×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
17:09:56 (GMT +5), chorshanba, 30 - sentabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


22 - oktabr 2016

Saylov qonunchiligini takomillashtirish va xalqaro andozalar

Istiqlol yillarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi qonunchilik bosqichma-bosqich va izchil rivojlantirib borildi.

Qayd etish joizki, mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohasini erkinlashtirish hamda modernizatsiya qilish jarayonida eng yuqori demokratik standartlarga javob beradigan zamonaviy saylov tizimi yaratildi.

Umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar va qoidalarga, shu jumladan, YXHT saylov standartlariga to‘la mos keladigan samarali saylov qonunchiligi asoslari shakllantirildi. Unda fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish hamda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash hamda saylanish huquqi kafolatlari ta’minlangan. Shunga ko‘ra, demokratik saylovlar va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha to‘plangan milliy tajribaga asoslangan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayapti.

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida 2014 yil 16 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi Qonun qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Saylov tizimi” deb nomlangan XXIII bobiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni boshqa davlat organlarining hech qanday aralashuvisiz ta’minlaydigan mustaqil demokratik institut sifatida Markaziy saylov komissiyasining konstitutsion maqomi mustahkamlab qo‘yilgani saylovlarning demokratiyaviyligini ta’minlashda eng muhim kafolatlardan sanaladi.

2014-yil sentabr oyida saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”, O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga tuzatishlar kiritildi. Ular Markaziy saylov komissiyasini demokratik shakllantirish, faoliyatining asosiy prinsiplarini belgilash, uning mustaqilligini, shu jumladan, moliyaviy mustaqilligini mustahkamlash, shuningdek, saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni belgilashga yo‘naltirilgan.

Shu o‘rinda milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan tuzatishlarning mohiyatini tushunish, bu borada batafsilroq to‘xtalib o‘tish joiz, nazarimizda.

Demak, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlar, avvalo, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik singari asosiy prinsiplari mazmun-mohiyatini ochib beradi (21-25-moddalar).

Xususan, mustaqillik prinsipiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi. Uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ochiqlik prinsipiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi o‘z majlislarini ochiq o‘tkazishi, ularda siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan va harakatlardan kuzatuvchilar hozir bo‘lishi mumkinligi nazarda tutiladi.

Ikkinchidan, Markaziy saylov komissiyasi vakolatlari Oliy Majlis tomonidan tugatilishini ko‘zda tutuvchi qoida chiqarib tashlandi (3-modda). Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi a’zosining vakolatlari Oliy Majlis tomonidan to‘xtatilishi mumkinligi haqidagi norma saqlab qolindi. Ushbu yangiliklar Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligi va kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Uchinchidan, Markaziy saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodga quyidagi talablar belgilandi: yigirma besh yoshga to‘lgan, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga, saylovni tashkil etish va o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil mamlakat hududida doimiy yashab turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Markaziy saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin (4-modda).

Bunda Markaziy saylov komissiyasi a’zosi bo‘la olmaydigan shaxslar toifasi belgilandi: og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari, Milliy xavfsizlik xizmatining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Markaziy saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas (4-modda).

Ushbu malaka talablari jamoatchilik orasida obro‘ va hurmatga sazovor munosib kishilarning saylanishini ta’minlaydi.

To‘rtinchidan, Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zolari ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlandi (4-modda).

Beshinchidan, Markaziy saylov komissiyasi a’zosining guvohnomasini berish tartibi joriy qilindi (41-modda). Markaziy saylov komissiyasi Raisi va uning o‘rinbosarining guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, Markaziy saylov komissiyasi boshqa a’zolarining guvohnomasi esa Qonunchilik palatasining Spikeri bilan kelishilgan holda Senatning Raisi tomonidan imzolanadi. Mazkur tartib mavjud amaliyotni, Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy maqom berilgani, qolaversa, Markaziy saylov komissiyasiga o‘z vakolatlarini amalga oshirish uchun zarur tashkiliy-huquqiy kafolatlar yaratilganini hisobga olgan holda joriy etildi.

