×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
16:17:51 (GMT +5), chorshanba, 30 - sentabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


10 - oktabr 2016

Mamlakatimiz saylov qonunchiligi rivojlanishining asosiy bosqichlari

Fuqarolarning siyosiy jarayonlarda, xususan, jamiyat hamda davlat boshqaruvi ishlarida faol ishtirok etishi demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Mazkur faoliyatning samaradorligi demokratik saylovlarga bevosita bog‘liqdir.

Mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab davlat boshqaruvidagi asosiy institutlar — Prezidentlik, Oliy Majlis hamda davlat hokimiyatining vakillik organlarini demokratik saylovlar asosida shakllantirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi.

O‘tgan davrda erkin va adolatli saylovlarning qonunchilik asoslarini shakllantirish hamda yanada rivojlantirish borasida katta amaliy tajriba to‘plandi. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunlar kabi saylov jarayonlarini huquqiy tartibga soluvchi o‘nga yaqin hujjat qabul qilindi.

Mazkur qonunlarda saylov tizimi, uning mohiyati, saylash hamda saylanish huquqi, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish, saylovlardagi ochiqlik hamda oshkoralik, saylov komissiyalarining huquq va vakolatlari, ovoz berish tartibi hamda uning natijalarini aniqlash, fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki, saylov huquqining kafolatlari, saylovlarni moliyalashtirish kabi masalalarni huquqiy tartibga soluvchi qoidalar belgilandi.

Milliy saylov qonunchiligimiz yurtimizda o‘tkazilgan o‘nga yaqin saylovlarda to‘plangan boy amaliy tajriba asosida, xalqaro saylov standartlari, fuqarolarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyatining yuksalib borishi, amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga mos tarzda tadrijiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.

O‘zbekistonda milliy saylov qonunchiligi shakllanishi hamda tizimli rivojlanishini quyidagi asosiy bosqichlarda ko‘rsatish mumkin.

Birinchi bosqich 1991-2000-yillarni o‘z ichiga olib, milliy saylov qonunchiligining ilk shakllanish davri hisoblanadi. Mamlakatimizda 1991-yil 18-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi demokratik saylov qonunchiligini shakllantirish borasida dastlabki qadam bo‘ldi. Mazkur Qonun davlat mustaqilligining ilk kunlarida qabul qilingan, O‘zbekistonning davlat boshqaruvini demokratik asosda tashkil etishini anglatadigan muhim huquqiy asos edi.

Bu bosqichda milliy davlatchiligimizning asosiy huquqiy hujjati — Konstitutsiya qabul qilinishi va unda saylov tizimiga alohida bob ajratilishi yurtimizda yangi saylov qonunchiligining shakllanishi uchun mustahkam poydevor bo‘ldi. Ushbu huquqiy zaminga tayangan holda saylov qonunchiligi xalqaro demokratik mezonlarga hamohang tarzda rivojlanib, takomillashib bordi.

Milliy saylov qonunchiligining shakllanishida 1993-yil 28-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonun alohida ahamiyatga ega. Ushbu Qonun mamlakatda o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda, demokratik islohotlarning dastlabki bosqichida umum-e’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari, shuningdek, muqobillik, ko‘ppartiyaviylik asosida saylovlarni tashkil etishga oid demokratik huquqiy qoida hamda normalarni o‘zida aks ettirdi.

1994-yil 5-mayda yana bir muhim hujjat — “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonun saylovchilarning faol saylov huquqi va o‘z xohish irodasini erkin ifodalash mexanizmini amalda mustahkamlab berdi.

Saylov qonunchiligi shakllanishining dastlabki bosqichi saylov tizimining konstitutsiyaviy asoslari yaratilgani, Prezidentlik, Oliy Majlis, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari kabi vakillik organlariga saylov o‘tkazishning huquqiy poydevori shakllantirilgani bilan ahamiyatlidir. Ayni vaqtda fuqarolarning saylov huquqlari umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari tamoyillari asosida kafolatlandi, saylovlarni tashkil etishga vakolatli organning huquqiy maqomi alohida qonun orqali tartibga solindi.

Ikkinchi bosqich milliy saylov qonunchiligini fuqarolarning saylov huquqlarini kafolatlash, milliy parlamentarizm taraqqiyoti hamda ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlash asosida yanada demokratlashtirish davri bo‘lib, bu 2001-2010-yillarni o‘z ichiga oladi.

