×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
23:25:12 (GMT +5), chorshanba, 5 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


26 - oktabr 2016

Saylov huquqi kafolatlari va javobgarlik

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ijtimoiy hayotning barcha sohasi erkinlashtirilishi va modernizatsiya qilinishi natijasida demokratik talablarga javob beradigan zamonaviy saylov tizimi yaratildi.

Saylovlarning umume’tirof etilgan xalqaro qoida hamda tamoyillariga mos, fuqarolar xohish-irodasini erkin bildirishi kafolatlarini, har bir insonning davlat hokimiyati vakillik organlariga erkin saylash va saylanish huquqini ta’minlaydigan huquqiy baza shakllantirildi. Saylov jarayonida ochiqlik hamda oshkoralikni ta’minlashning huquqiy mexanizmlari takomillashtirildi.

Ayniqsa, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi Qonun qabul qilinishi yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanish va modernizatsiya jarayonlarining mantiqiy davomi bo‘ldi. Konstitutsiyamizga kiritilgan ushbu o‘zgartish hamda qo‘shimchalardan kelib chiqib, yurtimiz parlamenti tomonidan saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlariga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi sakkizta moddadan iborat bo‘lgan yangi bob — “Saylovlar va referendumlarni tashkil qilish va o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” deb nomlangan V1 bob bilan to‘ldirildi.

Mazkur kodeksda saylov qonunchiligini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik qat’iy belgilab qo‘yilishi saylov erkinligi prinsipi yanada to‘liqroq amalga oshirilishiga, mamlakatimiz saylov tizimi yanada demokratlashtirilishiga, saylovning ochiq hamda oshkoraligi tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan, deputatlikka yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini, saylovoldi tashviqoti, referendumga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish kabi harakatlar ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shuningdek, saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatish maqsadida nomzod yoxud siyosiy partiya to‘g‘risida ataylab yolg‘on ma’lumotlarni e’lon qilish bilan bog‘liq harakatlar sodir etish ham ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilishiga olib keladi.

Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, saylov komissiyalari o‘z vakolati doirasida davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, siyosiy partiyalar va mansabdor shaxslardan mustaqildir. Zero, saylov jarayonini qonuniy, adolatli hamda saylovning barcha ishtirokchilariga teng sharoitlarda tashkil etish uchun saylov komissiyasi a’zolarining mustaqil holda ish yuritishlari g‘oyat muhim tamoyil hisoblanadi. Uning amalda ta’minlanmasligi saylovlarning demokratik mohiyatiga jiddiy putur yetkazadi.

Saylov komissiyasi ishiga aralashuv aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Bunday huquqbuzarlik mansabdor shaxs tomonidan xizmat yoki mansab mavqeidan foydalangan holda, saylov komissiyasining muayyan qaror chiqarishiga yoxud chiqarmasligiga undashga qaratilgan harakatlarda namoyon bo‘ladi.

Ma’lumki, Markaziy saylov komissiyasi o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlar okrug va uchastka saylov komissiyalari, davlat organlari, siyosiy partiyalar hamda boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.

Shuningdek, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalarining, tegishli mahalliy davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari hamda harbiy qismlar, korxona, muassasa va tashkilotlarning rahbarlari uchun majburiydir.

Saylov komissiyalarining o‘z vakolati doirasida qabul qilgan qarorlarini bajarmaslik mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Bu borada shunga e’tibor berilishi kerakki, ma’muriy javobgarlik saylov komissiyalarining har qanday qarorini ijro etmaslik oqibatida emas, balki, birinchidan, ularning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini, ikkinchidan, saylovlarni tashkil etish bilan bog‘liq qarorlarini ijro etmaslik tufayli kelib chiqadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 513-moddasiga ko‘ra, saylov komissiyalarining murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayrihuquqiy ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish ham mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Qonun hujjatlarida saylov jarayonining maxsus ishtirokchilari bo‘lgan deputatlikka nomzod, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod, ishonchli vakil, kuzatuvchi yoki siyosiy partiyaning vakolatli vakili huquqlarining buzilishi ma’muriy javobgarlik keltirib chiqaradigan huquqbuzarliklar sirasiga kiritilgan.

Saylov kampaniyasini olib borish uchun ajratilgan binolardan ro‘yxatga olingan deputatlikka nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishida teng sharoitlar yaratib berilmasligi ham nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish sifatida baholanadi va yuqorida qayd etib o‘tilgan ma’muriy javobgarlik chorasini ko‘rishga asos bo‘ladi.

