba berishga qodirmiz. Bunga hech kimda hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak.

Qadrli anjuman ishtirokchilari!

Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash — amalga oshirilayotgan barcha islohotlar samaradorligiga erishish, aholi turmush darajasini oshirish, mamlakatda tinchlik, totuvlik va barqaror vaziyatni ta’minlashning asosiy kafolatidir.

Shu sababli sud-huquq tizimi faoliyati to‘g‘risida gapirar ekanmiz, amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar bilan bir qatorda, sohada o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar mavjudligini ham ta’kidlab o‘tish lozim, deb hisoblayman.

Odamlar bizdan nimani kutayapti? Eng avvalo, davlat idoralariga qilgan murojaatlari o‘z vaqtida, xolisona va qonuniy hal etilishini kutmoqda. Lekin, ayrim rahbarlarning aholi ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqishda sansalorlik, mas’uliyatsizlik, ortiqcha rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yayotgani odamlarni bezdirmoqda.

Birgina joriy yilning 9 oyida Bosh prokuraturaga 137 ming, Oliy sudga 67 ming, Adliya vazirligiga 52 mingdan ziyod kelib tushgan murojaatlarning salkam 30 foizi bevosita tergov-sud faoliyati va sud qarorlari ijrosi sohasidagi masalalar bilan bog‘liq.

Eng achinarlisi shundaki, mansabdor shaxslarning harakatsizligi oqibatida takroriy murojaatlar soni ortib bormoqda.

Qani, aytingchi, bu ahvolda aholining umuman sud-huquq tizimiga ishonchi va uni mustahkamlash to‘g‘risida gapirish mumkinmi o‘zi?

O‘ylaymanki, barchangiz bu masalaning nechog‘li muhim ekanini yaxshi tushunasiz. Xo‘sh, vaziyatni o‘nglash uchun nima qilish kerak?

Birinchi navbatda, barcha darajadagi rahbar va mas’ul xodimlarning og‘zaki va yozma murojaatlar bilan ishlashga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish kerak.

Odamlar bilan ularning tilida gaplashish, dardini eshitish va muammolarini hal qilishning samarali usullarini joriy etish ustida jiddiy bosh qotirishimiz zarur.

O‘ylaymanki, bu masalaning juda muhimligini inobatga olib, uni davlat siyosatining ustuvor vazifalari darajasiga ko‘tarish payti keldi.

Muhtaram Birinchi Prezidentimiz “Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi”, deb takror va takror ta’kidlar edilar.

Ammo, bugungi kunda sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda yuz berayotgan ovoragarchilik joylarda fuqarolarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Aynan shu nuqtai nazardan, qabul qilinayotgan har bir qarorning asosli, adolatli va qonuniy bo‘lishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda odil sudlov faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash asosiy masaladir.

Eng achinarlisi, keyingi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi ­chiqarilmagan.

Bundan biz, barcha tergov organlari xatosiz va juda sifatli darajada ishlayapti, degan xulosaga kelishimiz mumkinmi? Yo‘q, albatta.

Bundan tashqari, odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish amaliyotidan voz kechish vaqti keldi.

Sud yoki oqlov, yoki qoralov hukmini chiqarishi kerak.

Shuning uchun sudyalarning vakolat muddatlarini uzaytirish orqali sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishgahar tomonlama qodir, mustahkam irodali, yuksak ma’naviy va kasbiy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari tarkibini shakllantirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Odil sudlovning muhim sharti bo‘lgan tomonlar tengligi prinsipini to‘liq ishlatish uchun advokatura sohasini ham isloh qilish alohida o‘rin tutadi.

Xalqaro tajribaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, advokat eng nufuzli, obro‘li va ishonchli kasb egasi hisoblanadi. Milliy qonunchiligimizda ham advokatlarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha asoslar yaratilgan bo‘lsa-da, amaliyotda bu normalar mutlaqo ishlamayotganini afsus bilan qayd etishimiz lozim.

Shu bilan birga, sud-huquq sohasida advokaturaning o‘rni va rolini yanada oshirish, advokat vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha bir qator qo‘shimcha va samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur bo‘ladi.

Yuqorida qayd etilgan muammolarni hal etish maqsadida: birinchidan, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish; ikkinchidan, fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilish; uchinchidan,odil sudlov kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan masalalar bo‘yicha farmon loyihasi tayyorlanmoqda.

Bugungi kundagi yana bir ustuvor vazifamiz — mamlakatimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan yovuz illat, ya’ni korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarlikning oldini olish masalalarini samarali hal etishdan ­iborat.

E’tibor bering, birgina joriy yilning 9 oyida 61 mingdan ortiq jinoyat va 2,5 milliondan ortiq huquqbuzarliklar qayd etilgan.

Bu raqamlar jamiyat taqdiri uchun javobgarlikni his qilgan har bir insonni o‘ylantirmasdan qo‘ymaydi, albatta. Chunki ular kimgadir farzand, ota-ona yoki qarindosh, qolaversa, shu yurtning fuqarolaridir.

Jinoyat uchun jazo muqarrar, albatta. Lekin, o‘zimizga bir savol beraylik — ­fuqarolarimiz jinoyat yo‘liga kirib qolmasligi uchun shaxsan har birimiz nima ish qilayapmiz?

Shu nuqtai nazardan, faoliyatimiz, birinchi navbatda, aybdor shaxsni javobgarlikka tortib, unga “sudlangan” degan tamg‘ani bosishga emas, aksincha, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktikasiga qaratilishi zarur.

Afsuski, joylarda bu masalada mahalla raisi, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilar o‘z mas’uliyatini mutlaqo his etmayapti, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Shuning uchun jinoyatchilikning oldini olish va har qanday jinoyatga adolatli baho berishga qaratilgan ishlarimiz keskin kuchaytiriladi.

Har bir holat va vaziyat bo‘yicha hokim, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va prokurorning aholi vakillari oldida hisobot berishini ko‘zda tutadigan yangi tizim joriy etiladi.