Oltinchidan, Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari kengaytirildi hamda qonun bilan belgilab qo‘yildi (5 va 6-moddalar). Bular quyidagilardir:

— siyosiy partiyalarning saylovlarda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun taqsimlaydi;

— xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi (chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etadi, hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, memorandumlar tuzadi, xorijiy mamlakatlardagi saylovlarni kuzatishda, shu jumladan, xalqaro tashkilotlarning missiyalari tarkibida kuzatishda ishtirok etadi, xalqaro tashkilotlarni, xorijiy mamlakatlarning saylov organlarini mamlakatimizdagi saylovlarni kuzatish uchun taklif etadi, chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilariga mandatlar beradi);

— jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni mustahkamlaydi va rivojlantiradi.

Yettinchidan, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini moliyalashtirishning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Budjet kodeksi va “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasini moliyaviy ta’minlash davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetida alohida satrda nazarda tutiladi. Budjet kodeksining 70-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining saylovlar va referendumlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlari, shu jumladan, okrug va uchastka saylov komissiyalarini, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish respublika budjetidan amalga oshiriladi. Ushbu qoida Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy maqom berilganini inobatga olgan holda, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda uning moliyaviy mustaqilligini Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga ta’minlash maqsadida joriy qilindi.

Sakkizinchidan, saylov qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy qilindi. Ilgari saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish uchun faqat jinoiy javobgarlik belgilangan edi. Ayni payt-da saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ayrim buzish holatlari uchun ma’muriy javobgarlik qoidalari yo‘q edi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi “Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” deb nomlangan yangi, 8 moddadan iborat V1-bob bilan to‘ldirildi. “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlarini ijro etmaslik”, “Nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish”, “Saylovoldi tashviqotini, referendumga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish”, “Nomzodlar, siyosiy partiyalar to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish”, “Saylovga yoki referendumga tayyorgarlik ko‘rish va saylov yoki referendum o‘tkazish jarayonida axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish”, “Saylovni yoki referendumni moliyalashtirish tartibini buzish”, “Jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov yoki referendum natijalari taxminlarini chop etish (e’lon qilish) tartibini buzish” deb nomlangan moddalar shular jumlasidandir.

2015 yilning dekabrida saylovlarni o‘tkazishning avvalgi amaliyotini, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar hamda xalqaro kuzatuvchilar, shu jumladan, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilar missiyasi tavsiyalarini hisobga olgan holda, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yangi qoidalar Prezidentlikka nomzodlarga saylov kampaniyasi paytida teng sharoit va imkoniyatlar yaratish mexanizmlari samaradorligini oshirish, fuqarolarning saylov huquqlarini va o‘z xohish-irodasini erkin bildirishini ishonchli ta’minlash, saylov komissiyalari faoliyatining shaffofligini oshirish, saylovoldi tashviqotining yangi turlari, shakllari va usullarini amaliyotga joriy qilishga qaratilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunda yangi qoidalar o‘z aksini topdi.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan saylovchilar imzosi soni jami saylovchilar umumiy sonining kamida besh foizidan bir foizga kamaytirildi (242-modda). Vaholonki, ilgari saylovchilarning 1 millionga yaqin imzosi to‘plangan bo‘lsa, yangi qoida saylovchilar imzosi sonini 200 mingtagacha qisqartirdi. Bu Venetsiya komissiyasining qonun muayyan okrugdagi saylovchilarning bir foizidan ortiq imzosini to‘plashni talab qilmasligi kerak, degan tavsiyasiga to‘la mos keladi.

Ikkinchidan, saylovoldi tashviqoti tushunchasi mustahkamlanib (28-modda), unga muvofiq, saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat saylovoldi tashviqoti hisoblanadi.

Uchinchidan, qonun bilan “jimlik kuni” o‘rnatildi, ya’ni saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi (28-modda). Ushbu qoida saylovchilarga o‘z qarashlarini, siyosiy moyilligini aniqlab olish hamda Prezidentlikka nomzodlardan qaysi biriga ovoz berish uchun ongli qaror qabul qilishga qo‘shimcha vaqt ajratish maqsadida joriy qilindi. Bu ovoz berish kuni arafasida turli darajadagi suiiste’molliklar va huquqbuzarliklarning oldini oladi.