Mazkur bosqichning o‘ziga xos jihati shundaki, unda bir palatali Oliy Majlisning ikki palatali parlamentga aylantirilishi asosida quyi — Qonunchilik palatasini ko‘ppartiyaviylik asosida shakllantirish, buning uchun muqobillik tamoyillariga muvofiq saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etdi hamda bunday huquqiy mexanizmlar milliy saylov qonunchiligida o‘z ifodasini topdi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning ikkinchi sessiyasidagi ma’ruzasida bildirilgan takliflar asosida qabul qilingan “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun 2004-yilgi parlament saylovlarida muhim huquqiy asos vazifasini o‘tagani holda, siyosiy partiyalar ishtiroki va rolini oshirdi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, mamlakatimiz saylov tizimi rivojida 2008-yilda saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar muhim bosqich bo‘ldi. Qonunchilik pala-tasidagi deputatlik o‘rin-lari soni 120 tadan 150 taga ko‘paytirildi. Bundan tash-qari, qonun hujjatlariga saylov jarayonining yanada liberallashuvini ta’min-laydigan bir qator norma-lar kiritildi. Jumladan, saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarning ro‘y-xatdan o‘tishi uchun o‘rna-tilgan muddat 6 oydan 4 oyga tushirildi. Ayni vaqtda siyosiy partiya-larning saylovda qatnashishi uchun ruxsat berish masalasini hal etish borasida zarur bo‘ladigan saylovchilar imzosining miqdori avvalgi 50 ming imzo o‘rniga 40 ming qilib belgilandi. Deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillari soni 5 nafardan 10 nafargacha ko‘paytirildi. Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga siyosiy partiyaning “vakolatli vakili” degan yangi institut kiritildi. Shuningdek, avvallari sodir etgan har qanday jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas edi. So‘nggi o‘zgartishlarga muvofiq, faqat sodir etgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolargina deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olinmasligi belgilandi.

Bu kabi islohotlar milliy saylov tizimining izchil hamda bosqichma-bosqich liberallashuvini, ikki palatali parlament saylovlarining qonun talablari va umum-e’tirof etilgan xalqaro prinsip hamda normalarga to‘la mos holda o‘tkazilishini ta’minlaydigan mukammal qonunchilik bazasining shakllanishiga olib keldi.

Uchinchi bosqich o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, yurtimizdagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish sharoitida fuqarolar saylov huquqi erkinligini ta’minlashning huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, 2011-yildan boshlab bugungi kunga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrdagi islohotlarning g‘oyaviy asosini O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tashkil etadi. Mazkur Konsepsiyada bayon qilingan takliflar asosida 2012-yil 20-dekabrda saylov qonunchiligiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun qabul qilindi.

Mazkur yangi Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunlarga yangi modda hamda qo‘shimchalar kiritildi. Ularga saylovoldi tashviqotining mazmun-mohiyatini ochib beradigan, uni amalga oshirish shakllari, usullari va turlarini aniq ko‘rsatadigan, ovoz berish kunidan bir kun oldin saylovoldi tashviqotini amalga oshirish mumkin emasligini aks ettirgan, muddatidan avval ovoz berish tartibini aniqlashtiradigan, ovoz berish kuni jamoat fikri so‘rov-lari natijalari, saylov natijalari prognozlari va o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilishni taqiqlaydigan, saylovlarning ochiq, oshkora hamda shaffofligini ta’minlashni yanada kuchaytiradigan yangi normalar kiritildi.

2014-yilning aprelida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga qo‘shimcha sifatida kiritilgan Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy organ maqomini berishga oid yangi qoidalar, 2014-yil 4-sentabrda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Budjet kodeksiga saylovlarga oid yangi normalarning kiritilganini ham qayd etish zarur.

Mazkur bosqichdagi so‘nggi yangiliklar sifatida 2015-yil 29-dekabrda imzolangan qonunga asosan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni ko‘rsatish mumkin. Unga muvofiq, ushbu Qonunga boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilarga mandatlar berish tartibiga oid, qamoqda saqlash joylarida ovoz berishni tartibga soluvchi, saylovchilar ro‘yxatini tuzishga doir, saylovoldi tashviqoti, uni amalga oshirish shakllari, usullari, turlari hamda muddatlarini aniq belgilaydigan, muddatidan avval ovoz berish tartibini yanada soddalashtiradigan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlash maqsadida siyosiy partiyalar tomonidan yig‘iladigan imzo varaqalarining sonini qisqartirishga oid yangi normalar kiritildi.

Misol uchun, avvalgi tartibga ko‘ra, siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida besh foizini tashkil etishi lozim edi. Endilikda bu miqdor bir foizgacha qisqartirildi.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga kiritilayotgan bunday yangiliklar saylovlarni adolatli, ochiq-oshkora, qonuniy, xalqaro normalarga mos tarzda o‘tkazish barobarida, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi bilan bog‘liq siyosiy huquqlarini kafolatlashga, yurtimizda davlat hokimiyati vakillik organlarining demokratik tamoyillar asosida shakllanishiga, siyosiy partiyalarning mazkur jarayonda faol qatnashishini ta’minlashga qaratilmoqda.

Yurtimizda istiqlol yillarida saylov qonunchiligini shakllantirish hamda tizimli rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasida milliy saylov tizimining izchil va bosqichma-bosqich liberallashuvini, Prezidentlik hamda davlat hokimiyati vakillik organlari saylovlarining qonun talablari va umume’tirof etilgan xalqaro prinsip hamda normalarga to‘la mos holda o‘tkazilishini ta’minlaydigan mukammal qonunchilik bazasi shakllandi.

Shuhrat YAKUBOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati



Просмотров: 20349