Xalqning dardi va tashvishlarini pisand qilmaydigan, el-yurtimiz osoyishtaligi va jamoat tartibini saqlashga, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga qurbi yetmaydigan har qanday darajadagi rahbarlarga nisbatan jiddiy choralar ko‘riladi. Lo‘nda qilib aytganda, bunday loqayd va befarq shaxslarga rahbarlik lavozimlarida mutlaqo o‘rin yo‘q.

Profilaktik tadbirlarni tashkil etishda mahalla imkoniyatlaridan samarali foydalanish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda faol qatnashayotgan insonlarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilishi lozim.

Oldimizda turgan ulkan maqsad va vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish uchun davlat boshqaruv tizimi va uning apparati samarali faoliyat yuritishi zarur, albatta.

Biroq, xolisona aytganda, bugun aksariyat davlat idoralarining ish uslubi davr talabiga to‘liq javob bermaydi. Ayrim vazirlik va idoralar aholi muammolarini hal etishda rasmiyatchilikka yo‘l qo‘ymoqda, ular ko‘pincha quruq raqam va ma’lumotlar to‘plash bilan ovora.

Vazirlik va idoralarda ular mas’ul bo‘lgan sohalardagi ahvolni chuqur tahlil qilib, kamchiliklarni tizimli ravishda aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan faoliyat yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Shu bilan birga, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta’minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasida mahalliy hokimliklarning vazifa va vakolatlarini ham takomillashtirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Shu o‘rinda hokimlik idoralarining moddiy-texnika bazasini tubdan mustahkamlash, ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini mutlaqo qayta ko‘rib chiqish zarurligini qayd etmoqchiman.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va butun boshqaruv tizimida aniq tartib va qat’iy intizomni ta’minlash maqsadida faqat joriy yilda Bosh vazirning 2 ta o‘rinbosari, 22 ta vazir va idoralar rahbarlari, Toshkent viloyati, Jizzax, Qarshi va Termiz shaharlari hamda 21 ta tuman hokimlari lavozimlaridan ozod etildi. Ishni jamoa bo‘lib bajarsak ham, uning natijasi uchun har birimiz shaxsan javob berishimiz shart.

Muammolarning asosiy sababi — kadrlarni tanlash, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq. Yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, vatanparvar, halol kadrlarni tanlash va tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratilmas ekan, davlat boshqaruvida sifat o‘zgarishi yuz bermaydi.

Davlat idoralari faoliyatini tashkil etishda barchamiz muhim bir haqiqatni chuqur anglab olishimizni istardim.

Sodda qilib aytganda, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan vaqt keldi.

Afsuski, hayotda buning aksini ko‘rsatadigan ba’zi bir raqamlarga sizning e’tiboringizni qaratmoqchiman. Shu yilning o‘zida Vazirlar Mahkamasiga, vazirlik va idoralarga, barcha darajadagi hokimliklarga tushgan murojaatlarning umumiy soni 338 mingtani tashkil etdi. Ulardan 200 mingdan ortig‘i yoki 60 foizi tuman va shaharlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu raqamlar joylarda odamlarning dardu tashvishlari bilan hech bir mutasaddi rahbar astoydil shug‘ullanmayotganini ko‘rsatadi.

Ishga joylashtirish, yer uchastkalari ajratish, ish haqi va pensiyalarni o‘z vaqtida to‘lash masalalari bo‘yicha murojaatlar soni ko‘paygan. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga doir murojaatlarning oshgani ishimizdagi kamchiliklardan dalolat beradi. Shular qatorida aholining huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan bo‘lgan e’tirozlari ham talaygina.

Rahbarlarning mas’uliyatsizligi, ba’zan odamlarning ehtiyojlari va haqli talablariga befarqligi, ularning murojaatlariga panja orasidan qarashlari tufayli Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelayotgan shikoyatlarning oqimi doimiy ravishda ortib bormoqda.

Bundan tashqari, Bosh vazirning yaqinda Internet tarmog‘ida tashkil etilgan virtual, ya’ni elektron qabulxonasiga o‘tgan 3 hafta ichida 50 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi.

Bunday mas’uliyatsiz va sovuqqon munosabatga qat’iyan chek qo‘yishimiz shart. Fuqarolarning har qanday muammolarini hal etish davlatning xalqqa nisbatan asosiy majburiyatlaridan biri ekanini unutishga hech kimning haqqi yo‘q.

Shuning uchun rahbarlar muntazam ravishda xalq orasida bo‘lib, shaxsiy qabullar tashkil etishlari, joylardagi muammolarni hal qilishlari zarur.

Bundan keyin joylardagi rahbarlar faoliyatiga birinchi navbatda ular boshqarayotgan hududdagi aholidan tushayotgan murojaatlar soni, ularning xalq ichida yurishi, mavjud muammolarning amaliy yechimiga qarab baho beriladi. Qisqa qilib aytganda, rahbarlarga xalqning o‘zi baho beradi.

Shu bilan birga, ko‘plab davlat xizmatchilarining zimmasiga katta mas’uliyat yuklanganiga qaramasdan, ularning ish kuni va ish haftasi aniq me’yorga solinmagani hech kimga sir emas.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlat xizmatchilariga yuksak talablar qo‘yishdan oldin ularning huquqlarini kafolatlash va himoya tizimi bilan ­mustahkamlash darkor.

Masalaning o‘ta dolzarbligini e’tiborga olib, davlat xizmati bo‘yicha qonun qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari alohida o‘rin egallaydi.

Shu bois jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini rivojlantirish maqsadida zarur choralarni ko‘rishimiz kerak. Bu borada “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari”konsepsiyasini izchil davom ettirish eng ustuvor ­vazifalarimiz qatoriga kiradi.

Ma’lumki, dunyoda noyob, o‘xshashi yo‘q mahalla tizimi mustaqillik yillarida aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylandi.

Qaysi mahallada ish to‘g‘ri tashkil etilib, fuqarolar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lsa, o‘sha yerda hamjihatlik, mehr-oqibat muhiti hukm surmoqda, noxush holatlarga yo‘l qo‘yilmayapti.