Saylovoldi tashviqotini saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek, pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish qat’iy taqiqlangan. Mazkur talab demokratik saylovlarga qo‘yiladigan umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga asoslangan bo‘lib, saylovga oid qonunchilikda o‘z ifodasini topgan. Jumladan, bunday norma “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasida ham ko‘zda tutilgan.

Saylov jarayonida saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatish maqsadida deputatlikka nomzod, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod yoki siyosiy partiya to‘g‘risida ataylab yolg‘on ma’lumotlarni e’lon qilish yoxud boshqa usullar orqali tarqatish taqiqlanadi. Bunday harakatlar saylovchilarni chalg‘itib, ularni haqqoniy axborot olish huquqidan mahrum etish bilan xohish-irodani to‘liq izhor etishlariga to‘sqinlik qiladi.

Shuningdek, saylovga oid axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish nosog‘lom raqobat usuli bo‘lib, bunday xatti-harakat muayyan deputatlikka nomzodga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga yoki siyosiy partiyaga qarshi qaratilganligidan tashqari, fuqarolarning saylov huquqlarini erkin amalga oshirishiga ham to‘sqinlik qiladi.

Saylovoldi tashviqoti materiallarini yo‘q qilish yoki ularga yozish, bo‘yash, rasm chizish, matnlarga chalg‘ituvchi noto‘g‘ri tuzatishlar kiritish yo‘li bilan shikast yetkazilishi ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Saylovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2016 yil 7 oktyabrda “Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy ish yuritishni rasmiylashtirish yuzasidan uslubiy tavsiyalar” tasdiqlandi.

Mazkur tavsiyalarga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, bayonnomani Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, saylovni o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zolari tuzishlari mumkin. Bayonnoma tuzish uchun saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, vakolatli vakillari, nomzodlarning ishonchli vakillarining arizalari, uchastka saylov komissiyalarining xabarlari, fuqarolarning arizalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat tashkilotlari va mansabdor shaxslarning xabarlari, ommaviy axborot vositalarining xabarlari asos bo‘ladi.

Saylov komissiyasi a’zolari tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda esa, bayonnoma yuqori turuvchi saylov komissiyasi a’zolari tomonidan tuziladi. Bayonnoma boshqa hujjatlar va ish bo‘yicha ashyoviy dalillar bilan birga, huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan boshlab bir sutkadan kechiktirmay uni tuzgan shaxs tomonidan jinoiy ishlar bo‘yicha tegishli tuman (shahar) sudiga yuborilishi belgilab qo‘yilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, saylash va saylanish fuqarolarning eng muhim siyosiy huquqlaridan biri bo‘lib, ushbu huquqlar jinoyat qonunchiligi bilan ham muhofaza qilinadi.

Saylovga oid qonun hujjatlarida fuqarolarning saylash va saylanish, saylovoldi tashviqoti olib borish huquqlarini amalga oshirishlariga zo‘ravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yo‘l bilan qarshilik ko‘rsatuvchi shaxslar, shuningdek, soxta saylov hujjatlari tuzgan, ovozlarni atayin noto‘g‘ri sanab chiqqan, yashirin ovoz berish prinsipini buzgan yoki saylovga oid qonun hujjatlari boshqacha tarzda buzilishiga yo‘l qo‘ygan saylov komissiyalarining a’zolari, boshqa mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalarning vakillari qonunga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

Saylov qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik masalasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 146 va 147-moddalarida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish hamda saylov huquqining yoki ishonchli vakillar vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish kabi harakatlarning sodir etilishi jinoiy-huquqiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Saylov jarayonida zo‘rlik ishlatish, aldash, qo‘rqitish yoki og‘dirib olish yo‘li bilan fuqaroning saylov huquqlarini erkin amalga oshirishiga yoki deputatlikka yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari ishiga to‘sqinlik qilish kabi harakatlarning sodir etilishi ham jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, rivojlangan demokratik davlatlarda ham saylov qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Masalan, Germaniya, Shveysariya, Niderlandiya singari davlatlarning jinoyat qonunchiligida saylovlarni o‘tkazishga zo‘ravonlik yoki qo‘rqituv yo‘li bilan to‘sqinlik qilish, saylov natijalarini, saylov hujjatlarini soxtalashtirish, saylov sirini oshkor qilish, saylov huquqini amalga oshirishga zo‘ravonlik bilan qarshilik ko‘rsatish singari qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Demak, saylovga oid qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi normalar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga asoslangan va rivojlangan demokratik davlatlarning qonunchilik amaliyoti hamda tajribasiga ham mos keladi, deb xulosa qilishga asos bo‘ladi.

Saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi saylov erkinligi prinsipining to‘liq amalga oshirilishi, mamlakatimiz saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylovning ochiq-oshkoraligi prinsiplarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Asqar G‘AFUROV, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 10326