To‘rtinchidan, saylovoldi tashviqotining samaradorligini oshirish maqsadida 2007 va 2015-yilgi saylov kampaniyasi tahlillarini inobatga olgan holda, Qonunning alohida moddasi bilan uni olib borish turlari, shakllari va usullari belgilab qo‘yildi (281-modda). Saylovoldi tashviqotining turlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek, nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish kiradi.

Omma oldida munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, intervyular, so‘zga chiqishlar, saylovchilarning yig‘ilishlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod to‘g‘risidagi roliklarni joylashtirish saylovoldi tashviqotini olib borish shakllari hisoblanadi.

Saylovoldi tashviqotini olib borish usullariga ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniye, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (internet tarmog‘i) orqali (282-modda), bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali (283-modda), saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali (284-modda) amalga oshiriladi.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Beshinchidan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunda muddatidan oldin ovoz berishning vaqti, tartib-taomillari belgilandi (31-modda). Ilgari saylov kuni istiqomat joyida bo‘lish imkoniga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z istiqomat joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqalarini talab qilib olishi, qarorga kelishi hamda to‘ldirilgan saylov varaqalarini konvertga yashirgan holda uchastka komissiyasiga qoldirishi mumkin edi. Qonunning ushbu qoidasi muddatidan oldin ovoz berish vaqtini, shuningdek, tartib-taomilini ko‘zda tutmasdi. Shu munosabat bilan -muddatidan oldin ovoz berishning quyidagi tartibi belgilandi:

— muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga bir kun qolganida tugallanadi;

— muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining e’tiboriga yetkaziladi;

— muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligi sabablari (ta’til, xizmat safari, chet elga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza talab qilinadi;

— saylovchi saylov varaqasi uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida beriladi;

— saylov varaqasi maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi;

— to‘ldirilgan saylov varaqasini yopiq konvertda uchastka saylov komissiyasida qoldiradi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasi ikki nafar a’zosining hamda saylovchining imzolari qo‘yiladi.

Bu qoidalar muddatidan oldin ovoz berishning ochiq va oshkoraligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Oltinchidan, Qonunga ovoz berish kuniga qadar qolgan besh kun ichida, shuningdek, ovoz berish kuni jamoat fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini va o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni nashr etish (e’lon qilish), shuningdek, ularni umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlariga (shu jumladan, internet tarmog‘iga) joylashtirish taqiqlanishi ko‘zda tutilgan qoida kiritilgan (7-modda).

Ushbu normaning amalga oshirilishi saylovchilar huquqlarini amalda himoya qilish, u yoki bu nomzodga nisbatan noxolis munosabatning, eng muhimi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun buzilishi ehtimolining oldini olish imkonini beradi.

Yettinchidan, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. (10, 11, 23-moddalar). Bu qamoqda saqlash joylarida bo‘lgan, lekin hali sud hukmi chiqmagan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sakkizinchidan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalda qo‘llaniladigan chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilariga saylov va referendumga mandatlar berish qoidasi belgilandi. Bu “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonun 5-moddasiga muvofiq keladi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, yuqorida zikr etilgan qonunchilik yangiliklari oldingi saylovlar natijalarining chuqur tahlili, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga hamda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasining 2015 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari yuzasidan berilgan tavsiyalariga to‘la mos holda joriy qilingan.

Saylov qonunchiligi yangi qoidalarining amalga oshirilishi saylov erkinligi tamoyilini ro‘yobga chiqarish, mamlakatimiz saylov tizimini yanada demokratlashtirish, Prezidentlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini olib borishda teng sharoitlarni ta’minlash samaradorligini oshirish hamda davlat boshlig‘i saylovining ochiqligi va shaffofligi tamoyillarini mustahkamlashda hal qiluvchi omillardan sanaladi. Binobarin, Prezident saylovi jamiyatni erkinlashtirish va demokratlashtirish chuqurlashgan, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi o‘sgan, barqaror iqtisodiy rivojlanish hamda aholi turmush darajasi va farovonligi yuksalgan sharoitda bo‘lib o‘tadi.

Akmal SAIDOV, yuridik fanlar doktori, professor.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 9595