Shularning barchasini e’tiborga olib, biz bu tuzilmani yanada qo‘llab-quvvatlashimiz va har tomonlama rivojlantirishimiz zarur.

Birinchi navbatda, mahallaning jamiyatdagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ushbu tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar va xodimlarning malakasi va saviyasini muntazam oshirib borish lozim bo‘ladi.

Mahalla institutining joylarda xalqning maslakdoshi va ko‘makdoshiga, ta’bir joiz bo‘lsa, “adolat tarozisi”ga aylanishi, hech shubhasiz, odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Yana bir muhim masala — islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish bilan bog‘liq. Axborot sohasini rivojlantirish borasida o‘tgan davrda katta ishlar qilindi. Kelgusida jurnalistlarning professional faoliyatini himoya qilish, ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy asoslari va moddiy bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgan ishlarimiz izchil davom ettiriladi.

Aziz do‘stlar!

Davlatimiz rahbari “Iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan turib, siyosiy mustaqillikni ta’minlab bo‘lmaydi” degan edilar. Mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobar o‘sdi. Unda sanoatning ulushi 14 foizdan 34 foizga oshdi. Oxirgi 11 yil davomida yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha yillik o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmagan darajada saqlanmoqda. Faol investitsiya siyosati amalga oshirilmoqda.

Lekin, hammamizga ayonki, o‘sish sur’atlari — bu shunchaki bir maqsad emas. Bunday o‘sish avvalo xalqimizga, har bir fuqaroga qanday naf yetkazishi, uning dasturxonida, kundalik hayotida aks etishi biz uchun muhim masaladir.

Ayni shu nuqtai nazardan, biz kelgusida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida asosiy diqqat-e’tiborni quyidagi strategik yo‘nalishlarga qaratishni zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va keyingi yillarda erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish. Shuningdek, milliy valyutamiz, ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta’minlash.

Moliyaviy sohada esa — tarmoq va hududlarni mutanosib rivojlantirish hisobidan mahalliy budjetning daromad bazasini kengaytirish lozim bo‘ladi.

Tuman va shaharlarda mahalliy budjetlar imkoniyatlarining kengayishi — shu hududlarda yashaydigan aholining turmush darajasi va sharoitlari yaxshilanishiga, umuman barqarorlik va osoyishtalikka xizmat qilishi lozim.

Agar biz shahar va tuman budjetlarining daromadlar bazasini kengaytirmasak, hech qachon ushbu hududlarni jadal rivojlantirish mumkin emasligini yaxshi anglashimiz kerak.

Ikkinchidan, iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatdoshligini yanada oshirish, uning soha va tarmoqlarini modernizatsiya va faol diversifikatsiya qilishdir.

Bizning oldimizda 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirish, iqtisodiyotimiz tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazish bo‘yicha o‘ta muhim vazifalar turibdi.

Shu maqsadda yaqinda kimyo sanoatini, rangli va nodir metallar, uglevodorod xom ashyosini qayta ishlash, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, meva-sabzavot mahsulotlari va qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha 8 ta ­maxsus dastur qabul qilindi.

Ana shu dasturlar doirasida yaqin besh yil ichida umumiy qiymati qariyb 40 milliard dollar bo‘lgan 657 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Natijada sanoat mahsulotlari ­ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobar ortadi.

Hozirgi vaqtda mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqildi. Mazkur dastur qiymati 2 milliard 300 million dollar bo‘lgan 140 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi. Tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3 barobar oshadi.

Yana bir muhim masala. Arzon va ishonchli dori-darmon bilan ta’minlash masalasida bugun biz aholimizdan qarzdormiz va o‘ylaymanki, bu qarzni uzish vaqti keldi.

Ayni paytda biz tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga qimmat dorilarni asossiz ravishda tayinlashga, dorixona tarmoqlarida narx-navoning besabab oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan eng qat’iy choralarni ko‘ramiz. Davlat dorixona tarmoqlarida hayotiy muhim dori vositalarining aniq belgilangan narxlarda sotilishi ta’minlanadi.

Bu borada tasdiqlangan dasturdagi va hududiy 100 dan ortiq loyihalarning amalga oshirilishi 162 ta yangi, hozirgi vaqtda chetdan olib kelinayotgan dori vositalarini o‘zimizda ishlab chiqarish va ularning umumiy hajmini 2,5 barobar oshirish imkonini beradi.

Hammamizga ma’lumki, hozirgi vaqtda Navoiy, Jizzax va Angren hududlarida erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Berilgan imtiyozlar korxonalar tomonidan innovatsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga ­imkon yaratmoqda.

Bu ijobiy tajribani kengaytirish maqsadida Urgut tumanida ham erkin iqtisodiy zona tashkil etilmoqda. Yaqin kelgusida Qo‘qon shahri va G‘ijduvon tumanida ham ana shunday hududlar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Uchinchidan, aholimizning soni va yoshi tarkibini hisobga olib, aholi bandligi muammosiga doir tizimli ishlarni davom ettirishimiz zarur.

Yaqinda Hukumat majlisida deputat va senatorlar ishtirokida 2017-yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish dasturi loyihasi muhokama qilindi.

Dastur 390 ming kishini doimiy ish joyi bilan, 200 ming kishini — qishloq xo‘jaligi hamda qurilishda mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan, 309 ming kishini — shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik orqali ish bilan ta’minlashni nazarda tutadi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirishda har doimgidek Liberal-demokratik partiya a’zolarining faol qo‘llab-quvvatlashi va yordamiga umid qilamiz.

To‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifa — avvalo, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishdir.

Bu borada zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish, mahsulotlarni saqlash infratuzilmasini takomillashtirish hamda chuqur qayta ishlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Hosildorligi past yerlarda paxta ekishni qisqartirish sabzavot, dukkakli va ozuqabop ekin maydonlarini kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llagan holda, yuqori texnologiyaga asoslangan intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish bilan birgalikda olib boriladi.

