×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
23:24:38 (GMT +5), chorshanba, 5 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


28 - oktabr 2016

Xalqaro saylov andozalari va milliy qonunchilik

O‘zbekiston zamonaviy saylov qonunchiligi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil va qoidalari asosida shakllantirilgan. Shuni qayd etish kerakki, insonning siyosiy va saylov huquqlari sohasida bir qator muhim xalqaro hujjatlar mavjud.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Irqiy kamsitishning barcha turlariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW), Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya, BMT Saylovlarni xalqaro kuzatish prinsiplarining deklaratsiyasi (unga Xalqaro kuzatuvchilarning axloq kodeksi ilova qilingan), Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasi, Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi, YeXHTning Insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasi Kopengagen kengashining hujjati shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Respublikasi yuqorida nomlari zikr etilgan barcha xalqaro -shartnomalarga qo‘shilgan. Mamlakatimiz Konstitutsiyasi muqaddimasi hamda 17-moddasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalari ustuvorligi tan olingan. O‘zbekiston milliy saylov tizimini shakllantirish jarayonida xalqaro saylov standartlarining asosiy talablari inobatga olingan.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida fuqarolarning saylov huquqi va erkinliklarini ta’minlash, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq holda izchil rivojlantirish hamda shakllantirish sohasida katta tajriba to‘plandi.

1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida 23-bobi aynan saylov tizimiga bag‘ishlangan. Unda Prezident saylovi, - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov masalalari tartibga solingan.

Konstitutsiyaning 117-moddasiga muvofiq, saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.

Umuman, saylov huquqi fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar ta’minlanadi.

Mustaqillik yillarida konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida saylov jarayonini tartibga soladigan o‘ndan ortiq qonunlar qabul qilindi. Ular, -avvalo, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunlar shular sirasidandir. Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasining qator nizom va yo‘riqnomalari ham saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini tartibga soladi.

Mamlakatimizda saylov qonunchiligini ushbu sohadagi xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimli va izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, 2003-yilda ikki palatali parlament saylovini o‘tkazishning huquqiy asoslari shakllantirildi.

Milliy saylov tizimi rivojida 2008 -yili saylov qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartishlar muhim bosqich bo‘ldi. Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlarining soni 120 tadan 150 taga ko‘paytirildi, shundan 135 nafar deputat siyosiy partiyalardan saylanadi. Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari nihoyatda muhim va dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganidan kelib chiqqan holda, quyi palatamizdagi 15 ta deputatlik o‘rni O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlarga berildi.

Bundan tashqari, qonun hujjatlariga saylov jarayonining yanada liberallashuvini ta’minlaydigan qator normalar kiritildi. Jumladan, saylovda ishtirok etadigan -siyosiy partiyalarning ro‘yxatdan o‘tishi uchun o‘rnatilgan muddat 6 oydan 4 oyga tushirildi. Ayni vaqtda siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi uchun ruxsat berish masalasini hal qilish borasida zarur bo‘ladigan saylovchilar imzosining miqdori avvalgi 50 ming imzo o‘rniga 40 ming qilib belgilandi. Deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillari soni 5 nafardan 10 nafargacha ko‘paytirildi. Shular qatorida saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga siyosiy partiyaning “vakolatli vakili” degan yangi institut kiritildi, unga imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilishini tekshirishda, saylov uchastkalarida ovozlarni sanab chiqishda qatnashish huquqi berildi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlashga qulay muhit yaratish, siyosiy partiyalar faolligini oshirish fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim sharti hisoblanib, bunda erkin va teng huquqli saylovlar natijasida asosiy siyosiy kuchlar namoyon bo‘ladi.

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilishi natijasida saylov qonunchiligini takomillashtirishning navbatdagi bosqichi boshlab berildi. 2012-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasiga deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini olib borishda teng sharoitlar yaratish mexanizmlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, saylovoldi tashviqotini olib borish turlari, shakllari va usullari, muddati belgilandi, ushbu tushunchaga aniq izoh berildi. Qonunda saylovoldi tashviqotini nafaqat saylov kuni, balki ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin ham olib borish mumkin emasligi to‘g‘risidagi norma o‘z ifodasini topdi. Ovoz berish kuniga qadar uch kun ichida, shuningdek, ovoz berish kuni jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari taxminlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni chop etishga (e’lon qilishga), shu jumladan, ularni umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlariga (Internet jahon axborot tarmog‘iga) joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi qonun darajasida mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, muddati va qoidasi aniq belgilandi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga kiritilgan qoidaga muvofiq, saylov uchastkalari qamoqda saqlash joylarida ham tuzilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

2013-yilda “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunga siyosiy partiyalarning xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlik guruhlarining vakolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, partiya guruhlari davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi qo‘mitalari yoki komissiyalari raisligiga, rais o‘rinbosarligiga va a’zoligiga nomzodlar yuzasidan takliflar kiritish huquqiga ega bo‘ldi. Ularga, shuningdek, tegishli hududda joylashgan davlat organi rahbarining o‘z faoliyati masalalari yuzasidan hisobotini yoki axborotini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari mahalliy Kengashining sessiyalarida eshitish haqida takliflar kiritish vakolati berildi. Ushbu choralar partiyalararo raqobatni kuchaytirishga xizmat qilib, bugungi kunda mamlakatimiz saylov jarayonida amaliy tasdig‘ini topmoqda.

2014-yilda Konstitutsiyaga kiritilgan yangiliklar saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish imkonini berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi Qonunda ko‘zda tutilgan qoidalarni amalga oshirishning qonuniy mexanizmlarini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar doirasida 2014-yilda bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi “Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” deb nomlangan yangi V1 bob bilan to‘ldirildi. Alohida modda bilan Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, shuningdek, ularning qarorlarini ijro etmaslik uchun javobgarlik belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksiga o‘zgartish kiritildi. Unga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasini moliyaviy ta’minlash davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetida alohida satrda nazarda tutiladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining saylovlar va referendumlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlari, shu jumladan, okrug va uchastka saylov komissiyalarini, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish respublika budjetidan amalga oshiriladi.

Konstitutsiyamizning 117-moddasiga kiritilgan yangiliklar munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunga ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, faoliyat prinsiplari tushuntirildi hamda Markaziy saylov komissiyasi a’zolariga talablar belgilandi.

2015-yil 29-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilariga saylov va referendumga mandatlar beriladi, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin.

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan vaqtda muayyan saylov uchastkasi hududida, ilgarigi qoidalarga ko‘ra, faqatgina doimiy yashagan fuqarolar emas, ayni paytda vaqtincha istiqomat qilgan O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan saylovchilar imzosi soni jami saylovchilar umumiy sonining kamida besh foizidan bir foizga kamaytirildi. Muddatidan oldin ovoz berishning vaqti, tartib-taomillari belgilandi. Qonun bilan “jimlik kuni” o‘rnatildi, ya’ni nafaqat saylov kuni, ayni vaqtda ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida ham saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi. Saylovoldi tashviqotini olib borish tartibiga izoh berildi.

Umuman, milliy saylov qonunchiligining bosqichma-bosqich takomillashtirilishi, uning xalqaro standartlar bilan yanada uyg‘unlashtirilishi va yanada mustahkamlanishi O‘zbekistonda amalga oshirilgan tizimli islohotlar bilan uzviy holda olib borildi. Ularning asosiy maqsadi esa demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdir.



Muallif: «Xalq so‘zi» gazetasi
Просмотров: 10581