Masalan, keyingi yillarda Surxondaryo viloyatida paxta hosildorligi pastligicha qolmoqda. Fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy ahvoli yildan-yilga yomonlashmoqda. Tomorqalardan foydalanish ham talab darajasida emas. Vaholonki, Surxondaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitida fevral oyidan boshlab bemalol 3 marta hosil olish imkoni bor.

Shuning uchun 2017-yilda tuproq unumdorligi past yerlar hisobidan ushbu hududning qariyb 18 ming gektar paxta va 1000 gektar g‘alla maydonlari qisqartiriladi. Ushbu maydonlarda sabzavot va meva yetishtiriladi, intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiladi, issiqxonalar tashkil qilinadi. Natijada mahsulotlarni chuqur qayta ishlash hajmi keskin ko‘payib, qo‘shimcha qiymatli eksportbop mahsulotlar tayyorlanadi. Bu aholining manfaatdorligi oshishi va daromadi yanada ko‘payishiga olib keladi.

Ana shu masala boshqa viloyatlarda ham bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqiladi va bunday tadbirlar ularda ham davom ettiriladi.

Yaqin kunlarda 2017 — 2020-yillarga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish yakuniga yetkaziladi.

Dasturga muvofiq, ekin maydonlarini optimallashtirish, paxta maydonlarini bos­qichma-bosqich qisqartirish ta’min­lanadi.

Asosiy e’tibor eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot va oziq-ovqat hamda chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish shoxobchalarini tashkil etish va servis xizmatlari ko‘rsatishga qaratiladi.

Kelgusi 5 yilda biz meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmini 1,8 barobar oshirib, bugungi 17 foizdan 30 foizga ko‘paytirishni vazifa qilib qo‘ymoqdamiz.

Qo‘shimcha tarzda 200 ming tonna mahsulot saqlash quvvatiga ega bo‘lgan sovitkichli omborxonalar quriladi. Bu, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari ochish, aholi daromadini ko‘paytirish va mahalliy budjetga qo‘shimcha mablag‘ tushirish imkonini beradi.

Asosiy vazifalarimizdan yana biri — qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishning mavjud tizimini takomillashtirishdan iborat.

Bu ishlarni amalga oshirmasdan turib, biz kafolatlangan barqaror hosildorlikni, butun agrosanoat kompleksini rivojlantirishni va eng muhimi, fermerlarning moddiy manfaatdorligini oshirishni va qishloq joylarda turmush darajasini yaxshilashni ta’minlay olmaymiz. Bu tadbirlarning amalga oshirilishi ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Beshinchidan, oldimizda turgan yana bir vazifa — xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirishga xalaqit berayotgan barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishdan iborat.

Bu borada kichik biznes, xususiy tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklarining eksportdagi ishtirokini yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Partiyamizning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkorlar faoliyatini jadal rivojlantirish jamiyatimiz taraqqiyoti va farovon hayotimizning mustahkam tayanchi, iqtisodiyotimiz barqaror o‘sishining eng muhim kafolatidir.

Ma’lumki, bugungi kunda tadbirkorlik sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,5 foizga yetdi. Aholining 78 foizi aynan shu tarmoqda mehnat qilib, mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Biroq, tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan qator choralar ko‘rilishiga qaramasdan, doimiy tekshirishlar, moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar oqibatida tadbirkorlar o‘z ishini vaqtincha to‘xtatishga, ayrim hollarda esa umuman tugatishga majbur bo‘lmoqda.

Jinoyat ishlarini tergov qilish doirasida o‘tkazilayotgan tekshirishlarning uzoq muddat davom etishi tadbirkorlarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, litsenziya va ruxsatnomalar berish jarayoni oylab cho‘zilishi tufayli fuqarolar tadbirkorlik bilan noqonuniy tarzda shug‘ullanishiga o‘zimiz zamin yaratmoqdamiz. Mansabdor shaxslarning tamagirlik holatlariga to‘liq chek qo‘yilmagan.

Tekshiruv tartiblarini buzish holatlari, asosan, soliq, yong‘inga qarshi kurash, sanitariya nazorati, kadastr, tabiatni muhofaza qilish va boshqa nazorat qiluvchi organlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida xo‘jalik sudlarida xususiy tadbirkorlik, kichik biznes subyektlari va fermer xo‘jaliklarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid 23 mingta ish ko‘rilib, tadbirkorlar foydasiga 640 milliard so‘m undirish haqida qarorlar qabul qilingan, 133 nafar aybdor mansabdor shaxsga ­nisbatan tegishli sud ta’sir choralari ko‘rilgan.

Rejadan tashqari va muqobil tekshirishlar nazorat organlariga tadbirkorlik subyektlarini istalgan vaqtda tekshirish imkonini beradi. Ular orasida eng keng tarqalgan qisqa muddatli tekshirishga esa tekshiruvchi idoraning o‘zi ruxsat bermoqda. Tekshirishlar tirnoq ostidan kir qidirish, kamchilik topishga yo‘naltirilgan bo‘lib, oxir-oqibatda tadbirkorlarni “sindirmoqda”.

Shu sababli tekshirish turlari, ularni o‘tkazish tartibi va asoslarini tanqidiy ko‘rib chiqish, nazorat organlarining vakolatlarini qat’iy cheklash, tadbirkorlar javobgarligini liberallashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Bu muammolarni e’tiborga olib, yaqinda qabul qilingan Farmonga muvofiq, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvni tubdan qisqartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktika samaradorligini oshirish siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi.

Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etib, yetkazilgan zararni qoplagan tadbirkorlar ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalardan ozod qilinadi.

Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazoni qo‘llash bekor qilindi.

Xorijiy investitsiyalar ishtirokida yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalariga davlat ro‘yxatidan o‘tgan vaqtida amalda bo‘lgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalarini besh yil mobaynida qo‘llash huquqi berildi.

Tadbirkorlik faoliyatiga aralashish, faoliyatni asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi, shuningdek, ularga yetkazilgan zararni bevosita aybdorlardan undirish tartibi belgilandi.

Mazkur Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida, Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida, Davlat xaridlari to‘g‘risida va Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kabi muhim qonunlarni qabul qilish nazarda tutildi.

Oltinchidan, mamlakatimiz iqtisodiy qudratining o‘sishi, aholining turmush darajasi va sifatini oshirishga, ayniqsa, qishloq joylarda bunga erishish — avvalambor, mamlakatimiz hududlarining kompleks va izchil rivojlanishi bilan belgilanishini yaxshi tushunamiz. Bu bizning ham yaqin, ham uzoq muddatli istiqboldagi vazifamizdir.

Bugungi kunda 14 ta hududdan 5 tasi yoki ularning 36 foizi, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari respublika budjetidan subvensiya oluvchi hududlar qatoriga kiradi.

Bundan tashqari, Jizzax va Yangiyer shaharlari hamda 167 ta tumandan 121 tasida yoki 72 foizida mahalliy budjet daromadlari subvensiya yordamida shakllantirilmoqda.

Shu munosabat bilan Birinchi Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan, bir qator viloyatlar, Toshkent, Qarshi, Shahrisabz, Termiz, Namangan, Urganch va Guliston shaharlari, shuningdek, Bulung‘ur va Nishon tumanlarining sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosini ta’minlashimiz zarur;

shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari 2017 yilning birinchi yarim yilida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Mamlakatimiz hudud va mintaqalarini zamon talablari asosida taraqqiy toptirish uchun biz aniq reja va hisob-kitoblarga ega bo‘lishimiz zarur.

Shu maqsadda hukumatimizning tashabbusi bilan joriy yilning sentabr — oktabr oylarida mamlakatimizdagi 182 ta shahar va tumandagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy holat atroflicha o‘rganib chiqildi.

Chuqur tahlillar asosida har bir hududning o‘ziga xos xususiyat va imkoniyatlari, talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda, 2017 — 2021-yillarda tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha muhim dasturlar har bir mahalla kesimida ishlab chiqildi.

Subvensiya oladigan 81 ta tuman moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi to‘la ta’minlaydigan hududga aylanadi, shuningdek, 41 ta tuman va shahar bo‘yicha subvensiya darajasi keskin kamayadi.

Bizning kelgusi rejalarimizda azim poytaxtimiz Toshkent shahrini nafaqat mintaqamiz, balki dunyodagi eng go‘zal va obod megapolislardan biriga aylantirish eng muhim va ustuvor masala bo‘lib qoladi.

Shu maqsadda milliy me’morlik va shaharsozlikning eng ilg‘or yutuq va yechimlaridan ijodiy foydalangan holda, keng miqyosdagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Toshkent shahri uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik dastur — Sirg‘ali tumanida yaqin kelgusida 500 ta ko‘p qavatli zamonaviy uy-joy barpo etish loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Bu esa qariyb 30 ming oilani yangi uy-joy bilan ta’minlash imkonini yaratadi. Shunisi e’tiborliki, bu uylar imtiyozli ipoteka kreditlari asosida beriladi va eski, hech bir sharoiti yo‘q, pastqam uylarda yashayotgan aholini bosqichma-bosqich zamonaviy uylar bilan ta’minlash imkonini beradi.

Shaharning barcha tumanlarida yangi madaniyat va istirohat bog‘lari barpo etish, yashil maydon va hududlarni yanada ko‘paytirish, kommunal va savdo xizmatlari sifatini yaxshilash, yangi transport-kommunikatsiya tarmoqlari va xizmat turlari, madaniy-maishiy obyektlar bunyod etish, yer ustidan o‘tadigan tezyurar metro yo‘nalishlarini qurish, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni hayotdan rozi qilish masalasiga ustuvor ahamiyat beriladi.

Bugungi kunda o‘z yechimini kutib turgan sotsial-ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun biz respublika miqyosidagi 15 ta maqsadli dasturni puxta ishlab chiqishimiz va amalga oshirishimiz zarur.

Avvalo, qishloq aholisining ehtiyoj va talablarini e’tiborga olib, Qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish dasturini qabul qilish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu dasturga ko‘ra, birgina kelgusi yilning o‘zida to‘rt xil yangi namunadagi, qulay va arzon, bir va ikki qavatli 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish mo‘ljallanmoqda.

Boshlang‘ich to‘lov hajmi ikki barobar kamaytirilishi hamda arzon loyihalar asosida barpo etilishi natijasida ehtiyojmand oilalar alohida uy-joy va xonadonlarga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, 2017 — 2020 yillarda shahar joylarda 945 ta ko‘p qavatli uylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Dasturga ko‘ra, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalar uchun 5, 7 va 9 qavatli arzon uylar quriladi.

Kelajakda tasdiqlanadigan Qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturi biz uchun g‘oyat dolzarb bo‘lgan muammolarni hal etishga qaratiladi.

Bu muammolar, asosan, quyidagilardan iborat: birinchidan, bugungi kunda ­mamlakatimiz aholisini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 67 foizni tashkil etmoqda; ikkinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida markazlashgan ichimlik suvi ta’minotida muammolar mavjud.

Bu yo‘nalishda o‘tgan davrda mamlakatimizda katta ishlar qilinganini albatta e’tirof etish zarur. Ayni vaqtda aholimiz soni o‘sib, oxirgi 25 yilda 10 millionga ko‘paydi va bugungi kunda 31 million 800 mingni tashkil etmoqda.

Shuning uchun nafaqat yangi oilalar va mahallalar, balki o‘nlab yangi-yangi qish­loq va shaharchalar paydo bo‘layotganini hisobga oladigan bo‘lsak, mavjud vaziyat bu borada kechiktirmasdan, samarali choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Bugungi kunda aksariyat joylarda odamlarni qiynab kelayotgan ana shu muammoni yechish maqsadida kelgusi besh yil davomida qariyb 9 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 1 ming 400 ta quduq va 3 ming 600 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Bu esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Samar­qand, Toshkent, Xorazm viloyatlarida 3,2 million aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va mamlakatimizda ushbu ko‘rsatkichni 67 foizdan 84 foizga yetkazish imkonini beradi.

Shu maqsadda Moliya vazirligi huzurida “Toza suv” maxsus jamg‘armasi tashkil ­etiladi.

Ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun hozirgi vaqtda Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligini tashkil etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘rib ­chiqilmoqda.

Bugungi kunda aholi va korxonalar tomonidan elektr quvvati yetkazib berish masalasida ko‘plab e’tirozlar mavjud ekanini ochiq tan olish kerak. Buning sababi shundaki, mamlakatimiz bo‘yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan bo‘lib, transformator punktlari zo‘riqib ishlamoqda. Kuz-qish mavsumida ularni almashtirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar esa masalani tubdan hal etayotgani yo‘q.

Shuning uchun kafolatlangan va barqaror elektr quvvati yetkazib berish maqsadida Shahar va qishloq aholisining elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash dasturi ishlab chiqilmoqda.

Besh yil davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ming 600 ta eskirgan transformator podstansiyalarini ­almashtirish nazarda tutilgan.

Navbatdagi dolzarb masala yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq. Bugungi kunda aksariyat qismi achinarli ahvolga kelib qolgan mintaqaviy va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarga ham e’tibor qaratadigan vaqt ­keldi.

Ba’zi bir raqamlarga murojaat qilsak. 75 ming kilometr yoki 64 foiz ichki yo‘llarimiz ta’mirtalab ahvolda. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining bir qismi hech qanday qoplamasiz, ya’ni tuproq yo‘llardir. Shuningdek, 9 ming 500 kilometr yo‘llarni rekonstruksiya qilish talab etilmoqda.

Yangi dasturda umumiy foydalanishdagi 1 ming 700 kilometrlik avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, aholimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan 10 ming 400 kilometrlik xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, tuman markazlari, kichik shaharchalar va qishloq joylardagi mahalla ko‘chalarini kapital va joriy ta’mirlash rejalashtirilmoqda.

Ushbu dasturni amalga oshirish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Yo‘l jamg‘armasini va “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasining tashkiliy tuzilmasini mutlaqo tubdan qayta ko‘rib chiqamiz.

Mazkur dasturning mantiqiy davomi sifatida Qishloqlar va shaharlarda transport xizmatini yanada yaxshilash dasturi ham ishlab chiqiladi. Bu dasturga asosan, 74 ta avtovokzal va avtostansiya rekonstruksiya qilinadi va yo‘lovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratilib, ularning xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Yangi 3 mingta avtobus, 5 ming 700 ta mikroavtobus sotib olinib, 300 dan ortiq yangi avtobus yo‘nalishlari ochiladi va mavjud yo‘nalishlardagi eskirgan avtobuslar yangilanadi.

Shu bilan birga, havo va temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida, avvalo, Toshkent xalqaro aeroportining yangi terminalini barpo etishimiz zarur.

Shular qatorida Buxoro — Miskin temir yo‘l tarmog‘i qurilishini yakuniga yetkazish va elektrlashtirish, Qarshi — Termiz, Pop — Namangan — Andijon — Qo‘qon temir yo‘llarini elektrlashtirish ishlari ham ko‘zda tutilmoqda.

Qattiq maishiy chiqindilarni sanitariya yo‘li bilan tozalash va utilizatsiya qilishni yanada yaxshilash dasturi shaharlarimiz va qishloq aholi punktlarining tozaligi va go‘zalligini oshirish, atrof-muhitni zaharlaydigan va aholi salomatligi uchun xavf tug‘diradigan, noqonuniy paydo bo‘lgan 1,5 mingta chiqindixonani yo‘q qilish imkonini beradi.

Ayni vaqtda maishiy chiqindilar uchun, jumladan, barcha viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 168 ta poligon barpo etiladi. Chiqindilarni tozalash bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar qo‘shimcha ravishda 405 ta zamonaviy maxsus texnika bilan ta’minlanadi.

Yana bir muhim masala — ko‘mirning tannarxi va aholiga sotish narxini kamaytirish, ayniqsa, qish paytida uning bahosi oshishiga va chayqovchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ko‘mir ishlab chiqarishning hozirgi hajmi, afsuski, mavjud talabni to‘liq qondirish imkonini bermayapti.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha ko‘mir mahsuloti yetkazib berish rejasi 35 foizga, aholini ta’minlash bo‘yicha esa 17 foizga bajarilgan, xolos.

Shu sababli aholiga ko‘mir yetkazib berish tizimini takomillashtirish, uning narxi sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ­ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

Bizning birinchi darajali vazifalarimiz qatorida ijtimoiy sohani yanada rivojlantirishmuhim ahamiyat kasb ­etadi.

Ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi bo‘lgan maktabgacha ta’lim-tarbiya tiziminingmoddiy-texnika bazasini mustahkamlash e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Jumladan, davlatga qarashli 1 million 109 ming o‘rinli 2 ming 200 ta bolalar bog‘chasini qurish, kapital ta’mirlash va jihozlash masalalari hal etiladi.

Sog‘liqni saqlash sohasini yanada isloh qilish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish maqsadida yaqin kunlarda qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam stansiyalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha Hukumatning 4 ta qarori loyihasi tayyorlanmoqda.

Muhtarama ayollarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish mamlakatimizda ­davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Jamiyatimizda tinchlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazishda beqiyos o‘rin tutadigan xotin-qizlarning ijti­moiy-siyosiy hayotimizdagi nufuzini yanada oshirishimiz zarur. Ular uchun munosib shart-sharoitlar, yangi ish o‘rinlari yaratish, opa-singillarimizning og‘irini yengil qilish, salomatligini mustahkamlash, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish bundan keyin ham muhim vazifa hisoblanadi.

Ma’lumki, xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo‘lgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizni e’zozlash, ularni hayotdan rozi qilish, qo‘limizdan kelganicha umrlarini uzaytirish asrlar davomida eng ulug‘ qadriyatlarimizdan biri bo‘lib kelmoqda. Chunki mo‘‘tabar keksalarning nasihatlari, duolari bilan hayotimiz fayzli, yurtimiz tinch va obod, xonadonlarimizda qut-baraka barqaror, desak, hech qanday ­mubolag‘a bo‘lmaydi. Dono xalqimizning “Qarisi bor uyning parisi bor” degan hikmatli so‘zlarida chuqur ma’no bor.

Haqiqatan ham, bizning mana shunday yorug‘ kunlarga yetib kelishimiz uchun o‘zini ayamasdan mehnat qilgan bunday tabarruk insonlarga xizmat qilish, duosini olish, ular uchun munosib turmush sharoitlarini yaratib berish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishni biz o‘zimizning ezgu va savobli vazifamiz, deb bilamiz.

Shu borada Yoshi ulug‘ insonlar, yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish dasturi tayyorlanmoqda.

“Nuroniy” jamg‘armasining maqomi va mavqeini ko‘tarish, uning tuman, viloyat va respublika tuzilmalarining shtat birliklarini ko‘paytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi.

Muxtasar aytganda, bu jamg‘arma kelgusida keksa avlod vakillariga tom ma’noda ko‘mak beradigan faol tashkilotga aylanishi uchun barcha tegishli choralarni ko‘ramiz.

Ma’lumki, O‘zbekiston — ulkan tabiiy zaxiralar, iqtisodiy va insoniy salohiyatga boy mamlakat. Ammo, Yaratganning o‘zi ato etgan yana bir bebaho boyligimiz borki, u ham bo‘lsa, xalqimizning beqiyos intellektual va ma’naviy ­salohiyatidir.

Ilm-fan namoyandalarining, ta’bir joiz bo‘lsa, “igna bilan quduq qaziydigan” zahmatkash olimlarimizning mashaqqatli ilmiy izlanishlari mamlakatimiz, uning bugungi va kelgusi ravnaqi uchun juda katta ahamiyatga ega. Bu fidoyi insonlar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish maqsadida biz bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internet tizimini keng rivojlantirmasdan turib, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, barqaror taraqqiyotga erishish haqida so‘z yuritish mumkin emas.

Hayotimizning eng muhim jabhalari uchun yuksak texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar yaratish, malakali mutaxassislar tayyorlash, jahon axborot texnologiyalari bozorida munosib o‘rin egallash masalasiga ustuvor ahamiyatga ega vazifa sifatida qarashimiz zarur.

Ayni vaqtda axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.

Buning uchun, avvalo, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berishimiz muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zining noyob iste’dodi va mahoratini xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga bag‘ishlagan, inson qalbining muhandislari bo‘lgan ijodkor ziyolilarga doimiy e’tibor masalasi bizning dasturimizda alohida o‘rin egallaydi.

Ijodiy tashkilotlar, badiiy uyushmalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnika bazasini, infratuzilma tarmoqlarini mustahkamlash ishlariga e’tibor yanada kuchaytiriladi.

Ijodkor ziyolilarimizning eng yaxshi asarlarini yurtimizda va chet ellarda targ‘ib etishni biz ma’naviy-ma’rifiy sohadagi siyosatimizning muhim bir qismi sifatida davom ettiramiz. Ayniqsa, madaniyat, san’at, adabiyot va matbuot olamiga kirib kelayotgan iqtidorli yoshlarni moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirishga, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi.

Yurtimizda o‘tkazilayotgan ijodiy tanlov va festivallarning sifati va samaradorligini oshirish, badiiy asarlar uchun to‘lanadigan qalam haqi miqdorini qayta ko‘rib chiqish, ijodiy va intellektual mulk egalarining manfaatlarini himoya qilish masalalari diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Bunday e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik nafaqat ijod ahliga, ayni paytda, jonkuyar o‘qituvchi va domlalarga, tibbiyot xodimlariga, harbiy xizmatchilarimiz va huquq-tartibot posbonlariga, bir so‘z bilan aytganda, davlat budjetidan maosh oladigan barcha fidoyi yurtdoshlarimizga taalluqli ekanini alohida ta’kidlashni zarur, deb ­bilaman.

Hurmatli syezd qatnashchilari!

Oldimizda turgan eng muhim va dolzarb masalalardan biri — yuksak ma’naviyatli, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdan iborat ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz.

Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, bu naqadar jiddiy masala ekani yanada yaqqol ayon bo‘ladi.

Shu o‘rinda farzandlarimizning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishbilan bog‘liq vazifalarga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Avvalambor, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishida kirib kelayotgan turli tahdidlar, giyohvandlik, diniy ekstremizm, missionerlik kabi balo-qazolardan yoshlarimizni asrashga, ularning ta’lim-tarbiyasiga har birimiz mas’ul ekanimizni hech qachon unutmasligimiz kerak.

Bu borada biz asrlar mobaynida shakllangan milliy an’analarimizga, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosiga tayanamiz.

Yoshlarimiz o‘rtasida huquqiy madaniyat, sog‘lom turmush tarzini, jismoniy tarbiya va sportni targ‘ib qilishga qaratilgan ishlarning samarasini oshirishni bugun davr­ning o‘zi talab etmoqda. Bu boradagi dasturlarda belgilangan tadbirlarning ijrosi yaqinda yangidan qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun normalari asosida qat’iy davom ettiriladi.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi. Biz ko‘plab dasturlarni qabul qilmoqdamiz, lekin ularni amalga oshiradigan, tashabbuskor va vatanparvar, yuqori malakali kadrlar yetarlimi? Oliy o‘quv yurtlarida tayyorlanayotgan mutaxassislar oldimizga qo‘yilgan bunday ulkan vazifalarni bajarishga qodirmi? Ularga ta’lim berayotgan o‘qituvchi va professorlarning bilim va malakasi davr talabiga javob beradimi?

Ming afsuski, bu savollarga javob berish oson emas.

Biz bu yo‘nalishdagi ishlarimizni tanqidiy baholagan holda, 2017 — 2021-yillarda Oliy o‘quv yurtlari tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishimiz va uni hayotga tatbiq etishimiz kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatini bugungi kunning o‘tkir talablari nuqtai nazaridan tanqidiy ko‘z bilan qayta ko‘rib chiqishimiz lozim.

Avvalo, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining o‘zini mustahkamlash, uning mamlakatimizdagi barcha yoshlar chin dildan intiladigan tashkilotga, ortiqcha tadbirlar o‘tkazish va rasmiyatchilik ko‘rinishlaridan xoli bo‘lgan, yoshlar manfaatlarining haqiqiy himoyachisiga aylanishiga erishish zarur. Uning joylardagi tuzilmalari faoliyatini, xususan, shahar va tumanlarda, uzoq qishloq va mahallalarda uyushmagan yoshlar o‘rtasida olib boriladigan ishlarni kuchaytirish bo‘yicha hali oldimizda katta vazifalar turibdi.

Yoshlar bilan ishlash masalasi ijtimoiy siyosatimizning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishni taqozo etadi.

Hurmatli do‘stlar!

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tomonidan tashqi siyosat bo‘yicha ishlab chiqilgan prinsip va yondashuvlarga to‘liq amal qilish saylovoldi dasturimizning muhim tarkibiy qismidir.

Tashqi siyosatimizning asosini tinchlikparvarlik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, yuzaga keladigan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal etish, barcha xorijiy davlatlar va jahon hamjamiyati bilan amaliy hamkorlik tashkil etadi.

Mamlakatimiz hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaydi, boshqa davlatlarning harbiy baza va obyektlari O‘zbekiston hududida joylashishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Biz tashqi siyosatni amalga oshirishda barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada ­mustahkamlashni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz, deb bilamiz.

Aynan shunday siyosatni davom ettirishni bugungi kunda dunyoda vujudga kelayotgan murakkab vaziyatning o‘zi taqozo etmoqda.

Muhtaram vatandoshlar!

Aziz partiyadoshlar!

Biz saylovoldi dasturida belgilab olgan davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini isloh qilishdagi eng muhim maqsad va ustuvor vazifalarimizni hayotga tatbiq etishda avvalo siz, azizlarga, Liberal-demokratik partiyasi a’zolariga, bizga xayrixoh va tarafdor bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizga tayanamiz.

Biz o‘tgan davrda partiyamizning siyosiy sohada orttirgan tajribasi, uning mamlakatimizda o‘rta sinf — mulkdorlar sinfi deb nom olgan yangi ijtimoiy qatlamni shakllantirish yo‘lida amalga oshirgan keng ko‘lamli ishlarini, xalqimiz orzu-intilishlarining ifodachisi sifatida olib borayotgan faoliyatini albatta munosib baholaymiz.

Ayni vaqtda mamlakatimizda siyosiy partiyalar o‘rtasida raqobat kuchayib borayotgan hozirgi bosqichda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining jamiyatimizdagi nufuzi va ta’sirini oshirish, el-yurtimizning har tomonlama ishonchini qozonish eng muhim va dolzarb vazifaga aylanmoqda.

Ayniqsa, partiyamizning “Yoshlar qanoti”ni yanada kuchaytirish, uning azmu shijoatli, tashabbuskor yigit-qizlarimizni o‘z atrofida birlashtirishga qaratilgan faoliyatini jonlantirishimiz zarur.

Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz biz — avlodlarga qoldirgan vasiyatida g‘oyat muhim bir fikrga alohida urg‘u berib, “El dardiga darmon bo‘lmoq — ezgu vazifangizdir”, deb ta’kidlagani albatta bejiz emas.

Partiyamiz ana shunday ulug‘ vazifani o‘z zimmasiga olishga intilar ekan, bunga har jihatdan munosib bo‘lishi darkor.

Shu ma’noda, Bosh vazirning yaqinda tashkil etilgan virtual qabulxonasiga yurtdoshlarimizdan ko‘plab haqli murojaatlar tushayotgani va ularda ko‘tarilgan ko‘pgina masalalar o‘z yechimini topayotganini bugun alohida qayd etish lozim.

Aytish kerakki, bu vaqtinchalik emas, balki doimiy ravishda ishlaydigan tizim sifatida o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Mana, kun davomida aholidan mening nomimga elektron shaklda kelib tushayotgan har bir murojaatni o‘qib, ularning yechimi bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berayapman va ijrosini shaxsan o‘zim har kuni nazorat qilib borayapman.

Yaqin kunlarda har bir tuman va shaharda, barcha viloyatlarda bunday qabulxonalar O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq qabulxonalari” sifatida tashkil etiladi. Bu tizim fuqarolarning yozma va og‘zaki murojaatlarini, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganib, hal etish bilan muntazam shug‘ullanadi.

Hech shubhasiz, bu ishlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi partiyamizning aholi va saylovchilar o‘rtasidagi obro‘-e’tiborining oshishiga xizmat qiladi. Eng asosiysi, bundan el-yurtimizga naf bo‘ladi, xalqimiz barchamizdan va ­davlatdan rozi bo‘ladi.

Muhtaram vatandoshlar!

Aziz partiyadoshlar!

Biz sizlar bilan birgalikda saylovoldi dasturimizda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini isloh qilish borasidagi eng muhim maqsad va ustuvor vazifalarni belgilab oldik.

Ana shu ulkan rejalarimizni hayotga tatbiq etishda biz birinchi navbatda O‘zbekis­ton Liberal-demokratik partiyasi a’zolari, barcha yurtdoshlarimiz, butun xalqimizning aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyatiga tayangan holda ish olib boramiz.

Faqatgina xalqimizning azmu shijoati va qudrati, bukilmas irodasi va qat’iyati, eng muhimi, mustaqil taraqqiyotga bo‘lgan mus­tahkam ishonchi buyuk maqsadlarimizga erishishning birdan-bir kafolatidir.

Aziz yurtdoshlar!

Barchamiz uchun Vatan bitta!

Bitta maqsad bizni birlashtiradi.

U ham bo‘lsa, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir.

Betakror yurtimizga, olijanob xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish — barchamizning eng sharafli va muqaddas burchimizdir.

E’tiboringiz uchun rahmat.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 11060